25 - sentabr kuni taniqli huquqbon, migrantlarning bepul yuristi va “Tong jahoni” inson huquqlari tashkiloti rahbari Valentina Chupik Rossiyaga kiritilmadi. Undan qochqinlik guvohnomasi olib qo‘yildi va 30 yilga – 2051 - yilga qadar Rossiyaga kirishi taqiqlandi.
Valentina Chupik beshinchi sutkadan beri Moskvadagi Sheremetyevo aeroporti tranzit hududida saqlanmoqda. Uning O‘zbekistonga deportatsiya qilinishi xavfi bor.
O‘tgan juma kuni Chupik Armaniston safaridan qaytgan edi. FXX Chegara xizmati xodimlari Sheremetyevoda uni pasport nazoratidan o‘tish chog‘ida to‘xtatib, IIV Moskva shahar Bosh boshqarmasining migratsiya masalalari boshqarmasi xabarnomasini topshirishdi. Hujjatda Chupik “qasddan yolg‘on ma’lumot yoki soxta hujjatlar taqdim etgani” uchun qochqinlik maqomidan mahrum etilgani bildirilgan. Chegarachilar ayolga uning Rossiyaga kirishi 2051 - yilgacha taqiqlanganini ma’lum qilganlar va qochqinlik guvohnomasini olib qo‘yganlar.
Chupikning yoniga advokatlar qo‘yilmayapti, uning yordamchisi Aleksandr Kim esa Ozodlik radiosi rus xizmatiga huquqbondan pul tovlab olishayotgani haqida so‘zlab berdi. Yuristlar vaziyatga aralashish va ularni aeroportning tranzit hududiga kiritish talabi bilan Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudiga (IHbES) so‘rov jo‘natishgan.
“Migrantlarga ko‘makdosh bo‘lgani uchun unga hamisha nosog‘lom qiziqish bilan qaraganlar”
Valentinaning yordamchisi Aleksandr Kim, Chupik aynan huquqbonlik faoliyati tufayli Rossiya hukumati tashabbusi bilan ta’qibga olinganiga ishonchi komilligini aytadi.
– Migrantlarga yordam bergani uchun unga har doim nosog‘lom qiziqish bilan qaraganlar. Chupik o‘z vatandoshlariga, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari fuqarolari va umuman istalgan xorijlikka ko‘maklashadi. Bizga dunyoning yuzdan ortiq mamlakatidan murojaatlar bo‘ladi. Bir paytlar, 2006 - yilda u O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lgan edi, chunki qiynoq va ta’qiblarga yo‘liqqan, – deydi Alekandr Kim.
Valentina Chupik 48 yoshda. U 2005 - yili Andijonda xalq noroziligi bostirilganidan so‘ng O‘zbekistonni tark etgan edi. Ayolning aytishicha, maxsus xizmatlar xodimlari undan pul talab qilganlar. 2009 - yilda Chupik Rossiyada qochqinlik maqomini oldi: bu huquqbonga Rossiyada doimiy yashash va vatincha boshqa mamlakatlarga chiqib kelish imkonini berdi. Shundan so‘ng u Markaziy Osiyo mintaqasi va boshqa davlatlardan kelgan migrantlarga huquqiy yordam ko‘rsatuvchi “Tong jahoni” tashkilotini ta’sis qildi.
Onasi: “Qaysi aybi uchun Rossiyada unga bunday munosabatda bo‘lishayotganini bilmayman”
Dushanba kuni OAVlar Valentina Chupikning Moskva viloyatidagi uyiga politsiyachilar borgani haqida xabar berdi. “OVD-Info” ma’lum qilishicha, ular huquqbonning 84 yoshli onasiga (u ham O‘zbekiston fuqarosi) rasmiy qayddan o‘tmagan manzilida yashagani uchun protokol tuzish bilan tahdid qilganlar. Lyubov Nikolayevna hujjatlarni topa olmay, qizining hamkasblariga qo‘ng‘iroq qilgan. Huquqbonlik tashkiloti xodimlariga ko‘ra, politsiyachilar ulardan: “Kampir masalasida qanday rejalaringiz bor? U qarovsiz qolib ketgan-ku?” – deb so‘rashgan.
“Vaziyat yengil emas, anchagina jiddiy”, – degan politsiyachilardan biri. Chupikning hamkasblari keksa ayolga qarab turish uchun bir kishi vaqtincha unikiga ko‘chib borishiga kelishganlar. Shanbadan beri ular kuniga ikki marta Lyubov Nikolayevnadan xabar olishyapti. Uning qizidan boshqa qarovchisi yo‘q – ikki oy oldin o‘g‘li, Valentinaning ukasi Toshkentda koronavirusdan qazo qilgan.
Lyubov Chupik Ozodlik radiosi bilan suhbat chog‘ida qizi O‘zbekistonga deportatsiya qilingan taqdirda uning hayotidan xavotir olishini aytdi.
– Bilmadim nima ayb qilganki, Rossiyada unga bunaqa munosabatda bo‘lishyapti. U hamma ishni qonuniy bajarar, migrantlarin ham shunga targ‘ib qilardi: “Siz begona mamlakatga keldingiz, bu yerning o‘z qonun-qoidalari bor va siz ularga rioya qilishga majbursiz. Agar huquqlaringiz buzilsa, sizni noqonuniy hibsga olishsa yoki haqqingizni berishmasa, men hamisha sizlarga ko‘makchi bo‘laman”, deb aytardi. O‘zbekistondan chiqib ketishga majbur bo‘lganmiz, chunki u yerda qizimga tahdid qilishgan. Mamlakatni avval u tark etdi. Shundan so‘ng eshigimizga dahshatli gaplar yozilgan xatlarni qistirib qo‘yadigan, meni qistovga oladigan bo‘lishdi. “Nima deb o‘ylaysiz, qizingiz tramvay yoki mashina tagida qolib ketsa, yaxshi ish bo‘ladimi?” – deb so‘rashardi. “U bu yerda emas”, desam. “Unday bo‘lsa, sizni qamab qo‘yamiz. Agar qizingiz onasini yaxshi ko‘rsa, o‘zi qaytib keladi”, – deb ochiqcha tahdid qilishardi. Shu voqealardan keyin men ham Rossiyaga ko‘chib keldim.
“Bizning davlatimiz – falokat”
Moskvadagi “Fuqarolik ko‘magi” tashkiloti rahbari Svetlana Gannushkina IIVning Valentina Chupik hujjatlariga nisbatan e’tirozlari hanuz noma’lum qolayotganini ta’kilaydi.
– Mansabdor shaxsning har qanday qarori ustidan sudga arz qilish mumkin. Uni maqomdan mahrum etishgan ekan, nega mamlakatga kirishiga va bu qaror ustidan shikoyat qilishiga imkon berishmadi? Boz ustiga bu yerda uning qari onasi bor-ku. Aeroportning tranzit zonasida odamlar rasvo sharoitda saqlanishini yaxshi bilamiz. Esimda, bir o‘zbek ayolini qamashgandi o‘sha yerga, ayolning to‘rt yashar bolasi bor edi. Hojatga chiqib kelishiga ruxsat berishmagani uchun bola bechora hammaning oldida, xonaning bir buchagida devorga qarata peshob qilishga majbur bo‘lgan. Bu borib turgan ablahlik! – deydi huquqbon Svetlana Gannushkina.
Mehnatkash migrantlar kasaba uyushmasi boshlig‘i Renat Karimov keng jamoatchilik voqif bo‘lgani sababli Valentina Chupik bilan yuz bergan voqea xayrli yakun topishiga umid qilmoqda.
– Ushbu vaziyatda men Valentina tarafidaman, politsiya davlati tomonida emas. Menimcha, vahima qilmaslik kerak. Uning qo‘lga olinishiga doir inernetda e’lon qilingan hujjatlarni ko‘rdim. Qonunga binoan, qaror ustidan shikoyat qilish uchun uning bir oy vaqti bor. Chupik bilimdon yurist va huquqbon, hukumat idoralari qarorini bekor qilish uchun asos topa oladi. Garchi hozirgi Rossiya davlatida billurday toza odamni ham ta’qib qilish mumkin bo‘lsa-da, – mulohaza qiladi Renat Karimov.
“Tong jahoni” nima bilan shug‘ullanadi?
Valentina Chupik va uning jamoasi kuniga yuzlab va har yili minglab odamlarga yordam ko‘rsatadi. “Tong jahoni” xodimlari ma’lumotiga ko‘ra, tashkilot 2021 - yilning o‘zida taxminan 50 ming kishiga ko‘maklashgan. Bular faqat rejali yuridik xizmat ko‘rsatiladigan og‘ir holatlar emas, qanchadan-qancha migrantlarga telefon orqali shoshilinch maslahat berilgan. Chupik qo‘lga olinganini eshitgan migrantlar ijtimoiy tarmoqlardagi u haqidagi xabarlar ostiga ko‘ngil so‘rab va unga minnatdorlik bildirib izohlar qoldirishmoqda. Chet elliklar esa unga qanday yordamlari tegishi mumkinligini qayta-qayta so‘ramoqdalar.
Tanqidchilar Chupikni “rusofobiya”da ayblashganida u: “Menhech qachon va hech kimni rossiyaliklarga qarshi kurashishga o‘rgatganim yo‘q – men natsizm va korrupsiya bilan kurashishga o‘rgatdim”, – deb javob berdi.
Valentina migrantlarni politsiya mahkamalaridan chiqarib olgan, noqonuniy jarimalar va deportatsiyalar ustidan sudlarga shikoyat yozib bergan, moliyaviy piramidalarni fosh etgan, migrantlarga ish haqlari bo‘yicha millionlab qarzlarini undirib bergan, ularni mehnat qulligidan qutqarib olgan. Huquqbon muntazam ravishda shaxsan olib borgan “Migrantlar uchun bepul yurist maktabi” mashg‘ulotlari va chet elliklar uchun mo‘ljallangan o‘nlab treninglarda tinglovchilarga o‘zi shug‘ullanadigan yumushlarni – hujatlarni to‘ldirish, ish topish, ish haqini talab qilish, eng asosiysi – politsiya bilan uchrashuvlarda o‘z huquqini himoya qilishni o‘rgatardi.
“Bu - Rossiya kuchishlatar idoralarining qasosi”
Valentina Chupik Sheremetyevoda qo‘lga olinganidan xabar topgan “Fergana” nashri sobiq bosh muharriri Mariya Yanovskaya huquqbon migratsiyaga oid mavzularni yoritishda jurnalistlarga hamisha yordam bergani, xususan, maslahatini ayamagani va zarur odamlarning aloqa raqamlarini topib bergani haqida yozdi. Va, inson huquqlari buzilgan har bir holatni o‘rganarkan, Chupik hech qachon oldindan bir tarafning pozitsiyasini tutmaganini urg‘uladi.
“Uning o‘tkir va donishmand nigohi hamisha bizning vaziyatga qarashimizni tuzatishga yordam berardi, u hech qachon ko‘r-ko‘rona migrantlar yonini olmas, har bir holatni o‘rganar, chunki biron falokat yoki ko‘ngilsizlikka duchor bo‘lgan odamlar orasida mug‘ambirlar ham uchrab turishini yaxshi bilardi. U ko‘maklashgan, himoya qilgan, Rossiya otli bahaybat hissiz maxluqning changallaridan xalos qilgan odamlarni sanab sanog‘iga eta olmaysiz. Uning yordami hamisha bepul va bebaho edi. Migrantlar uning telefon raqamini “ehtiyot shart” deb bir-birlariga ulashardi, uni barcha Markaziy Osiyo mamlakatlarining elchixonalarida tanishardi, uni hurmat qilishar va undan hayiqishardi – bir jahli chiqsa, tutaqib ketardi-da. U mutlaqo hech nimadan qo‘rqmasdi. Qo‘rqmaydi ham. Binobarin, Rossiya kuchishlatar idoralari RFga kirishini taqiqlash bilan unjdan pastkashlarcha o‘ch olishyapti. Ammo bu bir yoki bir necha idoraning murakkab rejali harakati, ya’ni migrantlarga qarshi yalpi harakat boshlash oldidan huquqbonlarning payini qirqishga urinish emas... Bu ko‘proq organlardagi Valentina o‘z murojaatlari bilan bezor qilgan biron qorni katta amaldorning tuban qasosiga o‘xshayapti”.
“Bir yarim oy davomida har kuni meni so‘roqqa olib borishdi”
Chupik o‘z vatani O‘zbekistonda ham huquqbonlik faoliyati bilan shug‘ullangan va maxsus xizmatlar xodimlarining tahdidlariga yo‘liqqani tufayli mamlakatdan chiqib ketishdan boshqa chorasi qolmagandi.
27 - sentabr kuni Valentina Chupik O‘zbekistondan qochishga uni nima majbur qilganini “Nastoyashcheye vremya” telekanaliga so‘zlab berdi:
“Mendan dastlab xalqaro grantlardan 50 foiz “cho‘tal” berishimni talab qilishgan. Men pora bermayman, bir chaqa ham berganim yo‘q, bermayman, deb aytdim. So‘ngra mendan tashkilotni tugatishimni yoki ularga topshirishimni, buxgalterlikka ularning odamini tayinlashimni talab qilishdi. Men bunga oddiygina javob berdim: "Yo‘q, tashkilot buning uchun tuzilmagan. Men bu ishni qila olmayman". Qariyb bir yarim oy mobaynida har kuni so‘roqqa olib borishdi – kechqurun mashina kelar va men unga o‘tirib so‘roq bergani borardim. Tun yarimdan og‘gach, soat 1-2 larda javob berishar va men piyoda uzoq yo‘l bosib uyimga yetib olardim, chunki bu paytda ko‘chada transport bo‘lmasdi.
2006 - yil fevralda xizmat safaridan qaytishim bilan kutib olib, yerto‘laga tiqib qo‘yishdi. 38 soat tik oyoqda turdim. Urishgani yo‘q, lekin meni qanday o‘ldirishlari, tanamni qanday tilka-pora qilishlari yoki nomusimga qanday tajovuz qilishlari haqida gapirib o‘tirishdi. Qarindoshlaringni ham o‘ldiramiz, sening ko‘z oldingda o‘ldiramiz, deyishdi. Bu ish qo‘llaridan kelardi, chunki shunaqa qiynoq holatlar bo‘lgan, ular oz emas. Biroq bu 2006 - yilda bo‘lgan gaplar”.
Rossiyada shuncha yil yashab turib nega mamlakat fuqaroligini olmagani haqida Valentina Chupikdan o‘nlab marotaba so‘rashgan. Biroq u har safar bunga javoban, bir kun kelib O‘zbekistonga qaytishdan umidvorligini aytgan.
“Rossiya fuqaroligini olishni xohlamayman – men fuqarolik masalasida juda talabchan odamman, Rossiya o‘z fuqarolari, migrantlar, qolaversa qo‘shni mamlakatlar boshiga solayotgan kulfatlar uchun javobgar bo‘lishga tayyor emasman. Boz ustiga, Rossiya fuqaroligini menga shunchaki taklif etishgani yo‘q – olishga ko‘ndirmoqchi bo‘lishdi. Har xil deputatlik lavozimlariga nomzodimni qo‘yishimni taklif qilishdi. Holbuki fuqarolik olishim uchun asoslarim keragidan ham ortiq: Rossiya OTMlarida uchta qizil diplom olganman, rusiyzabonman, qochqin maqomidaman – ammo men bu mamlakat fuqarosi bo‘lsam, uni o‘zgartirishga harakat qilmasdan turolmayman. Rossiyani esa o‘zgartirish amri mahol. Buning uchun avvalo rossiyaliklarning o‘zlari nimanidir o‘zgartirishga urinib ko‘rishi lozim”, – deb yozgan edi Valentina Chupik migratsiya mavzusidagi telegram-guruhlardan birida (iqtibos guruh a’zolarining ruxsati bilan keltirilmoqda).
“U chet el fuqarolarining haqlarini keragidan ortiq g‘ayrat bilan himoya qilardi”
Valentina Chupikning hamkasblari va yaqinlari so‘nggi yarim yil davomida u tahdidli so‘zlar bitilgan SMS-xabarlar olganini bilishadi. Shuningdek, yarim yilcha muqaddam “Feysbuk”da kimdir uning sahifasi ustidan tinimsiz shikoyat qila boshladi: huquqbonning sahifasi bir necha marta bloklab qo‘yildi, bloklash muddati tugashi bilan yangi shikoyat borardi. “Tong jahoni” tashkiloti ofisi joylashgan bino sohibining huzuriga naq jinoyat-qidiruv bo‘limidan xodimlar kelishibdi – ammo, rost, bu Chupikning foliyati bilan bog‘liqmi yoki ijaradorning shartnomalarida biron ishkal bormi, huquqbonning hamkasblari bundan bexabar.
Huquqbon xorijga tez-tez chiqib turar, turli konferensiyalarga qatnardi. Avgustda Chupik ish yuzasidan Armanistonga uchdi, shuningdek u yerda COVID-19 ga qarshi emdorining birinchi dozasini oldi. Sentabr oyi oxirida ikkinchi dozani olish uchun bordi. Huquqbonning hamkasblari kuchishlatar xodimlar u jo‘nab ketganini qayd qilib, qaytishiga shay turishganini taxmin qiladilar. Qolaversa, Chupikning 25 - sentabr kuni tortib olingan qochqin guvohnomasi muddati har yili uzaytiriladi – oxirgi marta 2021 - yil mayda uni uzaytirish uchun borganida huquqni muhofaza qilish idoralarining unga hech bir e’tirozi bo‘lmagandi.
Valentina Chupikning ta’qib qilinishi sabablari xususida huquqbonlar hamjamiyatida hozircha faqat umumiy faraz bor: u chet el fuqarolarining haqlarini keragidan ortiq g‘ayrat bilan himoya qilardi. “Novaya gazeta yozishicha, “huquqbon, jumladan, mamlakatda qabul qilinayotgan mehnat migrantlari bilan bog‘liq qonun loyihalarini, ayniqsa ustida hukumat ish olib borayotgan migratsiya to‘g‘risidagi federal qonun loyihasi yangi talqinini keskin tanqid qilgan”.
Valentinaning o‘zi hamkasblari bilan telefon orqali suhbatida hujjatlari nega olib qo‘yilgani borasida ikkita talqin borligini aytgan: biri – rasmiy, ikkinchisi esa unga politsiyachilar bilan yuzma-yuz so‘zlashganida tilga olingan talqin.
Birinchisi protokolda yozib qo‘yilgan, ya’ni Chupik “ko‘ra-bila turib yolg‘on ma’lumotlar yoki soxta hujjatlar taqdim etgani uchun” qochqinlik maqomidan mosuvo etilmoqda.
“Meni taniydiganlar ko‘ngilni ozdirar darajada haqiqatparastligimni, yolg‘on gapirish tugul biror-nimani yashira olmasligimni yaxshi bilishadi. Men soxta hujjatlardan nafratlanaman, umr bo‘yi shularga qarshi kurashib keldim, shu bois, o‘ylaymanki, bu iddaolari g‘irt bo‘hton, – deya izoh bergan Valentina. – O‘z og‘izlari bilan aytganlari norasmiy va asl sabab shuki, meni IIVdagi tizimli korrupsiya haqida juda ko‘p gapirganim va migrantlarning qo‘lga olinishi bo‘yicha nihoyatda ko‘p shikoyat qilganim uchun jazolashdi. Go‘yo, Moskva hamda Peterburgning barcha politsiyachilari ustimdan arz qilishganmish, shu bois meni qochqin maqomidan mahrum etishgan emish.