Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:17

Mustafo Jamilev: Qrimda raketalar portlayaptimi, demak, Ukraina uni unutmagan


Qrim-tatarlar lideri va Ukraina xalq deputati Mustafo Jamilev.
Qrim-tatarlar lideri va Ukraina xalq deputati Mustafo Jamilev.

Rossiya qamog‘i yomonroqmi yo armiyasi? Ommaviy qatag‘on sharoitida qanday jon saqlash mumkin? Qrimdan ketgan ma’qulmi yoki nima bo‘lsa ham ona tuproqda qolish kerakmi?

Qrim-tatar xalqi milliy lideri, Ukraina xalq deputati Mustafo Jamilev “Krim.Realii” bilan suhbatda shu va boshqa ko‘plab savollarga javob berdi.

“Ruslarga oid hamma narsa qrim-tatar xalqi va Ukraina uchun tahdiddir”

– Mustafo og‘a, suhbatimiz Qrim tatarlari o‘z ona yurtidan ommaviy deportatsiya qilinishining 80 yilligi arafasida bo‘lmoqda. Ilgari bu sana faqat qrim-tatar xalqiga daxldor sanalardi. Biroq 2014-yil voqealari va Rossiyaning to‘laqonli bosqini boshlanganidan so‘ng Ukrainaning millionlab fuqarolari o‘z uyi va ona tuprog‘idan ayrilib, qrim-tatarlar holiga tushishdi. Simferopoldagi motam mitinglarida qatnashganingizda deportatsiya muammosi butun mamlakat ko‘lamiga chiqadi, deb o‘ylaganmisiz hech?

– Bu qrim-tatar xalqi tarixidagi ikkinchi eng mudhish voqeadir. Birinchisi 1783-yilning aprelida bo‘lgan, ya’ni Qrimning ruslar tomonidan ilk daf’a bosib olinishi. O‘shanda juda ko‘p qrim-tatarlar mustamlakachi hukumat tazyiqi ostida o‘z vatanlarini tashlab, qo‘shni Usmonli imperiyasiga ko‘chib ketgan. Hozirda Turkiyada, turli ma’lumotlarga ko‘ra, 3 mln.dan 5 mln.gacha qrim-tatar aslli turk fuqarolari bor. Ya’ni, ular soni Qrimda yashovchi millatdoshlarimizga nisbatan o‘nlab marotaba ko‘p.

ЭКСКЛЮЗИВ: Мирзиёев. Қрим. Тоштурма
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:24:43 0:00

Ilk okkupatsiya davrida ruslar kelib joylashishi uchun tatarlar Qrimdan quvilgan bo‘lsa, ikkinchi deportatsiya va genotsiddan ko‘zlangan maqsad – yerli xalqni butkul yo‘q qilish bo‘lgan, deb o‘ylayman. Chunki qrim-tatarlar yoppasiga qirilib ketishi uchun sharoit hozirlangandi.

60-yillar miyonasida tadqiqot o‘tkazib, dahshatli raqamlarni aniqladik: deportatsiyadan keyingi dastlabki ikki yilda qrim-tatar xalqining taxminan 46 foizi nobud bo‘lgan ekan! Shu bois, Ukraina Oliy Radasi deportatsiyani genotsidga tenglashtirib mutlaqo adolatli ish qildi. 1944-yilgi deportatsiya qrim-tatarlarni nafaqat jismonan, balki ma’nan o‘ldirishni ham boshlab berdi. Bugun tilimiz yo‘q bo‘lib ketish arafasida, lekin, umid qilamanki, bunday bo‘lmaydi, chunki Ukraina uni saqlab qolish uchun sa’y-harakatlar qilmoqda.

– UNЕSCO qrim-tatar tiliga yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan til maqomini berganidan so‘z ochdingiz. Tan olish kerakki, Qrimda ham, Ukraina nazoratidagi hududlarda ham o‘z ona tilini bilmaydigan qrim-tatar yoshlari juda ko‘p. Sizningcha, bu muammoga yechim bormi?

– Til masalasi bizda rostdan ham, fojia. Hali aytganimdek, deportatsiyadan keyin qrim-tatar tilli maktablar umuman bo‘lmagan. Ona tilimizni faqat ota-onamizdan eshitganmiz va o‘rganganmiz. Men Qrimda tug‘ilishga ulgurganman, uyda ota-onam faqat o‘z tilimizda so‘zlashardi. Otam bizga rus tilida gapirishni taqiqlagani yodimda. Holbuki, maktabda barcha fanlar rus tilida o‘qitilar, bolalar ham o‘zaro rus tilida muloqot qilardik. Ammo otam qattiq turdi: “Odam tilida gapiringlar, hammaga tushunarli bo‘lsin”.

Biroq keyingi avlod – musofirchilikda tug‘ilgan bolalarning ona tili bo‘yicha bilimlari maishiy darajada qolib ketdi. Ular o‘z farzandlariga ona tilini o‘rtaga olmadilar. Shu bois, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bugungi kunda o‘z tilini biladigan qrim-tatarlar taxminan 20 foizni tashkil qilmoqda. Kimdir chala-chulpa biladi, ko‘pchilik mutlaqo tushunmaydi, bir og‘iz gapira olmaydi.

– Rossiyaning Ukrainaga to‘laqonli bosqini til masalasini aktivlashtirdi. Sizning pozitsiyangiz qanaqa: rus tilini ukrain, qrim-tatar va boshqa tillar uchun xavf deb hisoblaysizmi?

– Ruslarning nafaqat tili, balki ularga oid hamma narsa qrim-tatar xalqi va Ukraina uchun tahdid. Rossiya siyosatini bilamiz, ayniqsa til siyosatini. Bu siyosat ukrainlarni ham, qrim-tatarlarni ham ruslashtirishga qaratilgan. Ukrainlar deportatsiya qilinmadi, ular qrim-tatar xalqi ahvoliga tushgani yo‘q. Bizning boshimizga juda yomon kunlarni solishdi. Ammo hozir Ukraina hukumatining ukrain tilini chuqur o‘rgatish borasida qilayotgan ishlari, ukrain tili muhitini yaratayotgani juda yaxshi bo‘lyapti. Biz buni olqishlaymiz.

“Ota-onam sovetlarga qarshi gapirganida o‘zimni uxlaganga solardim”

– Deportatsiya sharoitida o‘zlikni qanday qilib saqlay olgansiz? Oilangiz Qrimdan deportatsiya qilingan paytda go‘dak bo‘lgansiz-ku. Millatingiz qrim-tatar, tilingiz esa qrim-tatar tili ekanini qanday anglagansiz?

– Qrim-tatar bolalarida dunyoqarash, asosan oila ichida shakllanardi. Shu bois ham sovet propagandasi unchalik ta’sir qilmasdi bizga. Biz hamma narsani boricha ota-onamizdan o‘rganardik. Stalin o‘lgan kunni yaxshi eslayman. Maktabda hamma ho‘ngrab yig‘lagan, faqat biz – kamsonli qrim-tatar bolalargina xursand edik.

“Barcha davrlar va xalqlar dohiysi”ning o‘limi karnaydan e’lon qilinganida uyda edim. Otam buni eshitib: “Axiyri to‘ng‘iz qo‘pibdi-da, mal’un!” degan edi. Shu kayfiyat bilan maktabga bordim, qarasam – o‘qituvchilar ham, o‘quvchilar ham oh-voh qilib yotishibdi. Miting bo‘ldi, “dohiy” vafoti munosabati bilan uch kunlik motam e’lon qilindi, uch kun dars bo‘lmas ekan. “Yashasin!” deb qichqirib yuborishimga sal qoldi.

Qrim haqidagi hamma gapni ota-onamizdan eshitardik. Katta oila bitta xonada tizilishib yotardik, ota-onamiz jiddiy gaplarni biz uxlagandan so‘ng gaplashishardi. Uxlamagan bo‘lsak-u, otam sovetlarga qarshi nimadir deb qo‘ysa, onam uni turtib: “Sekinroq gapiring, bolalar bor!” deb qo‘yardi. Biz Pavlik Morozov kabi otasini sotadigan chaqimchi emasdik, albatta. Lekin baribir bola edik, ko‘cha-ko‘yda chakki gapirib qo‘yishimiz mumkin edi. Shunaqa paytlar men ayyorlik qilib, o‘zimni uxlaganga solardim. Ota-onamning aksilsho‘roviy suhbatlari juda qiziq edi menga.

– Demak, sizning kim bo‘lib yetishishingizga oila ichidagi o‘sha ochiq suhbatlar ta’sir qilgan?

– Ha. Otamning yana bu gapi ham yodimda: “O‘g‘lim, hozir qaltis davr... Biz ota-onalar bolalarga nima qilish kerakligini ayta olmaymiz Hademay 14 yoshga to‘lasan, komsomolga kirishing shart bo‘ladi. Lekin, agar kirmaslik chorasini topsang, men juda xursand bo‘lardim”. Men, tabiiyki, otamni xursand qilish uchun komsomolga umuman kirmadim. 1965-yili institutdan haydaganlarida oqsoch professorlarimiz “bunga o‘xshagan yakkamoxovlarga sovet OTMsida o‘rin bo‘lmasligi kerak”, deyishgan edi.

“Sovet propagandasining misi chiqdi. Ozod etilganidan so‘ng Qrimda ham shunday bo‘ladi”

– Bugun ota-onalar farzandlariga urush haqida va Rossiya Qrimni anneksiya qilgani haqida gapirishlari kerakmi? Bolalikdan ularga haqiqatni so‘zlashlari kerakmi yoki hozircha bunaqa axborotdan to‘sgan ma’qulmi?

– Menimcha, vatandoshlarimiz bolalariga haqiqatni aytishyapti, hech bo‘lmaganda Qrimda, xonadonlarda bo‘lyapti shunaqa suhbatlar. Rossiya propagandasi hamma ovozlarni bo‘g‘adi, avlodlarni yo‘qotyapmiz, deb ayyuhannos solsalar kulib qo‘yaman. Deymanki, sovet propagandasi 70 yil bizga ishlov bergandi, ammo 2-3 yillik Qayta qurish davrida propagandaning misi chiqdi-ku. O‘ylaymanki, Qrim okkupatsiyadan ozod etilganidan so‘ng ham shunday bo‘ladi. Bundan ko‘nglim to‘q.

– Demak, bolalarga haqiqatni aytish kerak?

– Albatta. Aytish shart. Ayni chog‘da, ma’lum xatarlar bor. Qrimda bir voqea bo‘lgandi. 1-sentyabr kuni maktabda barcha o‘quvchilarga Rossiya bayroqchalari tarqatiladi. Bir qrimtatar bolakay bayroqchani yerga tashlab, toptaydi. Darhol ota-onasini chaqirishadi. Chunki bola tarbiyani uyda olgan, bunaqa kayfiyat oilada paydo bo‘lgan. Shuning uchun ham ota-onalar Rossiya haqida ochiqcha gapirishdan qo‘rqdilar, chunki oxiri voy bo‘lishi mumkin.

– Bobo sifatida nevarangiz bilan urush va anneksiya mavzusida, u nega Qrimda emas, Kiyevda katta bo‘layotgani haqida qanday gaplashasiz?

– Nabiralarimni oxirgi uchoq bilan Istanbulga jo‘natishga ulgurdim. Har kuni ular bilan gaplashaman. Qiz nabiram tez-tez so‘raydi: “Ukrainaga qachon qaytamiz?” deb. Unda ham Ukraina, ham qrim-tatar bayroqchalari bor. Ota-onasi juda yaxshi tarbiya berishyapti. Turk bog‘chasiga borishsa-da, Ukraina haqida ko‘p gaplashishadi. Yaqinda “Chervona kalina” qo‘shig‘ini kuyladi, juda yaxshi kuyladi, hatto televizorda ko‘rsatishdi.

“Rossiya armiyasiga borgandan ko‘ra qamoqda o‘tiring”

– Rossiya Qrimni anneksiya qilgach tarix takrorlandi. Endi Qrimdagi tatarlar va boshqalarga yana deportatsiya xavf solayotir, ammo bu “tinch” deportatsiya: shundoq shart-sharoit yaratilyaptiki, ular ko‘chib ketishga majbur bo‘lishmoqda. Bu holda qanday qilib jon saqlash mumkin?

– 2022-yili Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganida Qrimdan Rossiya armiyasiga chaqirilganlar ro‘yxati qo‘limizga tushib qoldi. Qrim-tatarcha familiyali kishilar nihoyatda ko‘p edi. Rossiya qrim-tatarlarni ular yaxshi jangchi bo‘lgani uchun emas, balki, qirilib ketishsin, deb urushga jo‘natyapti. Bosqinchilarning vazifasi – Qrimni tozalash, qrim-tatarlarning norozilik potensialini yo‘q qilish. Ammo ular ro‘yxatdagi hammani armiyaga olishga muvaffaq bo‘lisholmadi.

Yana bir narsani aytishim kerakki, qrim-tatarlar Qrimdan ko‘chib keta boshlaganlarida Rossiya bunga panja orasidan qaradi. Ruslarga shu kerak edi zotan. Ammo biz vatandoshlarimizga murojaatlarda Qrimni tark etmaslikka chaqirdik. Agar Rossiya armiyasiga tushsangiz, oldingizda ikki yo‘l bor: vatan xoini bo‘lib yashash yoki uyga qora yelimxaltalarda qaytish. Shunday ekan, urushga borishdan bosh torting. Muqarrar o‘limga jo‘nashdan ko‘ra Rossiya qamog‘iga ravona bo‘ling. Agar armiyaga bormaslik yo‘lini topa olmasangiz, frontda ilk imkoniyat tug‘ilgandayoq Ukraina Qurolli kuchlariga taslim bo‘ling, dedik.

Bugungi kunda 41 nafar qrim-tatar jasadi qoplarda uyiga qaytarilgani haqida ma’lumot bor. Shundan 22 nafari – maishiy moddalar bo‘yicha sudlanib, yangi muddat qo‘shish tahdidi bilan armiyaga jo‘natilgan odamlar. Okkupantlar va’da qilgan katta pulga uchib, urushga borganlar – atigi oltita. Qolganlar esa safarbarlikdan qocha olmagan bechoralar. Ammo bu to‘liq ma’lumot emas, chunki bedarak ketganlar juda ko‘p. Rossiya rasmiy statistikasiga ko‘ra, urush boshidan beri Qrimga 786 ta jasad kelgan.

– Ukraina QK safidagi qrim-tatar askarlari talafotlariga doir raqamlar ham bormi?

– Aniq raqamlarni bilmayman. Odatda shahidlarimizni o‘zimiz dafn qilamiz. Ukrain pravoslav qabristonlarida alohida joy ajratilgan. Chunki qrim-tatar farzandlari islom odatlariga ko‘ra dafn etiladi. O‘lganlarning ismlarini ochiqlay olmaymiz, chunki FSB darhol ularning Qrimdagi qarindosh-urug‘larini siquvga oladi.

– Ukrain armiyasida jami qancha qrim-tatar bor?

– Qrim okkupatsiyasidan so‘ng Ukrainaning materik qismiga o‘tgan barcha qrim-tatarlar Ukraina fuqarolari sifatida armiyaga chaqirilishi kerak, chaqirilyapti ham. Bundan tashqari, ikki maxsus harbiy bo‘linma tuzganmiz: Ukraina Mudofaa vazirligi huzuridagi Razvedka bosh boshqarmasi tarkibidagi qrim-tatar ko‘ngillilarining diversiya-razvedka guruhi hamda No‘mon Chelebijixon nomidagi ko‘ngillilar bataloni. Ikkisida taxminan 2 ming qrim-tatar xizmat qilmoqda.

Украинага босқин: 816-кун | Россия ва Қрим: Дронларнинг янги ҳужуми
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:15 0:00

Qul bo‘lib yashash yoki g‘ururni saqlab qolish haqida

– Qrim anneksiya qilingan va yarimoroldan “tinch” deportatsiya davom etayotgan, odamlar yo Ukraina, yo Rossiya armiyasi safida jang qilishiga to‘g‘ri kelayotgan ekan, xalq qanday jon saqlay oladi?

– Agar Qrim ozod etilmasa, xalqimizning istiqboli bo‘lmaydi. Qaysi yurtda odamlar o‘z zaminiga raketalar uchib kelsa va bombalar portlasa xursand bo‘ladi? Lekin qrimliklar xursand. Chunki aqllari yetadi: Qrimda ukrain raketalari portlayotgan ekan, demak, Ukraina ularni unutmagan; Qrim ustida va Ukrainaning bosib olingan boshqa hududlari ustida okkupantlar bilan muzokara bo‘lmaydi. Eng muhimi, odamlar Qrim ozod etilmasa, kelajaklari bo‘lmasligini juda yaxshi tushunishadi.

– Qrim ahli nima qilsin: ketsinmi, qolsinmi? Qoladigan bo‘lsa, o‘zligini qanday asraydi?

– Qrimliklar shiori bunday: “Yashasang, o‘z Vataningda yasha!” Ajoyib shior, lekin yashash bilan yashashning farqi bor. Masalan, bosqinchilarga bo‘yin egib, quldek yashash mumkin. Boshqa yo‘l ham bor – insoniy milliy g‘ururni saqlab qolish. Xavfliroq, ammo haq yo‘l. 2014-yilga qiyoslaganda, qrim-tatarlar orasida kollaborantlar (ruslar bilan hamkorlik qilayotganlar-tahr.) soni oshmayapti. Chunki xalq ulardan jirkanadi. Bosqinchilarning malaylari bilan hech kim bir dasturxonga o‘tirmaydi.

Menga bir voqeani aytib berishgandi. To‘yga mehmonlar kelishadi, yosh yigitlar, qarashsa – bitta stolda kollaborant o‘tirgan ekan. Yigitlar to‘y egasini chaqirib: “Bizni nega chaqirding? Unaqa odam o‘tirgan joyda bizga nima bor?” deyishadi. To‘y sohibi: “U uzoq qarindoshim, taklif qilishga majbur bo‘ldim”, deb javob beradi. “Unda mayli, – deyishadi yigitlar, – qarindoshing bilan o‘tkazaver to‘yingni. Biz ketdik”. To‘y egasi ularni to‘xtatib, kollaborant yoniga boradi va qulog‘iga nimadir deydi. U esa o‘rnidan turib, to‘yxonani tark etadi. Qarang, uning stolida o‘zidan boshqa hech kim yo‘q edi, shumshayib yolg‘iz o‘tiruvdi. Basharasiga tuflashmadi, jag‘iga solishmadi. Nafratlarini shu tariqa izhor qilishdi. Bu, albatta, millat sog‘lom saqlanishi uchun juda muhim.

– Siz taniydigan va tanimaydigan qrimlik tatarlarni Rossiyaga xizmat qildirayotgan qanaqa motivatsiya bor?

– Yanukovich iqtidorga kelganida butun davlat apparatini qrim-tatar vakillaridan tozalashni boshladi. Ularni “majlischilar” (Qrim-tatar xalqi Milliy Majlisi a’zolari nazarda tutilmoqda – tahr.) deb atay boshladilar. Bo‘shatilganlar o‘rniga ruslar yoki Yanukovichning ta’biga yoqqan qrim-tatarlar keldi. Xullas, Yanukovich o‘shanda amal bergan odamlarning bari, istisnosiz, hammasi bugun bosqinchi Rossiyaga xizmat qilyapti. Kimdir o‘z ixtiyori bilan o‘tgan bo‘lsa, kimlardir pul va shantaj bilan og‘dirib olingan. G‘oyaviy motivatsiya yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas.

“Qrim tatarlari Ukraina QK kelishiga jiddiy hozirlanishmoqda”

– Qrim okkupatsiyadan ozod bo‘lishi istiqbolini ko‘ryapsizmi? Eng ehtimol yo‘l qaysi: harbiy kuchmi yoki diplomatiya?

– 2014-yildan beri aytaman: Qrim albatta ozod qilinadi, ammo diplomatik yo‘l bilan. Chunki, jang qilinadigan bo‘lsa, Qrim Mariupol kabi kimsasiz orolga aylanishi mumkin.

Biroq Rossiya Qrim muhokama qilinmaydi, deb turib olgan, go‘yo konstitutsiyaga binoan “Rossiya hududi” emish. Keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan bir hafta o‘tib Rossiya-Ukraina muzokaralari bo‘lgan edi. Yakuniy hujjatda har bir tomon o‘z istaklarini yozdi. Bizning urushni to‘xtatish bo‘yicha shartlarimiz quyidagilar edi: ruslar 2022-yil 24-fevralgacha bo‘lgan chegaraga qaytishadi, Qrim va Donbassning maqomi bo‘yicha muzokara boshlaymiz, Rossiya va Ukraina muzokara jarayoni mobaynida ushbu hududlarni ozod etish uchun kuch ishlatmaslik majburiyatini zimmasiga oladi. Shartlarni o‘qiganimizda Rossiya vakillari “muzokara uchun 15 yil vaqt berasizlar”, deyishdi. Barcha kameralar menga qaratildi: siz nima deysiz? Nafaqat turk va ukrain medialari, balki jahon OAVlaridan ham jurnalistlar bor edi u yerda.

Men bu shartga mutlaqo qarshi edim. Taxminan shunday dedim: Rossiya Qrimning maqomi bo‘yicha muzokaraga rozi ekan, bu Qrim Rossiya hududi emas, balki okkupatsiya qilingan hudud hisoblanadi va 1949-yilgi Jeneva Konvensiyasiga binoan u yerda Ukraina qonunlari va Ukrainada mavjud demokratik huquqlar amal qilishi kerak. Bu huquqlar bo‘lsa, har bir inson fikrini erkin bildira olsa, Qrimni ishg‘oldan xalos qilish uchun 15 yil emas, ko‘pi bilan 6 oy yetarli.

Bu gapdan so‘ng, ertasiga Putin Peskovning og‘zi bilan aytdiki, Qrim xususida hech bir muzokara bo‘lmas emish. Demak, hozircha yagona yo‘l – qurol kuchi bilan ozod qilish. Ammo, o‘ylaymanki, Ukraina armiyasi Qrim ostonasiga yetib borsa, Rossiyaga yana bir marta muzokara taklif qilamiz, lekin bu muzokara Rossiya qo‘shinlarini Qrimni talafotsiz va jangsiz tark etishi haqida bo‘ladi.

– Rozi bo‘lishmasa-chi?

– Jang qilamiz. Boshqa chora yo‘q.

– Ya’ni, siz aytgandek, Qrim Mariupolga aylanishi ehtimoli bor ekan-da?

– Unchalik bo‘lmaydi, deb o‘ylayman. Qrim tatarlari Ukraina harbiylari yarimorolga kelishiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishyapti. Armiyamiz Qrimga yaqinlashgach, ular harakatni boshlashadi. Harbiy ta’lim olishmagan, qurol-aslahalari kam, lekin baribir ular Ukrainaga kuchli dastak bera olishadi. Bu haqda Budanovga (Ukraina MV Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i – tahr.) ham aytganman.

Украинага босқин: 558-кун | Самарқандлик йигит Украина Мудофаа вазири этиб тайинланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:37 0:00

– Qrim ozod etilgach, adolatni tiklash uchun birinchi navbatda nima qilish kerak?

– Tabiiyki, darhol lustratsiyani boshlash lozim. Ochiq manbalar orqali allaqachon ro‘yxat tuzib qo‘yganmiz. Qrimdagi barcha kollaborantlar zudlik bilan zararsizlantirilishi kerak. Otib tashlash shart emas, ammo jamiyatdan ihotalansa, bas. Ukraina qonunlariga ko‘ra, davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish – jinoyat. Shunday ekan, okkupatsiyadan so‘ng Qrimga ko‘chib kelgan salkam bir million rossiyaliklar yarimoroldan chiqib ketadilar.

– Qrim anneksiyasi takrorlanmasligi uchun bugun nima(lar) zarur, deb o‘ylaysiz?

– Rossiyadek yirtqich qo‘shni bor ekan, takrorlanmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Putin rejimi qulab, Rossiya parchalangan taqdirdagina bexavotir bo‘lamiz. Tinchlik qaror topishi uchun Rossiya, xuddi fashistlar Germaniyasi kabi namoyishkorona sud qilinishi lozim, deb hisoblayman.

Bilasizmi, Istanbulda kechgan muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi tarkibida Roman Abramovich ham bor edi. U Rustam (Umarov, hozirgi mudofaa vaziri) orqali men bilan yolg‘iz uchrashishni istadi. “Hilton”da ko‘rishib, gaplashdik. Men ko‘nglimdagi bor gapni to‘kib soldim, xususan, Putinning jinoyatlariga har bir rossiyalik sherik, uni hokimiyatga sizlar keltirgansizlar, dedim.

Shunda Abramovich qiziq gap aytdi: “Bilasizmi, fashistlar Germaniyasidagi vaziyat ham taxminan shunday edi. Lekin bir necha o‘n yil o‘tib, Germaniya havas qilsa arzigulik demokratiyaga aylandi. Chunki ma’lum vaqt mamlakat tashqaridan boshqarilgan edi. Rossiyada ham tashqi boshqaruv bo‘lmas ekan, putinizm, rus fashizmi baribir bosh ko‘taraveradi”.

“Bu gapni Putinga ham aytganmisiz?” desam, miyig‘ida kuldi: “Qo‘ysangizchi”.

XS
SM
MD
LG