Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:40

Markaziy Osiyo orqali reeksport: Rossiya qo‘shnilari ko‘magida G‘arb sanksiyalariga chap bermoqda


Ukrainaga qarshi urush va G‘arb sanksiyalari Markaziy Osiyoda savdoni butkul o‘zgartirib yubordi. Mintaqa mamlakatlari o‘zlari ishlab chiqarmaydigan tovarlarning eng yirik ta’minotchilariga aylandi. Yevropadan – import va Rossiyaga eksport hajmlarida katta o‘sish mavjud.

“Nastoyashcheye vremya” jurnalistlari rasmiy statistikani tahlil qilib, bir qancha g‘alati holatlarni aniqlashdi.

O‘zbekiston

2022-yil fevralda – Ukrainada urush boshlangan oyda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi katta sakrash qayd etdi. Ko‘rsatkichlar 2021-yilning fevrali bilan solishtirganda ikki baravarga o‘sdi.

O‘tgan yili O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi Rossiya bo‘ldi, ya’ni u Xitoyni quvib o‘tdi. Rossiya bilan O‘zbekistonning mahsulot aylanmasi 23 foizga o‘sib, pul hisobida 9 milliard dollardan ziyodni tashkil etdi. Bu – O‘zbekistonning jami mahsulot aylanmasining beshdan biri, deganidir.

Украинага босқин: 233-кун | Кремль: Ғарбдан тўхтаган импортни Ўзбекистондан олишга тайёрмиз
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:18:41 0:00

O‘zbekistondan Rossiyaga yo‘nalgan mahsulotlar oqimi ancha kengaydi. 2022-yilda eksport hajmi 2021-yilgiga qiyosan 47 foizga oshdi.

Ha, aynan nima va qachon sotilganini aniqlash imkoni yo‘q. Ochiq manbalarda Rossiya bilan savdo tafsilotlari keltirilmagan. Boz ustiga, O‘zbekiston prezidenti huzuridagi statistika agentligi 2022-yil fevraldan boshlab mamlakatning tashqi savdosiga oid tafsilotlarni e’lon qilmay qo‘ygan edi.

Shunday bo‘lsa-da, maishiy texnika eksportiga doir uzuq-yuluq ma’lumotlarda dinamika borligini ko‘rish mumkin, harqalay. Jumladan, ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston o‘tgan yili Rossiyaga 41 mingta kir yuvish mashinasi, 105 mingta sovutkich, 146 mingta televizor va 27 mingta changyutkich yetkazib bergan.

Shuningdek, Rossiya sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni ham ortganligi qayd etilgan – 2022-yilda 967 ta yangi korxona ochilib, Rossiya bilan hamkorlikda tashkil etilgan korxonalar soni 3156 taga yetgan.

Ayni chog‘da 2022-yilda O‘zbekiston importida ayrim mamlakatlar ulushi anomal tarzda oshib ketganini kuzatish mumkin. Chunonchi, Birlashgan Arab Amirliklaridan import hajmi ikki baravardan ziyodga, Braziliyadan import – 59 foizga, Germaniyadan – 54 foizga, Hindistondan esa 42 foizga o‘sgan. Biroq O‘zbekistonga aynan qanday mollar keltirilgani ochiqlanmagan.

Yevroittifoq rasmiylari Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan savdo cheklovlari joriy etilishi ehtimoli haqida gapira boshlashdi. Ya’ni, mintaqa davlatlari Rossiyani sanksiya qo‘llangan tovarlar bilan ta’minlayotgani aniqlanganida ularga nisbatan jazo choralari tatbiq etiladi. Rossiya harbiy texnikalarini tiklashda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan komponentlarga ega tovarlar, masalan, kir yuvish mashinalari, avtomobillar va fotoapparatlar alohida e’tiborda turibdi. Ammo YI rahbariyati sanksiyalar joriy etishdan oldin Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan muzokara qilmoqchi.

Qirg‘iziston

2022-yilda Qirg‘iziston import hajmi bo‘yicha qariyb 20 yillik rekordini yangiladi. Statqo‘m ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat ilk daf’a chet eldan salkam 10 milliard dollarlik mol xarid qilgan. 2021-yilga qiyosan import ko‘rsatkichini qariyb ikki karra oshirgan. Eng yirik ta’minotchilar beshligi o‘sha-o‘sha – Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya, O‘zbekiston. Keltirilgan yuklar hajmida asosiy ulush, doimgidek, kundalik ehtiyoj mollari – oziq-ovqat, dori-darmon va kiyim-kechak hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

G‘ij-g‘ij raqamlar orasida ayrimlari juda g‘aroyibki, e’tiborni tortmay qolmaydi. Masalan, o‘tgan yili Qirg‘izistonda kambag‘allar soni anchagina oshibdi, ayni chog‘da – Yevropa va AQSHning qimmatbaho buyumlari talabgorlari ham. Yevropadan import salkam 80 foizga, AQSHdan mol keltirish esa 140 foizga ortgan! Yana ba’zi faktlar: 10 million dollarga fransuz atri, taqriban bir millionga qimmatbaho charm ashyolar, xususan italьyancha sumkalar xarid qilingan. 2021-yilda shveysar soatlaridan atigi 27 dona sotib olingan bo‘lsa, 2022-yilda naqd 1625 ta keltirilgan.

Mazkur holat G‘arb mamlakatlari poytaxtlarida xavotir uyg‘otmoqda. Yevroittifoq rasmiylari Yevropada ishlab chiqariladigan ko‘plab tovarlar MDH davlatlari orqali – sanksiyalarni chetlab o‘tgan holda Rossiyaga yetkazib berilmoqda, deb hisoblaydi.

Qirg‘izistonning eksporti ham tobora o‘sib bormoqda. Rossiyaga yuk jo‘natish shu bir yil ichida ikki yarim baravarga oshibdi. Jo‘natilgan mollar turlariga qaraganda, Qirg‘iziston atir-upa, sovun, kosmetika ashyolarining yirik ta’minotchisiga aylanmoqda. Elektr jihozlar – quloqchinlar, elektr ustaralar, elektr o‘choqlar, isitish jihozlari va videokameralar savdosida ham katta o‘sish qayd etilgan.

Qator mahsulotlarni 2022- yilda Qirg‘iziston Rossiyaga ilk bor jo‘natgani kuzatilgan.

Qozog‘iston

G‘arb sanksiyalar joriy etganidan so‘ng Qozog‘iston Rossiyaga o‘zi ishlab chiqarmaydigan mahsulotlar eksportini bir necha marotaba oshirdi. Milliy statistika byurosi qaydlariga ko‘ra, 2022-yilda Qozog‘istondan Rossiyaga bir yil burungidan salkam 2 milliard dollarga ko‘p tovar jo‘natilgan. Umumiy manzarada o‘sish jiddiy emas, lekin ayrim turdagi mahsulotlarda chinakam portlash sodir bo‘lgan.

Eng katta o‘sish “mashinalar, jihozlar, transport vositalari, qurilmalar va apparatlar” segmentida kuzatiladi. 2022-yilda Qozog‘iston Rossiyaga shunaqa tovarlarni yetkazib berishni to‘rt yarim baravarga oshirgan.

Elektronika, maishiy texnika va kompyuterlar yetkazib berishda ham misli ko‘rilmagan o‘sish qayd etildi. 2022-yilda Qozog‘iston Rossiyaga kamida 150 million dollarlik smartfonlar sotibdi. Oxirgi sakkiz oyning o‘zida gajetlar yetkazib berish naqd 88 baravar oshgan. Kir yuvish mashinalari eksport hajmi bir yil ichida nuldan qariyb 30 million dollarga o‘sibdi. Qiyoslash uchun, bir yil avval bu turdagi tovarlar oqimi ters yo‘nalishda harakatlanardi: 2021-yilda Qozog‘iston Rossiyadan 13 million dollarlik kir yuvish mashinalari xarid qilgan. Bu monitorlar savdosiga ham tegishli. 2021-yilda arzimas miqdorda bo‘lgan eksport hajmi 2022-yilda birdan 300 karradan ziyodga o‘sgan!

Avvalroq Bloomberg agentligi Qozog‘iston Yevropadan maishiy texnikalar sotib olib, Rossiyaga pullayotgani haqida surishtiruv e’lon qilgan edi. Mualliflar reeksport qilinadigan elektron komponentlar, masalan chiplar harbiy sanoatda qo‘llanishi mumkinligiga urg‘u berganlar. Chunki G‘arb mamlakatlari mulozimlari Rossiya tanklaridan sovutkich va kir yuvish mashinalar mikrochiplari va mikrosxemalari topilganini ma’lum qilishgan edi.

Eurasianet nashrining yozishicha, urushgacha bir yil bo‘yi Rossiyaga atigi 12 ming dollarlik yarimo‘tkazgichlar sotgan Qozog‘iston urushning birinchi yilida bu ko‘rsatkichni daf’atan 3,7 millionga yetkazgan. Eksport hajmi ayniqsa chegara viloyatlarda keskin oshgan.

Importga kelsak, Milliy statistika byurosi hisobotida u bir yil mobaynida sakkiz yarim milliard dollarga o‘sgani aytiladi. Bu summaning chorak qismi – Yevropadan kelgan tovarlar hissasi. Birgina mashina va jihozlarning o‘zini Qozog‘iston o‘tgan yilgidan 4 milliard dollarga ko‘p xarid qilgan. Ta’minotchilarning aksari esa uzoq xorijiy mamlakatlar ekan.

XS
SM
MD
LG