Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:54

Mirziyoyevning yangi "migratsiya islohoti". Eskisiga nima bo‘ldi?


Rossiyadagi o‘zbek migrantlari.
Rossiyadagi o‘zbek migrantlari.

O‘tmishda migrantlarni “dangasalar” deb atagan Islom Karimovdan farqli 2016-yilda hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev o‘zbek migrantlarining mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etdi va migrantlarni o‘z vatanlarida ish bilan ta’minlashga va’da berdi.

Ammo o‘tgan vaqt mobaynida Rossiya va boshqa davlatlarga ish ishlab ketayotgan millionlab o‘zbekistonliklar soni kamaymadi. Rossiya tomoni bergan raqamlar migrantlar soni qariyb ikki barobarga oshganini ko‘rsatadi. Ammo o‘zbek rasmiylari bu raqamlarni savol ostiga olishgan.

Hibsdagi muhojirlar

O‘zbekistonlik 10 nafar muhojir 9 oydan beri Rossiyaning Rostov viloyatidagi maxsus izolyatorda saqlanmoqda.

Ular soxta patentlardan foydalanganlikda ayblanib hibsga olingan. Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, soxta hujjatlarni ularga ish beruvchi tayyorlagan. Ammo shunga qaramay, ular salkam bir yildan beri izolyatorda ushlab turilibdi.

Tor xonadonlardagi karavotlar va sim bilan o‘ralgan kichik hovli – Rossiyaga ishlash uchun kelgan o‘zbekistonliklar mana 9 oydan beri shu yerda istiqomat qilishga mahkum etilgan. Bu Rostov-Dondagi Xorijliklarni vaqtincha saqlash markazi.

- Qo‘pol qilib aytganda, bergan ovqatini it yemaydi. Uxlash joylari va sharoitlariga qarasangiz, bu yerda umuman hech kim yashay olmaydi. To‘qqiz oy davomida sabr-toqat tugadi. Hech qanday tashkilot yordam bermayapti,- deydi Jasurbek Ashirov, Rostov-Dondagi xorijliklarni saqlash izolyatorida qolayotgan o‘zbek muhojiri.

Muhojirlar davlat idoralari va elchilikdan yordam ololmasligini anglagach, jurnalistlarga murojaat qilishdi.

Ishchilar ish beruvchi ularni aldab, soxta hujjatlarni topshirganidan shikoyat qiladi. Hozir mahalliy tergov idorasi unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, hibsga olgani ma’lum.

Jasurbek Ashirov ochilgan jinoyat ishiga o‘zbeklarning guvoh sifatida jalb qilingan, shu sababli sud ularni ozodlikka chiqarmaslikka qaror qilgan, deydi:

- Bu yerga yetib kelganimizda ish beruvchi qog‘ozlarni rasmiylashtirib berishini aytdi. U bizning patent va ro‘yxatga olish hujjatlarimizni tayyorlash uning bo‘ynida ekani, biz faqat ishlashimiz kerakligini aytdi. Shu uchun biz unga ishonib qoldik.

Muhojirlar to‘qqiz oy davomida og‘ir sharoitlarda yashayotganidan arz qilishdi.

Ularning ko‘pchiligida sog‘liq muammolari mavjud. Hibsxonada qolayotganlarning aksari o‘z oilalarining yagona boquvchisidir - hozir ularning bola-chaqasi nima hisobiga kun kechirayotganini hatto tasavvur qilish qiyin.

Hibsda ushlab turilgan O‘rol Bekmurodovning badanida qizil toshma paydo bo‘lgan.

- Deyarli barchamizda allergiya boshlandi. Terimizga qizil dog‘lar toshib ketdi. Izolyator xodimlari faqat bosh og‘rig‘i yoki buyrak og‘rig‘i bo‘lsagina tabletkalarni beradi. Hozir biroz yaxshilandim – yaralarim bitdi, -deydi O‘rol.

Muhojirlar O‘zbekiston elchixonasiga yordam so‘rab murojaat qilishgan, biroq konsullik xodimlari Rossiya rasmiylarining so‘zlarini takrorlash bilan cheklangan – o‘zbekistonlik ishchilar ish beruvchiga nisbatan jinoyat ishi yopilgach, qo‘yib yuboriladi.

“Ozodlik” radiosi va “Migrant media” jurnalistlari o‘zbek diplomatlari bilan bu masalada bog‘lana olishmadi.

Ularning savollariga faqat O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi matbuot kotibi Ortiqxo‘ja Norov javob berdi.

-Siz ularni sud qarorisiz olib chiqa olmaysiz. Bu tartib nafaqat Rostovda, balki boshqa joylarda ham mavjud. Xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash hibsxonasidan chiqqan har bir fuqaro, ma’muriy yoki jinoiy huquqbuzarlik bo‘lishidan qat’iy nazar, sudga tortiladi va shundan keyingina mamlakatdan chiqarib yuboriladi. Jarayon shunday. Biz sud oldida “ular bizning fuqarolarimiz” deb ayta olmaymiz. Biz ularni "bering" deb ham ayta olmaymiz. Ularda bunday tartib yo‘q, - dedi O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rasmiysi.

Rossiyada yana "muhojir ovi" avjida

Rossiya Ichki ishlar vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat rasmiylari o‘tgan yili Markaziy Osiyodan kelgan mehnat muhojirlari ishlayotgan 300 ming ob’ektni tekshirgan. Natijada, deportatsiya qilingan va mamlakatdan chiqarib yuborilgan xorijlik ishchilar soni o‘tgan yilga nisbatan 2,5 barobar oshdi.

Ukrainaga qarshi urush boshlaganidan keyin ishchi kuchiga bo‘lgan ulkan ehtiyoj sezayotgan Rossiya hukumati, shunga qaramasdan, muhojirlarni jalb etish bilan birga migratsiya tartiblarini kuchaytirmoqda.

Oxirgi bir necha hafta davomida Rossiyaning barcha mintaqalarida “Nelegal-2023” amaliyoti olib borilmoqda.

Rossiya ko‘chalarida migrantlar ommaviy ravishda hibsga olinmoqda, politsiya Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar ishlaydigan kompaniyalarda reydlarni uyushtirmoqda.

Migrantlar hujjatlari qo‘pollik bilan tekshirilyapti, muammosi bo‘lganlar ushlanib, jarimaga tortilayotir. Politsiya xodimlari hatto erta tongda migrantlar ijaraga olgan xonadonlarga hujjat tekshirish vaji bilan bostirib kirmoqda.

Urush holatida qolayotgan va inson huquqlari masalasida jiddiy muammolarga uchrayotgan rus davlatida migrantlarga haq bermaslik, ularni quldek ishlatish holatlari ham urchidi.

Jumladan, o‘zbekistonlik bir necha o‘nlab mehnat muhojirlari Volgograd viloyatidagi dehqon xo‘jaliklaridan birida qul mehnati sharoitida ishlatilayotganidan shikoyat qildi.

Ular ishlari bilan shug‘ullanayotgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimlariga ko‘ra, 62 nafar o‘zbek muhojiri Rossiya migratsiya qonunchiligini buzmagan.

Shunga qaramasdan, mahalliy nazorat idorasi oylab maosh olmagan va hujjatlari ish beruvchi tomonidan olib qo‘yilgan o‘zbek ishchilarini ma’muriy javobgarlikka tortgan.

Migratsiya ekspertlari Markaziy Osiyodan Rossiyaga kelayotgan muhojirlar soni yozda mintaqadagi suv muammosi tufayli ortishi mumkinligini taxmin qilmoqda.“Izvestiya” nashriga bu haqda gapirgan MDH davlatlari instituti bo‘lim boshlig‘i Andrey Grozin shunday fikrda.

“Suv yil sayin kamayib boradi. Iqtisodiyot, ijtimoiy soha, qishloq xo‘jaligidagi muammolar yanada og‘irlashadi. Davlatlar rivojlanishgamas, balki ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga, portlashning oldini olish uchun ko‘proq pul sarflashlari kerak bo‘ladi. Mintaqa asta-sekin falokat zonasiga aylanishi mumkin. Bunday sharoitda yangi muhojirlar paydo bo‘lishi aniq, ularning ko‘plari Rossiyaga intiladi" ,- dedi Andrey Grozin.

"Migratsiya masalasida mashvarat yo‘q"

O‘tmishda migrantlarni “dangasalar” deb atagan Islom Karimovdan farqli 2016-yilda hokimiyatga kelgan Shavkat Mirziyoyev o‘zbek migrantlarining mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etdi va migrantlarni o‘z vatanlarida ish bilan ta’minlashga va’da berdi.

Ammo o‘tgan vaqt mobaynida Rossiya va boshqa davlatlarga ish ishlab ketayotgan o‘zbekistonliklar soni kamaymadi. Rossiya tomoni bergan raqamlar migrantlar soni qariyb ikki barobarga oshganini ko‘rsatadi. Ammo o‘zbek rasmiylari bu raqamlarni savol ostiga olishgan. Ularga ko‘ra, hozirda Rossiyada mehnat muhojirligida bo‘lib turgan o‘zbekistonliklar soni 1 million 800 ming kishini tashkil etadi.

Yakshanba kuni o‘tadigan navbatdan tashqari prezident saylovlarida amalda uchinchi muddat prezidentlikka saylanishi kutilayotgan Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi uchrashuvlarida mehnat muhojirlarini yana bir marta e’tirof etdi va mehnat migratsiyasi tizimini to‘liq isloh qilishga va’da berdi.

Ammo Mirziyoyev bu safar migrantlarni o‘z vatanlarida munosib ish va maosh bilan ta’minlashga va’da bermadi.

Aksincha, rivojlangan davlatlarda ish topgan o‘zbekistonliklarning yo‘l xarajatlarini davlat hisobidan qoplab berishni taklif qildi. Bu esa, ekspertlarga ko‘ra, hukumatning hali ishsizlik muammosini hal etish bo‘yicha ma’nili siyosati yo‘qligini anglatadi.

- Obyektiv qaraydigan bo‘lsak, nafaqat hukumatda, balki migratsiya ekspertlarida ham bu muammoga aniq yechim yo‘q. Hammada qandaydir takliflari bor, albatta. Lekin bu sohada tub burilish yasay oladigan, katta sondagi muhojirlarimiz ahvolini yaxshilay oladigan konkret yechim yo‘q. Shu soha mutaxassislari hukumat vakillari bilan birlashib bosh qotiraylik, takliflarni o‘rganib chiqaylik degan narsa bo‘lgan, lekin haligacha amalga oshgani yo‘q, - deydi "Migrant.mobi" portali asoschisi, migratsiya mutaxassisi Botirjon Shermuhammad.

Suhbatdosh fikricha, hukumatning oxirgi yillardagi takliflari, prezident farmonlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari chetga ketayotganlarga viza to‘lovlarini kompensatsiya qilib berish, transport harajatlarini to‘lab berish yoki xorijga migrantlarni ishga yuborishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tashkiliy masalalarni hal qilish belin cheklanib qolmoqda.

-100 ming odamni ish bilan ta’minlashning o‘zi oson ish emas. Ular muammolarini yechish uchun kompleks harakatlar bo‘lishi, jamoatchilik kengashlari tashkil etilishi zarur. Shu sababli migratsiya muammosini hal qiladigan, odamlarning hayotida jiddiy burilish yasay oladigan dastur paydo bo‘lishiga hozircha ko‘zim yetmaydi, chunki mashvarat, mutaxassislar bilan fikrlashuv yo‘q, tanqidiy fikrdagi ekspertlar va jurnalistlarga esa yov qarash bor, - deydi ekspert Botirjon Shermuhammad.

O‘tgan yilning may oyida Jahon banki O‘zbekiston qo‘shni davlatlardan ayrim sohalarda ortda qolgani e’tirof etilgan hisobotini e’lon qilgan edi.

Jahon banki hisobotida O‘zbekistonda ichki migratsiya va urbanizatsiya jahondagi eng quyi darajada ekani aytiladi. Hisobotda ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda yangi ish o‘rinlarini yaratish hayratlanarli darajada oz bo‘lib, 2010-2019-yillarda yalpi ichki mahsulot o‘sishining 6 foiziga teng bo‘lgan.

2018-yilda yangi ish o‘rinlarini yaratish ishchi kuchi o‘sishidan 200 mingtaga kam bo‘lgan. 2020-yilda esa COVID-19 pandemiyasiga qadar 9 foiz bo‘lgan ishsizlik darajasi rasmiy statistikaga ko‘ra, 10,5 foizga yetgan. Mustaqil iqtisodchilar ishsizlik va kambag‘allik borasidagi rasmiy raqamlarni savol ostiga olishadi.

Jahon banki hisobotida 2018-yilga kelib O‘zbekistonda qashshoqlikning eng past darajasi bartaraf etilgani e’tirof etilgan. Biroq O‘zbekiston aholisining 9,5 foizi o‘rtacha qashshoqlik darajasida qolmoqda.

Ayni paytda aholi jon boshiga daromad jihatidan O‘zbekistonga tenglashtiriladigan davlatlarda qashshoqlikning past darajasi 3,3 foizni tashkil qiladi.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning dastlabki uch oyida O‘zbekistondan Rossiyaga 630 ming muhojir kirib kelgan. Ular oqimi 2022-yilning birinchi choragiga nisbatan 72 foizga oshdi. Mutaxassislar mavsumiy ishga kelib ketayotgan o‘zbekistonliklar soni birgina Rossiyada 3 millionga yaqinligini aytib kelishadi.

O‘zbek ishchilarining boshqa mamlakatlarga migratsiyasi ham avj olmoqda.

O‘zbekiston Buyuk Britaniyadagi mavsumiy ishchilarning asosiy manbalaridan biriga aylandi. 2022-yilda Buyuk Britaniyaga mavsumiy ishchilarning deyarli chorak qismi Markaziy Osiyodan kelgan.

O‘zbekiston Ukrainadan keyin ikkinchi o‘rinni egalladi.

2022-yilda Buyuk Britaniya hukumati O‘zbekiston va Qirg‘izistondan kelgan muhojirlarga 6000 dan ortiq mehnat vizasi bergan, bu ularning umumiy sonining deyarli to‘rtdan bir qismini tashkil etadi. Bu yil Markaziy Osiyodan ko‘proq muhojir kelishi kutilmoqda.

O‘tgan yili 2 mingga yaqin o‘zbekistonlik mavsumiy ishlarga jalb qilingan.

XS
SM
MD
LG