Линклар

Шошилинч хабар
18 январ 2025, Тошкент вақти: 11:40

Motamsiz ko‘milganlar. Mirziyoyev nega o‘z xalqiga ta’ziya bildirmaydi?


Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohida.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxorodagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohida.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xorijdagi tabiiy ofatlar va texnogen falokatlar qurbonlariga birinchilardan bo‘lib hamdardlik bildiradigan dunyo rahbarlari sirasida. Ammo O‘zbekistonning o‘zidagi fojialarga kelganda, vaziyat boshqacharoq - Mirziyoyev nimagadir jim…

Nega keyingi paytda O‘zbekistonda ko‘paygan tabiiy yoki texnogen halokatlar yoxud hukumat sabab bo‘layotgan o‘limlar ortidan motam e’lon qilinmaydi?

Nega xorijdagi qayg‘uga hamdard Mirziyoyev o‘z yurtida is gazidan, xorijiy dori yoxud yo‘qchilikdan nobud bo‘layotgan bolalarni tilga olmaydi?

O‘zbekistonda jamoatchilik va ijtimoiy tarmoq faollari bot-bot tilga oladigan savollar bular.



So‘nggi yillarda O‘zbekistonda inson o‘limiga sabab bo‘lgan ko‘plab hodisalar, texnogen falokatlar qayd etildi.

Tarmoqlar tilga olgan hodisalarni sanaylik - bu ro‘yxat uzun va og‘ir:

  • 2024-yil 17-dekabrda Farg‘ona shahrida propan gaz shoxobchasida portlash, rasman 4 kishi o‘lgan.

  • 2024-yil 1 va 17-sentyabrda O‘zbekiston g‘aznasidan millionlab pul sarflangan “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz konida 2 ta portlash, rasman 4 kishi o‘lgan.

  • 2022-yil dekabrda Hindistondan keltirilgan “Dok-Maks” dori vositasidan zaharlanish, jami 68 bola o‘lgan.

  • 2022-yil iyulda Nukusda Konstitutsiya o‘zgartirilishiga qarshi tinch namoyishlar, rasman 21 kishi o‘lgan, 413 nafari jarohatlangan.

  • 2022-yil aprelda Jizzaxda sel, rasman 5 kishi o‘lgan.

2021-yil Namangan va Andijonda sel, rasman 10 kishi o‘lgan.

  • 2021-yil 21-yanvarda Toshkent viloyatida "Yangi-Angren" elektr stansiyasida portlash, rasman 3 kishi o‘ldi.

  • 2020-yil 1-mayda Sardoba suv omborida, rasmiylarga ko‘ra, texnogen fojia. Mintaqa tarixidagi eng yirik ofat. Rasman 6 kishi o‘lgan, 70 mingga yaqini ko‘chirilgan, 2 yarim mingdan ortiq uy-hovli yaroqsiz holga kelgan.

  • 2018-yilning yanvarida Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida borayotgan avtobusda yonib ketgan 52 o‘zbekistonlik fojiasi.
OzodNazar: “Doc-1 Max”нинг 65 қурбони; Ҳавоси ифлос пойтахт; Тиббиётга оид 46 фармон
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:43:57 0:00


Bu va shu kabi yirik fojialarning birortasida O‘zbekiston davlat rahbari shaxsan chiqib, hodisa yuzasidan o‘zbekistonliklarga hamdardlik izhor qilmadi. Mamlakatda rasman motam e’lon qilinmadi.

Vaholanki, jamoatchilik faollari va tarmoqlar tilga olingan holatlarning qariyb barchasida hukumatni motam e’lon qilish, fojia ko‘lamini tan olish va xalqqa hamdardlik bildirishga chaqirdi.

Shunday chaqiriqlardan so‘nggilari Farg‘onadagi propan gaz shoxobchasida bo‘lgan portlash hamda Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan “Dok-Maks” preparatidan o‘nlab bolalarning o‘limi munosabati bilan keskin va jiddiy yangradi.

Rasmiy ommaviy axborot vositalari ham bu kabi fojialarni yoritmaydi yoki yoritgan taqdirda ham qisqa va quruq xabarlar bilan cheklanadi.

Faqat mustaqil Internet nashrlari, jumladan Gazeta.uz nashri bu masalaga jiddiy yondashgan, xususan, Hindiston dorisidan nobud bo‘lgan 68 norasidaning har biri oilasi bilan suhbatlashib, ularning portretini hozirlagan va milliy motam e’lon qilish haqidagi talab bilan chiqqan edi:

“Kuchli davlat his-tuyg‘ularni namoyon etishdan qo‘rqmaydi. «Gazeta.uz» vafot etgan bolalar xotirasiga hurmat bajo keltirish hamda ularning o‘rnini to‘ldirib bo‘lmas yo‘qotishni boshdan kechirgan ota-onalari va qarindoshlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonda umummilliy motam e’lon qilinishi kerak, deb hisoblaydi”.

Tarmoq faollari va jamoatchilik vakillari, mustaqil internet nashrining bu chiqishlariga O‘zbekiston rasmiylari yoki shaxsan prezident ma’muriyati munosabat bildirmagan.

Muqaddam O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi va Rossiyadagi elchixonasida yuqori lavozimlarda ishlagan Alisher Taksanov, inson o‘limi, ayniqsa o‘nlab odam o‘limiga sabab bo‘lgan hodisalarda davlat rahbariyati albatta hamdardlik bildirishi yoki motam e’lon qilinishi zarur, deb hisoblaydi.


Sobiq diplomatga ko‘ra, bunday holatda har bir davlatda boshqaruv tizimida vakolatlar taqsimotiga ko‘ra, Qonunchilik organi, parlament motam e’lon qilishni taklif qilishi yoki prezident e’lon qilishi mumkin.

O‘zbekistonda esa bu mas’uliyat to‘liq prezidentda.

“Hammasi hokimiyat qanchalik obro‘li va qanchalik vakolatdor ekaniga bog‘liq. O‘zbekistonda motam kuni, albatta, prezident tomonidan e’lon qilinadi, parlament ham shunday huquqqa ega, lekin undan kamdan-kam foydalanadi. Prezident vaziyatga qarab 2, 3 kun, hatto 1 haftagacha motam e’lon qilishi mumkin. Masalan, poyezd halokati yoki metropolitendagi avariya, agar 2-3 kishi o‘lgan bo‘lsa ham motam kuni bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, bino qulab tushishi natijasida odamlar nobud bo‘lsa, terrorchilik akti sodir etilsa, samolyot halokatga uchrasa, tabiiy yoki, Sirdaryoda bo‘lganidek, texnogen fojia yuz bersa, zilzila yuz bersa – prezident motam kuni e’lon qilishi kerak. Chunki u xalq bilan birga bo‘lishi va hamdardligini bildirishi lozim. Shu bilan birga, moddiy, moliyaviy, psixologik yordam ajratadi, buning uchun hukumatning resurslari va imkoniyatlari bor”, deydi sobiq diplomat.

O‘zbekistonda mavjud qonunchilikda motam e’lon qilish mexanizmi qayd etilmagan.

So‘nggi bor O‘zbekistonda 2016-yilda - avvalgi prezident Islom Karimov vafot etganida 3 kunlik motam e’lon qilingan:

“2016-yilning 3-sentyabrdan O‘zbekiston respublikasida 3 kunlik motam e’lon qilish va motam marosimlarini butun respublika bo‘ylab o‘tkazishga qaror qiladi”.

O‘zbekistondagi so‘nggi motam qarorini, Islom Karimov o‘limi munosabati bilan tuzilgan va unga o‘sha kezda bosh vazir bo‘lgan Mirziyoyev rahbarligidagi komissiya qaror qilgandi.

Bunga qadar motam qarori marhum prezident Islom Karimov tomonidan 1999-yilning 17-fevralida olingan - Karimov maxsus farmon imzolagan edi.

O‘shanda O‘zbekiston va umuman Markaziy Osiyo mintaqasida ilk terrorchilik harakati kuzatilgan - Toshkentda 16-fevral portlashlari bo‘lgandi.

O‘zbekiston milliy motam e’lon qilish qonunchiligi yoki prezident, bosh vazirning favqulodda holatlarda xalqqa bayonot berish tartibiga oid huquq normativ nega hanuz ishlab chiqilmagani sabablari qorong‘i.

Ammo, mavjud amaliyot - sobiq sovet davrida yo‘llangan amaliyotni eslatadi.

Sobiq SSSR davrida e’lon qilingan milliy motam kunlari:

21—27-yanvar, 1924-yil - V.I.Lenin o‘limi,
6—9-mart, 1953-yil - I.V. Stalin o‘limi,
12—15-noyabr, 1982-yil - L.I.Brejnev o‘limi,
11—14-fevral, 1984-yil - Y.V.Andropov o‘limi,
11—13-mart, 1985-yil K.U.Chernenko o‘lim.

Ammo, sobiq sovet davrining so‘nggi yillarida e’lon qilingan ikki motam avvalgilaridan farqli va ular “Qayta qurish” yillarida e’lon qilingan: 10-dekabr, 1988-yil - Spitak zilzilasi hamda 5-iyun, 1989-yil - Ufada temir yo‘l halokati qurbonlari xotirasiga e’lon qilingandi.

SSSRning qulashi va postsovet hududida mustaqil respublikalarning shakllanishi sabab bo‘lgan “Qayta qurish” yillari boshlab bergan o‘zgarishlar - aynan milliy motam e’lon qilish amaliyotida - Markaziy Osiyoning qo‘shni respublikalariga ko‘chganini kuzatish mumkin.

Jumladan, qo‘shni Qirg‘izistonda so‘nggi chorak asr ichida kamida 7 marta, Qozog‘istonda 14 marta milliy motam e’lon qilingan:

Qirg‘iziston:

26-avgust, 2008-yil - Boeing 737 uchog‘i halokati,
7-oktyabr, 2008-yil - Oloy tumanida zilzila,
14-iyun, 2008-yil - Chingiz Aytmatovning vafoti,
30-iyul, 2020-yil - COVID-19 pandemiyasi,
1 — 2 may, 2021-yil - Qirg‘iz-tojik chegarasidagi nizo,
23-avgust, 2022-yil - Rossiyada 14 qirg‘izistonlik o‘lgan avtohalokat,
19-sentyabr, 2022-yil - Qirg‘iz-tojik chegarasida nizo.


Qozog‘iston:

2006, 2008-yillarda Lenin va Abay nomli shaxtalarda portlash ,
16-mart, 2010-yil Qizilag‘ash dambasining yorilishi,
5-iyun, 2012-yil «Arkankergen» postida mass-qotillik,
2012, 2013, 2019-yillarda 3 ta aviahalokat,
9-iyun, 2016-yil Aqto‘be terakt,
13-iyul, 2020-yil Qozog‘istonda COVID-19 pandemiyasi,
10-yanvar, 2022-yil Qozog‘iston bo‘ylab ommaviy noroziliklar,
12-iyun, 2023-yil Abay viloyatida o‘rmon yong‘inlari,
24-mart, 2024-yil «Krokus Siti Xoll» zalidagi terakt


"Biron favqulodda holat sodir bo‘lib, odamlar o‘lsa-yu prezident, Mirziyoyevmi yoki Toqayevmi, – chet mamlakatga hamdardlik bildirsa, bu boshqa narsa. O‘z xalqiga hech nima demasligi esa boshqa narsa. Biz o‘z prezidentlarimizning tezda qaror qabul qilishlarini va muammo hal etilishi uchun buyruq berishlarini istaymiz. Bizning Qozog‘istonda biron fojia yuz bersa, motam mavzusiga ayrim ijtimoiy fikr yetakchilarigina e’tibor beradi, xolos. Asosiy xalq esa ko‘proq davlatning reaksiyasi va moddiy yordam masalasi bilan qiziqadi va mana shu jihat ko‘p hollarda natija beryapti, ya’ni jamiyatga foydali bo‘lyapti", qozog‘istonlik sobiq diplomat Qazbek Beysebayev.

Бойсун фалокати: қиш яқин, халқ сарсон, беморлар аросатда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:26:13 0:00

Nimaga O‘zbekistonning qo‘shnilari mamlakat ahlini junbushga solgan hodisalarda motam e’lon qilib, hukumatlar xalqqa hamdardligini ifoda qilib, davlat bayroqlarini tushiradi-yu O‘zbekiston rahbariyatini buni qilmaydi?

Dastur boshida sanalgan favqulodda hodisalarning eng kam 2, ko‘pi bilan esa yuzga yaqin qurbonlari bor. Shikastlanganlar yuzlab, aholiga yetgan moddiy zarar milliardlab, ayniqsa Sardoba fojiasi yoki ketma-ketgan kelgan sellarda.

Bu halokatlarining ma’naviy zarari esa na hisoblangani va baholangani Ozodlikka ma’lum.

Sobiq dillomatga ko‘ra, aynan Markaziy Osiyoda buning sabablari - kishilar o‘limiga sabab bo‘layotgan sistemali muammolar, ko‘p hollarda davlat ishtirokidagi korrupsiyaga borib taqaladi.

“Keling, hamma narsani o‘z nomi bilan ataylik: bu korrupsiya. Davlat miqyosidagi korrupsiya. Men o‘ylashimcha, motam e’lon qilish – o‘z xatosini tan olish, demak. Motam e’lon qilinmagan, sababi, mening nazarimda, davlat “yuz bergan shu voqea bizning aybimiz bilan bo‘ldi”, deb tan olishni istamagani bilan bog‘liq. Ishoning, Qozog‘istonda va umuman dunyoning barcha mamlakatlarida hukumat o‘z xatolarini tan olishni xushlamaydi, bizning mintaqa hukumatlari esa tan olishni bilmaydi ham. Nachora, davlatimiz tabiati shunaqa”, deydi diplomat.

Garchi, O‘zbekiston rahbariyati, xususan prezidenti o‘z xalqiga hamdardlik izhor qilish yoki o‘z hududida yuz bergan ofatlar, texnogen fojialarda o‘z xalqiga hamdardligini, xuddi bayramlarda chiqib tabriklagani kabi, ochiq-oydin ifoda qilmagan bo‘lsa-da, xorijda hamdardlik yo‘llashda qo‘shnilariga yo‘l bermaydi.

Prezident ma’muriyatining rasmiy saytidagi xabarlar orasida eng ko‘p ko‘zga tashlagani aynan xorijga yo‘llangan hamdardlik mujdalaridir.

“O‘zbekistonning Ozarbayjon havo yo‘llari uchog‘i halokatga uchragani munosabati bilan hamdardlik bildirishi, bu - to‘g‘ri qadam, lekin prezident, masalan, Ukrainada bombalar ostida halok bo‘layotgan odamlar uchun hamdardlik bildirmasligi juda g‘alati. G‘azoda biron gap bo‘lsa – prezident gapiradi, biron mamlakatda, deylik Xitoyda avariya sodir bo‘lsa – gapiradi, hamdardlik izhor qiladi. Ammo prezident Shavkat Mirziyoyevning 3 yildan beri davom etayotgan urush xususida bir og‘iz bo‘lsa-da o‘z fikrini, nuqtai nazarini aytmasligi bu ikkinchi aspekt. Bu prezidentning boshqalar kabi hamdardlikka, siyosiy yoki sof ma’naviy daldaga muhtoj bir mamlakatga munosabatini ko‘rsatadi. Prezidentning sukut qilishi esa uning siyosiy infantillik darajasi yoxud aniq maqsadga yo‘naltirilgan siyosatidan darak beradi. Men mana shu holatni sira tushuna olmayman. Urush o‘z yo‘liga, biroq odamlar halok bo‘layotgan ekan, prezident o‘sha mamlakatga hamdardlik bildirishi va o‘z fikrini aytishi kerak”, deydi Alisher Taksanov.

Фарғонадаги портлаш гувоҳлари қурбонлар сони кўплигини айтмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:13 0:00


Sobiq diplomat qayd etganidek, O‘zbekiston prezidentining xorijga yo‘llayotgan hamdardlik mujdalarida ham davlatlarga alohida tanlov bilan yondashishi qayd etiladi.

Bunga Ukrainadagi vaziyat yaqqol misol. O‘zbekiston prezidenti shu kunga qadar bu davlatdagi urushni biror marta tilga olmadi.

Ya’ni, O‘zbekistonda ichidagi favqulodda holatlar, texnogen ofatlar yoki hukumat tuzilmalari aybi bilan sodir bo‘layotgan hodisalar va ularning qurbonlarini tan olishga korrupsiya, ma’naviy yoki moddiy tovon pulini to‘lashdan qochish sabab ko‘rilsa,
xorijga yo‘llanayotgan tanlangan hamdardlik mujdalari - rasmiy Toshkentda siyosiy irodaning sustligi yoxud eng kamida, millat manfaatidan ustun qo‘yilgan ortiqcha ehtiyotkorlik sifatida ko‘rilmoqda.

XS
SM
MD
LG