Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:11

Mobilizatsiya: “Putin uchun jang qilmoqchi emasman”- qochayotgan rossiyaliklarning hikoyalari


Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi Jaysan chegara o‘tish nuqtasida qozog‘istonliklar ko‘ngillilar rossiyaliklarga ko‘maklashmoqda. 28-sentabr, 2022
Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatidagi Jaysan chegara o‘tish nuqtasida qozog‘istonliklar ko‘ngillilar rossiyaliklarga ko‘maklashmoqda. 28-sentabr, 2022

Qozog‘istonning Aqto‘be hamda Rossiyaning Orenburg viloyatlari o‘rtasidagi chegarada nazorat-o‘tish maskanlari kuchaytirilgan tartibda ishlamoqda. Kreml safarbarlik e’lon qilgan 21-sentabrdan beri Aqto‘be viloyatiga qariyb 23 ming rossiyalik o‘tdi. Xususan, “Jaysan” maskanida uzun navbat hosil bo‘lgan. Ozodlikning qozoq xizmati muxbiri bir kunni chegarada o‘tkazib, u yerdagi ahvolni o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi.

“Jang qilishni istamaymiz”

“Jaysan” maskaniga qurolli soqchilar qo‘yilgan: askarlar Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganidan so‘ng chegaraga yopirilgan odamlar oqimini kuzatib turishadi. Aqto‘bedan Orenburgga o‘tishda hech qanday muammo yo‘q. Ammo Orenburg viloyatidan Qozog‘iston tuprog‘iga kirish juda qiyin bo‘lib qolgan. Odamlar izdihomda sutkalab navbat kutib qolishmoqda.

Rossiyaliklar chegarani piyoda, mashina yoki avtobuslarda kesib o‘tishyapti. Ko‘pchiligi ruhsiz, ma’yus ko‘rinadi, atrofga hadiksirab qaraydi va begonalar bilan gaplashishdan o‘zlarini olib qochadi. Soatlab navbat kutishdan toliqqan rossiyaliklar og‘ir ryukzak va sumkalarni qiynalib ko‘tarishadi.

Anna Mixaylova eri bilan birga Nijegorodsk viloyatining Knyaginino shahridan kelayotgan ekan. O‘z mashinalarida ming kilometrdan ziyod yo‘l bosib Orenburgga yetib kelishibdi. Er-xotin chegaradan o‘tib olish uzoq yo‘l yurishdan ham og‘ir bo‘lganini aytadi. Anna “Rossiya tomonda avtomobillar izdihomi kamida 15 chaqirimga cho‘zilib ketgan”, deydi.

Ayol universitetda dars bergan, eri Aleksey Mixaylov esa “Rostelekom”da injener bo‘lib ishlagan ekan. Ular “qisman” safarbarlikdan qochib kelayotganlarini yashirmaydilar. Boshlang‘ich sinflarda o‘qiydigan ikki qizaloqlarini Rossiyada ota-onalariga tashlab kelishibdi.

“Erimning harbiy guvohnomasiga “aloqachi” deb yozilgan. Uni chaqirishlari aniq. Biz esa Ukraina bilan urushishni istamaymiz. Odam o‘ldirishni xohlamaymiz. “Maxsus amaliyot”ga qarshimiz. Qrimni tortib olishganida ham qarshi bo‘lganmiz. Lekin kichik va ovloq shaharchada qo‘limizdan hech nima kelmasdi, juda ko‘pchilik bu mash’um urushni qo‘llaydi. Propaganda miyalarini obdon yuvgan. Nijegorodsk harbiy komissariati tunda komissarlarini jo‘natdi, ular soat ikkida chaqiruv qog‘ozlarini tarqatishdi, ertalab sakkizda esa odamlarni yig‘inga olib ketishdi”, deydi Anna Mixaylova.

Мобилизация. Миналар майдонига олиб борувчи йўл
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:24 0:00

Er-xotin qaysi shahardan qo‘nim topishni bilmaydi. Aqto‘beda vaqtincha – atigi bir necha kunga to‘xtashgan.

Ular minib kelgan eski “Jiguli”ning oldingi panelida jajji pravoslav ikonalari ko‘rinadi. Anna so‘nggi kunlarda bir paytlar onasi yodlatgan duolarni tez-tez o‘qiyotganini aytadi.

“Unchalik xudojo‘y emasman. Chunki bizda cherkov o‘ta siyosiylashtirilgan. Ruhoniylar hukumat yo‘rig‘idan chiqmaydi. Kichikroq shaharlarda, markazdan uzoqda odamshavanda ruhoniylar topilishi mumkin, lekin katta shaharlar cherkovlarida va’z imon-e’tiqod haqida bo‘lmaydi”, deya davom etadi ayol.

Ko‘p rossiyaliklar bunaqa ochilib gaplashishmaydi. Ayniqsa, jurnalistlarga ro‘yxushlik berishmaydi. Suhbatga rozi bo‘lishsa ham, har bitta so‘zni o‘ylab gapirishadi. Aksariyati Ukrainadagi “referendumlar” va “qisman” safarbarlikka doir savollarga javob berishni xohlamaydi.

Yoshlar va kattalar

Xotin-bola-chaqasiz kelgan katta yoshli erkaklar vaziyat o‘nglanganidan keyin uyga qaytishdan umid qilayotganlarini aytadilar. O‘shangacha ular Qozog‘istonning chegaraoldi shaharlarida yashab turishmoqchi yoki Olmaota va Astanaga ketishmoqchi.

Chegarada taksi kutib turgan peterburglik o‘rta yashar Andrey o‘zini xoin deb bilmaydi. Rossiyaning ba’zi yuqori martabali mulozimlari erkaklar yoppasiga chet elga jo‘nay boshlaganidan so‘ng mamlakat “xalq bilan birga bo‘lishni istamaydiganlar”dan tozalanayotganini aytgan edi.

“Putinni deb jang qilishni xohlamayman, shuning uchun ham mamlakatni tark etdim. Vatanimni sotmayman! Hech qachon sotmaganman. Hademay vaziyat o‘zgaradi, Rossiya qaytishdan umidvorman”, deydi Andrey.

Anna Mixaylova Nijegorod viloyatining Knyaginino shahridan kelgan.
Anna Mixaylova Nijegorod viloyatining Knyaginino shahridan kelgan.

Ko‘p yoshlar uzoq xorijga jo‘nab ketishni o‘ylab yurishibdi.

Chunonchi, rostov-donlik Nikita Serbiyaga bormoqchi. U – kompyuter dasturchisi; aytishicha, Serbiyada axborot texnologiyalari sohasida ish topish qiyin emas ekan.

“Mening o‘z rejalarim bor, Rossiyada ularni amalga oshirib bo‘lmaydi. Vaziyatga qaraganda mamlakat temir pardalar ortiga bekinib oladiganga o‘xshaydi”, deydi Nikita.

Unga adash boshqa bir rossiyalik esa Qozog‘istonga bu mamlakat bilan “tanishish uchun” kelganini aytadi.

“Men allaqanday shovinist emasman, bu yerga o‘z qoidalarimni tiqishtirish uchun kelganim yo‘q, – urg‘ulaydi Nikita. – Bu mamlakatni, uning xalqini yaqindan tanishni xohlayman. Menimcha, kelayotganlarning ko‘pchiligi o‘ziga to‘q odamlar, ular bu yerda biznes ochishlari mumkin. Oramizda masofadan ishlaydiganlar ham bor, ularning birovga zarari tegmaydi”.

Moskvalik Timur Tailandga uchib ketish niyatida. Aytishicha, u alkogolli ichimliklar biznesida yaxshigina tajriba orttirgan. Rossiyada safarbarlik e’lon qilingan kunning ertasigayoq u mashinada Qozog‘istonga kelibdi.

“Chaqiruv qog‘ozi olganim yo‘q. Lekin, bir-ikki kun kutganimda albatta chaqirishardi. Chunki muddatli xizmatni o‘taganman, harbiy toifam bor”, deydi u.

“Bolalarim yetimlikda katta bo‘lishini istamayman”

Ayrimlar Rossiya safarbarlikdan bo‘yin tovlaganlarni qidiruvga bersa, Qozog‘iston hukumati birinchi galda chegaraga yaqin tumanlarga joylashganlarni qaytarib yuboradi, deb xavotirlanib yurishibdi. Shu bois ular chegaradan mumkin qadar uzoqroqqa ketishmoqchi.

Moskvadan eri va farzandlari bilan qochib kelayotgan Yelena allaqachon qaror qilgan – ular Bishkekka borishadi. Biz u bilan g‘ildiragi puchayib qolgan mashina yonida suhbatlashdik. Eri g‘ildirakni almashtirgunicha u olti yashar Matvey hamda to‘rt yashar Gordeyni chekkada o‘ynatib turdi.

“Erim ikkimiz vrachmiz, ikkovimizda ham harbiy majburiyat bor. Qo‘l qovushtirib o‘tirganimizda avval erimni, keyin meni urushga olishardi. Bolalarim yetimlikda o‘sishini istamaganimiz uchun Rossiyani tark etdik. Moskvada tibbiyot xodimlari allaqachon chaqirilyapti. Ikki bolasi va singlisini yolg‘iz voyaga yetkazayotgan bir kardiolog ayolni taniyman: hatto shuni urushga jo‘natishdi. Buni xotirjam kuzatib o‘tirib bo‘ladimi?” deydi Yelena.

Ammo jo‘nab ketishlari oson bo‘lmapti. Tanish-bilishlari ularni niyatidan qaytarishga urinishibdi.

“Begona yurtlarda sig‘indi bo‘lasizlar, hamma sizlarga qo‘lini bigiz qilib ko‘rsatadi, “sotqin” deb xo‘rlaydi, deganlar ham bo‘ldi. Biroq biz bolalarimiz kelajagi haqida qayg‘urishimiz kerak. Ular yo‘l bo‘yi o‘ynab, ashula aytib kelishyapti. Ularga termular ekanman o‘zimni aslo “Vatan xoini” deb hisoblamayman”, hikoyasida davom etadi ayol.

Migrantlar orasida homilador, yosh bolali ayollar ham bor. Onalar chegarada soatlab navbat kutishganida bolalari ochlik va sovuqdan qiynalgani haqida so‘zlashar ekan, o‘zlarini yig‘idan tiya olmaydilar.

Chegara yaqinida kirakashlar ko‘p. Chegara maskanidan Aqto‘begacha falon pul. Safarbarlikdan qochib kelayotgan rossiyaliklarga mahalliy volontyorlar yordam berishmoqda. Bir necha tashkilot viloyat markazidagi sayyohlik agentligi ofisini shtabga aylantirgan. Volontyorlar bo‘sh yotgan ofis va yotoqxonalarni rossiyaliklarga vaqtinchalik boshpana qilib berishmoqchi. Agentlik menejeri Sholpan Yesaliyevaga ko‘ra, ayni paytda Aqto‘be mehmonxonalarida joy yo‘q, bo‘sh ijara xonadonlar ham qolmagan. Aqto‘bedan boshqa shaharlarga poyezd va uchoq chiptalari allaqachon sotib bo‘lingan.

Aqto‘be shahri aholiga xizmat ko‘rsatish markazida va migratsiya bo‘limida tumonat odam. Vakolatli idoralar Rossiyadan kelgan odamlar soni haqida istar-istamas ma’lumot beradi. Va bu ma’lumotlar soat sayin o‘zgaryapti.

Aqto‘be viloyati akimati rasmiy qaydlariga ko‘ra, 22 – 28-sentabr kunlari Orenburg viloyatidan bu yerga 17 778 nafar erkak va 4 867 nafar ayol kelgan. Yosh bolalar soni ma’lumotlarda ko‘rsatilmayapti.

XS
SM
MD
LG