Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:29

Maymunchechak yangi global pandemiya(mi)?


Maymunchechak. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti.
Maymunchechak. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Kongo va Afrikaning boshqa joylarida tarqalayotgan maymunchechak epidemiyasi sabab global favqulodda holat e’lon qildi. "Assoshieyted Press" agentligining yozishicha, bu virus tarqalishining oldini olish uchun shoshilinch choralar ko‘rishni talab qiladi.

Shvetsiyada maymunchechak bilan kasallanishning dastlabki holati qayd etildi. Virus Afrikada bo‘lib qaytgan bemorda aniqlangan.

Sog‘liqni saqlash idoralari virus Yevropa bo‘ylab tarqalishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Ammo virusning global pandemiya darajasida tarqalish ehtimoli kam. Negaki oxirgi kuzatilgan cho‘chqa grippi va COVID-19 pandemiyalarida virus odatda havo tomchilari orqali juda tez tarqalgan. Ammo maymunchechak asosan virusni yuqtirgan odam yoki u ishlatgan narsalarga teginish orqali yuqadi. Virus terida toshmalarni paydo qiladi.

Mutaxassislar maymunchechakka o‘xshash toshmalari bor odam bilan yaqin jismoniy aloqada bo‘lmaslik, u ishlatgan oshxona buyumlari, kiyim-kechaklar yoki choyshablardan foydalanmaslik hamda muntazam ravishda gigiyena qoidalariga rioya qilishga chaqirmoqda.

Yevropa Sog‘liqni saqlash markazi maymunchechak, asosan Afrikadan kirib kelishi ehtimoli yuqori ekanligini aytar ekan, Yevropada epidemiya xavfi past ekanligini bildirgan.

Olimlar maymunchechak kirib bormagan mamlakatlarda aholi uchun xavf darajasi yuqori emasligini ta’kidlamoqda.

Maymunchechak o‘zi nima?


Maymunchechak virusi birinchi marta olimlar tomonidan 1958-yilda maymunlarda «chechakka o‘xshash» kasallik paydo bo‘lganida aniqlangan. Yaqin-yaqingacha bu virus bilan zararlanish holatlarining aksariyati markaziy va G‘arbiy Afrikada kasal hayvonlar bilan yaqin aloqada bo‘lgan odamlarda kuzatilgan.

Maymunchechak COVID-19 dan nimasi bilan farq qiladi?

Maymunchechak koronavirusdan farqli ravishda juda sekin tarqaladi. Xitoyda koronavirus aniqlanganidan ko‘p o‘tmay, kasallanishlar soni bir necha mingga ko‘tarildi; yanvar oyining birinchi haftasidayoq kovid yuqtirganlar soni o‘n barobardan oshib ketgan edi.

2020-yil martiga kelib, JSST COVID-19 ni pandemiya deb e’lon qilgan vaqtda kasallanganlar 126,000 dan ortiq, o‘lim soni esa 4,600 ni tashkil qilgan.

Bu koronavirus birinchi marta aniqlanganidan taxminan uch oy o‘tib qayd etilgan ko‘rsatkich.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yildan beri maymunchechak bilan zararlanish holatlari butun dunyo bo‘ylab 100 000 ga yaqinlashgan, 200 ga yaqin o‘lim qayd etilgan.

COVID-19 pandemiyasining dastlabki kunlaridan farqli o‘laroq, maymunchechakka qarshi vaksinalar va davo usullari mavjud.

«Bizda maymunchechakni to‘xtatish uchun zarur bo‘lgan vositalar bor. Bu biz COVID davrida duch kelgan vaksina va virusga qarshi vositalar taqchilligi kabi vaziyat emas», deydi Dyuk universitetining Global sog‘liqni saqlash instituti direktori doktor Kris Beyrer.

ЭКСКЛЮЗИВ - Қабристон сукунати: Ковид қурбонлари ошмоқда, расмийлар сукутда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:55 0:00

Maymunchechak epidemiyasi qancha davom etadi?


Hozircha bu aniq emas. 2022-yilda 70 dan ortiq mamlakatda tarqalgan maymunchechak epidemiyasi emlash dasturlari va dori vositalari sabab bir necha oy ichida to‘xtatilgan edi.

Hozirda virus bilan kasallanish holatlarining aksariyati Afrikada, asosan dunyodagi eng qashshoq mamlakatlardan biri bo‘lgan Kongoda aniqlanmoqda. Busiz ham mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi to‘yib ovqatlanmaslik, vabo va qizamiq tufayli nochor ahvolda.

Kongo rasmiylari allaqachon xalqaro donorlardan 4 million vaksina so‘ragan, biroq hali vaksinalar yetib borgani yo‘q.

JSST maymunchechak dastlab tarqalgan 2022-yildayoq global favqulodda holat e’lon qilganiga qaramay, Afrika davlatlari deyarli emlashni amalga oshirmagan.

Dyuk universiteti mutaxassisi Afrikadagi epidemiyani bartaraf etish uchun sarmoya kiritish butun dunyo manfaatiga xizmat qilishini ta’kidlaydi.

«Hozir ushbu pandemiyani jilovlashning ayni vaqti. Afrikaga ustuvor ahamiyat berish bo‘yicha qaror qabul qilishimiz kerak», deydi mutaxassis.

XS
SM
MD
LG