Turkiyaning Izmir shahridagi Ahmed Adnan Saygun san’at markazida 5-sentyabr kuni ellik nafar rassom va haykaltaroshning ijod namunalari ja’m bo‘lgan ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Onado‘li afsonalari” deb nomlangan hamda turkiyalik va xorijlik san’atkorlarning haykallari, barelyeflari, keramika va moybo‘yoq asarlari namoyish etilajak ko‘rgazma “Shohmoron” xalqaro san’at va adabiyot platformasi tomonidan tashkil etilgan.
Uch hafta davom etadigan ko‘rgazmaga o‘zbekistonlik taniqli shoir va siyosatchi Muhammad Solihning ham haykaltaroshlikka oid uchta asari qo‘yilgan.
Ko‘rgazma kuratori Nadire Guchsav xonimga ko‘ra, Muhammad Solihning san’at ixlosmandlari e’tiboriga havola qilinayotgan “Ukraina”, “Otaturkchi xotin” va “Oydin Solih portreti” deb nomlangan haykal va barelyeflarida kuchli hissiyot ustuvorlik qilib, ular stantdartlardan tashqari va original asarlardir.
“O‘zbekistonlik atoqli siyosat arbobi va san’atkor Muhammad Solihning bu ko‘rgazmada ishtirok etayotgani biz uchun katta sharafdir. Uni boshqa ko‘rgazmalarimizda ham kutib qolamiz”, dedi Izmirdagi ko‘rgazma kuratori Nadire Guchsav.
Umrining so‘nggi 31 yilini Turkiya va boshqa xorijiy davlatlarda kechirgan Muhammad Solih keyingi yillarda she’riyat va publitsistikadan tashqari rassomlik va haykaltaroshlik bilan ham jiddiy shug‘ullana boshlagani haqida Ozodlik avvalroq xabar qilgan edi. Muxolifatdagi “Erk” partiyasi asoschisining so‘nggi yillardagi faoliyati haqida hikoya qilingan “Muhammad Solih. Adashmagan haykallar” nomli videoesseni quyida tomosha qilishingiz mumkin: