Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:39

Mirziyoyev va Japarovning chegara kelishuvi norozilikka sabab bo‘ldi


O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasini qo‘riqlayotgan o‘zbek harbiylari.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasini qo‘riqlayotgan o‘zbek harbiylari.

Qirg‘iziston O‘zbekistonning So‘x anklaviga aviaqatnov va transport yo‘lagi ochishga tayyor. Ayni paytda O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan bahsli bo‘lib turgan Ungartepa (Qirg‘izistonda Unkur Too) hududi o‘ziniki ekani to‘g‘risidagi da’vosidan voz kechadi.

Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati prezident Sadir Japarovning 11-12 - mart kunlari Toshkentga tashrifi ortidan erishilgan mazkur kelishuvlar yuzasidan tarqatgan xabar qirg‘iz jamiyatida noroziliklarga sabab bo‘ldi.

Qirg‘izistonliklarning bir qismi Axsi tumani Ungartepa doimo Qirg‘iziston hududi bo‘lganini iddao qilgan holda, prezident ma’muriyatining bu ma’lumotini “tushunarsiz”, deb baholagan.

Ayrim qirg‘izistonliklar O‘zbekistonning So‘x eksklaviga transport yo‘lagi ochiladigan bo‘lsa, Botken viloyati anklavga aylanib qolishidan tashvish bildirgan.

Norozilikdan so‘ng prezident rasmiy saytidagi xabar tahrir qilindi

“Qirg‘iz tomoni Qirg‘iziston hududida joylashgan O‘zbekistonning So‘x anklaviga transport va avia qatnovlari ochishga tayyor. Anklav aholisi davlat chegarasidan erkin o‘ta oladi. O‘z navbatida o‘zbek tomoni Qirg‘izistonga shu paytgacha chegara hududida yashovchi aholi o‘rtasida turli bahslarga sabab bo‘lgan Unkur Too (O‘zbekistonda Ungartepa deyiladi-muharrir) hududiga da’vogarlikdan voz kechishga tayyor”, - deb bildirgan prezident Sadir Japarovning matbuot kotbi Galina Bayterek 13 - mart kuni.

Qirg‘iziston prezidenti rasmiy saytida e’lon qilingan ma’lumotga asosan tomonlar qirg‘iz-o‘zbek chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish ishlarini yaqin uch oy ichida yakunlashga kelishib olgan.

Prezident rasmiy saytida chiqqan ushbu xabardan so‘ng qirg‘iz jamoatchiligi orasida So‘x anklaviga yo‘l ochilsa, Botken viloyatining o‘zi anklavga aylanib qoladi degan havotirlar, noroziliklar yangray boshladi. Shundan so‘ng xabar tahrir qilindi va undan So‘xga transport qatnovini ochish qismi olib tashlandi.

Tahrir qilingan xabarda “Qirg‘iziston faqat aviaqatnovlarni ochishga tayyor” ekani bildirilgan.

Botken viloyat hokimiyati: Transport yo‘lagi berilmaydi, "Qaytmas" chegara punkti ochiladi

Botken viloyat hokimiyati 14 - mart kuni “11-12 - mart kunlari Qirg‘iziston va O‘zbekiston prezidentlarining uchrashuvi natijasida qirg‘iz tomoni Qirg‘iziston hududida joylashgan O‘zbekistonning So‘x anklaviga yo‘l ochib beradi degan noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalgani” haqida rasmiy bayonot tarqatdi.

Rasmiy bayonotda ta’kidlanishicha, muzokaralarda So‘xga transport yo‘lagi ochilishi haqida gap bo‘lmagan. Gap faqat pandemiya tufayli Botken viloyati Qadamjoy tumanida yopilib qolgan “Qaytmas” chegara nazorat punktini qayta ochish haqida borgan va bu borada o‘zaro kelishuvga erishilgan.

So‘x aholisi mazkur chegara nazorat punktidan chegara tartibiga amal qilingan holda o‘tkaziladi.

“O‘zbekiston fuqarolari Qirg‘izistonga Qaytmas chegara posti orqali kirib, So‘x tumanigacha bo‘lgan masofani Qirg‘iziston orqali bosib o‘tadi. Shundan so‘ng “O‘tikchi” chegara postidan belgilangan tartibda o‘tib, So‘xga kira oladi”,-deyiladi bayonotda.

Sobiq gubernator: So‘xga transport yo‘lagi berilsa, Botken anklavga aylanib qoladi

Botken viloyatining sobiq gubernatori Mamat Aybalayev “So‘x masalasida e’tiborli bo‘lish kerak”, deydi:

“Transport yo‘lagi ochilsa, uning kengligi qancha bo‘lishini aniqlash kerak. Masalan, hukumatni Qurmanbek Bakiyev boshqargan davrda 200 metr deyilgan. Bu yo‘lak bo‘ladimi yoki oddiy yo‘l bo‘ladimi? Bakiyev davrida taklif qilingani kabi yo‘lak ochilib, u yerni O‘zbekiston nazoratiga olsa, bizga qiyin bo‘ladi. Oddiy yo‘l ochilgan taqdirda ham, yetti o‘lchab bir kesish zarur”.

2001 - yili Qirg‘izistonning o‘sha davrdagi bosh vaziri Qurmanbek Bakiyev o‘zbekistonlik hamkasbi bilan So‘xga transport yo‘lagi ochish to‘g‘risida maxsus memorandum imzolagan.

Keyinroq So‘xga yo‘lak beriladigan bo‘lsa Qirg‘izistonning Botken, Laylak tumani, Sulukta shahri O‘zbekiston ichidagi qirg‘iz anklaviga aylanib qolishi mumkinligi ayon bo‘lganidan so‘ng, rasmiy Bishkek bu memorandumdan bosh tortgan.

Ungartepa-Unkar Too Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi keskinlikni kuchaytirgan hudud

Qirg‘iziston va O‘zbekiston chegarasining aniqlanmagan qismida Jalolobod viloyati Axsi tumanida joylashgan va Qirg‘izistonda Unkur Too deb ataluvchi Ungartepa ham bor.

U erda Qirg‘izistonga tegishli “Kerben” radiorele stantsiyasi joylashgan. 2016 - yilda u yerda nizo chiqqach, O‘zbekiston bu hudud o‘ziga tegishli ekanini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston chegarachilari 2016 - yilning boshlarida bu hududga ikki marta kirib kelgan. O‘zbekiston-Qirg‘iziston o‘rtasidagi bu janjal 2016 - yilning 13 - avgustida Qirg‘iziston tomonidan o‘zbek militsioneri qo‘lga olinganidan so‘ng boshlangandi.

Mana shu voqea ortidan 22 - avgust kuni O‘zbekiston Ungartepa hududiga ikkita vertolyotda 7 kishilik militsiya desantini tashlagan.

Buning ortidan O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlarida keskinlik paydo bo‘lgan, hamda Bishkek 3 - sentabrdan boshlab O‘zbekiston bilan chegaralarini yopib qo‘ygan edi. Natijada O‘zbekistonnnig Qirg‘izistondagi So‘x hamda Shohimardon eksklavlari qamal holatiga tushgan.

Shundan so‘ng O‘zbekiston 2016 - yilning 18 sentabrida Ungartepadan o‘z desantini olib chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

Axsi tumaniga qarashli Qashqasu qishloq kengashi deputati Shekerbek Qamchibek o‘g‘li bu voqeani eslar ekan:

“Bu yerlar bizniki, O‘zbekistonniki emas. Unkur Too tepasidagi yer aniqlanmagan, deyishmoqda. 1990 - yillarda kimga tegishli ekani aniqlanmay, qolib ketgan. Biroq tarixga tayansak bu yer avvalda ham qirg‘izlarniki bo‘lgan. U yerda xalqimiz chorvasini boqqan” – deb aytdi.

Sobiq hukumat amaldori: Ungartepaning bir qismi O‘zbekistonga tegishli edi

Qirg‘iziston hukumatining Chegarani aniqlash bo‘yicha komissiyaning sobiq rahbari Salamat Alamanov Ungartepaning bir qismi haqiqatan ham bahsli ekanini bildirdi:

“Ungar Tooning bir qismi Qirg‘izistonga, bir qismi O‘zbekistonga tegishli. Tog‘ cho‘qqisidagi O‘zbekistonga tegishli yerda Qirg‘izistonning radiorele stansiyasi bor. Bizning stansiya turgani uchun o‘sha yerni Qirg‘izistonga beringlar degan masala qo‘yilgan. “Uning o‘rniga boshqa yer berib almashish yo‘li bilan masalani xal qilish kerak” deyilgan. Biroq bu masala hal etilmayotgandi”.

Qirg‘iziston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi 1378 kilometrlik chegaraning 1170 kilometri yoki 85% 2017 - yili aniqlangan. Yana 10% bo‘yicha kelishilgani xabar qilingan. Biroq ular hukumat va parlamentlar tomonidan tasdiqlanib, ratifikatsiya qilinishi kerak. Hozirgi so‘zlashuvlar ayni o‘sha 10% va qolgan 5% chegara doirasida bo‘lmoqda.

Qirg‘iziston hududida O‘zbekistonning So‘x, Cho‘ng‘ara -Qalcha, Shoximardon, Toshtepa degan to‘rt eksklavi bor. O‘zbekiston ichida esa Qirg‘izistonning Barak eksklavi mavjud.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG