Линклар

Шошилинч хабар
27 декабр 2024, Тошкент вақти: 03:02

Davlat to‘ntarishiga urinish moddasi: "tanqidchilarni yo‘qotish uchun yaxshi bahona"


Markaziy Osiyo prezidentlari Dushanbe sammitida. 14-sentyabr, 2023
Markaziy Osiyo prezidentlari Dushanbe sammitida. 14-sentyabr, 2023

Shu kunlarda Tojikistonda hokimiyatni bosib olish va davlat to‘ntarishiga oid shov-shuvli sud jarayoni bo‘lmoqda. Sudlanuvchilar – sobiq yuqori martabali mulozimlar, jumladan TIV va Oliy Kengashning sobiq rahbarlari, milliy xavfsizlik polkovniklari. Jarayon yopiq, ishtirokchilardan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik haqida tilxat olingan. Kuzatuvchilar fikricha, “o‘g‘lining yo‘lini tozalashga kirishgan” prezident Emomali Rahmon ushbu mahkama orqali hukumat tanqidchilarini “sazoyi qilmoqda”.

“Davlat to‘ntarishiga urinish” iddaolari Markaziy Osiyo uchun yangilik emas: rejim tanqidchilarini ushbu modda bo‘yicha sud qilish mintaqaning boshqa mamlakatlarida kuzatilgan – bu iqtidordagi hukumat uchun siyosiy raqiblarni maydondan chetlatish usuli bo‘lib qolayotir.

Tojikiston: “qaroqchi chollar” fitnasi

Tojikistonda bir guruh sobiq yuqori martabali mulozimlar sud qilinmoqda. Ish materiallari maxfiylashtirilgan, jarayon esa hibsxona binosida OAV vakillarisiz, imi-jimida o‘tkazilyapti.

Voqealar 2024-yilning yozida Tojikiston Demokratik partiyasi sobiq raisi va parlament deputati Saidja’far Usmonzodaning ushlanishidan boshlandi. Taniqli siyosatchini hokimiyatni bosib olishga urinishda ayblashdi.

Блогерлар “ови” давом этмоқда
Илтимос кутинг
Киритиш (Embed)

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:14 0:00

Ko‘p o‘tmay tag‘in bir qancha mashhur shaxslar “Usmonzodaning hamtovoqlari” degan iddao bilan ketma-ket qo‘lga olindi. Xususan, ishda sobiq tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifiy, Tojikiston Oliy Kengashi sobiq raisi Akbarsho Iskandarov, Dempartiya raisining muovini va jurnalist Ahmadshoh Komilzoda, Sotsial-demokratik partiya raisining birinchi muovini Shokirjon Hakimov, TIVning axborot-tahlil boshqarmasi sobiq boshlig‘i Abdulfayz Atoiy, MXDQning iste’fodagi polkovniklari Nuramin G‘anizoda va Jamshid Boyev hamda matbuotda nomi chiqmagan boshqa shaxslar figurant sifatida qatnashmoqda.

Barchasiga hokimiyatni kuch bilan bosib olish, milliy va irqiy adovat qo‘zg‘atish, firibgarlik va davlatga xiyonat kabi og‘ir moddalar bilan ayblov e’lon qilingan.

“Fitnachilar” ustidan sud Dushanbedagi hibsxonada, yopiq tartibda o‘tkazilmoqda. Sudlanuvchilarning qarindoshlari jarayonga qo‘yilmayapti, advokatlar tilxat berganlarini aytib jurnalistlar bilan gaplashishdan bosh tortishayotgani sababli sud majlislariga doir biron bir tafsilot jamoatchilikka ma’lum emas.

Tergovni Bosh prokuratura olib borgan va avvalboshdan ishni maxfiylashtirib, OAVlarga hech qanday ma’lumot bermagan. Hukumat mazkur ish bo‘yicha faqat bir marta rasmiy izoh berdi: 9-avgust kuni bosh prokuror Yusuf Rahmon matbuot anjumani chaqirib, bir qancha taniqli kishilarning ushlanishi “davlat to‘ntarishiga va hokimiyatni kuch bilan bosib olishga urinish”da ayblanayotgan Saidja’far Usmonzoda ishi bilan bog‘liq ekanini aytdi. U “yana bir necha kishi”ga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilganini e’lon qildi, ammo ismlarni ochiqlamadi.

“Ishga maxfiylashtirilgani sababli sizlarga hech nima deya olmayman. Faqat shuni aytishim mumkinki, kim davlatni, millatni, prezidantni sotsa, kimligidan va lavozimdan qat’i nazar qonun oldida javob beradi”, deya ta’kidladi Yusuf Rahmon.

Rasmiy talqinga ko‘ra, fitnachilar bir necha yil tayyorgarlik ko‘rganlar. Bosh prokuratura iddao qilishicha, ishdagi eng muhim dalil 2021-yilda telefon orqali bo‘lgan suhbat yozuvi bo‘lib, unda go‘yoki hokimiyatni kuch bilan bosib olish rejasi muhokama qilingan, “chet eldan jangarilarni chaqirish” va ekstremistik tashkilotlardan moliyaviy ko‘mak olish haqida gap borgan emish.

Ekspertlar turli taxminlarni ilgari surayotgan bo‘lishsa-da, bir fikrda yakdil: “davlat to‘ntarishiga urinish” – tanqidchilar va potensial xavfli shaxslarni bartaraf etish uchun qulay bahona bo‘lib, to‘ng‘ich o‘g‘li Rustamga hokimiyatni topshirishga tayyorlanayotgan prezident Emomali Rahmon shundan foydalanib qolmoqchi. 36 yashar Rustam Emomali so‘nggi bir necha yil ichida mamlakatning ikkinchi odamiga aylandi va, tahlilchilarga ko‘ra, otasi uni voris qilib tanlagan.

Berlindagi Karnegi markazi ilmiy xodimi Temur Umarov amaldagi prezident Emomali Rahmon o‘g‘lini oliy lavozimga “silliqqina, ortiqcha muammolarsiz” o‘tqizishga harakat qilayotganini aytadi.

“Shu bois u yangi prezidentga qarshi qo‘llash mumkin bo‘lgan har qanday ta’sirchan ma’lumotlarga ega bironta ham odamni qoldirmay, maydonni tozalayapti”, deydi Umarov.

Ekspertlar hokimiyatda yaqingacha potensial vorisni oliy lavozim uchun yetuk emas va uning siyosiy vazni hatto to‘ng‘ich opasinikidan ham kam, deb hisoblovchilar bo‘lganiga e’tibor qaratishmoqda. To‘ng‘ich opa – bu hozirda prezident ma’muriyatiga rahbarlik qilayotgan 46 yoshli Ozoda Rahmon.

“Davlat to‘ntarishiga tayyorlangan degan ayblov bilan “qora kursi”ga o‘tqizilganlarning bari “qaroqchi chollar” bo‘lib, aksari pensiya yoshida va allaqachon siyosatdan uzoqlashgan odamlar. Katta ehtimol bilan, ular qachondir qayerdadir voris haqida haqida nojo‘ya gap aytib qo‘yishgan va prezident ularga shu tariqa saboq bermoqchi bo‘lyapti”, deydi xavfsizlik vajidan Ozodlik bilan anonimlik shartlarida gaplashgan tojikistonlik bir ekspert.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, Emomali Rahmon o‘g‘lining mamlakatni boshqara olishiga shubha qilgan barchani bosh prokuror bo‘lmish qudasi yordamida namoyishkorona jazolashga qaror qilgan.

OzodNazar: Путиннинг янги муддати ва Марказий Осиё
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:52:44 0:00

Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Bryus Panniyer Tojikistonda hokimiyat tranzitiga xalal berishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy fikr liderlari yo‘q qilinmoqda, deb hisoblaydi.

“Figurantlar orasida amaldagi hukumatning muxoliflari va tojik siyosatida tajriba orttirgan shaxslar, 10-20 yillar oldin lavozimda bo‘lgan sobiq vazirlar va boshqa sobiq mulozimlar bor. Hademay mamlakatda hokimiyat otadan o‘g‘ilga o‘tadi, bu odamlar esa Rustam Emomali iqtidorga kelganida uni tan olmasliklari mumkin, ijtimoiy fikr liderlarining munosabati esa boshqalarga ham ta’sir qiladi”, urg‘ulaydi u.

Londonda joylashgan Central Asia Due Diligence tahlil markazi direktori Alisher Ilhomov esa ayblanuvchilar qariyb 30 yildan beri mamlakatni idora qilayotgan Emomali Rahmonni ag‘darishni rostdan ham muhokama qilgan bo‘lishlari mumkinligini aytadi.

“Biz tergov qanaqa dalillarga tayanganini bilmaymiz. Ammo ish maxfiylashtirilganiga qaraganda dalillari juda g‘arib yoki bo‘yab-bejalgan dalillar. Davlat to‘ntarishiga oid ishlarga maxfiylik grifi urilmasligi kerak, axir gap davlat sirlarining oshkor bo‘lishi haqida ketayotgani yo‘q-ku”, e’tiroz bildiradi ekspert.

Ayni chog‘da Ilhomov bu kabi ayblovlar va tergov harakatlari oliy rahbari hokimiyatga yopishib olgan avtoritar rejimlar mantig‘iga bemalol mos kelishini qo‘shimcha qiladi.

“So‘z erkinligi bo‘lmagach aholi, hatto elita vakillari ham rejim haqida pinhona fikr almashishga majbur bo‘ladi. Bu amaldagi hukmdorni paranoyya va qo‘rquvga soladi, chunki u muxolifat paydo bo‘lyapti degan xayolga boradi. Bunaqa paytlarda davlatga qarshi fitnaga oid jinoyat ishlari real faktlarga emas, balki shubha-gumonlarga tayanadi va hukmdor g‘aflatda emasligini va hech kimni hokimiyatga biylatmasligini ko‘rsatib qo‘yish uchun ularni namoyishkorona jazolaydi”, deydi Ozodlik suhbatdoshi.

Qozog‘iston: “Traktorda Oqo‘rdaga yurish”

Qozog‘istonning eng yangi tarixida “davlat to‘ntarishiga urinish” holatlari bir necha marta bo‘lgan, ayrimlari shu qadar yoishmagan ayblovlarki, aql bovar qilmaydi.

Davlat to‘ntarishini rejalagan bir necha kishi traktorda Oqo‘rdani ishg‘ol qilmoqchi bo‘lgan – Davlat xavfsizlik qo‘mitasi (DXQ) tergov qilgan bir jinoyat ishi materiallarida shunday deyiladi.

Guruh arsenalida traktordan tashqari, plastik quvurdan yasalgan va qushlarni hurkitish yoki shunchaki ermak uchun qo‘llanadigan o‘yinchoq – kartoshkaotar, shuningdek pnevmatik miltiq, oshxona pichog‘i va bir quloch armatura ham bo‘lgan.

“Hokimiyatni bosib olishga urinish”da gumon qilingan bu yetti kishi 2022-yil noyabrdagi prezident saylovi arafasida ushlanadi. DXQ esa “guruh saylov kuni hujumga o‘tib, akimatlar va aloqa obyektlarini bosib olishni, tartibsizliklar uyushtirishni, shaharlarda transport harakatini to‘xtatishni ko‘zlagan”, deya axborot beradi.

“Fitnachilar” qo‘lga olinganidan keyin DXQ rostdan ham davlatga qarshi jinoyatga hozirlik ko‘rilganiga aholini ishontirishi kerak bo‘lgan videoni yoyinladi: kadrlarda g‘aribona xonada, g‘aribona dasturxon atrofida bir necha erkak o‘tirganini ko‘rish mumkin, ularning yuzlari yashirilgan, biri Olmaota shahrini qo‘lga olish haqida gapirmoqda. Stol yonidagi plastik kursichada yosh bola o‘tiribdi.

“Guruh tarkibida jinoyat olami va boshqa asotsial qatlam vakillari harakat qilgan. Ular qochoq bankir Muxtor Ablyazovning tarafdor va hammaslaklari hamda sud tomonidan taqiqlangan QDT va “Ko‘cha partiyasi” faollari bo‘lganlar”, deyiladi DXQ videoroligida.

DXQ tilga olgan “Qozog‘istonning demokratik tanlovi” (QDT) va “Ko‘cha partiyasi” harakatlari mamlakatda “ekstremistik” deya taqiqlangan bo‘lsa-da, Yevropa parlamenti rezolyutsiyalarida “tinch muxolifat” deb ataladi. QDT asoschisi Ablyazov 2009-yildan beri Yevropada yashaydi, chet elda turib Qozog‘iston hukumatini tanqid qiladi va odamlarni o‘z haqlarini talab qilishga, mitinglarga chiqishga da’vat etadi.

Мирзиёев Германияга нима учун борди? - Берлиндан махсус репортаж
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:40 0:00

Ozodlikka bergan izohida u DXQ videosini “postanovka” deb atab, maxsus xizmatlar hukumatni tinch yo‘l bilan chetlatishga qaratilgan ommaviy namoyishlardan qo‘rqishini va bunaqa harakatlarni obro‘sizlantirishga urinishini aytdi.

Shov-shuvli hibslardan bir yarim yil o‘tib Olmaota sudi huquq faollari “traktor ishi” deb atagan ushbu jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqardi.

45 yoshli Bagdagul andreyeva, 41 yashar Yerjan Torequlov, 38 yoshli O‘ljas Kuljahonov olti yilga qamaldi. 64 yoshli Sag‘ingul Konar, 37 yoshli Tenilika Nurlanova hamda Aqiljon Qiysimbayevga 5 yildan qamoq berilgan bo‘lsa, tergov chog‘ida “aybiga iqror bo‘lib ifoda bergan” Aydos Ilipboyevga 3 yil-u 4 oy shartli qamoq jazosi tayinlandi. Ularning barchasi “hokimiyatni kuch bilan bosib olishni targ‘ib qilish”, “ekstremistik guruh tuzish va uning faoliyatida ishtirok etish” va “ommaviy tartibsizlik uyushtirish”da aybdor deb topildi.

Sudlanganlar ish soxtalashtirilganini, oralariga kirib olib, yig‘inlarda hokimiyatni o‘zgartirishga chaqirib nutq so‘zlagan DXQ josuslarining provokatsiyalari qurboni bo‘lishganini aytishdi. Advokatlar ham provokatsiyalarga urg‘u berib, guruh degan narsa aslida bo‘lmaganini, bu odamlarning aksari bir-biri bilan yuzaki tanish bo‘lganini ta’kidladilar.

Chunonchi, Chet tillar universiteti professori, falsafa fanlari nomzodi va dinshunos Sag‘ingul Konar boshqa sudlanuvchilarni tergovga qadar atigi uch marta ko‘rganini aytdi.

“Ishni JKning 179 va 272-moddalariga moslashtirish uchun uchrashuvlar videoyozuvi stenogrammasini o‘zgartirishgan. Ya’ni ayblovga asos bo‘lgan ma’lumotlar qalbakilashtirilgan”, dedi u suddagi chiqishida.

Ijaraga olgan bog‘ida olma yetishtirib sotish bilan shug‘ullangan O‘ljas Quljahonov esa uning ko‘chma vagonidan topilgan o‘qotar qurollar (karabin va avtomatlar) unga tegishli emasligini aytdi.

“Ular qayerdan paydo bo‘lganini bilmayman. O‘zlari tashlab qo‘yishgan. 15, 16-noyabr kunlari qaraganimda yo‘q edi. 17-noyabr kuni kelib tintuv o‘tkazishganida birdan paydo bo‘lib qoldi”, dedi u va mazkur ish otasining fuqaroviy faolligi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytdi: “Otam Sagat Quljahonov – jamoatchi faol. Avvalroq unga “To‘rt o‘g‘ling bor, birontasi qamalib qolishidan qo‘rqmaysanmi?” deb tahdid qilishgan ekan. Mana, bir yil o‘tib men panjara ortidaman”, dedi sudlanuvchi.

Advokatlar ularning himoyasidagi shaxslarni aniq bir harakat yoki faoliyat uchun emas, balki fikrlari va pozitsiyalari uchun ta’qib qilishganini ta’kidladilar.

Sud esa sudlanuvchilarning ayblari isbot qilingan deb topib, 2024-yil martda ularga nisbatan ayblov hukmi chiqardi.

Qozog‘iston huquq faollari “traktor ishi” bo‘yicha sudlanganlarni siyosiy mahkumlar ro‘yxatiga kiritishdi. Rasmiy Ostona siyosiy mahkumlar va siyosiy sabablarga ko‘ra ta’qib qilish holatlari yo‘qligini iddao qiladi.

“Siyosiy ta’qibning asosiy belgilari senzura, maxsus qonunlar va jazolovchi organlar sanaladi. Hozirgi Qozog‘istonda bulardan hech biri mavjud emas. Fuqaro o‘z siyosiy qarashlari uchun jazolansin, deyilgan hech bir farmon, hech bir qonun yoki boshqa me’yoriy hujjat yo‘q”, dedi prezident Qasim-Jomart Toqayev 2024-yil yanvarda Egemen Qazaqstan gazetasiga bergan intervyusida.

Qozog‘istonda faqat hokimiyat muxoliflari davlat to‘ntarishiga urinishda ayblanadi, deb o‘ylasangiz adashasiz. Mamlakatning eng yangi tarixida hukumatning o‘zidan chiqqan odamlar shu ayblov bilan ta’qib qilingan kamida ikkita holat bor.

2008-yilda o‘sha paytdagi prezident Nursulton Nazarboyevning kuyovi Rohat Aliyev 20 yilga qamalgan edi. Mamlakatdan qochib ketgan Aliyev bu paytda chet elda yashar, Nazarboyevning katta qizi Darig‘a bilan nikohi esa uning ishtirokisiz bekor qilingandi. Rohat Aliyev va uning safdoshi, DXQning sobiq rahbari Alnur Musayev ustidan sud jarayoni sirtdan va yopiq tartibda o‘tkazildi.

Ayblov xulosasiga ko‘a, ixtisosligi vrach bo‘lgan Aliyev, Musayev bilan til biriktirib kuchli ta’sir qiluvchi zaharli moddalar yordamida mamlakat rahbariyatini jismonan yo‘q qilmoqchi bo‘lgan, hokimiyatni bosib olish uchun jangarilarni tayyorlagan. Ular ayblovni rad etishdi. Aliyev esa jinoiy ta’qibni qaynotasi bilan ziddiyatga borgani va muxolif siyosatchi bo‘lgani uchun qasos deb atadi.

Ostona Musayev bilan Aliyevning Avstriyadan ekstraditsiya qilinishiga erisha olmadi. 2015-yilda Vena qamoqxonasida Qozog‘istonda qo‘zg‘atilgan boshqa bir ish bo‘yicha sudni kutayotgan Rohat Aliyevning jonsiz tanasini topishdi. Rasmiy talqinga ko‘ra, u o‘zini o‘ldirgan.

2022-yilda davlat to‘ntarishiga urinishda DXQning yana bir sobiq rahbari, Nazarboyevning yaqin safdoshi Karim Masimovni aybladilar. O‘tgan yili Masimov “davlatga xiyonat”, “hokimiyatni kuch bilan bosib olishga urinish” va “lavozim vakolatlarini suiiste’mol qilish” ayblovi bilan 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

2022-yil boshida Qozog‘istonda hukumatga qarshi ommaviy chiqishlar tartibsizliklarga aylanib ketgan va kuchishlatar xodimlar Toqayev buyrug‘i bilan namoyishchilarga qarata o‘q otgan edi; o‘sha voqealarda kamida 238 kishi o‘lgani aytiladi.

Hukumat tartibsizliklar ortida “yuqori martabali shaxslar” va jinoyat olami turibdi va ular hokimiyatni kuch bilan bosib olishni rejalagan, deya bayonot berdi. Masimov va uning bir necha xodimi ustidan sud yopiq rejim o‘tkazildi. “Davlat to‘ntarishi”ga oid mazkur ish tafsilotlari ma’lum emas.

Путиннинг Қозоғистон президенти исмини адаштириши тасодифми ëки...?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:54 0:00

Qirg‘iziston: hokimiyatning uch marta kuch bilan almashishi va o‘ndan ortiq “to‘ntarishga urinish”

Hokimiyat uch marta kuch bilan almashgan Qirg‘iziston uchun taniqli siyosatchilar va muxolifat vakillarining “hokimiyatni kuch bilan bosib olishga urindi” degan gumon bilan qamoqqa olinishi kamyob hol emas.

So‘nggi yillarning eng rezonansli siyosiy mahkamasi bu “Kampirobod ishi” bo‘lsa kerak. Unda siyosatchilar, jamoat faollari va huquq himoyachilari doxil 20 dan ziyod kishi sudga tortilgan edi. Aksarining bor-yo‘q “aybi” Kampirobod suv ombori hududining bir qismi O‘zbekistonga berilishi masalasi muhokama qilingan yig‘inda ishtirok etganidir.

Mazkur ish figurantlari 202- yil oktyabrda ushlandi. IIV ularga “ommaviy tartibsizliklarga tayyorlanish”ga doir modda bilan ayb qo‘ydi. Ammo keyinroq ayrimlari “hokimiyatni kuch bilan bosib olish”ga hozirlik ko‘rganlikda ham ayblay boshladilar. Bir necha oydan so‘ng sud ayblanuvchilardan bir qismini ozod qilib, uy qamog‘iga o‘tkazdi. Qolgan 8 kishi hukm e’lon qilinguncha hibsda o‘tirdi. 2024-yil iyunda birinchi instansiya sudi jinoyat tarkibi yo‘qligi munosabati bilan barcha ayblanuvchilarni oqladi. Ish maxfiylashtirilgani sababli jarayon avvalboshdan yopiq bo‘ldi.

Prezident Sadir Japarov hukm chiqqanidan so‘ng: “Kampirobod ishi” bo‘yicha sud qaroriga mening hech qanaqa daxlim yo‘q. Bu qaror to‘g‘rimi, yo‘qmi, qat’i nazar uni qabul qilishimiz kerak”, deya bayonot berdi. Ketidan esa, agar sudya bo‘lganida “bu ishning boshida turganlarga biron jazo tayinlajagini” pisanda qilib qo‘ydi. Chunki, prezidentga ko‘ra, “ular odamlarning fikrini buzib, ko‘chalarga chiqishga va hukumatni ag‘darib tashlashga undagan eshishlar”.

2024-yilning iyulida Bishkek prokuraturasi tuman sudi oqlov hukmiga protest kiritib, ish bo‘yicha ayblanganlarning barchasini aybdor deb topishni talab qildi.

Figurantlardan biri, Konstitutsiyaviy sudning sobiq sudyasi Klara Sooronkulova oqlov hukmi chiqqaniga qaramay ular barchasi “arosatda” qolishganini aytadi. “Sud natijasi yuqoridagi odamlarning irodasiga bog‘liq”, deydi u.

Siyosatshunos Medet Tulegenov fikricha, muqobil nuqtayi nazarni ifoda qilish uchun maydon toraygan sharoitda bunaqa ishlar qo‘zg‘atilishi tabiiy hol. Ekspert bu kabi ishlar mazmuniga doir ma’lumotlar yo‘qligi tufayli hokimiyat vakolatlariga ega bo‘lmay sudda o‘z haqligingni isbotlashing qiyin.

Yana bir shov-shuvli keys mashhur tadbirkor, 2021-yilda prezident saylovida qatnashgan Imomiddin Toshov bilan bog‘liq. Uni 2023-yil oktyabrda qonunga xilof tarzda turar-joy uylari qurishga doir ish bo‘yicha qo‘lga olishgan edi. Biznesmen jami qiymati 600 ming dollardan ortiq bo‘lgan o‘nta kvartirani davlatga topshirish bilan zararni qoplaga, sud uni uy qamog‘iga chiqardi.

2024-yil yanvarda internetda bir video paydo bo‘ldi: unda Toshov 2023-yil dekabrda o‘zini maxsus xizmat xodimlari deb tanishtirgan noma’um odamlar uni ushlab, sakkiz kun qamab qo‘yishgani, oila a’olaringni o‘ldiramiz, shirkatingni tortib olamiz deb tahdid qilishgani haqida gapirgan. Aytishicha, o‘sha odamlar Toshovdan “tovon” sifatida 1 mln dollar talab qilganlar.

Yanvar oyida Toshov qidiruvga berildi, aprelda esa uni hokimiyatni kuch bilan bosib olishga urindi degan ayblov bilan qo‘lga olishdi. Ish hanuzgacha sudda ko‘rilmoqda.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirkor hibsxonada o‘tirgan chog‘ida chet elda yashaydigan bir faol bilan telefon orqali bog‘lanib turgan va davlat to‘ntarishini rejalagan. MXDQ raisi aytishicha, bu so‘zlashuv sud qaroriga asosan yozib olingan.

Siyosatshunos Emin Jo‘rayev ushbu modda bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atish oddiy hol bo‘lib qolganini aytadi. Biroq bular bari kriminal olamga qarshi kurash niqobi ostida qilinmoqda, amalda esa nafaqat muxolifat vakillari, balki oddiy tanqidchilar ham ta’qib nishoniga aylanayotir.

O‘zbekiston va Turkmaniston: mamlakat rahbarlariga “suiqasd qilishga urinish”lar

1999-yil 16-fevralda O‘zbekiston rasmiylari davlat to‘ntarishiga urinish bo‘lgani haqida jar solishdi: Toshkentda turkum kuchli portlashlar sodir bo‘ldi. Hukumat 13 kishi o‘lib, 100 dan ziyod odam jabrlanganini ma’lum qildi. O‘zbekistonning marhum birinchi prezidenti Islom Karimov teraktda diniy ekstremistlar va siyosiy muxolifatni aybladi, bu voqealar uning hayotiga qasd qilishga urinish ekanini aytdi.

Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari O‘zbekiston hukumati teraktdan muxolifatga hamda siyosiy va diniy arboblarga bosimni kuchaytirish uchun foydalanganini qayd etishgan.

2023-yilda Turkmanistonda ham “davlat to‘ntarishiga urinish”ning oldi olindi. O‘shanda maxsus xizmatlar 20 kishini ushlab, “qurolli qo‘zg‘olon ko‘tarishga urindi” deya ayb qo‘ygan. “Fitnachilar” orasida sobiq qishloq xo‘jaligi vazirining o‘g‘li Botir Meredov, ichki ishlar vazirining o‘rinbosari Ahmad Jo‘jatovlar bor. Maxsus xizmatlar axborotida “fitnachilar” yuk mashinalarida Turkmanistonga turli qurollarni tashigani haqida so‘z boradi.

2002-yilda ham turkman maxsus xizmatlari “davlat to‘ntarishiga urinish” bo‘lganini xabar qilishgan: 25-noyabr tonggida prezident Niyozov korteji go‘yoki “hokimiyatni kuch bilan bosib olishni rejalagan” guruh tomonidan o‘qqa tutilgan emish. Sobiq bosh vazir o‘rinbosari Boris Shixmuradov muvaffaqiyatsiz fitna tashkilotchisi deb ataldi. Jami 46 kishi, jumladan 17 nafar chet el fuqarosini ushladilar. Ular orasida sobiq tashqi ishlar vaziri Botir Berdiyev, Toshhovuz viloyati sobiq hokimi Yazgeldi Gundug‘diyev, parlamentning sobiq raisi Tagandurdi Xolliyev va boshqa mulozimlar bor.

“Davlat to‘ntarishiga urinish ayblovi qanday qo‘llanganiga doir ko‘plab keyslar mavjud. Bunaqa jinoyat ishlari odatda norozilik aksiyalaridan keyin, ba’zan esa shunchaki resurslar va aktivlar uchun ichki kurash, raqobat natijasida qo‘zg‘atiladi”, deydi Berlindagi Karnegi markazi ilmiy xodimi Temur Umarov.

Siyosiy arbob yoki tadbirkorga “davlat to‘ntarishi o‘tkazishga urindi” degan ayblov qo‘yilar ekan, demak, u o‘z obro‘-e’tibori va ta’siri bilan amaldagi rejimga muayyan xavf tug‘dirmoqda, deya qo‘shimcha qiladi tahlilchi.

Президент танқидчиси бўлган блогернинг онаси билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:42 0:00

Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Bryus Panniyerga ko‘ra, ilgari hukumat o‘z tanqidchilarini yo‘q qilishda “terrorizm” moddasini qo‘llardi, ammo vaqt o‘tishi bilan ushbu modda “ishlamasligi” ayon bo‘ldi, chunki terrorizm uchun qamalganlar rostdan ham terrorchi ekaniga odamlarni ishontirib bo‘lmay qoldi.

“Shu bois Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari yangi hiyla o‘ylab topishdi: odamlarni hukumatni ag‘darish maqsadida fitna tuzishda yoki shunga da’vat qilishda ayblashyapti, keyin esa yopiq sud qilishmoqda. Yagi ayblovlarni qonunlashtirishda ularga mazkur moddalar mazmunini hukumat istaganidek talqin qilib beradigan yuristlar va sodiq lingvistlar yordam berishyapti”, deydi ekspert.

XS
SM
MD
LG