Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:26

Marsga yuborilgan Perseverance roveri tarixda ilk marotaba o‘zga sayyorada kislorod ajratdi


NASA Marsga yuborgan Perseverance roveri tarixiy amaliyotlarni bajarishda davom etmoqda.

O‘tgan haftada olti g‘ildirakli robot Mars atmosferasidagi karbonat angidrid gazidan kislorod ajratdi. Bunday amaliyot boshqa sayyorada tarixda ilk marotaba amalga oshirildi.

NASA kosmik texnologiyalari missiyasi direktorligi ma’muri Jim Reyter:

"Bu Marsda karbonat angidridni kislorodga aylantirish yo‘lida qo‘yilgan juda muhim qadamdir", - dedi.

Marsda kislorod ajratish namoyishi 20 - aprel kuni o‘tkazildi. Foydalanilgan eksperimental asbobning bo‘lg‘usi versiyalari kelajakda sayyoraga insonlarni yuborishga yo‘l ochishiga umid qilinmoqda.

Bu jarayon nafaqat kelajakdagi fazogirlar nafas olishi uchun kislorod ishlab chiqarish mumkin, balki qaytish safari uchun raketa yoqilg‘isini Yerdan olib borish ehtiyojini yo‘q qilishi mumkin.

Joydagi kislorodli resurslardan foydalanish bo‘yicha Mars eksperimenti (Mars Oxygen In-Situ Resource Utilization Experiment, MOXIE) avtomobil akkumulyatori hajmidagi oltin quti bo‘lib, roverning old o‘ng tomoniga o‘rnatilgan.

"Mexanik daraxt" laqabi berilgan moslama bitta uglerod atomi va ikkita kislorod atomidan tashkil topgan karbonat angidrid molekulalarini ajratadi.

Shuningdek, u yon mahsulot sifatida uglerod oksidini ishlab chiqaradi.

MOXIE birinchi marta ishga tushganida 5 gramm kislorod ishlab chiqargan. Bu normal amaliyotlarni amalga oshirayotgan fazogir uchun taxminan 10 daqiqa nafas olishga etadi.

Navbatdagi qadam o‘laroq MOXIE muhandislari ko‘proq sinovlarni o‘tkazib, ishlab chiqarish hajmini oshirishga harakat qiladilar. Moslama soatiga 10 grammgacha kislorod ishlab chiqarishga mo‘ljallangan.

Massachusets texnologiya institutida ishlab chiqilgan MOXIE nikel qotishmasi kabi issiqqa chidamli materiallardan qurilgan va ishlashi uchun lozim bo‘lgan 800 daraja haroratga bardosh bera oladi.

Moslama o‘z haroratini tarqatib, roverga ziyon yetkazishi oldini olish uchun yupqa oltin qoplama bilan o‘ralgan.

Massachusets texnologiya instituti muhandisi Maykl Xetning aytishicha, MOXIEning bir tonnalik versiyasi raketa Marsdan uchib ketishi uchun zarur bo‘lgan taxminan 25 tonna kislorod ishlab chiqarishi mumkin.

Marsning 96 foiz karbonat angidriddan iborat atmosferasidan kislorod ishlab chiqarish yer ostidagi muzni qazib olib, so‘ngra elektroliz yordamida kislorod ajratishdan ko‘ra osonroq ekani aytilmoqda.

Engil avtomobilga teng keladigan Perseverance roveri Mars sathiga 18 - fevral kuni qo‘ngan edi.

Uning bortidagi quyosh energiyasi bilan ishlaydigan mitti Ingenuity vertolyoti 19 - aprel

kuni havoga ko‘tarildi. Bu esa Yerdan tashqari olamda amalga oshirilgan ilk parvoz bo‘ldi.

Perseverance roverning o‘zi tarixida birinchi marotaba Mars tovushlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yozib oldi.

XS
SM
MD
LG