Линклар

Шошилинч хабар
21 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:41

Mirziyoyevcha buz-buz: Hukumat Buxoro Turizm markazini baribir qurmoqchi. Buxoroliklar qarshi


Buxorodagi "Turizm markazi" loyihasi
Buxorodagi "Turizm markazi" loyihasi

Mirziyoyev hokimiyatga kelar-kelmas mamlakatni, o‘z ta’biricha modernizatsiya qilish rejasini e’lon qildi. Ammo bu modernizatsiya "yangisini qurmay turib eskini buzmaslik kerak" degan Karimovdan qolgan siyosiy tuzumni isloh qilishni nazarda tutmas edi. Bu modernizatsiya, tom ma’noda eski, ba’zida yuz yillik bino va uylarga buldozer solishni nazarda tutishi oradan ko‘p o‘tmay anglashildi.

Keyingi besh yilda Buxoro ikkinchi bor yirik buzilishlar bo‘sag‘asida. “Buxoro siti” qoldirgan “yaralar” hali bitmay turib, Mirziyoyev hukumati “Buxoro turizm markazi” loyihasiga qo‘l urdi.

Loyiha o‘tgan yili buxoroliklar noroziligiga sabab bo‘lgan edi. Biroq aftidan, muhim siyosiy tadbirlar, ya’ni referendum va prezident saylovi oldidan hokimiyat bu kabi noroziliklarni alangalatmaslikni ma’qul ko‘rdi. Mirziyoyev tashabbuskori bo‘lgan loyiha to‘xtatildi.

“Turizm markazi” Buxoro tarixiy markazida emas, balki boshqa hududga ko‘chirilishi aytildi. Bu ish shaxsan prezident Mirziyoyev topshirig‘i bilan amalga oshirilgani urg‘ulandi. Buxoroliklar prezident sha’niga olqishlar yog‘dirishdi.

Konstitutsiyaviy referendum ortidan muddatlarini nollashtirishga muvaffaq bo‘lgan Mirziyoyev navbatdan tashqari prezident saylovi orqali o‘z qudratini yanada mustahkamladi.

31-yanvar kuni Buxoroda imi-jimida o‘tkazilgan hokimlik yig‘ilishidan so‘ng shahar ahli tarmoqlarda #saveBukhara xeshtegi ostida o‘z noroziliklarini bildirishni boshladi.

Gap yana o‘sha Buxoro tarixiy markazining bufer zonasida qurilishi aytilayotgan “Turizm markazi” haqida ketmoqda. Buxoroliklar ushbu markazning arxitekturasi shaharning tarixiy qiyofasiga ta’sir ko‘rsatishidan xavotirda. “Turizm markazi”- Yangi O‘zbekiston tarixidagi “eng noto‘g‘ri va yomon loyiha” deya talqin qilinmoqda.

O‘tgan yilgidan farqli bu yil jamoatchilik noroziligiga birov e’tibor berayotgani ham yo‘q. O‘tgan yilgi va’dalar unutildi. “Turizm markazi” aynan avval belgilangan joyda qurilishi ma’lum qilindi.

31-yanvar kungi yig‘ilishga norozilar yoki qarshi fikrda bo‘lganlar taklif qilinmadi. Yig‘ilishdan xabar topib kelganlar esa haydaldi.

Yig‘ilishda so‘zga chiqqanlar esa “Turizm markazi” loyihasini “og‘zidan bol tomib” maqtadi. Pafos ila yo‘g‘rilgan balandparvoz nutqlar ijtimoiy tarmoqlarda qayta va qayta namoyish qilinmoqda.

Mahalliy matbuotda “Turizm markazi” qurilishi loyihasini keng ko‘lamda olqishlash kampaniyasi boshlandi. Jamoatchilik qarshiligini bosish uchun piar-aksiyalar tashkil qilinmoqda.

Buxoroliklar Mirziyoyevning “Turizm markazi”ga oid o‘tgan yilgi va’dalarini yodga olib, loyiha bo‘yicha o‘z dodini prezidentga yetkazishga urinishmoqda. Aslida bu loyiha ortida Mirziyoyevning shaxsan o‘zi turganidan, aftidan, ko‘pchilik bexabar. Ozodlik Mirziyoyevning o‘tgan yildagi saylovoldi dasturini varaqlab, “Buxoro turizm markazi” nomzod prezident dasturiga kiritilganini aniqladi.

Loyiha 2022-yilning 26-dekabrida start olganiga qaramay, bizga noma’lum sabablarga ko‘ra, Mirziyoyev uni o‘z dasturiga kiritgan.

"Turizm markazi" loyihasi
"Turizm markazi" loyihasi

Loyihani ishga tushirish uchun esa investitsiya jalb qilinadi. Bu haqda 2023-yilning 7-iyulida Buxoro universitetidagi saylovchilar bilan uchrashuv payti Mirziyoyevning ishonchli vakili Samoydin Husenov ma’lum qilgan:

"Buxoroning turizm salohiyatini oshirishga ham katta e’tibor qaratiladi. Xususan, 600 million dollar investitsiya hisobidan, Buxoro shahrida Xalqaro turizm markazi barpo etiladi".

Demak, loyiha qiymati 600 million dollar. Biroq hozircha loyihaning moliyaviy tomoni savol ostida. Dastlab ushbu loyiha uchun byudjetdan 517 milliard so‘m ajratilishi aytilgan. Kuni kecha Buxoro viloyat hokimligi o‘tkazgan yig‘ilishda 32,6 gektar maydondagi yer uchastkasi sotilishi va shundan tushgan mablag‘lar hisobiga “Turizm markazi” qurilishi aytildi. Hozircha loyihaning moliyaviy ta’minoti masalasi ochiq qolgan ko‘rinadi. Har holda bu borada aniq ma’lumot yo‘q.

Iqtisodchi Otabek Bakirov “Turizm markazi” loyihasini sharhlarkan, uni milliardlarni sovurish loyihasi deya ta’rifladi:

"Dunyoning 50 ta eng qashshoq mamlakati qatoriga kiradigan O‘zbekiston iqtisodiy ma’noga ega bo‘lmagan, turistik infratuzilma bilan qovushmaydigan, qaytanga tarixiy obidalar va qadimiy shaharlar o‘zligini to‘kadigan va tabiiyki, faqat bitta maqsad — davlat va byudjet mablag‘larini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita o‘zlashtirishga qaratilgan loyihalar uchun yuz millionlab dollar mablag‘larni sovurishda davom etmoqda".

"Buxoro Turizm markazi” qurilishi Ozodlikning qator surishtiruvlari qahramoni Baxtiyor Fozilovga tegishli ENTER Engineering shirkatiga berilgan. Ozodlik tassarufidagi hujjatlarga ko‘ra, Baxtiyor Fozilov offshordagi firma orqali ushbu shirkatning 51 foiz aksiyasiga egalik qiladi.

Enter Engineering 2012-yili Singapurda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, uning O‘zbekistondagi faoliyati aynan Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyin boshlangan. Bugunga kelib, oy chiqsa ham, kun chiqsa ham aynan Enter Engineering'ga.

Yillik daromadi, moliyaviy hisobotiga ko‘ra, 1 milliard AQSH dollariga yaqin bo‘lgan Enter Engineering kompaniyasi O‘zbekistondagi eng yirik loyihalarni qo‘lga olmoqda.

O‘zbekiston boshqaruvining oligarxlashib borayotgani mavzuidagi Ozodlik surishtiruvlarida aynan hokimiyat tepasidagi shaxs va guruhlarga yaqin kompaniyalarga maxfiy qarorlar vositasida nihoyatda katta imtiyozlar berib kelinayotgani oshkor bo‘lgan edi.

Mirziyoyev “cho‘ntagi” ekani aytiladigan Enter Engineering 7,5 yildan beri neft va gaz tizimidan tortib, mamlakatdagi har bir sohadagi yirik investitsion loyihalar tepasida.

Hukumatning Buxoroda xalqaro “Turizm markazi” qurish rejasi dastlab 2022-yilning 26-dekabrida bosh vazir Abdulla Aripov o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qilingan.

Aripov o‘sha paytda loyiha qurilishi uchun 32, 6 gektar maydondagi 29 ta davlat tashkiloti va xususiy mulkdorlarga tegishli binolarni buzib, boshqa joyga ko‘chirishni ma’qullagan.

Buziluvchi obyektlar ro‘yxatida Buxoro markaziy stadioni ham bor.

22 yil avval qurilgan va 2013-yilda rekonstruksiya qilingan ushbu stadion 22 700 tomoshabinga mo‘ljallangan. Stadion sig‘imi bo‘yicha O‘zbekistonda 3-o‘rinda turadi.

O‘tgan yilning 14-yanvar kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov stadionga oid quyidagicha va’da bergan edi:

"Hokim sifatida, va’da beraman, investor yangi stadion qurib bergandan keyingina Buxoro stadionini buzish boshlanadi".

Hozircha yangi stadiondan darak yo‘q. Uning qachon qurib, foydalanishga turilishi ham noma’lum. Lekin bir narsa aniq: eski stadion buziladi. Kuni kecha o‘tgan yig‘ilishda hokim janoblariga avvalgi va’dasini birov eslatgani ham yo‘q.

Buxoro markaziy stadioni
Buxoro markaziy stadioni

Stadionni saqlab qolish maqsadida ko‘plab chiqishlar qilindi. Kuni kecha buxorolik sport murabbiylari yana bir bor ochiq xat e’lon qilib, jamoatchilik e’tiborini stadion taqdiriga befarq bo‘lmaslikka chaqirishdi:

“Buxoro” sport kompleksi jamoasidan, barcha sportchilar va jamoatchilikdan ushbu kompleksni saqlab qolishni, uni sayyohlik markazi umumiy konsepsiyasiga uyg‘un ravishda rekonstruksiya va modernizatsiya qilib markaz loyihasiga qo‘shib yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqishni iltimos qilamiz".

Ozodlik stadion uchun kurashayotgan buxorolik sportchilar bilan bog‘landi. Biroq ular o‘zlariga nisbatan bosim boshlanganini aytib, intervyu berishdan bosh tortishdi.

Hokimiyat bu masalada xalq bilan maslahatlashmadi

Ayni paytda tarmoqlarda #saveBukhara xeshtegi ostidagi postlar ko‘paymoqda. Shunday postlardan birida yana prezidentga ochiq xat e’lon qilinib, “Turizm markazi”ni boshqa joyda qurish so‘ralgan:

"Afsuski, shu paytgacha hokimiyat bu masalada xalq bilan maslahatlashmadi va xalq fikrini inobatga olmadi. Yangisini qurmay eskisini buzmaylik".

Yangisi qurilmasdan buzilayotgan obyektlar orasida hokimlik binolari, viloyat prokuraturasi, majburiy ijro byurosi, o‘quv yurtlari, xususan, Tibbiyot va Madaniyat kollejlari, mehmonxona, kutubxona, bir necha banklar va o‘nlab biznesga oid inshootlar bor. Bu hududda aholi uylari yo‘qligi aytildi.

"Modernizm uslubidagi muhim yodgorlik – viloyat hokimiyati binosi buziladigan bo‘lyapti. Taqdir kinoyasini qarangki, uni ham yaqinda saqlab qolishga muvaffaq bo‘lganimiz “Sharq” binosi me’mori Richard Bleze qurgan.

Hokimlik binosi allakimga sotilgan. Hech qanday ma’lumot yo‘q. Bular bari “turizmni rivojlantirish” niqobi ostida qilinmoqda. Ammo buning turizmga hech bir daxli yo‘q, albatta. Buxorodagi yangi imoratlar sayyohlarni sariq chaqachalik qiziqtirmaydi.

Afsuski, bu qadar katta ko‘lamdagi qurilish ishlari Buxoroning tarixiy markaziga ham tuzatib bo‘lmas ziyon yetkazadi", deya yozdi bloger Nikita Makarenko.

Hozircha binolari buzilgan tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lash masalasi ham ochiq qolmoqda. Binolar demontaji, obyektlarni yangi manzilga ko‘chirish harajatlari kimning hisobidan? Bu ham noma’lum. Yangi stadion kimning hisobidan quriladi? Buyam ma’lum emas. Xullas buzishlar, yo‘qotishlar, kompensatsiyalar hisob-kitobini birov qilganicha yo‘q. Qilinishiga shubha ham bor.

Buxorodan olingan ma’lumotga ko‘ra, 31-yanvardagi yig‘ilish tugashi bilan shoshilinch ravishda obyektlar demontajiga kirishilgan. Ayrim obyektlar oldi allaqachon to‘sib ham qo‘yilgan.

Buzilayotgan binolar ro‘yxatida 2-maktab ham. Hozirda maktab o‘quvchilari yaqin atrofdagi maktablarga bo‘lib chiqilgan. Ota-onalarga ko‘ra, maktablar bolalarni 3 smenada o‘qitishga majbur qolmoqda.

Buzishga mo‘ljallangan hududdagi minglab daraxtlar taqdiri ham ko‘pchilikni qiziqtirmoqda.

Ikki yil avvalgi Mirziyoyev tashabbusidagi “Yashil makon” loyihasi esingizdami? Ushbu loyihaga Buxoroda 100 ming yevro sarflangani aytilgan. O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi ko‘magida Buyuk Britaniyada yashayotgan bir guruh vatandoshlar mablag‘lari hisobiga Buxoroda jami 6,5 ming daraxt ekilgan. Daraxtlarning aksari, aynan hozir buzilayotgan hududlarga ekilgan.

"Buxoroda o‘zi toza havo yo‘q, hamma joy chang. Qurilishi rejalashtirilgan majmua uchun tanlangan joy shaharning eng obod, yashil hududi, bahavo maskani hisoblanadi. Eski shahar xalqi va turistlar yozning jazirama issig‘ida shu joyga chiqib, jon saqlaydi…

Buxoroda o‘zi toza havo yo‘q

Qurilish-buzish ishlari shusiz ham xarob ahvolda bo‘lgan shahardagi ekologik vaziyatni yanada og‘irlashtiradi. Turli kasalliklar ko‘payishi mumkin. Buning badali yana shu xalq va uning ulg‘ayib kelayotgan farzandlari zimmasiga tushadi", deyiladi Prezidentga yo‘llangan ochiq xatda.

Buxorodagi “Motamsaro ona” yodgorligi ham buzilish hududida joylashgan ya’ni u ham ko‘chirilishi lozim. O‘zi shu paytgacha ham bu yodgorlik shaharning turli hududiga bir necha bor ko‘chirilgan. Hozircha bu yodgorlikning qayerga va qachon ko‘chirilishi Ozodlikka ma’lum emas.

“Turizm markazi” besh yil avval qurilishi boshlangan Bukhara City loyihasi nihoyasiga yetmasdan boshlanmoqda.

Mirziyoyev qarori bilan 2019-yilda 83 gektar maydonda boshlangan va qurilishi chala yotgan Bukhara City loyihasi ham shahardagi o‘nlab bino va inshootlar buzilishiga sabab bo‘lgan edi.

Bukhara City qurilishining besh yildan beri bitmayotgani jamoatchilik tomonidan tanqid qilib kelinmoqda.

Mas’ullar eski loyiha bo‘yicha jo‘yali bir sabab keltirmagan holda, yangi loyiha qurilishida yana turizmni rivojlantirish bahonasini ro‘kach qilish orqali vaziyatni haspo‘shlashga harakat qilishmoqda.

Buxorodagi holat O‘zbekistonning boshqa yirik shaharlarida ham kutilishi mumkin. Chunki allaqachon turistlarni ko‘paytirish vaji bilan Samarqandda “Turizm markazi” barpo qilingan. Ammo u yerdagi loyiha shahar tashqarisida, ya’ni tarixiy markazdan uzoqda qurilgan. Bu e’tiborli jihati. Lekin loyiha o‘zini oqlamayotgani ma’lum bo‘ldi.

260 gektarlik maydondagi "Samarqand Turizm markazi” ishga tushirilganida katta- katta va’dalar berilgan edi. Ushbu markazning egasi o‘sha siz bilgan Baxtiyor Fozilov bo‘ladi. U "Samarqand Turizm markazi"ning 60 foiz ulushiga egalik qiladi.

"Buxoro turizm markazi" bo‘yicha berilayotgan balandparvoz va’dalar vaqti kelib, Samarqanddagi kabi cho‘pchakka aylanishi mumkinligini taxmin qilish mumkin.

Turistlar aslida qadimiy va tarixiy yodgorliklarni tomosha qilish uchun kelishadi. Sun’iy markazlarning birovga qizig‘i ham bo‘lmasa kerak. Biroq o‘zbek mulozimlari o‘z qarashlarida sobit. Loyihaning o‘zini oqlash-oqlamasligi ularni qiziqtirayotgani yo‘q. Shu bois qadim Buxoroda ham zamonaviy “Turizm markazi” quriladi.

"Agar bu amalga oshsa, menimcha, Yangi O‘zbekiston tarixidagi eng noto‘g‘ri va yomon loyihalardan biri bo‘ladi", deb yozdi huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Yangi O‘zbekiston tarixidagi eng noto‘g‘ri va yomon loyihalardan biri bo‘ladi

Loyihaning asosiy muammoli jihati shundaki, u Buxoro tarixiy markazining bufer zonasida joylashgan. Buxoro tarixiy markazi 1993-yilda YUNESKO tomonidan Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Buxoro tarixiy markazining hududi 216 gektar bo‘lib, uning muhofaza hududi esa 339 gektarni tashkil etadi.

"Qurilishi rejalashtirilgan turizm markazining umumiy maydoni 32,6 gektar bo‘lib, to‘liqligicha Buxoro tarixiy markazining muhofaza zonasida joylashgan. Bu hududda Milliy ro‘yxatga kiritilgan 2 ta madaniy meros obyekti joylashgan. Bular – 2012-yilda qayta tiklangan “Sallohxona” darvozasi hamda 1980-yilda o‘rnatilgan Abu Ali ibn Sino byusti", deyiladi Madaniy meros boshqarmasi xulosasida.

Ibn Sino byusti “Motamsaro ona” yodgorligi kabi boshqa joyga ko‘chirilar, lekin Sallohxona darvozasi taqdiri nima bo‘lishi noma’lum.

Qonunchilikka ko‘ra, Buxoro tarixiy markazi va uning bufer zonasida qurilishi rejalashtirilgan har qanday yirik loyihalar YUNESKO bilan kelishilishi lozim. O‘tgan yili YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi "Buxoro turizm markazi" loyihasini qo‘llab-quvvatlamagan va markaz qurilishi uchun boshqa joy tanlashga chaqirgan edi.

YUNESKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi hozircha yangi o‘zgarishlarni biror ko‘rinishda izohlamadi.

XS
SM
MD
LG