Линклар

Шошилинч хабар
01 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:25

Mariupolda shiddatli janglar davom etmoqda, Bayden Rossiyani kimyoviy qurollar qo‘llamaslik haqida ogohlantirdi


Ukraina askari Mariupolda.
Ukraina askari Mariupolda.

Ukraina harbiy yetakchilari Rossiya kuchlari asosiy infratuzilma obyektlariga va turar-joylarga yanada kuchliroq zarba berishidan xavotir bildirmoqda. AQSh prezidenti Jo Bayden yana bir bor Moskva kimyoviy qurollardan foydalanishni ko‘rib chiqayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga to‘rtinchi haftadirki, asosiy port shahri Mariupol eng munozarali jang maydoni bo‘lib qolmoqda. Ukrainalik harbiylar 22-mart kuni shiddatli hujum oldini olish uchun kurashmoqda.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning Mariupolni taslim qilish haqidagi ultimatumini rad etib, Ukraina hech qachon strategik port va boshqa shaharlardan, jumladan, Xarkov va Kiyevdan voz kechmasligini aytdi.

"Ukraina Rossiya ultimatumlarini bajara olmaydi. Buning uchun avval bizni yo‘q qilishlari kerak, keyin ularning ultimatumi bajariladi", dedi u 21-mart kuni kechqurun.

Zelenskiy ruslar Ukrainadan yirik shaharlarni "topshirish"ni talab qilayotganini, lekin na Ukraina xalqi va na uning o‘zi prezident sifatida buni qila olmasligini qo‘shimcha qildi.

Tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv shartlarini ishlab chiqish uchun videoaloqa shaklida muzokaralar olib bormoqda. Zelenskiy urushni to‘xtatish uchun Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan “istalgan formatda” uchrashish zarurati haqida gapirmoqda.

“Ushbu uchrashuvsiz ular urushni to‘xtatish uchun nimaga tayyor ekanliklarini to‘liq anglab bo‘lmaydi, deb o‘ylayman”, dedi Zelenskiy.

Shuningdek, u ruslar bilan muzokaralarda erishilgan har qanday murosa Ukraina xalqi referendumiga qo‘yilishini ta’kidladi.

Zelenskiy 22-mart kuni Italiya parlamentiga videomurojaat bilan chiqishi rejalashtirilgan. Ukraina yetakchisi bir qancha mamlakatlar, jumladan, AQSh, Kanada, Germaniya va Isroildan jangovar yordam so‘rab murojaat qildi.

So‘nggi ikki hafta davomida Rossiya Azov dengizidagi muhim port shahar Mariupolni qamal qildi. Agar shahar ustidan nazorat o‘rnatilsa, unda Moskva 2014-yilda qo‘lga kiritgan Qrim bilan Ukraina sharqidagi Kreml qo‘llab-quvvatlayotgan ayirmachilar nazoratidagi hudud quruqlik orqali bog‘lanadi.

Urush boshlanishidan oldin 400 ming aholiga ega bo‘lgan Mariupol shahri so‘nggi ikki hafta davomida suv, oziq-ovqat va yoqilg‘i kabi asosiy manbalardan mahrum bo‘lgan.

Rasmiylarga ko‘ra, Mariupolda kamida 2300 kishi halok bo‘lgan, qurbonlardan ba’zilari ommaviy qabrlarga ko‘milgan.

Rossiya so‘nggi kunlarda hujumlarni kuchaytirdi. Kasalxonalar, kvartiralar va teatrlar portlashlar natijasida vayron bo‘ldi.

21-mart kuni AQSh Rossiya kuchlarini Ukrainaga bostirib kirishda va urush jinoyatlarida aybladi. Bayden esa AQShning bir guruh ishbilarmonlariga Rossiyaning harakatlari kutilganidan ko‘ra ko‘proq qarshilikka uchraganini ta’kidladi.

"Rossiya boshi berk ko‘chaga kirib qoldi", dedi Bayden va Moskva agarda kimyoviy qurol ishlatadigan bo‘lsa, "og‘ir" oqibatlarga duch kelishini ham qo‘shimcha qildi.

Poytaxtga havo hujumlari davom etishi kutilayotgan bir paytda Kiyev meri Vitaliy Klichko 35 soatlik yangi komendantlik soati joriy qildi va 21-mart soat 20:00 dan kuchga kirdi.

Rossiya 24-fevral kuni Ukrainaga bostirib kirdi, biroq Ukraina kuchlari qattiq qarshilik ko‘rsatdi va G‘arb Moskvani o‘z harbiylarini olib chiqishga majburlash maqsadida unga qarshi keng qamrovli sanksiyalar kiritdi.

NATO, Qo‘shma Shtatlar va boshqa aksariyat G‘arb ittifoqchilari Ukrainaga qo‘shin jo‘natmasliklarini bildirib, Rossiya iqtisodiyoti va Putinga yaqin shaxslarga qarshi qator sanksiyalarni joriy qildi.

Polsha va Boltiqbo‘yi davlatlari endilikda yanada qattiqroq sanksiyalar, jumladan, Yevropa Ittifoqiga Rossiyadan neft va gaz importini taqiqlashni talab qilmoqda. Biroq, Rossiya gaziga qattiq bog‘langan Germaniya va boshqa Yevropa Ittifoqiga a’zo ba’zi davlatlar bunga qarshilik qilmoqda.

Kreml so‘zchisi Dmitriy Peskov Rossiya neftiga embargo qo‘yilsa, qit’aning energiya balansiga putur yetishini va Yevropa qattiq zarbaga uchrashini aytdi.

Rossiya noharbiy obyektlarga halokatli hujumlar haqida keng tarqalgan dalillarga qaramay, tinch aholi nishonga olinganini rad etmoqda.

Kuzatuvchilarning taxminiga ko‘ra, Rossiya harbiy kuchlari mamlakatning ko‘p hududlarida Ukraina kuchlari tomonidan to‘xtatilgan. Bu esa tomonlar urush uzoq davom etadigan mojarodan chiqolmasligini anglatishi mumkin.

BMT migratsiya agentligi 21-mart kuni Ukrainada urush oqibatida 6,5 millionga yaqin odam o‘z uyini tashlab ketganini va bu tashkilotning eng yomon prognozlaridan ham oshib ketganini ma’lum qildi.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 3,5 millionga yaqin kishi Ukraina chegaralari orqali qo‘shni davlatlarga qochib o‘tgan. Ularning asosiy qismi NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo Polshaga kelgan.

XS
SM
MD
LG