"Bu darajadagi eng so‘nggi voqea yuz berganiga 10 yildan oshdi. Biz bugun anglashilmovchiliklarni bartaraf etganimiz barcha darajalardagi ikki tomonlama muloqotlarning rivojiga juda kuchli turtki berdi".
Bu bayonot shu kunda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Yenin tilidan yangradi.
19 - may kuni Toshkentda O‘zbekiston va Ukraina tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi, Shu kuni Toshkentda ishbolagan O‘zbekiston-Ukraina biznes forumi 20 - mayda Samarqandda davom etdi.
Ukrainalik va o‘zbekistonlik tahlilchilar rasmiy Kiyev vakillarining optimizmiga sherik bo‘lishga shoshilmayapti.
19 - may kuni Toshkentda O‘zbekiston va Ukraina tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning navbatdagi davrasi bo‘lib o‘tdi.
Vazir muovinlari darajasidagi so‘zlashuvlar
O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, maslahatlashuvlarda tomonlar delegatsiyalariga O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev va Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Yenin rahbarlik qilgan.
Uchrashuvda siyosiy, iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilinib, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashilgan.
Siyosiy maslahatlashuvlardan so‘ng tashqi ishlar vazirlarining o‘rinbosarlari O‘zbekiston-Ukraina biznes-forumning ochilish marosimida ishtirok etdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkentda o‘tgan mazkur biznes-forum ikki mamlakatdan 100 dan ziyod shirkat va korxona vakillari ishtirok etgan. 20 may kuni esa, biznes-forum Samarqand shahrida davom etdi.
Kiyev mulozimlari optimizmi
Ukraina tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Yevgeniy Yenin 19 - may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan so‘zlashuvlarni Kiyev-Toshkent munosabatlarida so‘nggi 10 yilda yuz bergan eng muhim voqea, deb ta’riflab turgan bir paytda Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi Mikola Doroshenko Tashqi ishlar vazirligidagi uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga oid qator masalalar muhokama etilib, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarida birgalikda qo‘yilajak odimlar belgilab olinganini bildirdi.
“Bu yerda gap, eng avvalo, O‘zbekiston hududida Ukraina ishlab chiqarish klasterlarini barpo etish, mahsulotni uchinchi mamlakatlarga eksport qilish imkoniyati haqida bormoqda”, deb yozdi Ukrainaning O‘zbekistondagi elchisi.
Kiyevning niyati yaxshidir, lekin...
Yevgeniy Yenin ham, Mikola Doroshenko ham Kiyev-Toshkent munosabatlarining istiqboliga favqulodda optimizm bilan qaramoqda.
Biroq ularning optimizmiga Ozodlik bilan suhbatda siyosiy sharhlovchi Tursun Qoratoyev ham, ukrainalik taniqli siyosatchi, Verxovnaya Rada deputati Mustafo Jamilev ham sherik bo‘lmadi.
Tursun Qoratoyevning fikricha, ukrain mulozimlarining bayonotlari Kiyevning Moskva bilan munosabatlari tarang bir vaziyatda Toshkentga qilingan diplomatik mulozamat, xolos:
“Ukraina mulozimlarining kechagi uchrashuvga yuqori bahosi Toshkent Moskvadan ko‘ra, Kiyevga yaqinroq bo‘lsaydi, degan istakdan kelib chiqqan baho deb o‘ylayman. Keyingi yillarda Ukraina Gruziya, Moldova bilan yaqinlashyapti. Toshkentni ham shu orbitaga tortishga urinishdir bu”.
Tursun Qoratoyev nazarida, agar Toshkent oldida Kiyev bilanmi yo Moskva bilanmi degan masala ko‘ndalang bo‘lsa, Toshkent, albatta, keyingisini tanlaydi.
"Putin Rossiyasi orbitasida"
Qrim tatarlar lideri, Verxovnaya Rada deputati Mustafo Jamilevning javobi Ukraina tashqi ishlari vaziri Yevgeniy Yenin tilga olgan “anglashilmovchiliklar” nima ekaniga oydinlik kiritadi.
“Kiyev-Toshkent aloqalarining biznes sohasida qandaydir olg‘a siljish bo‘lsa, bo‘lgandir, biroq umuman olganda O‘zbekistoning Ukrainaga nisbatan siyosatini do‘stona siyosat deb atash qiyin. Chunki O‘zbekiston Putin Rossiyasi orbitasidadir. Masalan, BMT Bosh assambleyasida Qrimning Rossiya tomonidan bosib olinishi masalasi ko‘rilganida, 100 davlat rimdan Rossiya harbiylari olib chiqib ketilishi talab qilingan rezolyutsiyani yoqlab ovoz berdi. Ammo O‘zbekiston betaraf turdi. Bosqinchi Rossiyaning Qrimdagi ma’muriyati tomonidan qrimliklar, xususan Qrim tatarlarining qatag‘on qilinishi masalasi ko‘rilayotgan paytda ham bir chekkaga chiqib oladi. Bunday pozitsiyani Ukrainaga do‘stlik, deya olmayman. Lekin munosabatlar yaxshilanyapti, deyishayotgan bo‘lsa, albatta, shunday bo‘lsin, deb suyunaman. Albatta, biz O‘zbekiston bilan juda iliq va yaxshi munosabatlar bo‘lishini istaymiz. Lekin bu munosabatlar prinsipial asoslar ustiga qurilishi lozim”, - dedi Mustafo Jamilev.
O‘zbekiston va Qrim masalasi
2014 - yilning 24 - martida O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Ukrainadagi vaziyat va Qrim masalasi yuzasidan rasmiy Toshkent pozitsiyasini aks ettirgan bayonot tarqatgan, undan Toshkentning, "yo‘q" deganda, Rossiya tomonidan Qrimning anneksiya qilinishini yoqlamagani anglashilgandi.
2014 - yilning martida esa, Rossiyaning Qrimni anneksiya qilganini qoralagan rezolyutsiyani 100 mamlakat qo‘llab-quvvatlagan, 11 mamlakat unga qarshi ovoz bergan va 58 mamlakat, jumladan O‘zbekiston betaraf qolgan edi.
Ukraina parlamenti Qrimning Rossiya tomonidan vaqtincha bosib olinish tarixining boshlanishi 2014 - yilning 20 - fevrali ekanini e’lon qilgan.
Joriy yilning 3 - mart kuni Ukraina tomoni O‘zbekistonni Qrim platformasida ishtirok etishga taklif qilgan edi. Bu haqda Ukraina Tashqi ishlar vazirligining rasman bildirishicha, tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Emine Japarova O‘zbekistonning Kiyevdagi elchisi Alisher Qurmonov bilan uchrashuvidan so‘ng e’lon qilingan.
Ukraina tomoni tarqatgan xabarga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida rasmiy Kiyev prezident Shavkat Mirziyoyevning Ukraina mustaqilligining 30 yillik tantanalarida ishtirok etishi va Qrim platformasi sammitida ishtirok etishi olqishlanishini bildirgan.
Qrim platformasi sammitida Rossiya tomonidan 2014 - yilda bosib olingan Qrim muxtoriyatidagi qrimtatarlar tilini rivojlantirish va qo‘llab quvvatlash, Qrim aholisi huquqlarini himoya qilish masalalari muhokama qilinadi.
Toshkent bilan Kiyev o‘rtasidagi "savdo urushlari"
O‘zbekiston-Ukraina savdo-iqtisodiy aloqalarida keyingi yillarda bir qator mushkulliklar kuzatildi.
2018 - yilning noyabrida O‘zbekiston Ukrainadan shakar sotib olishni to‘xtatdi. Bu haqda Ukraina Shakar ishlab chiqaruvchilar milliy assotsiatsiyasi -«Ukrtsukor» rasmiy saytida o‘sha yilning 30 - noyabrida ma’lum qilgan edi.
Bu voqea o‘sha yilning oktabrida avtomobil savdosidagi muammolar ortidan sodir bo‘lgan edi.
Ukraina xalqaro savdo mahkamalararo komissiyasi Ukraina avtomobilsozlar assotsiatsiyasi shikoyati asosida O‘zbekistondan yengil avtomobillar importiga nisbatan antisubsiditsion tekshiruvlarni boshlagan. O‘zbekiston bu tekshiruvni Ukrainaning o‘z bozoridan o‘zbek mahsulotlarini siqib chiqarish harakati sifatida baholagan edi.
O‘shanda Oliy Majlis deputatlari O‘zbekistonga Ukraina mahsulotlarining olib kirilishini cheklashni taklif qilgan edilar. Shundan so‘ng O‘zbekiston tomoni Ukrainada ishlab-chiqarilgan dori-darmonlarni bojxonda rasmiylashtirishni to‘xtatgan edi.
Davlat statistika qo‘mitasining 2021 - yilning 1-choragi yakunlariga oid hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston shu muddat ichida xorij davlatlariga eksport qilgan umumiy qiymati 87 million 400 ming dollarlik yengil avtomashinaning 1,5 million dollarlik qismi Ukrainaga to‘g‘ri kelgan. Qiyoslash uchun: Qozog‘istonga umumiy qiymati 82 million 600 ming dollarga teng bo‘lgan 8 468 dona avtomobil sotilgan.
Joriy yilning 1 - aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Ukraina sarmoyasi ishtirokida 129 ta korxona faoliyat yuritib kelmoqda, ulardan 72 tasi qo‘shma korxona bo‘lib hisoblanadi.