Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:23

Moldovada parlament saylovlarida yevropaparast partiya g‘alaba qozondi


Moldovaliklar prezident Mayya Sandu asos solgan markaz-o‘ng qanot partiya 11 - iyul kuni bo‘lib o‘tgan saylovda g‘alaba qozongani qashshoq postsovet mamlakat taraqqiyotida yangi sahifa bo‘lishiga umid qilmoqdalar.

Moldova 1991 - yilda mustaqillikka erishganidan beri o‘tkazilgan 10 ta parlament saylovlari davomida biron marta yevropaparast partiya “Amaliyot va birdamlik partiyasi” kabi 53 foizga yaqin ovoz to‘play olmagan edi. Ushbu natija partiyaga 101 o‘rinli parlamentda 63 mandat beradi.

Jurnalist Natalya Morar 12 - iyul kuni “Facebook”da “Bu jamiyatning tubdan o‘zgarishlarni amalga oshirish, eng muhimi, ularni to‘liq amalga oshirish talabi natijasidir”, deb yozdi.

“Va aynan shu yerdan katta mashaqqat boshlanadi. “Amaliyot va birdamlik partiyasi” endi o‘zining siyosiy hayotidagi eng og‘ir to‘rt yilga duchor bo‘lganini va undan oldingi barcha hukumatlar gunohlari uchun javob berishini anglab yetishi kerak”, deya so‘zini davom ettirdi jurnalist.

Vladimir Sokor
Vladimir Sokor

Vashingtonda joylashgan “Jeymstaun jamg‘armasi” tahliliy markazi tahlilchisi Vladimir Sokor Ozodlik radiosining Moldova xizmati bilan suhbatda saylovlar Moldovani “koalitsiya dahshatidan” xalos qilganini aytdi.

“Ushbu dahshat 2009 - yildan beri Moldovaning barcha hukumatlarini ta’qib qilib kelayotgan edi va barcha islohotlarni imkonsiz qilib qo‘ygandi, chunki siyosatchilar doimiy ravishda islohotlar va strategiyalarni ishlab chiqish o‘rniga bo‘linish va hokimiyatni qayta taqsimlash bilan band edi”, deydi u.

“Bu holat, umuman olganda, Moldova Respublikasida demokratiyani obro‘sizlantirdi”.

“Biz koalitsiyalar dahshatidan qutuldik va kamida to‘rt yil yashaydigan hukumatimiz bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi Sokor.

“Ushbu uzluksiz boshqaruv uzoq muddatli strategik rejalarni ishlab chiqishga va islohotlarni amalga oshirishga imkon beradi”.

49 yoshli Sandu o‘tgan yil noyabrida Rossiya dastaklab kelgan amaldagi prezident Igor Dodon ustidan g‘alaba qozongan edi. Sandu Jahon Bankining sobiq iqtisodchisi bo‘lib, saylov kampaniyasi davomida korrupsiyaga qarshi kurash, tizimli islohotlarni amalga oshirish va Yevropa bilan integratsiya qilishni va’da qildi.

Sandu “Amaliyot va birdamlik partiyasi”ni 2016 - yilda tuzgan. O‘shanda mamlakatda misli ko‘rilmagan bank firibgarligi mojarosi sodir bo‘lgan edi: Moldova banklaridan 1 milliard dollar, ya’ni o‘sha paytda mamlakat YaIMning 12 foiziga teng miqdordagi mablag‘ o‘zlashtirib olingani o‘rtaga chiqqandi.

Moldova prezidenti Mayya Sandu 11 - iyul kuni parlament saylovida ovoz berib chiqqanidan keyin intervьyu bermoqda
Moldova prezidenti Mayya Sandu 11 - iyul kuni parlament saylovida ovoz berib chiqqanidan keyin intervьyu bermoqda

Ushbu mojaro Moldovada chuqur ildiz otgan korrupsiyani fosh qildi va turli siyosiy kuchlar birlashishi uchun sharoit yaratdi, deb ta’kidladi Kishinyovda joylashgan “Xalqaro demokratiya assotsiatsiyasi” rahbari, tahlilchi Igor Botan.

Igorь Botan
Igorь Botan

Botan Ozodlik bilan suhbatda 11 - iyuldagi saylovlar moldovaliklar “Yevropa bilan integratsiya jamiyat uchun to‘g‘ri yo‘l deb hisoblashini aniq ko‘rsatganini” ta’kidladi.

“Moldova fuqarolari beqarorlikdan charchagan va hokimiyat ular ishongan shaxs boshchiligidagi siyosiy kuch qo‘lida to‘planishini istaydilar”, deydi tahlilchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, “Amaliyot va birdamlik partiyasi”ni siyosatdan yiroq bo‘lgan “juda yosh va tajribasiz odamlar tashkil qilgan”.

“Mana shu ularning muvaffaqiyati formulasi bo‘ldi”, dedi Botan.

Boris Kremene
Boris Kremene

Ammo aktyor va “Amaliyot va birdamlik partiyasi” tarafdori Boris Kremene saylovdagi muvaffaqiyat faqat ishning boshlanishi ekanini aytdi. Aktyor saylovda ovoz berish uchun Portugaliyadan Moldovaga atayin safar qilgan.

“Ushbu g‘alaba kemasida suzish uchun ular to‘g‘ri uchuvchilarni tanlashlari kerak”, dedi Kremene.

“Aks holda, u cho‘kadi. Mukammal hukumatni tanlashlari kerak, chunki barcha nazorat endi ularning qo‘llarida”.

“Men 2009 - yilda sodir etilgan xatolar takrorlanishini istamayman”, dedi u kommunist prezident Vladimir Voronin hokimiyatdan chetlatilishi bilan tugagan qo‘zg‘olonni nazarda tutib.

“O‘shanda umidlarimiz katta edi. Odamlarimiz [Moldovaga] qaytib kelgach, chuqur umidsizlikka tushishdi. Agar bu safar yana shu narsa takrorlansa, diaspora [mamlakatimizdan] abadiy yuz o‘giradi”.

“Hafsala pir bo‘lishi juda og‘ir va moldovaliklar bunga juda ta’sirchan”, deya xulosa qildi u.

“Boshqa mentalitetga ega, chet elda yaxshi munosabatda bo‘lgan o‘qimishli odamlarni jalb qilish kerak. Biz tilanchilikni to‘xtatishimiz va normal mamlakat yaratishimiz kerak. Yevropa sivilizatsiyasida qatnashishimiz lozim, shunchaki qo‘llarimizni ochib aylanib yurmasligimiz kerak”.

Dastlabki natijalar shuni ko‘rsatdiki, kutilganidek diaspora vakillarining aksariyat qismi “Amaliyot va birdamlik partiyasi”ga ovoz bergan. 212 mingdan oshiq Moldova fuqarosi chet elda turib ovoz bergan. Ularning deyarli yarmi 40 yoshgacha bo‘lganlar ekani aytilmoqda.

Vadim Pristrinchuk
Vadim Pristrinchuk

Sobiq parlament a’zosi va Kishinyovda joylashgan “Strategik tadqiqotlar instituti” direktori Vadim Pristrinchuk Ozodlik bilan suhbatda “Amaliyot va birdamlik partiyasi” hukumatidan jamoatchilikning umidi katta ekanini va partiya tez va qat’iyatli chora ko‘rishi kerakligini aytdi.

“Kuta ko‘rmang”, deya maslahat berdi u yangi hukumatga.

“Ishchi guruhlarni tuzmang va turli xil strategiyalar ishlab chiqmang. Bunday xatoga yo‘l qo‘ymang”, deya so‘zini davom ettirdi u.

“Men keyingi to‘rt yilni nazarda tutmayapman. Birinchi olti oyni nazarda tutmayapman. Agar dastlabki olti oyda kleptokratik tizimga zarba berilmasa, unga qarshi nokaut zarbasi berilmasa, bu tizim yo‘q bo‘lmaydi”.

“Ushbu kurash bir necha yildan buyon davom etib kelmoqda va qarshilik doiralari buzib tashlanishi kerak”, deya qo‘shimcha qildi Pristrinchuk.

“Ushbu tarmoqlar yo‘q ilinishi va ortga tortuvchi muassasalar tugatilishi kerak... Agar ular buni dastlabki olti oyda bajarmasalar, tanazzulga yuz tutadilar va jamoatchilik noroziligi yanada kuchayadi”.

Ayni damda, tahlilchi Sokor “Amaliyot va birdamlik partiyasi” Rossiyaning kuchli ta’siri bilan hisoblashishi kerakligiga ishonadi. U partiyani saylov kampaniyasi davomida “geosiyosiy shiorlarga” yo‘l qo‘ymagani uchun olqishladi.

“Ular Moldovaning Rossiyadagi cheklangan, ammo haqiqiy manfaatlari – Rossiya bozoriga kirish..., Rossiyada ishlayotgan moldovaliklarning manfaatlari va elektoratning katta qismi Rossiya bilan munosabatlar yaxshi bo‘lishini kutayotganini hisobga olishlari shart”, dedi Sokor.

“Hattoki “Amaliyot va birdamlik partiyasi”ga ovoz berganlar ham, umuman olganda, Rossiya bilan yomon munosabatlarni istamaydilar”.

Moldova jamiyati ham ushbu vaziyatdan to‘g‘ri foydalanishi kerak, deya qo‘shimcha qildi tahlilchi Botan. Uning so‘zlariga ko‘ra, eng avvalo ular samarali muxolifat tuzishlari kerak.

“Biz, fuqarolar hali ham xavf-xatarlar borligini, Moldova demokratiyasi zaifligini va har xil nomaqbul odatlarga qaytish xavfi borligini tushunib yetishimiz kerak”, deydi u.

“Shuning uchun fuqarolik jamiyati bundan‑da mustahkamroq birlashishi va vaziyatni kuzatib borishi kerak”.

“Hokimiyatni bitta siyosiy partiya qo‘lida to‘plaganimizdan keyin, barchamiz unga qanday qilib munosib, to‘g‘ri va konstruktiv tarzda qarshi chiqish haqida o‘ylashimiz kerak”, deydi Botan.

“Men “konstruktiv muholifat” atamasini ishlatishni xohlamayman, chunki u o‘z qadrini yo‘qotgan. Ammo ehtiyotkorlik kerak va jamiyat saylovlarda g‘olib chiqqan ushbu partiyani kuzatayotgani to‘g‘risida juda kuchli signal bo‘lishi kerak”, deya so‘zini yakunladi u.

XS
SM
MD
LG