Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 11:53

“Musulmon birodarlar”ni qamagan Tojikiston endi salafiylikda gumonlanayotganlarni sud qilmoqda


Tojikiston bosh prokurori Yusuf Rahmon, 12 - may 2018
Tojikiston bosh prokurori Yusuf Rahmon, 12 - may 2018

Tojikistonda taqiqlangan salafiylik harakatiga a’zo bo‘lgani gumon qilinayotgan 18 nafar shaxs ustidan yopiq sud jarayoni boshlandi. Rasmiylar sudlanuvchilar va ularga qo‘yilgan ayblovlar to‘g‘risida deyarli ma’lumot bermayapti.

Bundan ikki oy oldin mamlakat Oliy sudi yana bir taqiqlangan islomiy guruh – “Musulmon birodarlar” (Ihvonul-muslimiyn) tashkilotiga aloqadorlikda ayblangan 119 kishini qamoq jazosiga hukm qilgan edi.

Tojikiston rasmiylari Dushanbedagi dunyoviy hukumatni ag‘darish va asosan musulmonlar yashaydigan mamlakatni beqarorlashtirishga intilayotgan diniy ekstremistik guruhlar “jiddiy tahdid” solishi haqida tez-tez ogohlantirib turadi.

Ammo tanqidchilar hukumatni har qanday muxolif harakat va muxolifatning oddiy a’zolariga qarshi kurashni oqlash uchun tahdidlarni bo‘rttirib ko‘rsatishda ayblab keladi.

Tojikistonda gumon qilinayotgan ekstremistik guruhlarga qarshi reydlar, gumonlanuvchilarni hibsga olish va ularni sud qilish jarayonlari ko‘pincha sir saqlanadi.

Salafiylik harakatiga a’zo bo‘lishda gumonlanayotganlarning barchasi Tojikiston shimolidagi Bobojon G‘ofurov tumanida yashaydi. Ular fevral oyida politsiya reydi davomida hibsga olingan.

Bobojon G‘ofurov tumanidagi sud binosi
Bobojon G‘ofurov tumanidagi sud binosi

12 - iyun kuni boshlangan sud oldidan sudlanuvchilarning qarindoshlari ular salafiylar harakati yoki boshqa diniy ekstremistik guruhlar bilan aloqada bo‘lganini rad etishdi. Ular, shuningdek, politsiyani gumonlanuvchilarni aybiga iqror bo‘lishga majburlash uchun qiynoqqa tutishda aybladilar.

Inson huquqlari bo‘yicha yetakchi advokat, “Perspektiva+” inson huquqlari guruhi rahbari Oynihol Bobonazarovaning aytishicha, sudlanuvchilar hibsda ushlab turilgan dastlabki besh kun davomida ularga advokatlar bilan uchrashish imkoniyati berilmagan.

“Tojikistonda gumonlanuvchilar tergovga qadar hibsxonalarda qiynoqqa solinishi odatiy holdir. Qiynoqlardan keyingina rasmiylar hibsga olinganlarga advokat bilan uchrashishga ruxsat berishadi”, dedi Bobonazarova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sudlanuvchilarning kamida bittasi sudda bosim ostida aybiga iqror bo‘lganini aytgan.

Ozodlik 18 ayblanuvchiga qanday ayblovlar qo‘yilgani va So‘g‘d viloyatida davom etayotgan sud jarayoni haqida ma’lumot ololmadi.

“Musulmon birodarlar” harakatiga a’zo bo‘lishda gumon qilinganlarga ekstremistik guruh tuzish, terrorchilik faoliyatini moliyalashtirish va ekstremizmni targ‘ib qilish ayblovlari qo‘yilgan edi.

8 - aprel kuni yakunlangan ushbu sud jarayonida ayblanuvchilar uch yildan 23 yilgacha bo‘lgan qamoq jazosiga hukm qilindi.

Sudlanganlar orasida universitet professorlari, maktab o‘qituvchilari, shifokorlar, advokatlar, talabalar va diniy arboblar bor. Ular 2020 - yil boshida viloyat bo‘ylab o‘tkazilgan qator reydlar davomida hibsga olingan. Gumonlanuvchilarning barchasi o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni rad etdi.

Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash

Tojikistonda 18 ta guruh terrorchi va ekstremistik tashkilot sifatida taqiqlangan. Ular orasida “Islomiy davlat”, “O‘zbekiston islomiy harakati”, “Tolibon” va “Al-Qoida” guruhlari bor.

Taqiqlangan tashkilotlar orasida, shuningdek, “Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi” ham bor. Ushbu muxolif partiya a’zolari soni bir paytlar 40 mingtaga yetgan edi. Ayrim a’zolari ilgari parlamentda ish olib borgan partiya 2015 - yilda terror guruhi deb topildi va man etildi.

Partiya “terrorchilik” yoki “ekstremistik” aloqalari yoki niyatlari yo‘qligini ta’kidlab keladi.

“Guruh-24” dunyoviy muxolifat harakati 2014 - yilda aholini hukumatga qarshi namoyishga chiqishga chorlaganidan keyin, “ekstremistik” tashkilot sifatida taqiqlandi.

“Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi” va “Guruh-24” avtoritar prezident Imomali Rahmon hukumatini ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashni bahona qilib, siyosiy muxoliflar, jurnalistlar va faollarni nishonga olishda ayblab keladi.

Tanqidchilar, shuningdek, hukumatning terrorizmga qarshi kampaniyasida ko‘plab tinch musulmon nishonga olinayotganini aytmoqdalar.

Ammo hukumat diniy ekstremizm tahdidi haqiqiy ekani va so‘nggi yillarda Tojikistonda tez sur’atlar bilan o‘sib borayotganini ta’kidlamoqda.

Pandemiya arafasida bosh prokuror Yusuf Rahmon (prezident bilan hech qanday aloqasi yo‘q) Tojikistonda 2019 - yilda ekstremizm va terrorizm bilan bog‘liq 1029 ta jinoyat qayd etilgani va bu ko‘rsatkich oldingi yilga nisbatan 30 foizga ko‘pligini ta’kidlagan edi.

Rahmon, shuningdek, rasmiylar xorijiy terrorchi tashkilotlar bilan aloqadorlikda yoki go‘yoki xorijda terror guruhlari safida jang qilganlikda gumon qilingan 395 nafar Tojikiston fuqarosiga qarshi jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini aytdi.

Rahmon salafiylik tarafdorlari deb gumon qilinganlarga qarshi yana 214 ta tergov ishi ochilganini qo‘shimcha qildi.

Shuningdek, u Tojikiston qamoqxonalaridagi terrorizm va ekstremizm bilan bog‘liq faoliyat haqida gapirdi. Rahmon qamoqxonalardagi 29 ekstremistik hujayra rahbarlari “javobgarlikka tortilganlarini” aytdi, ammo boshqa tafsilotlarni bermadi.

Ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda 2020 - yil boshida alohida bayonot berib, oldingi yilda ekstremistik va terrorchi harakatlarga a’zo bo‘lishda gumonlanayotgan 161 nafar shaxs hibsga olinganini e’lon qildi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ulardan 81 nafari “Islomiy davlat” guruhiga a’zo bo‘lgan, 54 nafari salafiylarga qo‘shilgan.

Hukumatning ta’kidlashicha, 2000 ga yaqin tojikistonlik Suriya va Iroqda “Islomiy davlat” saflariga qo‘shilgan. Guruhning Afg‘onistondagi bo‘limi va boshqa jangari guruhlar saflarida yana o‘nlab tojikistonlik jangari borligi aytildi.

“Islomiy davlat” Tojikistonda 2018 - yilning noyabrida Xo‘jand qamoqxonasida va 2019 - yilning may oyida Vahdat qamoqxonasida sodir bo‘lgan qonli tartibsizliklar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. Rasmiylarning aytishicha, tartibsizliklarda 50 dan ortiq mahbus va besh nafar qamoqxona noziri halok bo‘lgan.

Ekstremistik guruh, shuningdek, 2018 - yil iyul oyida Tojikiston janubida amalga oshirilgan va to‘rt nafar g‘arblik velosipedchi o‘limiga sabab bo‘lgan terakt ortida turganini da’vo qildi.

Ammo Tojikiston rasmiylari bu da’voni rad etib, “Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasi” izdoshlarini aybladi. Partiya hukumatning bu da’vosini “surbet va mantiqsiz tuhmat”, deb ta’riflab, hujumga aloqasini qat’iyan rad etdi.

XS
SM
MD
LG