Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:13

Moliya vazirligi tizimidagi nosozlik sabab ayrim bog‘chalar oziq-ovqatsiz qoldi


Moliya vazirligining UzASBO tizimida ro‘y bergan texnik uzilish sabab mamlakatdagi ayrim bolalar bog‘chalarida oziq-ovqat muammosi yuzaga keldi.

Bog‘chalar rahbarlariga ko‘ra, har oyning 25-kuni olinadigan subsidiya UzASBO tizimidagi muammo sabab bog‘chalarga berilmagan.

Pul yo‘qligi bois bog‘chalar rahbarlari oziq-ovqat ta’minotchilariga pul o‘tkazib bera olmagan. Natijada ayrim bog‘chalar tarbiyalanuvchilarga ovqat yetkazib bera olmay qolgan.

Moliya vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, UzASBO tizimidagi texnik uzilishlar 10 - maygacha bartaraf etiladi.

UzASBO kompleks avtomatlashtirilgan dasturiy majmua bo‘lib, byudjet tashkilotlarining barcha buxgalteriya operatsiyalari faqat mazkur dastur orqali yuritiladi.

Samarqanddan Ozodlikka bog‘langan oilaviy bog‘chalardan birining rahbari joriy oyda subsidiya puli berilmagani sabab muammoga duch kelgani haqida gapirdi.

“Biz har oyning 25-sanasida davlatdan subsidiya olamiz. Shu kuni bu pullarni ta’minotchi korxonalarimizga o‘tkazib beramiz. Bugun 3 kundirki, pul yo‘q. Ta’minotchi ham oziq-ovqat berishni to‘xtatgan. Nima qilishni bilmayapmiz, ertaga bolalarga beradigan ovqatimiz yo‘q”,- deydi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan samarqandlik tadbirkor.

Jizzaxlik tadbirkor yigit esa oilaviy bog‘chasi “3 kun davomida oziq-ovqatsiz qolayotgani”nini aytadi:

“Men kredit olganman. Agar subsidiya puli berilmasa, bog‘chamni pul berilmaguncha yopishimga to‘g‘ri kelyapti. Boshqa ilojim yo‘q. Moliya boshqarmasiga qilgan telefonlarimizga umuman javob berishmayapti”.

Jizzax Moliya boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bog‘chalarga subsidiya pullarining o‘z vaqtida berilmaganiga UzASBO tizimidagi texnik uzilishlar sabab bo‘lgan.

  • Byudjet tashkilotlari tomonidan byudjet hisobi va hisobotining yuritilishini kompleks avtomatlashtirish uchun mo‘ljallangan dasturiy majmua UzASBO deb nomlanadi. Bu dasturiy majmuada byudjet tashkilotlarining barcha buxgalteriya operatsiyalari yuritiladi.

“Bu bizning aybimiz emas. Hozirda moliya vazirligining UzASBO tizimi ishlamayapti. Bu tizim ishlamasa, hech kimga pul o‘tkazib bera olmaymiz. Lekin UzASBOda uzilish bo‘lishi haqida vazirlik saytida e’lon berilgan. Tadbirkorlarning xabari bor bundan”,- dedi Jizzax Moliya boshqarmasining o‘zini tanishtirmagan xodimi.

Moliya vazirligi saytida 22 - aprel kuni chop qilingan e’londa UzASBO tizimida 3 kunlik uzilish bo‘lishi aytilib, tizim foydalanuvchilaridan uzr so‘ralgan:

“Hurmatli UzASBO tizimi foydalanuvchilari, Server bilan bog'liq muammolarni bartaraf etish maqsadida, 23-dan 26-aprelgacha texnik ishlarni amalga oshirish va tizimni yangi serverga o'tkazish uchun tizimda uzilish kuzatilishi mumkin. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so'raymiz”.

Ayni paytda jizzaxlik tadbirkor 27 - aprel kuni ham UzASBO tizimi ishlamaganini aytadi:

“Aslida davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga oziq-ovqat uchun to‘lov pulini bir oy kechiktirib beradi. 25 - aprel kuni mart oyi uchun pul olishimiz kerak edi. Bugun 27 - aprel, mana kech tushib qoldi, haliyam UzASBO ishlamadi, pulimizni haliyam olmadik”.

Moliya vazirligining Ozodlik bog‘langan xodimi, UzASBO tizimidagi uzilishlar 10 - maygacha bartaraf etilishini bildirdi:

“Server o‘ta eskirgani sabab uni yangilash ehtiyoji tug‘ildi. Yangi serverga o‘tish jarayoni aprel oyining boshidan boshlandi va bu 10 - maygacha davom etadi. Bu haqida barcha byudjet tashkilotlari xabardor qilingan. Ayni paytda server umuman ishlamayapti, deb ham ayta olmaymiz. Mutaxasislarimizga ko‘ra, server yangilangan, lekin uning ishlashi foydalanuvchining kompyuteri tezligiga ham bog‘liq, komptyuterning keshi to‘lib qolsa ham UzASBO ochilmasligi mumkin. Yaxshisi kimda , UzASBOga kirishda muammo bo‘lsa, mutaxasislarimizga murojaat qilishsin. Ular individual tarzda yondashib, maslahat berishadi”.

Moliya vazirligi xodimi tomonidan jo‘natilgan quyidagi suratda “UzASBO bo‘yicha hududlar administratorlarining ichki raqamlari” ko‘rsatilgan:

Ayni paytda Ozodlik muxbiri keltirilgan raqamlarga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lana olmadi.

Maktabgacha ta’lim vazirligidan bolalar bog‘chalari duch kelayotgan muammo borasida izoh olish imkoni bo‘lmadi. Ozodlik bog‘langan vazirlik xodimlari bu mavzu uning vakolatiga kirmasligini aytish bilan cheklanishdi.

UzASBO dasturiy majmuasi Moliya vazirligi tomonidan 2011 - yilda foydalanishga joriy etilgan.

Majmuadagi uzilishlar sabab boshqa byudjet tashkilotlari muammoga duch kelganmi-yo‘q bunisi Ozodlikka hozircha noma’lum.

2017 - yil sentabrida hukumat mamlakatdagi maktabgacha ta’lim sohasidagi faoliyatni qoniqarsiz deb topdi.

2018 - yil 1 - yanvaridan boshlab, davlat-xususiy sheriklik shartlarida yangi maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etishga ruxsat berildi. Natijada xususiy va oilaviy bog‘chalar paydo bo‘ldi.

Shu yili Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil qilinib, prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva vazirlikning Maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyatini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosariga tayinlandi.

XS
SM
MD
LG