Ekspertlarning ta’kidlashicha, Rossiyada migrantofobiya hukumat zo‘r berib ilgari surayotgan trendga aylanmoqda. 2024-yil dekabrdagi ma’lumotlarga qaraganda, Rossiyadan 80 mingdan ziyod migrant sud qaroriga ko‘ra badarg‘a qilingan – bu burnog‘i yildagiga (44,2 ming) nisbatan qariyb ikki karra ko‘p.
Federal sud pristavlari xizmati chet el fuqarolari deportatsiya qilinishi asosan “migratsiya qoidalari buzilishi” sabab bo‘lganini bildirgan.
Ayni chog‘da Rosstat 2023-yilda Rossiyaga migratsiya oqimi 560 ming kishiga kamayganini qayd etmoqda. Ya’ni, migratsiya oqimi so‘nggi 10 yildagi eng past darajaga yetgan va bu pasayish yana davom etadiganga o‘xshaydi.
Xalqni muammolardan chalg‘itish
“Meduza” nashrining Kremlga yaqin manbalariga fikricha, Rossiya hukumati jamiyatni dolzarb muammolar, eng avvalo oziq-ovqat mahsulotlari qimmatlashishi va Ukrainadagi urushdan chalg‘itish maqsadida aholi e’tiborini atay migrantlar bilan kurashga qaratmoqda.
Ekspertlar, shuningdek, Rossiya Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan so‘ng keskin kuchaygan kadrlar tanqisligi manzarasida migrantlarni siquvga olayotganiga diqqat qilishmoqda.
Bu Putin rejimi uchun klassik usul bo‘lib, uning boshqaruvi davrida bir necha bor qo‘llangan. Ukrainadagi urush manzarasida u Rossiya jamiyatida azaldan bo‘lgan ksenofobiya va migrantlarga nafratdan foydalanib xalqni iqtisodiy muammolardan chalg‘itishga urinyapti, deya ta’kidlaydi “Amerika ovozi”ning rus xizmati bilan intervyuda iqtisodiy tahlilchi Semyon Novoprudskiy. Uning fikricha, Rossiya hukumati shu paytgacha tayinli migratsiya siyosatini ishlab chiqa olmagan.
“Migratsiya siyosati bo‘yicha maxsus idora tashkil qilish g‘oyasi hozir Kremlga kerak emas. Urush va haybarakallachi vatanparvarlik ritorikasi aksilmigrant kayfiyatni badtar kuchaytirdi, hukumat esa bundan foydalanib qolmoqda. Bunda hech qanaqa iqtisodiy ma’no yo‘q – qaytaga kadrlar tanqisligi chuqurlashyapti, migrantlar esa bu ehtiyojni qoplashning birlamchi manbai edi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda taxminan 80 mln nafar mehnatga layoqatli aholi bo‘lgani holda ishchi kuchi tanqisligi 1,5–5 mln kishini tashkil qiladi”, deydi ekspert.
“Amerika ovozi” suhbatdoshi Putin rejimi migratsiya siyosatida ikki maqsadni ko‘zlaganini aytadi:
“Birinchidan, o‘z aholisi noroziligini boshqa tarafga yo‘naltiryapti, ikkinchidan esa boshqa mamlakatlarda migratsiya inqirozlari yaratmoqda. O‘z vaqtida Rossiya uchinchi mamlakatlardan Belarus orqali Polshaga migratsiya oqimini yaratgan edi, Ukraina bilan urush boshlanganidan keyin esa minglab odamlarni ataylab hech qanday hujjatsiz chegaradan o‘tkazib yuborib Finlyandiyada migratsiya bilan bog‘liq mini-inqirozni vujudga keltirdi. Natijada Finlyandiya Rossiya bilan chegarasini yopdi va hanuz ochgani yo‘q. Moskva migratsiya siyosatidan olgan “dividendlar” mana shu”.
Repressiv migratsiya siyosati oqibatlari
2024-yilning kuzida Duma spikeri Vyacheslav Volodin deputatlar migrantlarga doir 34 ta qonun loyihasini ishlab chiqayotganini bildirdi. Ular orasida migrantlarning o‘z oilasini ko‘chirib kelishini taqiqlash va ularni muayyan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum etish nazarda tutilgan qonun loyihalari bor. Shuningdek, rus tilini bilmaydigan har qanday migrantni badarg‘a qilish taklifi ham ilgari surilayotgani ma’lum.
Kremlning repressiv migratsiya siyosati oqibatlari sezilmoqda, masalan, O‘zbekiston aholisi Rossiyadan ko‘ra Xitoy va Qozog‘istondan ko‘proq ish izlay boshladi, deydi Semyon Novoprudskiy:
“Bu ikki mamlakat Rossiyaning Markaziy Osiyodagi postsovet davlatlardan kelgan mehnat migrantlariga qarshi shartli urushidagi asosiy raqobatchilaridir. Rossiya mehnat bozori ayniqsa Qirg‘iziston va Tojikiston uchun juda muhim. Biroq eng katta muammo Tojikiston bilan bog‘liq, chunki ushbu mamlakat fuqarolarini “Krokus” teraktida ayblashdi”.
Tahlilchiga ko‘ra, chet el fuqarolarining Rossiyada bo‘lishi qoidalarining kuchaytirilishi, rubl inflyatsiyasi migratsiya oqimini yanada kamaytirmoqda:
“Ayrim migrantlarga Rossiyada ishlashdan manfaat qolmayapti. Boz ustiga hukumat mehnat migrantlarini Rossiyadan bezdirib, o‘z mehnat bozoridagi vaziyatdan badtar chuqurlashtirmoqda”, xulosa qiladi Novoprudskiy.
“Rossiyada millatchilik va ksenofobiya hamma vaqt bo‘lgan”
Rossiyalik muxolif siyosatchi va huquq faoli Natalya Pelevina migrantlarga munosabat keskin salbiy tus olishiga Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida sodir bo‘lgan terakt bosh sababchi bo‘lganini, biroq keyin hukumat bundan o‘z manfaatlarida foydalana boshlaganini urg‘ulaydi.
“Ular odamlarning iqtisodiy ahvoldan, qimmatchilikdan, Ukrainadagi urushdan noroziligini qisman migrantlarga qaratib, shu tariqa mas’uliyatni o‘zlaridan soqit qilishayotir. Bu chalg‘ituvchi manyovr. Juda primitiv bo‘lsa-da, ish beradi. Afsuski, hukumat ekkan bu yomonlik urug‘i tez ko‘kardi, chunki Rossiya tuprog‘ida millatchilik va ksenofobiya hamma vaqt bo‘lgan va hech qachon yo‘qolmagan”, deydi Pelevina.
Huquqbon aksilmigrant siyosat yuritish bilan hukumat o‘z oyog‘iga bolta urayotganiga to‘xtalarkan, shunday deydi:
“Hukumat bu muammoni atay chetlab o‘tmoqda. Ammo ayni yondashuv mehnat bozoridagi ahvolni yanada og‘irlashtirishi aniq. Bu demografiya va boshqa narsalarga ham tegishli. Shuncha zarari bo‘lsa ham hukumat o‘z bilganidan qolmayapti”.
Pelevinaga ko‘ra, Rossiyada migrantlar allaqachon qul kabi yashamoqda:
“Migrantlarning qog‘ozda bir ozgina huquqlari bor, lekin ular ham amalda ishlamaydi. Qolaversa, kuchishlatar xodimlar noqonuniy migrantlarni “yo ikki qo‘lingni burningga tiqqancha uyingga qaytasan, yo urushga borasan”, deya ochiqcha shantaj qilayotganidan xabarimiz bor. Bunaqa holatlar oz emas va hanuz davom etmoqda”, urg‘ulaydi ekspert.
Rossiya hukumati 2024-yilda e’lon qilgan statistika ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya fuqaroligini olgan chet elliklardan qariyb 10 ming kishi Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun askarlikka yollangan.
Natalya Pelevina bu omillarning barchasi, jumladan migratsiya qonunchiligiga kiritilayotgan repressiv qoidalar potensial migrantlarni Rossiyaga ishlagani borishdan qaytarishini ta’kidlaydi:
“2024-yilda markaziy osiyolik migrantlar soni burnog‘i yilga qiyosan deyarli ikki baravarga kamaydi. Shu ma’noda “effekt” bo‘lyapti. Xususan, shu paytgacha faqat Rossiyada ishlab yurgan Tojikiston fuqarolari endi nigohlarini boshqa mamlakatlarga qaratishmoqda”, deya so‘zini yakunlaydi Pelevina.