Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:57

Mirziyoyev shaharsozligi: Oligarxlar quradigan “maxsus hududlar” uchun “maxsus istisnolar” normaga aylandi


Tashkent Cityning ilk obyektlari - Kongress xoll va «Hilton» mehmonxonasi 2019 - yil 9 - oktabr kuni bu loyihaning bosh quruvchisi¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan Shavkat Mirziyoyevga topshirilgan edi
Tashkent Cityning ilk obyektlari - Kongress xoll va «Hilton» mehmonxonasi 2019 - yil 9 - oktabr kuni bu loyihaning bosh quruvchisi¸ Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan Shavkat Mirziyoyevga topshirilgan edi

Murad Buildings kompaniyasi asoschisi Murod Nazarov va uning yaqin biznes hamkori Jahongir Ortiqxo‘jayev asoschisi bo‘lgan “Tashkent city” direksiyasi o‘rtasidagi bayonotlar to‘qnashuvi Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng qurilish sohasida normaga aylangan ikkiyuzlamachilik (double standard)ni ochiqqa olib chiqdi.

7 - iyun kuni Murod Nazarov Rost24.uz muxbiriga Taskent city hududida qurilgan va qurilayotgan binolardan birortasining haligacha “tegishli quyi idoralar tasdig‘idan o‘tmagani”ni aytdi.

9 - iyun kuni Nazarovga raddiya berishga uringan “Tashkent city” direksiyasi bu gapni “assosiz”ga chiqarishga urindi. Tashkent Citydagi binolarning barchasida davlat qabul qilish dalolatnomasi borligini iddao qilgan direksiya bu dalolatnomalardan birortasini jamoatchilikka taqdim qilmadi.

O‘zbekistonning amaldagi shaharsozlik normalariga muvofiq “barcha qurilish obyektlari uchun loyihalarning smeta qismini ekspertizadan o‘tkazish majburiy”; obyektlarni loyiha-smeta hujjatlarini parallel ravishda ishlab chiqish va moliyalashtirish bilan bir vaqtda qurish va rekonstruksiya qilish esa taqiqlanadi.

Ayni paytda¸ Mirziyoyev va Aripovning maxsus farmon va qarorlari bilan milliardlab dollarlik qurilish loyihalarining bunday cheklov va taqiqni chetlab o‘tishiga ruxsat berilmoqda. O‘zbekiston tarixidagi eng qimmat loyiha – joriy tortishuv markaziga tushgan 2 milliard dollarlik Tashkent City ana shunday qurilishlardan biri.

Ochiq manbalar va Ozodlik ixtiyoridagi ayrim maxfiy va yarim maxfiy hujjatlar bunday “istisno”larning aynan prezident va Bosh vazirga yaqin shaxs va guruhlargagina berilayotganini ko‘rsatadi.

Murod Nazarovning iqrori

Murod Nazarovning Murad Buildings brendi bilan tanilgan «Universal Packing Masters» kompaniyasi Tashkent Cityning 4-loti¸ undagi eng baland Nest One turar-joy majmuasi quruvchisidir.

Nest One zilzila ko‘p qayd etiladigan O‘zbekistondagi eng baland bino.
Nest One zilzila ko‘p qayd etiladigan O‘zbekistondagi eng baland bino.

O‘zbekistonda eng ko‘p reklama qilinayotgan ayni shu Nest One majmuasi Mirziyoyev tashabbusi bilan qurilgan Tashkent City loyihasining o‘ziga xos vizit kartasiga aylantirilgan.

Aktiv seysmik hududda qurilgan balandligi 266¸5 metrli¸ 51 qavatli bu turar-joy kompleksining loyiha-smeta hujjatlari¸ uning deyarli qurib bitirilganiga qaramay¸ haligacha tegishli idoralar tasdig‘idan o‘tmagan.

7 - iyun kuni mahalliy Rost24.uz muxbiri Nazarovdan shaharsozlik va qurilish normalaridan bunday og‘ish borasida izoh so‘radi.

Savolga savol bilan javob berarkan Nazarov¸ Tashkent City hududidagi birorta binoning bunday tasdiqdan o‘tmaganini bildirdi va buni “maxsus hududga” hukumat bergan maxsus imtiyozlar bilan izohlashga urindi.

Taskent city hududidagi qaysi bino tasdiqdan o‘tganiga javob bersangiz keyin men javob beraman. Bu hudud maxsus hudud, bu joyda paralel loyihalashtirish va paralel ishlarni olib borish ruxsati bilan tashkil qilingan joy. Faqat Nest one emas, balki bitgan Hilton mehmonxonasining hujjatlari hozir ham tayyorlanmoqda”.

Tasdiq raddiya...

Bu videojavob e’lon qilinganidan ikki kun o‘tib¸ 9 - iyun kuni “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi direksiyasi rasmiy press-reliz chiqardi.

Tashkent City direksiyasining rasmiy bayonoti Facebookda e’lon qilindi.
Tashkent City direksiyasining rasmiy bayonoti Facebookda e’lon qilindi.

Unda “Murad Buildings” kompaniyasi asoschisi Murod Nazarovning qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlar yuzasidan bildirgan fikrlari xaqiqiy holatga to‘g‘ri kelmaydi va asossiz hisoblanadi”¸ deyildi.

Ayni paytda¸ raddiya sifatida taqdim etilgan press-reliz Murod Nazarovning maxsus hudud sifatida Tashkent City uchun maxsus qoidalar qo‘llanilishi haqidagi gapini inkor qilmadi¸ balki tasdiqladi.

Direksiya¸ Mirziyoyevning bir farmon va bir qarori bilan “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlar markazi doirasida investorlar loyihalarni “fast-track” usuli (bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari) bilan “tayyor holda topshirish” shartlarida amalga oshirishga ruxsat berilgan”nini tilga oldi.

Press-reliz shuningdek¸ allaqachon ekspluatatsiyaga topshirilgan Tashkent Citydagi obyektlarni loyihalashtirishning “mahalliy qurilish normalariga bosqichma-bosqich muvofiqlashtirilgan (adaptatsiya) holda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishish” jarayoni hamon tugamaganini ham e’tirof etdi.

Bayonotda “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazida joylashgan “Xilton” mehmonxonasi va Kongress-xoll markazi 2019 - yil dekabr oyida, “Gardens Residence”, “Boulevard” turar joy majmualari tegishlicha 2020-2021 - yillarda o‘rnatilgan tartibda bosqichma-bosqich davlat qabul qilish dalolatnomasi asosida foydalanishga qabul qilingan”¸ deyiladi. Ammo direksiya jamoatchilikka o‘z iddaosini tasdiqlovchi biror dalolatnomani taqdim qilmadi.

Shavkat Mirziyoyev Tashkent Cityda qurilgan Kongress xoll va «Hilton» mehmonxonasini 2019 - yil 9 - oktabrida qabul qilib olgan edi.
Shavkat Mirziyoyev Tashkent Cityda qurilgan Kongress xoll va «Hilton» mehmonxonasini 2019 - yil 9 - oktabrida qabul qilib olgan edi.

Tilga olingan bu binolar 2019 - yil 9 - oktabr kuni Toshkent shahar hokimi¸ Tashkent City loyihasining bosh quruvchisi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan Shavkat Mirziyoyevga "bitgan qurilish" sifatida taqdim etilgan edi.

Maxsus loyihalarga berilayotgan maxsus istisnolar

O‘zbekiston prezidenti Islom Karimov 2011 - yil 27 - dekabr kuni 1666-sonli qaror chiqargan.

Hujjat “Ijtimoiy va fuqaro obyektlarini loyihalash va qurishda tegishli tartib o‘rnatish chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlangan.

Qaror bilan mamlakatdagi qurilishlar sifat va xavfsizligini kafolatlash maqsadida bir qator keskin cheklovlar joriy qilindi.

Xususan, “moliyalashtirish manbalaridan qat’i nazar, obyektlarni loyiha-smeta hujjatlarini parallel ravishda ishlab chiqish va moliyalashtirish bilan bir vaqtda qurish va rekonstruksiya qilish¸ tegishli vakolatlarga ega bo‘lmagan shaxslarning qurilish jarayoniga hamda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritilishiga aralashuvi qat’iyan taqiqlandi”. Shuningdek¸ “obyektlarni loyihalashtirish va qurishda belgilangan tartibning buzilishiga yo‘l qo‘ygan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka, shu jumladan jinoiy javobgarlikka tortiladigan” bo‘ldi.

Karimov qarorida “obyektlarni parallel ravishda loyihalashtirish bilan bir vaqtda qurish va rekonstruksiya qilishga istisno tariqasida, faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holdagina yo‘l qo‘yiladi” deyilgan bo‘lsa-da¸ bu istisnoning amaliyotda keng qo‘llanilgani ma’lum emas.

Bu qaror ijrosini nazorat qilish o‘shandagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga topshirildi.

Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan ko‘p o‘tmay¸ 2018 - yil aprelida bu qaror kuchini yo‘qotdi. Uning o‘rniga 2018 - yil 14 - noyabrda Mirziyoyevning“Qurilish sohasini davlat tomonidan tartibga solishni takomillashtirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” deb nomlangan farmoni chiqdi.

Bu farmon bilan 2018 - yil 1 - dekabridan “pudrat tashkilotlari va loyiha tashkilotlari o‘rtasida konsorsium tashkil etish hamda konsorsium ishtirokchilari zimmasiga loyihani sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish uchun solidar javobgarlikni yuklash orqali «fast-track» usuli (bir vaqtning o‘zida loyihalashtirish, xarid qilish va qurilish ishlari) bilan «tayyor holda topshirish» shartlari (Engineering Procurement Construction) asosida loyihalarni amalga oshirishga yo‘l qo‘yiladi”gan bo‘ldi.

Bu istisno esa¸ Ozodlik ko‘rgan ko‘plab maxfiy va yarim maxfiy hukumat qarorlarida¸ davlat puli¸ davlat kafolati bilan olingan qarz hisobiga tanlov va tendersiz qilinayotgan qurilishlarning loyiha-smeta hujjatlarisiz boshlanishiga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Maxsus qarorlar bilan ruxsat berilayotgan bunday “maxsus qurilishlar” qurib bitirilib¸ ekspluatatsiyaga topshirilganida ham loyiha-smeta hujjatlarining hamon tayyor bo‘lmagani¸ Murod Nazarov e’tirof etgan yangi normaga aylanmoqda.

Nafaqat Tashkent City, balki Mirziyoyev kelganidan keyin amalga oshirilgan eng yirik loyihalar¸ xususan¸ Ohangarondagi Shovvozsoy dam olish majmuasi¸ Toshkent Metallurgiya kombinati¸ Samarqand xalqaro aeroporti va shaharda qurilayotgan ulkan “Boqiy shahar” kompleksiga aynan shunday “maxsus hudud¸ maxsus loyiha” maqomi berilgan. So‘ngra ayni shu asosda¸ ularning shaharsozlikning fundamental normalariga zid ravishda¸ na texnik¸ na moliyaviy hisob-kitoblar hozirlanmay turib qurilishiga ruxsat berilgan.

Aripovning Baxtiyor Fozilov kompaniyasiga "istisno tariqasida" taqdim etgan loyihalaridan biri Samarqand xalqaro aeroportiga oid.
Aripovning Baxtiyor Fozilov kompaniyasiga "istisno tariqasida" taqdim etgan loyihalaridan biri Samarqand xalqaro aeroportiga oid.

Bunday imtiyoz va isnisnolar Ozodlik ko‘rgan hujjatlarning guvohlik berishicha¸ asosan Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev¸ Qurilish vaziri Botir Zokirov¸ “O‘zgidroenergo” rahbari Abdug‘ani Sanginov¸ samarqandlik oligarx Baxtiyor Fozilovga qarashli xususiy kompaniyalar¸ shuningdek¸ O‘zbekistondagi qurilishlar “bosh ijrochi va nazoratchisi” - Bosh vazirning 1-o‘rinbosari Ochilboy Ramatovga bo‘ysunuvchi davlat korxonalariga berilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev va Abdulla Aripov "istisno tariqasida" maxsus imtiyozlar bilan berilayotgan aksar loyihalar Bosh vazirning 1-o‘rinbosari Ochilboy Ramatov kabi amaldorlarga borib taqaladi.
Shavkat Mirziyoyev va Abdulla Aripov "istisno tariqasida" maxsus imtiyozlar bilan berilayotgan aksar loyihalar Bosh vazirning 1-o‘rinbosari Ochilboy Ramatov kabi amaldorlarga borib taqaladi.

Ayni shu amaldor va oligarxlar Shavkat Mirziyoyev va birinchi oilaga eng yaqin shaxslar hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG