Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:16

Markaziy bank foiz stavkasini 17 foizga ko‘tardi. Bu nimani anglatadi?


O‘zbekiston Markaziy banki, Toshkent.
O‘zbekiston Markaziy banki, Toshkent.

O‘zbekiston Markaziy banki 17-martdan asosiy foiz stavkasini 14 foizdan 17 foizga ko‘targanini e’lon qildi.

Bu O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo hamkorlaridan bo‘lgan Rossiya rublining Ukrainaga tajovuz sabab keskin qadrsizlanishi manzarasida yuz bermoqda.

17-mart kungi brifingda Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov mamlakatda so‘mning qadrsizlanishi va inflyatsiya ortishiga yo‘l qo‘ymaslik va tashqi risklarning iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish maqsadida shunday qaror olinganini bildirdi.

“Asosiy savdo hamkorlarimiz milliy valyutalarining qadrsizlanishi so‘mga qisqa muddatli devalvatsion bosimni yuzaga keltirmoqda. Jumladan, pul o‘tkazmalari hajmi AQSh dollari ekvivalentida kamaymoqda, aholi va tadbirkorlarda devalvatsion kutilmalar oshdi. Bunday bosim muqarrar, lekin o‘rta muddatli istiqbolda, inqirozning eng yuqori ta’sirli bosqichi o‘tganidan so‘ng, savdo hamkorlarning valyuta kurslari o‘zining muvozanatli qiymatlariga yetadi va shunga mos ravishda so‘mning almashuv kursiga bosim o‘tkazishni to‘xtatadi”, - deyiladi Nurmuratovning Markaziy Bank saytida e’lon qilingan bayonotida.

Tarixiy maksimum

O‘zbekistonda Markaziy Bank foiz stavkasining 17 foizga ko‘tarilishi tarixiy maksimumdir.

2017-yildan buyon MB bu stavkani 14 foizda ushlab kelayotgan edi. Undan oldin stavka 9 foizni tashkil etgan.

Markaziy bank foiz stavkasining to‘rt foizga oshirilishi Ukrainadagi urush, Rossiyaga qarshi sanksiyalar, rublning qulashi hamda bu holatning O‘zbekistonga ta’siri fonida yuz bermoqda.

Markaziy Bank raisining bildirishicha, joriy yil boshidan so‘mning AQSh dollariga nisbatan kursi 6,8 foizga qadrsizlangan. Ammo mustaqil iqtisodchilarga ko‘ra, o‘zbek so‘mi oxirgi bir haftada AQSh dollariga nisbatan qariyb 10 foizga qadrsizlandi va narx-navo sezilarli darajada oshgani kuzatilmoqda.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Raimovning Ozodlikka aytishicha, Markaziy bank foiz stavkasining oshgani o‘z-o‘zidan depozit va kredit stavkalari oshishiga olib keladi, shuningdek, aholiga berilgan kredit, jumladan imtiyozli kredit foizlarida aks etmasdan qolmaydi.

“Markaziy bank foiz stavkasi 17 foiz bo‘lgan bo‘lsa, tijoriy banklarniki 25 foiz, undan ham yuqoriga ko‘tarilishi turgan gap. Mashina uchun, uy olish uchun banklardan kredit olganlar yaqin kunlarda buni sezishlari mumkin bo‘ladi. Shuningdek, imtiyozli kredit foizlari ham ko‘tariladi. Ikki yil avval Markaziy bank foiz stavkasi bir foizga oshgan paytda huddi shunday xolat kuzatilgan edi. Hozir bu foiz uch foizga oshgan, bu juda katta”, - deydi iqtisodchi.

Markaziy bank qaroridan keyin stavkalarning oshishi 17-martdan keyin rasmiylashtiriladigan kreditlargagina tegishli bo‘ladimi¸ yoki bu hozirgacha tuzilgan barcha shartnomalarga ta’sir ko‘rsatadimi?

Ozodlik suhbatlashgan bank xodimlariga ko‘ra¸ O‘zbekistonda ikkala shart bilan tuzilgan kredit kelishuvlari mavjud va shu bois¸ kredit olgan aholi va korxonalar bundan keyin qarzi uchun qimmatlashgan stavkada to‘lashga majbur bo‘ladi.

“Bu oshish imtiyozli kreditlar¸ ipoteka qarzlariga tegishli. Lekin shuni aytishim kerakki, Markaziy bank har uch oyda bu stavkalarni muhokama qiladi va vaziyat o‘zgarsa¸ stavkalar pasaytirilishi ham mumkin"¸ dedi Ozodlik bilan anonim tarzda suhbatlashgan bank xodimlaridan biri.

Foiz stavkasi nima va odamlar turmushiga qanday ta’sir qiladi?

Markaziy bank asosiy stavkani oshirgani yoki tushirgani haqidagi xabarlarni ko‘p eshitganmiz.

Lekin foiz stavkasi oshishi yoki tushishi aslida nimani anglatadi? Bu yaxshimi yoki yomonmi?

O‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Raimov buni oddiy tilda tushuntirishga harakat qiladi.

“Markaziy bank stavkasi oshgani bizga qanday ta’sir qilishini tushunish uchun biz bu o‘zi nima ekanligini anglab olishimiz kerak.

Mamlakatda barcha banklar, shu jumladan, tijoriy banklar ham pulni Markaziy bankdan oladi. Ma’lum foizda uni qaytarish majburiyati bilan oladi. Shu olingan pulni tijorat banklari aholiga yanada yuqori foiz stavkasida taqsimlaydilar, Markaziy bankning banklarga kredit berish foizi stavka deb ataladi”.

Kutilgan qaror

Mutaxassislar O‘zbekistonda so‘mning qadrsizlanishi va inflyatsiya fonida buni kutilgan qaror, deb hisoblamoqda.

“Stavkani oshirish inflyatsiya darajasini tartibga solish uchun yaxshi vositadir, chunki u odamlarni pul sarflashga yoki uni tejashga undaydi. Shuning uchun, MB qarori bir ma’noda to‘g‘ri va kutilgan qaror”, - deydi iqtisodchi Otabek Raimov.

Iqtisodiy tahlilchi Saparboy Jubayev ham Markaziy bank qarorini to‘g‘ri deb hisoblaydi:

“Bu to‘g‘ri. Rossiya stavkani 20 foizga ko‘targan. Pul massasini kredit olishni kamaytirish yo‘li bilan cheklash ,deyiladi buni.

Shunda so‘m ozroq bo‘lib dollarga talab kamayadi, dollar kursi barqaror bo‘ladi”, - deydi Jubaev.

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov ham o‘z bayonotida ko‘rilgan choralar ortidan O‘zbekistonda yaqin kunlarda AQSh dollarining rasmiy kursi tusha boshlashini bashorat qilgan.

“Mamlakatda valyuta almashuv kursining keskin tebranishlarini oldini olish va bozorning barqaror faoliyatini ta’minlash maqsadida joriy yil mart oyining birinchi yarmida “neytrallik tamoyillari” doirasida ichki valyuta bozorida intervensiyalar hajmi ham oshiriladi. O‘zbekistonda yaqin kunlarda AQSh dollarining rasmiy kursi tushishga boshlaydi”, - deya aytgan Nurmurotov.

Markaziy bank foiz stavkasini oshirishi ortidan dollar qursi tushgan. 18-mart kuni 1 AQSh dollari 11 500 so‘mni tashkil qildi. Bu bir kun avvalgiga qaraganda 300 so‘mga kamdir.

O‘zbekistonda o‘tgan o‘tgan bir hafta ichida oziq-ovqat narxlari qariyb 10 foizga qimmatladi.

“Iqtisodni barbod qilyapsiz!”

Ayni paytda o‘zbekistonlik iqtisodchi Abdulla Abduqodirov hukumatning moliya-iqtisod uchun mas’ul kompleksi rahbarlarini milliy valyuta qadrsizlanishiga yo‘l qo‘yib berganlikda ayblab chiqdi.

17-mart kuni Facebook sahifasida Abduqodirov “so‘mning sababsiz qulashida ifodalangan ahmoqgarchilikni bas qiling!” deya hukumat iqtisodiy blokiga murojaat qildi.

“Siz mamlakat uchun og‘ir kunlarda o‘zingizni mas’uliyatsiz boshqaruvchilardek tutasiz - tadbirkorlarga muammo yaratasiz va qarorlaringizdan kelib chiqadigan muammolarni hal qilish uchun hech narsa taklif qilmaysiz!

Sizning noto‘g‘ri pul-kredit siyosatingiz (xorijiy valyutadagi kredit stavkalari pastroq va so‘mdagi kreditlar cheklangan) tufayli xorijiy valyutada kredit olishga majbur bo‘lgan minglab korxonalar bor. Tijorat banklarida kreditlar qoldig‘ining 25% dan 50% gacha bo‘lgan qismi xorijiy valyutada bo‘ladi.

2022-yil 1-mart holatiga barcha banklarning kredit portfelining qoldig‘i 324, 1 trillion so‘mni tashkil etdi, ularning qanchasi xorijiy valyutada ekanligi haqida aniq ma’lumot yo‘q. Qanday bo‘lmasin, bu kreditlar to‘lovchilar uchun 2 kun ichida 8-10% qimmatlashdi va biz bu yuqori xarajatlarni to‘xtatish istagini sizlarda ko‘rmayapmiz?”, - deb yozdi iqtisodchi.

Abdulla Abduqodirovga ko‘ra, o‘tgan yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning tashqi savdo salbiy saldosi 8, 85 milliard AQSh dollarini tashkil etgan, mamlakat iqtisodiyoti ushbu salbiy saldoni qoplash uchun 8-10 foizga ko‘proq to‘lashi kerak bo‘ladi.

“Agar asosiy tarkibiy qismlardan biri – vatandoshlarimizdan xorijdan tushumlar kamayib, eksport imkoniyatlari qisqarishi mumkin deb hisoblasak, shunday sharoitda Markaziy bank salbiy to‘lov balansini qanday qoplashni rejalashtirmoqda?!“, - degan savolni qo‘yadi iqtisodchi.

Oxirgi uch hafta ichida rus rubli AQSh dollari va evroga nisbatan qariyb ikki baravar qadrsizlandi.

Rus rublining keskin qadrsizlanishi ortidan Rossiyadagi mehnat muhojirlari daromadlari xorijiy valyuta hisobida deyarli ikki barobarga kamaygan.

Jahon banki xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi bu yil, umumiy hisobda, 21 foizga kamayishini bashorat qilmoqda.

O‘zbekiston Markaziy banki geopolitik risklar mamlakat milliy valyutasiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani, Rossiyada rublning qulashi, banklarda dollar hamda yevro sotishga cheklovlarning O‘zbekistonga pul jo‘natmalari oqimiga ta’siri borasida biron tadqiqot yoki statistikani e’lon qilganicha yo‘q.

XS
SM
MD
LG