Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:46

Musulmon mamlakatlar Isroilni va bir-birini tanqid qildi


Yakshanba kuni musulmon davlatlar ligasi Isroildan tinch falastinliklar o‘limiga sabab bo‘layotgan hujumlarini to‘xtatishni talab qildi.

57 mamlakatdan iborat Islomiy hamkorlik tashkiloti bayonot e’lon qilib, falastinliklarning o‘z davlatlariga ega bo‘lish istaklarini qo‘llashini bildirdi. Bir necha o‘n yildan beri falastinliklar o‘zlari uchun poytaxt Sharqiy Quddus bo‘lgan davlat barpo etish uchun kurashib keladi.

Biroq guruhga a’zo ayrim davlatlar Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish bitimlarini imzolagani hamda ayrim musulmon mamlakatlarning "Hamas" guruhi bo‘yicha xavotirlari tufayli diplomatlar bir-birlarini aybladilar.

"Bugungi kunda falastinlik bolalar qirg‘in qilinayotgani normallashuv iddaolari ortidan amalga oshirilmoqda", dedi Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif.

"Ushbu jinoiy va genotsidchi tuzum do‘stona muomala uning shafqatsizligini yanada kuchaytirayotganini yana bir bor isbotladi", deya qo‘shimcha qildi u.

Ayni damda Isroil va "Hamas" o‘rtasida so‘nggi marta 2014 - yilda sodir bo‘lgan urushdan beri eng shiddatli to‘qnashuvlar kechmoqda.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, Isroil tomonidan G‘azoga yo‘llangan aviazarbalar oqibatida kamida 192 nafar falastinlik, shu jumladan, 58 nafar bola o‘lgan. G‘azodan uchirilgan 3 mingdan oshiq raketa hujumidan esa Isroilda 10 kishi halok bo‘lgan.

Islomiy hamkorlik tashkiloti o‘z bayonotida Isroilni musulmonlarning uchinchi muqaddas masjidi hisoblanuvchi Al-Aqso masjididan foydalanishiga to‘sqinlik qilmaslikka, shuningdek, falastinlik oilalarni o‘z uylaridan zo‘rlik bilan haydab chiqarishni to‘xtatishga chaqirdi.

Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Muhammad Hanif Atmar:

"Falastin xalqi qismati bugungi kunda islom dunyosining qonayotgan yarasidir", dedi.

Ammo video anjumanda ba’zi delegatlar o‘tgan yili Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha kelishuv imzolagan Bahrayn, Marokash, Sudan va Birlashgan Arab Amirliklari kabi musulmon davlatlarni tanqid qildilar.

Misr va Iordaniya oldinroq Isroil bilan tinchlik bitimlarini imzolagan edi. Musulmon mamlakatlari vakillari mustaqil Falastin davlati tuzilishidan oldin Isroilni tan olgan mamlakatlarni tanqid qilishdi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li Zarifga qo‘shilib, Isroil bilan munosabatlarini normallashtirgan mamlakatlarni qoraladi. Shu o‘rinda aytish joizki, Isroil Anqara bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan.

"Axloqiy kompasini yo‘qotgan va Isroilni qo‘llayotganlar bor. Agar o‘z oilamiz ichida chala bildiruv e’lon qilsak, qanday qilib boshqalarni tanqid qilishimiz mumkin? Bizning so‘zlarimizni kim jiddiy qabul qiladi?", dedi u.

Zarif esa Isroilni "genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarda" aybladi.

2007 - yilda G‘azoda hokimiyatni qo‘lga kiritgan "Hamas" guruhi anjumanda qatnashmadi.

Arabiston yarim orolidagi janglarga turlicha munosabat bildirildi. Qatarda shanba kuni kechqurun "Hamas"ning yuqori lavozimli rahbari Ismoil Haniyaning nutqini tinglash uchun yuzlab odam to‘plandi. Xabarlarga ko‘ra, shanba kuni Kuvayt parlamenti raisi hamda Qatar tashqi ishlar vaziri Haniya bilan suhbatlashgan.

Ayni paytda, Bahrayn va Birlashgan Arab Amirliklarida hukumatga aloqador ommaviy axborot vositalari mintaqadagi boshqa tarmoqlar singari zo‘ravonlik avj olganini muntazam yoritmayapti.

XS
SM
MD
LG