Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:45

Merkel: Ukraina “Shimoliy oqim 2” qurib bitirilganidan keyin ham tranzit mamlakati bo‘lib qoladi


Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy (chapda) va Germaniya kansleri Angela Merkel
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy (chapda) va Germaniya kansleri Angela Merkel

Germaniya kansleri Angela Merkel Kievni Rossiyani Germaniya bilan bog‘laydigan “Shimoliy oqim-2” (Nord Stream 2) quvuri qurib bo‘lingandan keyin ham Ukraina tabiiy gaz uchun tranzit yo‘li bo‘lib qolishiga ishontirishga urindi.

Ukraina va AQSh “Shimoliy Oqim-2” liniyasi qurilishiga qarshi chiqib keladi. Liniya yakunlanganidan keyin, Rossiya gazi Ukrainani chetlab o‘tishi, natijada Kiyev milliardlab dollar qiymatga ega tranzit to‘lovlaridan mahrum bo‘lishi mumkin.

“Ukraina “Shimoliy oqim 2” qurib bitirilganidan keyin ham tranzit davlati bo‘lib qoladi”, dedi Merkel 12 - iyul kuni Berlinda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Germaniya loyiha tijoriy ekanini hamda suveren mamlakat hal qila oladigan masala ekanini ta’kidlab, uni to‘xtatishdan bosh tortib keladi.

Tanqidchilarning ta’kidlashicha, yangi liniya Germaniyani Rossiya energiya ta’minotiga qaramligini kuchaytiradi va Berlinni Rossiya ta’siriga moyil qiladi.

“Ukraina tomonida bu borada katta tashvishlar mavjud va biz ularni jiddiy qabul qilamiz”, dedi Merkel.

Kansler Germaniya Ukraina uchun asosiy daromad manbasini kafolatlash uchun “qo‘ldan kelgan barcha chorani” ko‘rishini aytdi.

AQSh Davlat departamenti may oyida quvur liniyasining Rossiyaga tegishli operatori bo‘lmish Nord Stream 2 AG shirkatiga ham, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ittifoqchisi ekani aytiladigan bosh direktor Mattias Varnigga nisbatan ham sanksiya qo‘llanilmasligini e’lon qilgan edi.

Berlinda nutq so‘zlagan Zelenskiy “Shimoliy oqim 2” “Ukraina va mintaqa xavfsizligiga tahdid solishi”ni takrorladi.

Merkelning ta’kidlashicha, Germaniya “kelajakda” Rossiya gazi Ukraina orqali o‘tishini davom ettirishga intiladi.

“Biz Ukrainaga shunday va’da bergan edik. Men va’dalarimni bajaraman va kelajakdagi Germaniya kansleri ham shunday qiladi, deb o‘ylayman”, dedi u.

15 - iyul kuni Merkel AQSh prezidenti Jo Bayden bilan uchrashganda munozarali “Shimoliy oqim 2” loyihasiga katta e’tibor qaratilishini kutish mumkin.

To‘rtinchi muddatini o‘tayotgan Merkel sentabr oyida Germaniyada bo‘lib o‘tadigan milliy saylovlardan so‘ng lavozimini tark etadi.

12 - iyul kuni Merkel Bayden bilan o‘tkaziladigan muzokaralar “Shimoliy oqim 2” bo‘yicha Berlin va Vashington o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni hal qilishiga shubha bildirdi.

“Hujjatlar to‘liq rasmiylashtiriladimi yoki yo‘q, bilmayman. Bunday bo‘lmaydi, deb o‘ylayman”, dedi Merkel.

23 - iyun kuni AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Berlinda Merkel va tashqi ishlar vaziri Xayko Maas bilan o‘tkazilgan uchrashuvlar chog‘ida “Shimoliy oqim 2” haqida ogohlantirishlarni takrorladi.

Blinkenning ta’kidlashicha, u Maas bilan “Rossiya o‘z energiya resurslaridan Ukraina yoki Yevropadagi boshqa davlatga qarshi majburlash vositasi sifatida foydalana olmasligini ta’minlash uchun” aniq chora ko‘rish zarurligiga kelishib olgan.

XS
SM
MD
LG