Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:35

Meksikada 7 o‘zbekistonlik garovdan ozod etildi, ammo bu o‘zbeklarni "Amerika orzusi"dan qaytarmaydi


13-dekabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Meksikada garovdan ozod qilingan 7 nafar O‘zbekiston vatandoshlariga huquqiy ko‘mak ko‘rsatilayotgani, ularning hayotiga tahdid yo‘qligini bildirdi.

Avvalroq Meksika politsiyasi o‘zbekistonliklarni garovdan ozod qilgani to‘g‘risida xabar bergan edi.

“Diplomatik missiya ma’lumotlariga ko‘ra, hozirga qadar barcha yurtdoshlarimiz qo‘yib yuborilgan va Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan. Ularning hayotiga hech qanday tahdid yo‘q. Barcha fuqarolarimizning shaxsi aniqlangan. Meksikalik hamkorlar bilan O‘zbekiston fuqarolariga konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, deyiladi rasmiy xabarda.

Meksikaning El Siglo de Torreon nashri nashriga ko‘ra, tutqunlikdan ozod qilingan o‘zbekistonliklarning besh nafari erkak, bir nafari ayol va bir nafari voyaga yetmagan boladir.

Garovgirlik hodisasi

Mahalliy matbuotning yozishicha, avtobusda Quyi Kaliforniya shtatiga ketayotgan o‘zbekistonliklar Meksikaning Gomes-Palasio shahridagi fermalardan birida dam olish uchun to‘xtagan. O‘zbekistonliklar bu yerdan AQShga o‘tib ketishni rejalashtirishgan. Ammo, nashrga ko‘ra, fermada ularni garovga olishgan va garovgirlar 1200 dollar pora talab qilgan.

O‘zbekistonliklarda buncha pul bo‘lmagani uchun ularni fermada ushlab turilgani aytiladi. Shu asnoda politsiya hodisadan xabar topgan va voqea joyiga yetib kelib, o‘zbekistonliklarni ozod qilgan.

Xabarda politsiya garovdagilar to‘g‘risidagi ma’lumotni qay tarzda olgani ochiqlanmagan va o‘zbekistonliklarning shaxsi to‘g‘risida ham ma’lumot berilmagan.

Ayni paytda ozod etilgan o‘zbekistonliklar Milliy migratsiya institutiga yuborilgan. Ularni garovda saqlab turganlarga sherik bo‘lgan Mariya Gvadelupa ismli 32 yoshli ayol qo‘lga olingan. Uning boshqa sheriklari to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Hodisa asnosida O‘zbekiston hukumati birinchi marta mamlakatdan Meksikaga noqonuniy muhojirlar oqimini e’tirof etmoqda.

Ushbu hodisa bilan bir vaqtda Samarqandda AQShga noqonuniy yo‘llar bilan yetkazib qo‘yishni taklif qilayotganlikda ayblanayotgan shaxslar qo‘lga olingani xabari chiqdi.

Rasmiy kanallarga ko‘ra, 28 yashar samarqandlik Urgut tumanida istiqomat qiluvchi 24 yashar shaxsga “O‘zbekiston-Ispaniya-Meksika” yo‘nalishi orqali Qo‘shma Shtatlarga noqonuniy kirishga ko‘maklashishni va’da berib, 25 ming AQSh dollari talab qilgan. O‘zbekiston DXX Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasiga ko‘ra, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan amaliyot natijasida firibgarlikda ayblanayotgan samarqandlik go‘yo “hujjatlarni rasmiylashtirish uchun” oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Yana bir o‘xshash holatda esa Samarqand tumanida yashovchi, 1987-yilda tug‘ilgan shaxs Samarqand shahrida yashovchi 51 yashar fuqaroni “O‘zbekiston-Turkiya-BAA-Meksika” yo‘nalishi orqali AQShga yuborish uchun 30 ming AQSh dollari talab qilib, 10 ming dollarni avans sifatida olgan vaqtida ushlangani xabar qilingan.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari ikki holat yuzasidan qonunbuzarlikda ayblanayotganlarga nisbatan davlat Jinoyat Kodeksining 168-moddasi, ya’ni “firibgarlik” bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atgani aytildi.

Bunday modda bilan javobgarlikka tortilgan boshqa bir qancha holatlar haqida oldin Ozodlik xabar bergan.

"O‘zbekistonliklarni AQShga katta daromad va imkoniyatlar tortyapti!"

Bunday xatar va qiyinchiliklarga qaramasdan nima uchun ummon ortidagi “sehrli diyor” ga ketish istagida bo‘lgan o‘zbeklar soni kamaymayotir?

O‘zini Jahongir deb nomlashni so‘ragan samarqandlik yigit bir necha yildan beri AQShga ketishga hozirlik ko‘rayotganlardan.

Ozodlik bilan suhbatda u aksar o‘zbekistonliklarni Amerikada birdan katta daromad olish mumkinligi qiziqtirayotganini aytadi:

- Na Rossiyada, na O‘zbekistonda odam nimaga qodir ekanini erkin va to‘laligicha ochish imkoniga ega emas. Odamlar qayerda hayot yaxshi bo‘lsa, o‘sha yerga intiladi va buning uchun ularni ayblash noto‘g‘ri. Hech qanaqa tanish-bilishsiz Amerikaga borganlar ko‘tarilib, katta daromad olyapti. Albatta, uning harakatiga bog‘liq. U yerda ko‘p yillar yashab, bitta “Neksiya”ga pul ishlagan bolani ham taniyman. Bu yerda esa endi bir ish qilaman desang, biznesingga xo‘jayinlar paydo bo‘lib qoladi, biror ish yurita olmaysan. U yerda bilim olish va o‘sish imkoni katta, eng zamonaviy texnika, texnologiya va hayot bilan tanishish imkoni bor. Meni ko‘proq shu tomoni tortyapti Amerikani – u yerda bilim olish imkoni. Samarqandda 90 foiz odam ketish istagida.

Jahongir Ukrainadagi urush tufayli muhojirlar oqimi ko‘paygani va AQShga kirish ham qiyinlashganini aytadi

- Kimdir u yerga borib siyosiy boshpana so‘rayapti, kimdir “grin kard” o‘ynayapti, kimdir esa noqonuniy yo‘llar bilan kirishga urinmoqda. Meksika orqali kirish haqiqatan xatarli, it azobi. Meni akam necha o‘limdan qolib, kirib bordi Meksika orqali. Qanchasi qarzga pul olib, kuyib, qaytib kelyapti kirolmasdan. Odamlar har-xil yo‘llar bilan kirib boryapti, ammo u yerda ruslar, arablar juda ko‘paygan oxirgi paytlarda, narxlar oshgan, 30 ming dollargacha. Qolaversa, puldor o‘zbekistonliklar ham ancha ko‘payib qolgan. Bu ish to‘liq Meksika mafiyasi qo‘lida, politsiya bilan birgalikda ishlaydi. Odam yo‘q bo‘lib ketsa ham hech kim topolmaydi, haqiqatan xatarli, - deydi hatto bunday xavf va xatar uni yo‘ldan qaytarmasligini bildirgan samarqandlik yigit.

Statistik ma’lumotlar o‘zbekistonliklar orasida esa AQShda yashash va ishlash istagida bo‘lganlar soni yil sayin ko‘payib borayotganini tasdiqlaydi.

2022-yilgi “grin-kard” lotereyasida 119 262 ariza beruvchi g‘olib sifatida ro‘yxatga olindi va ular AQSh elchixonasiga viza bo‘yicha intervyuga chaqirildi.

Grin-karta g‘oliblari soni bo‘yicha O‘zbekiston bu gal ham doimgidek yuqori o‘rinlarda qayd etildi: ro‘yxatda 5 511 nafar g‘olib bilan O‘zbekiston Misr va Jazoirdan keyin uchinchi o‘rinda. Bu yili g‘oliblarning 55 ming nafariga AQSh vizasi beriladi. Ba’zi manbalarga ko‘ra, bu raqam oshishi ham mumkin, chunki Jo Bayden grin-karta g‘oliblari sonini 80 mingtagacha oshirish kerakligini aytgandi.

AQSh hukumati esa Meksika bilan chegarasida prezident Donald Tramp va’da qilgan devorni qo‘rishni davom ettirmoqda. 15 mlrd dollarga baholangan va 1600 kmga cho‘zilishi kutilayotgan bu bahaybat to‘siq asosan odam va giyohvagd moddalar kontrabandasiga chek qo‘yish maqsadida qurilmoqda.

AQSh Aholini ro‘yxatdan o‘tkazish byurosining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarda 62 mingdan ziyod o‘zbekistonlik yashaydi. Ulardan ikki mingdan ortig‘i AQSh vatandoshligini olgan. Amerikadagi 11 million noqonuniy muhojirlar orasida o‘zbekistonliklar ham kam emas.

O‘zbeklar eng ko‘p yashaydigan shaharlar Nyu York, San Antonio, Xyuston, Chikago, Filadelfiya ekani aytilgan.

XS
SM
MD
LG