Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:10

Mirziyoyev g‘alladan bo‘shagan yerlarni kambag‘allarga berishni buyurdi. Fermerlar norozi


Qoraqalpog‘istonda kambag‘al oilalarga fermer yeridan tomorqa ajratish payti olingan surat.
Qoraqalpog‘istonda kambag‘al oilalarga fermer yeridan tomorqa ajratish payti olingan surat.

Shu kunlarda butun mamlakat bo‘ylab fermerning bug‘doydan bo‘shagan yerlari “Temir daftar”ga kiritilganlarga 20 sotixdan tomorqaga bo‘lib berilmoqda.

Fermerlarga bug‘doydan bo‘shagan dalalarining 20 foizini kambag‘allarga tomorqa uchun ajratish majburiyati yuklangan. Fermerlarga ko‘ra, qarshilik qilganlarga yerlarini tortib olish bilan tahdid qilinmoqda.

Manbalar hisob-kitobicha, tomorqa olganlarning atigi 30 foizi yeriga biror ekin ekkan. Boshqalari yerni fermerning o‘ziga pullab, qaytarib bermoqda.

"Temir daftar"dagilarga e’tibor kuchayayotganini kuzatuvchilar bu yil kuzda o‘tkazilishi rejalashtirilgan prezident saylovi bilan bog‘lamoqda. Keyingi ikki oyda kambag‘allarni qo‘llash maqsadida ikkita hukumat qarori qabul qilindi.

Fermerning yeri kambag‘al uchun tortib olinmoqda

Ozodlikka Namangandan bog‘lanib, xavfsizlik sabab anonim qolishni so‘ragan fermerga ko‘ra, uning bug‘doydan bo‘shagan 10 gektar yeri “Temir daftar”ga kiritilganlar uchun tortib olingan:

“Fermerlar uchun hukumatning bu qarori kutilmagan zarba bo‘ldi. Har bir fermerning g‘alla maydonlarining 20 foiz qismi kambag‘allarga tomorqaga berish uchun olib qo‘yilyapti. Meniyam 10 gektar yerimni olishdi. Qarshilik qilolmadim. Yerimni tortib olish bilan tahdid qilishgach, rozi bo‘ldim. Buni Xitoy tajribasi deyishdi. Lekin bizda samara berishi qiyin. Sababi bu aniq rejaga asoslanmagan majburiy holat bo‘lib, fermerlarning yerga egalik huquqini poymol qilinishidir. Ma’muriy buyruqbozlik tizimi va qator keraksiz tashkilotlarning fermerlar ustidan hukmronlik qilishi qishloq xo‘jaligini inqirozga olib bormoqda”.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, Namangan viloyatida bu yil 1600 ta fermer xo‘jaligi tomonidan 67750 gektar maydonda bug‘doy yetishtirilgan. Hozirgacha fermerlarning bug‘doydan bo‘shagan yerlaridan jami 10 ming gektarida kambag‘allar turli ekanlarni ekishga ulgurgan.

Tomorqa olgan ayol: Xursandman

Namangan viloyati Uychi tumanida yashovchi “Temir daftar”ga kiritilgan oila bekasining Ozodlikka aytishicha, u 20 sotix tomorqasiga mosh ekkan.

Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan ayol tomorqa olganidan xursandligini yashirmadi:

“Juda xursandmiz. Xudo xohlasa mosh yaxshi pishsa, sotib pulini ro‘zg‘orga ishlatamiz. Bugun yana bir xushxabar eshitdik. Prezidentimiz Mustaqillik bayramiga “Temir daftar”dagi oilalarning har bir bolasiga maktab uchun 500 ming so‘mdan berilishini aytibdi. Demak, 2ta bolam uchun 1 million olamiz”.

"Kambag‘al fermerning yerini uning o‘ziga pullayapti"

Uychilik ayoldan farqli “Temir daftar”dagilarning barchasida ham tomorqalaridan foydalanish rejasi yo‘q.

Ozodlik suhbatlashgan namanganlik fermerlarga ko‘ra, tomorqa olgan kambag‘allarning atigi 30 foizi ekin ekishni rejalagan:

“Har bitta massivdan kamida 250 gektar yer maydoni tomorqa uchun tortib olinmoqda. Tomorqa olgan fuqarolar esa yerni boshqa shaxslarga sotib yubormoqda yoki fermerning o‘ziga pullamoqda. Ba’zilari 300 kilo bug‘doy evaziga yerdan voz kechmoqda. Ba’zilari 500 ming so‘mga yerni fermerga qaytarishga rozi bo‘lyapti. Fermerlar o‘z yerimizni kambag‘allardan sotib olib, o‘zimizga qaytaryapmiz. Yer olganlarning 30 foizigina tomorqasiga biror narsa ekyapti, qolganlari kelishib, sotib ketmoqda”.

Fermerlar: Militsiya bilan qo‘rqitib, yerimizni olishmoqda

Fermer yerini kambag‘allarga tomorqa uchun berish amaliyoti nafaqat Namanganda balki butun mamlakat bo‘lib, kuzatilmoqda.

“Fermer xo‘jaligimizda 70 gektardan ortiq g‘alla maydoni bor. Bu yil 250 tonnadan ortiq g‘alla oldik. Endi shu bo‘shagan yerlarni takroriy ekin uchun tayyorlab, mosh ekamiz deb turganimizda hokimlikdan kelib,“shu yerni 20 gektarini “Temir daftar”dagilarga berasan”, deyapti. Yonida militsiya xodimlari bilan kelgan.“Ular eplay olmaydi yerni”, desak, “yo‘q berasan, eplamasa o‘zing yonida qarab turasan, kerak bo‘lsa ekib ham berasan, prezident topshirig‘i” deyapti", - deydi yeri olib qo‘yilishidan qo‘rqib, ismini ochiqlamagan jizzaxlik fermer.

Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanidagi Ozodlik bog‘langan fermerlar ham tomorqasini berishga rozi bo‘lmaganlarga bosim bo‘layotganini aytishdi.

“Hokimiyatdagilar qamatib yuboraman, deb qo‘rqitib, fermerni qon qaqshatyapti. Oldin yoshlarga bir gektardan yer beringlar deyishdi. Berdik. Nima bo‘ldi, hech ish qilinmadi. Yerlarni begona o‘t bosib yotibdi. Hozir endi “Temir daftar”dagilarga beringlar deyapti, bu ham huddi shunday bo‘ladi, hammasi nomiga, tepaga hisobot berish uchun qilinyapti xolos, dehqonni kosasi oqarmaydi bunaqada”, - deydi nishonlik fermer anonim qolish sharti bilan.

Rasmiylar: Fermerlar majburlanmayapti

Ozodlik bog‘langan hokimliklar vakillari fermerlar yerlari tomorqaga majburan olinayotganini inkor qildi.

Jumladan, Jizzax viloyati hokimligining qishloq xo‘jaligi masalalariga mas’ul rasmiysi tomorqa uchun yerlar fermer xo‘jaliklari imkoniyatidan kelib chiqib ajratilayotganini aytdi.

“Qaytanga fermerlar rahmat aytishyapti, chunki ularga ham foyda, ekindan bo‘shagan yerlarga ishlov berishga ulgurolmayotganlar bor. Hech qanaqa majburlash bo‘layotgani yo‘q”, - dedi ismini ochiqlamagan hokimlik mulozimi Ozodlik bilan suhbatda.

Andijon viloyatining Ulug‘nor tumanidagi “Sobitxon ota” fermer xo‘jaligi rahbari Elyorbek Hakimov ham kambag‘allarga tomorqa uchun yerni o‘z xohishi bilan berganini aytadi:

“Bizga ziyoniga bo‘lsa ham berdik, Xudo rizqimizni beraveradi. Makka ekyapti, kartoshka ekyapti. O‘zlari qarab o‘zlari ekyapti. Foydasi o‘zlariga. Dorisini ham o‘zlari oladi, o‘zlari qaraydi. Mehnat qiladigan odam bo‘lsa, yer ko‘p. O‘rtacha ikki marta hosil olsa bo‘ladi. Bir mavsumda o‘rtacha 5 milllion so‘m foyda ko‘rsa bo‘ladi”.

Mirziyoyev fermer yerini kambag‘alga 10 yilga bermoqchi

Fermerlarning yerini kambag‘allarga tomorqaga berish amaliyoti Mirziyoyevning joriy yil 8 - iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Mirziyoyev 17 - iyun kuni Andijon viloyatiga safari chog‘ida ham “Temir daftar”dagilarga tomorqa berish masalasiga to‘xtalib, tomorqani kambag‘allarga 10 yil muddatga berish tartibi yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi:

“G‘alladan bo‘shagan yerlarni kam ta’minlangan odamlarga, kerak bo‘lsa o‘zimiz ekib beramiz, o‘zimiz qaratib beramiz, birinchi bosqichda, o‘zimiz maxsulotni ham sotib olamiz. O‘zini umidi bo‘lsa kelgusi yil o‘zi qiladi. O‘n yilga beramiz”.

Rejaga ko‘ra, joriy yildan boshlab, g‘alladan bo‘shagan qariyb 100 ming gektar yer maydonlarini ishsiz aholiga dehqonchilik uchun berish orqali yarim million kishini ish bilan ta’minlash ko‘zlangan.

Saylov oldi “Temir daftar”dagilarga e’tibor kuchaydi

O‘tgan yili mamlakatning kambag‘al qatlamini “Temir daftar”ga kiritib, ularga moddiy ko‘mak ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.

2020 - yilning avgustida mamlakat bo‘ylab 1 mln 726 ming kishidan iborat 409000 oila “Temir daftar”ga kiritilgani rasman bildirilgan edi.

Joriy yil boshida “Temir daftar”dan ommaviy chiqarish boshlanib, ushbu “daftar” yopilishi aytilgandi.

Biroq aprel oyidan boshlab, yana “Temir daftar”dagilarga e’tibor kuchaydi.

28 - aprelda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori ham “Temir daftar”ga kiritilganlarni moddiy qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlandi.

30 - iyun kuni e’lon qilingan rasmiy xabarga ko‘ra, “Temir daftar”da qayd etilgan oilalarning har bir farzandiga o‘quv qurollari va maktab formasi sotib olish uchun avgust oyida 500 ming so‘mdan moddiy yordam beriladi.

2 mingta kambag‘al oilaga kvartira olishi uchun 60 milliard so‘m ajratiladi, uyga muhtoj boshqa oilalarga uy qurishi uchun 33 million so‘m garovsiz kredit beriladi.

“Temir daftar”ga kiritilgan 8 mingdan ortiq aholi xonadonlariga, xotin-qizlar va yoshlarga ixcham issiqxonalar qurish, parranda, quyon va asalari yetkazib berish, aholi tomorqalarida to‘qsonbosti ekinlari, sarimsoqpiyoz va sabzavot ekinlari ekish hamda artezian quduqlari qazishga 76 milliard so‘m beriladi.

“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning farzandlariga oliygohdagi o‘qishning birinchi yili uchun, kontraktni byudjetdan to‘lab berish tartibi joriy etiladi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG