Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:48

Migratsiya ekspertlari: Rossiya "zapret"ga tushgan migrantlarga maxfiy amnistiya qo‘llamoqda


Rossiyaga kirishga man etilganlar ro‘yxatida o‘n minglab o‘zbek muhojirlari bor
Rossiyaga kirishga man etilganlar ro‘yxatida o‘n minglab o‘zbek muhojirlari bor

Rossiyada faoliyat yuritayotgan yuristlar va huquq faollari mamlakatga kirishiga taqiq bo‘lgan tojikistonlik va o‘zbekistonlik muhojirlar uchun norasmiy “amnistiya” qo‘llanganini aytishmoqda.

Bu xabar Rossiya Ichki ishlar va migratsiya idoralari tomonidan izohlanmayotgan bo‘lsa-da, Ozodlik Rossiyaga “zapreti” yechilib, kirib borgan mehnat muhojirlari bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Ayni damda rus hukumati 1 - sentabrdan boshlab Rossiyaga faqat maxsus ilova orqali kirishga ruxsat bermoqda.

Rossiya Migrantlar federatsiyasi: Amnistiya hammaga qo‘llanilmagan

Rossiyada faoliyat yuritayotgan qator migratsiya mutaxassislariga ko‘ra, Rossiyaga kirish man etilgan xorij vatandoshlarining ayrimlariga amnistiya qo‘llanmoqda.

Rossiya Migrantlar federatsiyasi rahbari Vadim Kojenov kirish taqiqi olib tashlanganlar qatorida Rossiyada yengil ma’muriy jazoga tortilganlar birinchilar qatorida ekanini xabar qildi.

- Rossiya 15 - iyundan 30 - sentybrgacha mamlakatda qolayotgan va o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra migratsiya qoidalarini buzgan muhojirlar uchun umumiy amnistiya e’lon qilgandi. Biroq ko‘pchilik “zapret” (“taqiq”) olganlarga ham amnistiya berilishini so‘rab kelayotgan edi. Chunki kirish man etilganlar orasida arzimagan huquqbuzarlik sodir etganlar - qaydga turish muddatini bir necha kunga kechiktirgani, yo‘l harakati qoidasini ikki marotaba buzib qo‘yganlar bor. Hozirda bu odamlarga nisbatan qisman amnistiya e’lon qilindi, - dedi Vadim Kojenov.

Federatsiya rahbari taqiq bekor qilinganlar qatoriga so‘zsiz og‘ir jinoyatlar sodir etganlar, katta jarimalarga tortilganlar, ommaviy mushtlashuvlarda ishtirok etganlar va ekstremizm-terrorizmda ayblanib badarg‘a qilinganlar kirmasligini ham qo‘shimcha qildi.

Kojenov hozircha bu masalada biror rasmiy ogohlantirish yo‘qligi va o‘zining Ichki ishlar vazirligining Migratsiya departamentidagi manbalariga tayanib bu xabarni tarqatganini tan oldi. U hatto yengil ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan muhojirlarning hammasi ham amnistiya qilinmasligi mumkinligini aytdi.

Kirishi taqiqlanganlar amnistiyaga tushgani rostmi?

Bu haqdagi xabarlar ortidan Ozodlik muxlislaridan RMF rahbari so‘zlarining qanchalik haqiqatga to‘g‘ri ekanini tekshirib berish so‘ralgan murojaatlar kela boshladi.

Ozodlikning savollariga javob bergan migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert, “Migrant.mobi” portali asoschisi Botirjon Shermuhammad joriy yil 18 - avgustdan beri O‘zbekiston, 8 - sentabrdan esa Tojikiston vatandoshlari uchun “zapretlar” Rossiya Ichki ishlar ma’lumotlar bazasidan olib tashlanayotganiga guvoh bo‘layotganini bildirdi.

Yuristning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda taqiq bekor qilinganlar qatoriga “Rossiya Federatsiyasiga kirish va chiqish tartibi to‘g‘risida”gi 114-FZ Qonunning

27 - moddasi

  • 12 - bandi (Rossiyada ruxsat berilgan muddatni oshirib yuborgani uchun) (3 yilga),
  • 13 - bandi (180 kundan ortiq registratsiyasiz yurgani uchun) (5 yilga),
  • 14 - bandini (270 kundan ortiq registratsiyasiz yurgani uchun (10 yilga),

va 26 - moddasi

  • 4 - bandi (oxirgi 3 yil davomida 2ta qonunbuzarlik sodir etgani uchun),
  • 8 - bandini (30 kundan ortiq registratsiyasiz yurgani uchun)

buzganlar kiritilgan.

- “Zapret” juda yoqimsiz va Rossiyadagi ko‘pchilik muhojirlarning hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan narsa. Har kuni 20-30 odamga tekshirganda taqiqlar bekor qilinganini ko‘ryapmiz. Bu yerda bitta muhim kuzatuv: kimga sud orqali “zapret” qo‘yilgan bo‘lsa, ularga yo‘l ochilgani yo‘q! Masalan, 26 - modda 4 - bandi bo‘yicha, ya’ni ikki marta yo‘l harakati qoidasini buzgani uchun Rossiyadan chiqarib yuborilgan ko‘plab o‘zbekistonlik haydovchilarimizga kirishga ruxsat berildi. Hatto eng murakkab bo‘lgan va 10 yilga qo‘yilgan pp.14 bo‘yicha taqiqlar olib tashlanibdi. Hozircha bu negadir rasman e’lon qilinmayapti va taqiqlar bekor bo‘layotgani to‘g‘risida migratsiya boshqarmasi ochiq xabar bermayapti. Ammo biz suhbatlashgan politsiya ofitserlaridan biri taqiqlarning bekor qilinishini ishchi kuchiga bo‘lgan talabning yuqoriligi va “Mirziyoyevga O‘zbekiston mustaqilligiga sovg‘a” deb izohladi, - dedi Botirjon Shermuhammad.

Suhbatdosh Rossiyaga kirish man etilganlar ismi-shariflari Rossiya IIVning Internetdagi 2-3 oyda bir yangilanib turadigan bazasidan chiqmasligi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ma’lumot bevosita Ichki ishlar vazirgigiga yuborilgan murojaatnoma yoki pulli xizmat evaziga maxsus migratsiya tashkilotlari tomonidan aniqlashtirilishi mumkin.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Migratsiya masalalari bo‘yicha Bosh boshqarmasida Ozodlik muxbirlari murojaatiga bu masalada biror izoh bera olmasliklarini aytib, rasmiy xat bilan murojaat qilishni tavsiya etishdi.

Muhojir ayol: Rossiyada ko‘proq pul topaman

Ozodlik Rossiyaga kirish man etilgan, ammo shu kunlarda tekshirtirganda “zapret” belgilangan muddatdan oldin bekor qilingani aniqlagan bir nechta o‘zbek muhojiri bilan suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Chustlik Muattar A’loxonova Rossiyaga kirishga ruxsat olgan omadli muhojirlardan biri.

- Men “zapret”ga shu yil tushganman. 7 - may kuni chiqib ketganman, borib to‘y qilib, qaytaman desam, Namangan aeroportidan qaytarishdi. Keyin “amnistiya, zapret ochilibdi” degan gap chiqdi. Kechayu kunduz duo qilib o‘tirdim, chunki mening shtrafim katta emasdi. Tekshirtirsam - 18.08.2021 yilda ochilibdi! Menga “90/180 qoidasini” buzish qo‘yilgan edi – patentsiz 90 kundan ortiq yurgan edim. Kreditim katta bo‘lgani uchun Turkiyaga ketib ishlayotgan edim. Turkiyada ko‘p ishlay olmadim – menga ma’qul emas u yer. Rossiyada ko‘proq pul topaman, - dedi Muattar.

O‘zbekistonlik muhojir ayol uning tanishlari orasida Rossiyaga kirishga taqiq qo‘yilganlar juda ko‘pligini ham ma’lum qildi.

“Zapreti” yechilgan boshqa muhojirlar Ozodlik bilan suhbatda Rossiyada karantin cheklovlari tufayli ko‘plab sohalarda ishchi kuchi yetishmovchiligi sezilib qolgani va rus hukumati bu yetishmovchilikni mehnat migrantlari evaziga to‘ldirayotgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishdi.

Ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan yana bir o‘zbekistonlik muhojir oxirgi paytlarda Rossiyada sodir bo‘lgan migrantlarning ommaviy mushtlashuvlari va ular bilan bog‘lanayotgan og‘ir jinoyatlar mahalliy aholi orasida migrantofobiya kayfiyatini kuchaytirib yuborgani sezilmoqda, deydi.

- Rossiyada odamlar usiz ham migrantlarni xush ko‘ravermaydi. Agarda hukumat “Biz migrantlarga zapretlarni yechdik, ularni hammasiga kirishga ruxsat berdik!”, desa millatchilar yana bosh ko‘tarib qolishidan qo‘rqmoqda, menimcha, dedi suhbatdosh.

Kirishga taqiqlarning bekor qilinayotgani Rossiyada migrant ishchilar ustidan nazoratni kuchaytirish zarurligi to‘g‘risida rasmiylar tomonidan ovoza qilinayotgan chaqiriqlar manzarasida kuzatilmoqda.

Ayni damda 1 - sentabrdan boshlab Rossiyaga faqat maxsus ilova orqali kirish tartibi joriy etildi.

Joriy yil 1 - sentabrdan Rossiya Federatsiyasiga kirish MDH mamlakatlarining barcha fuqarolari uchun faqat “SOVID-19-siz sayohat qil” (Puteshestvuy bez SOVID-19) ilovasi orqali kirish mumkin bo‘ladi.

Dastlab MDH Iqtisodiy kengashi yig‘ilishida Rossiya Federatsiyasi Bosh vazir o‘rinbosari Aleksey Overchuk 1 - iyuldan “SOVID-19-siz sayohat qil” ilovasi orqali kirish Yevrosiyo iqtisodiy kengashiga a’zo mamlakatlar uchun, joriy yilning 1 - sentabridan esa Rossiya ushbu tartibni MDH mamlakatlari uchun ham joriy etilishini bildirgan edi.

Rossiya Qurilish vazirligi qurilish maydonlarida ishlatish uchun mehnat migrantlarini charter poyezdlarida tashib kelish tartib-qoidalarini O‘zbekiston bilan muhokama qilishi aytilgandi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, pandemiyadan oldin har yili mamlakatda 9 milliondan 11 milliongacha chet el vatandoshi kelib ketgan. 2020 - yilda ular soni deyarli ikki baravar kamaydi va 6 millionni tashkil etdi.

2020 - yilda Rossiyadan 11, 2 mingdan ortiq chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs Rossiyadan chiqarib yuborilgan. Bu 2019 - yilga nisbatan 3, 3 baravar kamdir: o‘sha yili sud ijrochilari sud qarori bilan Rossiyadan migratsiya qonunlarini buzgan 37, 2 mingdan ortiq chet ellikni badarg‘a qilgandi.

2021 - yilda Rossiya politsiyasi mamlakatdan deportatsiya qilingan yoki mamlakatga kirish taqiqlangan xorijliklar soni keskin kamayganini xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG