Линклар

Шошилинч хабар
08 сентябр 2024, Тошкент вақти: 05:11

Mirziyoyev hali ham blogerlarning “orqasidami”?


Qashqadaryolik bloger Umid Miraliyev ayovsiz kaltaklab ketildi. Blogerning da’vo qilishicha, u va uning ukasini mahalliy hokimiyat buyurtmasi bilan kaltaklashgan.

Natijada bloger nogiron bo‘lib qolganini aytmoqda, uni kaltaklagan shaxslar jazosiz qoldi, deb norozi bo‘lmoqda.

Umid Miraliyev 2016-yilda Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, blogerlikni boshlagan o‘zbekistonliklardan biri. U tarmoqlarda ijtimoiy muammolar, dehqon-fermerlar hayoti, oddiy aholi videomurojaatlarini chop etgan.

2024-yilda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati faollariga bosimlar va so‘z erkinligi vaziyatini kuzatayotgan aksar xalqaro tashkilotlar - keskin tanqidi uchun mamlakat ichkarsida yagona minbar bo‘lib qolgan blogerlarga kuchaygan bosimlarga katta e’tibor qaratdi.

Ammo, nufuzli xalqaro tashkilotlar tanqidi yangrayotgan, ular xavotir izhor qilayotgan bir paytda O‘zbekistonda blogerlarga nisbatan qamash, ta’qib va tazyiqlar davom etmoqda.


-------------------------------------------------------------------------

Kitob tumanida tug‘ilib-o‘sgan 48 yashar bloger Umid Miraliyev shu kunlarda mahalliy hokimiyat u va oilasiga zarar yetkazishidan xavotirda yashayotganini aytmoqda.

Qashqadaryo viloyatida uni taniydigan hamyurtlari ko‘p. Uni taniganlarning aksari unga ishi tushgan yoki ishi tushganlarga hamdard bo‘lgan aholi qatlami.

Miraliyev 2016-yil O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov vafot etib, o‘rniga Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelgach, blogerlikni boshlagan ko‘plab faol o‘zbekistonlikdan biri.

O‘zbekistonning bir chekkasidagi viloyatda ish boshlagan va so‘ngra ayovsiz ta’qiblar ostida qolgan bloger Umid Miraliyev hikoyasi prezident Mirziyoyev boshlagan o‘ziga xos “so‘z erkinligi islohoti”ni o‘zida yorqin aks ettirgan hikoya, deyish mumkin.

Umid Miraliyev ham asosan Feysbuk va Telegram kabi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z tumani va viloyatidagi ijtimoiy muammolar, dehqon-fermerlar, oddiy aholi videomurojaatlarini chop etgan.

So‘nggi yillarda bu videomurojaatlarni sharhlashni ham boshlagandi. Shikoyatchi hamyurtlari so‘rovi bilan turli davlat tashkilotlariga borayotgandi ham.

Ammo aytishicha, 2022-yildan boshlab Qashqadarayo viloyati mahalliy hokimiyat idoralari tomonidan unga nisbatan bosimlar boshlangan.

Qashqadaryo viloyatidagi mahalliy rahbarlar uni tuhmat qilganlikda ayblab, sudga bergan. Sud uni uy qamog‘iga hukm qilgan.

Bu orada o‘zi va ukasini ayovsiz kaltaklab ketishgan. U bu hujum aynan mahalliy rahbarlar ko‘rsatmasi bilan bo‘ldi, deb da’vo qilmoqda.

Miraliyevning da’vosicha, hozirda uni kaltaklagan shaxslardan faqat 3 nafari qo‘lga olingan, qolganlari esa jazosiz yuribdi.
Bloger Qashqadaryo viloyati prokuraturasi va respublika IIV rahbariyatiga qilgan murojaatlariga jo‘yali javob ololmayotganidan shikoyat qilmoqda.

O‘ziga nisbatan hujum qilganlarning jazosiz qolayotganini esa - aynan kasbiy faoliyati bois, unga nisbatan mahalliy hokimiyat bosim ko‘rsatishga urinayotgani dalili, deb hisoblashini aytmoqda.

Ozodlik Umid Miraliyevning bu da’volari yuzasidan Shahrisabz hokimi Abdusamad Hasanovga murojaat qildi. Ozodlik shuningdek, Miraliyev tarmoqlarda e’lon qilgan videolarida dehqon va fermerlar nomini ko‘p tilga olgan Qashqadaryo viloyati hokimidan ham izoh olishga urindi. Ammo, hech bir javob ololmadi.

Quyida bloger hikoyasi bilan to‘liq tanishishingiz mumkin:

Hozir Miraliyev nogiron bo‘lib qolgani, ayni paytda, mahalliy fermerlarning shikoyatiga qahramon bo‘lgan Shahrisabz tuman hokimi Abdusamad Hasanovning o‘zi va oilasiga tazyig‘idan xavotirda ekanini aytadi.

Ayni paytda, bloger unga bosim ko‘rsatish uchun, oilasi - ayniqsa qizlari va ayoliga ham tazyiq bor, degan xavotirda ekanini aytadi.

Tuman hokimidan shikoyat qilayotgan fermerlar esa o‘nlab. Ular nafaqat Miraliyevning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida chiqqan.

Bloger kanalidagi murojaatlar kutilgan natijani bermagach, ayrim dehqonlar Ozodlikka ham murojaat qilgan.

Roppa rosa ikki yil oldin Ozodlikka joylangan bu video hozirga kelib 1 million 400 mingga yaqin marta ko‘rildi.

Videoga qoldirgan sharhlarda bu muammolar O‘zbekistonning aksar viloyatlardagi dehqonlarga oidligi ta’kidlanmoqda.

Ya’ni, Ozodlik mushtariylari barcha viloyatlardagi dehqon-fermerlarda shunday yoki tuman va viloyat hokimlari bevosita masul bo‘lgan boshqa muammolar borligidan shikoyat qilmoqdalar.

Ammo, fermer va dehqonlarning bu arzini, Umid Miraliyevga ko‘ra, blogerdan boshqalar deyarli eshitmayapti, eshitsa ham chora ko‘rmayapti.

O‘lasi qilib urilgan, uy qamog‘iga tashlangan va shu kunda muttasil bosim hamda qo‘rquv ostida yashayotgan blogerning tarmoqlarda qilgan chiqishlaridagi asosan xitob shu edi.

Shu o‘rinda Miraliyevning yana bir da’vosiga to‘xtalish zarur: u o‘z faoliyati davomida muammo bilan unga yuzlangan aholidan ularning murojaatini tarmoqlarga chiqarish uchun hech qanday pul talab qilmagani va pul olmaganini, aksincha ahvoli og‘ir dehqon va fermerlarga yordam berganini iddao qilmoqda.

Miraliyevning bu da’vosi yoki uning aksini tasdiqlovchi ma’lumot Ozodlikda yo‘q. Unga ishonish-ishonmaslik tomoshabinning ixtiyorida.

Ammo, bugun O‘zbekistondagi aholi shikoyatlarini tarmoqlarga olib chiqayotgan blogerlarga yoppasiga qo‘yilayotgan ayblov shu - tarmoqda chiqarilgan murojaatlar uchun fuqarolardan pul olgan hamda pulni aldov, firibgarlik yo‘li bilan olgan, degan ayblov.

Ya’ni amalda, blogerlar aholining qator ijtimoiy, iqtisodiy muammolari, ayniqsa prezident shaxsan tayinlaydigan hokimlar, prokurorlar, sudyalar, turli kuch ishlatar tuzilma rahbarlari ustidan shikoyatlarini eshitib, jamoatchilikka yetkazadigan qariyb yagona qatlamga aylangan.

Bular orasida hukumat iddao qilgani kabi, ta’magir va firibgarlik yo‘lini tutganlar ham bor. Ammo, jamoatchilik orasida nom qozongan o‘nlab bloger, shu kunda bu ishni shaxsiy daxlsizligi, o‘ziga qo‘shib oilasi xavfsizligini ham tahlikaga qo‘yib bajarayotgani kuzatilmoqda.

Bu faoliyat uchun prezident o‘z himoyasini va’da qilgan, hanuz va’da qilib keladi.

Ammo, Miraliyev kabi, prezidentga ishonib xalq murojaatlarini tarmoqlarda olib chiqqandim, buning uchun baloga qoldim, degan blogerlar o‘nlab.

Aynan shunday tanqidchi qatlam, o‘z viloyati yoki respublika huquq tartibot idoralarining keskin bosimi, tazyig‘i va taqibi ostida qolayotgani, ularni esa bevosita faoliyati bilan emas, balki boshqa jinoyatlarda ayblab qamash hollari ko‘paymoqda.

Qamalayotgan blogerlarning aksari, mamlakatdagi oliy hokimiyatni tanqid qilganlar:

  • prezident va uning oilasi, Bosh vazir, Toshkent va boshqa viloyatlar hokimlariga aloqador tanqidiy, korrupsion da’volar, shikoyatlar, konkert tahlillar,
  • davlat xaridlariga oid korrupsion sxemalar,
  • gaz-neft sohasida hukumat darajasidagi mulozimlar aralashgani o‘rtaga chiqqan katta ko‘lamdagi o‘g‘riliklar va hokazo.

Bu mavzularni yoritgan yoki tilga olishga uringan blogerlarga nisbatan jiddiy bosim bo‘layotgan, hibs va qamoq jazolari qo‘llanganiga oid misollar tobora ko‘payib bormoqda.

Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayevaga ko‘ra, uning tashkiloti 8-iyulda O‘zbekistondagi blogerlar va tarmoq faollari haqida hisobot chiqargan:

“Unda keyingi 3 - 3 yarim yilda kuzatilgan vaziyat qamrab olingan. Bu hisobotdan o‘z erkin fikrini bildirgan 110 Internet foydalanuvchisining nomi o‘rin olgan va ularning barchasiga nisbatan siyosiy motivlarga asoslangan sud hukmi chiqarilgan. Bu faollarning asosiy qismi mamlakatdagi siyosiy vaziyat, Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish, prezident saylovi, energetik krizis haqida o‘z fikrini faol bildirganlar. Hukumat shuningdek, qoraqalpoq muxoliflarning chiqishlariga juda keskin munosabatda bo‘lmoqda. Bundan tashqari, kuch ishlatar organlarning xorijdagi blogerlar yaqinlarini o‘z kabinetlariga chaqirib, qarindoshiga qarshi ko‘rsatma yozish yoki shunday usullar bilan xorijdan turib hukumatni tanqid qilgan blogerlarga bosim o‘tkazish hollari kuzatilyapti”.

Har gal O‘zbekistonda ozmi-ko‘pmi tarmoqlarda tanilgan va konkret muammolarni faktlari bilan ko‘tarayotgan bloger yoki fuqarolik jamiyati faollari ta’qibga uchrasa, kaltaklansa, hibs yoki qamoqqa tashlansa, jamoatchilik darhol prezident Shavkat Mirziyoyevning va’dalarini yodga oladi.

2016-yilda O‘zbekistonning birinchi prezidenti o‘lib, uning o‘rniga prezidentlikka kelganidan beri Shavkat Mirziyoyev jurnalistlar, tarmoq faollari va blogerlarni ijro hokimiyatini tanqid qilish, hatto ayovsiz tanqid qilishga undab keladi.

Takror-takror bergan va’dalari, Mirziyoyev prezidentligining ilk muddatini favqulodda jonlantirib yuborgandi.

“O‘shanda Mirziyoyev o‘z hukumati xalq uchun xizmat qilishini aytdi va odamlarni jamiyat hayotida faol ishtirok etishga chaqirdi. Shuning uchun, jamiyatdagi faollar - hozirda blogerlar, deb yuritilayotgan qatlam ana shu chaqiriq - jamiyatning yanada ochiq bo‘lishida ishtirok etish chaqirig‘iga javoban o‘rtaga chiqdi. Blogerlar juda ko‘p mavzularni ko‘tara boshladi. Bunda ularga Internet juda qo‘l keldi. Ular orasida hukumatni maqtayotgan hukumatparast blogerlar ham bo‘ldi. Lekin, oxir-oqibatda aksar blogerlarning o‘ta mustaqil pozitsiyasi hamda qator jiddiy muammolar - gaz, elektr taqchilligi, energetik resurslar narxi kabi mavzulardagi mustaqil pozitsiyasiga to‘qnash keldi. XRV tashkiloti buning uchun taqibga olingan blogerlar holatini hujjatlashtirib bormoqda”, deydi HRW Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘limi rahbari Xyu Vilyamson.

Mirziyoyev boshqaruvining ilk yillarida ijtimoiy tarmoqlarda o‘z fikrini ochiq aytishga jur’at qilgan, hukumatni tanqid qiladigan alohida qatlam paydo bo‘ldi.

Bu esa O‘zbekiston hukumati tomonidan xalqaro jamoatchilikka so‘z erkinligi berilgani isboti o‘laroq taqdim qilindi.

Ammo, tarmoqlarda aytilgan erkin so‘z va mustaqil fuqarolik pozitsiyasi, ayrim mustaqil Internet nashrlarni aytmaganda, OAV ga ko‘chmadi.

Ilk yillarda onda-sonda rasmiy TV davra suhbatlarini aytmasa, so‘z erkinligi rasmiy matbuotda qariyb paydo bo‘lmadi.

Мирзиёев VS Блогерлар. Таёқ, таҳдид ва таъма
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:40 0:00

Mirziyoyevning o‘ta ziddiyatli hamda uning hokimiyatini mustahkamlagan Konstitutsiyaviy islohotaridan so‘ng, mustaqil Internet nashrlarining tanqidiy chiqishlari ham bo‘g‘ildi.

Hatto, mustaqil va nisbatan tanqidchi jurnalistlarning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari ham favqulodda siyraklashdi va, hokimlar, prokurorlar, sudyalar, kuch ishlatalar tizimlaridan axoli shikoyatlari uchun asosiy platforma - blogerlarning sahifalari bo‘lib qoldi. Ammo, bu ham uzoqqa bormadi.

“Biroq, 8 yil davomida qurilgan bunday illyuziya hozir buzilyapti. Chunki, inson huquqlari himoyachilari tomonidan qayd etilgan faktlar O‘zbekiston Internet foydalanuvchilari ustidan total nazorat tizimi o‘rnatilayotganini ko‘rsatyapti. Afsuski, bugun hukumat blogerlarni faqat o‘z faoliyatini reklama qilish, turzim rivojida qatnashishiga ruxsat beryapti yoki ulardan hukumat nomiga aytilgan tanqidlar mamalakat obro‘siga tasir qilmasligi yo‘lida qo‘lidan kelganicha foydalanishga urinyapti, xolos”, deydi Nadejda Atayeva.

2024-yilda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati faollariga bosimlar va so‘z erkinligi vaziyatini kuzatayotgan aksar xalqaro tashkilotlar keskin tanqidi uchun mamlakat ichkarsida yagona minbar bo‘lib qolgan blogerlarga katta e’tibor qaratdi.

Bu hisobotlarga O‘zbekiston hukumati biror munosabat bildirgani Ozodlikka ma’lum emas.

Birgina O‘zbekiston prezidenti administratsiyasining Axborot siyosati departamenti rahbari Komil Allamjonov blogerlarga qarshi jinoyat ishlari mamlakatning xalqaro so‘z erkinligi reytingidagi o‘rniga salbiy ta’sir ko‘rsatganini e’tirof etgan.

Bu e’tirof qandaydir natija berdimi yoki beradimi - bu ham noma’lum.

“Hozir ortga qaytishni ko‘ryapmiz. Ya’ni, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganida inson huquqlari borasida ilgarilash bo‘lgan bo‘lsa, oxirgi 2-3 yil ichida yana ortga qaytish bo‘lyapti. Bu juda xavotirli. Blogerlarga nisbatan ommaviy hibslar va bosimning asosiy sabablaridan biri ham shu, chunki ularning nuqtayi nazari juda mustaqil va hukumat buni qabul qila olmayapti. Tabiiyki, hukumat bunday harakat qilmasligi kerak. Hukumat o‘zi qabul qilgan konstitutsiya, o‘zi imzolagan xalqaro huquq normalari, so‘z va fikr erkinligi, shu jumladan blogerlarning erkinligiga doir qonunlarga rioya etishi lozim”, deydi Xyu Vilyamson.

Ammo, nufuzli xalqaro tashkilotlar tanqidi yangrayotgan, xavotiri tilga olinayotgan kezda ham blogerlarga nisbatan qamash, ta’qib va tazyiqlar davom etmoqda:

Ijtimoiy tarmoqlarda faol chiqish qilib kelgan farg‘onalik bloger Olimjon Haydarov 8 yilga qamalgan. Bloger davlat idoralaridagi korrupsiya, mahalliy hokimiyat idoralarining huquqbuzarligi, energetik krizis va qator jiddiy siyosiy-iqtisodiy muammolarni ko‘targan.
YouTube tarmog‘idagi "Ko‘zgu" ko‘rsatuvi muallifi, jurnalist Abduqodir Mo‘minov 7 yilga qamalgan. Mo‘minov ham korrupsiya va prezident nomiga keskin tanqidi bilan tanilgan.
Asli kompyuter ustasi bo‘lgan 51 yashar bloger Aleksey Garshin xorijga chiqib ketishga majbur bo‘ldi. U ham hokimiyatdagi korrupsiyani tanqid qilgan, prezidentga tegishli ekani aytilgan “Shovvozsoy” qarorgohini fosh qilgan bloger.
Tarmoqlardagi taxallusi “Emine Karamanova” bo‘lgan 47 yashar Lemara Mirzaahmedova 7.5 yilga qamalgan. Emine tarmoqlarda hukumat va prezident nomiga ochiq tanqidi, shuningdek qator ziddiyatli chiqishlari bilan tanilgan.
Toshkentlik bloger Miraziz Bozorovga 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan, uy qamog‘iga tashlangan. 30 yashar bloger ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston hukumatiga qarshi korrupsiya ayblovlari va Jinoyat kodeksidan “Besoqolbozlik” moddasini chiqarish haqidagi chaqiriqlari bilan tanilgan.
Toshkentlik bloger va Telegramdagi “Patanatomiya strani Uz” kanali ma’muri Shohida Salomova tibbiy muassasaga joylashtirilgan. Salomova Mirziyoyev hamda uning oilasini nepotizm va korrupsiyada ayblab, tarmoqlarda keskin chiqishlar qilib kelgan.

Ozodlik shunday blogerlarni haqidagi ma’lumotlarni OZODSO‘Z sahifasida to‘plamoqda. Marhamat, ushbu sahifaga kiring, tanishing va o‘zingizda bor qo‘shimcha ma’lumotlarni Ozodlik bilan ulashing!

XS
SM
MD
LG