Линклар

Шошилинч хабар
15 ноябр 2024, Тошкент вақти: 17:50

Myanmada davlat to‘ntarishi amalga oshirildi – hokimiyat harbiylar nazorati ostiga o‘tdi


Aun San Su Chji
Aun San Su Chji

Myanmada harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi. Mamlakat harbiylari bir yilga favqulodda vaziyat tartibini joriy etishib, hokimiyat jilovini Qurolli kuchlar qo‘mondoni Min Aung Xlayn qo‘liga topshirishdi. Bu haqda Associated Press va Reuters agentliklari xabar qilishdi.

Hodisa ortidan Myanmada telefon aloqasida uzilishlar boshlangan, hukumat televideniye va radiosi esa efirlarini to‘xtatishgan.

Mamlakatning asosiy shahri bo‘lgan Yangon ma’muriyati binosi oldiga ko‘plab askarlar joylashtirilgan, u yerda harbiy yuk mashinalarini ham ko‘rish mumkin.

1 - fevral tongida Myanmadagi hukmron partiya bo‘lmish “Demokratiya uchun milliy liga” rahbari, mamlakatning fe’lan lideri bo‘lgan Aung San Su Chji, Myanma prezidenti Vin Min hamda boshqa siyosiy rahbarlar qo‘lga olinganlar.

Harbiylar yuqori lavozimli amaldorlar 2020 - yil noyabrida o‘tkazilgan parlament saylovi chog‘idagi qallobliklar uchun hibsga olinganini bildirganlar.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha saylovda “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi parlamentda 396 ta o‘ringa ega bo‘lib, hukumat tuzish huquqini qo‘lga kiritgan, harbiylar tomonidan dastaklangan “Ittifoq birdamligi va taraqqiyoti” partiyasi esa 33 ta o‘rinni egallay olgan, xolos. Shundan so‘ng harbiylar saylovning nolegitimligi haqida gapira boshlaganlar.

O‘tgan hafta Myanma Qurolli kuchlari qo‘mondoni, agar qonunlar bajarilmaydigan bo‘lsa, konstitutsiyani bekor qilish bilan tahdid qilgandi. Mamlakat konstitutsiyasiga muvofiq, har ikki palatadagi deputatlik o‘rinlarining chorak qismi harbiylarga ajratilishi lozim.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Myanmada siyosiy liderlar qo‘lga olinganini qoraladi hamda mamlakat harbiy rahbariyatini xalq irodasini hurmat qilishga, demokratik me’yorlarga amal qilishga va ixtiloflarni muloqot yo‘li bilan hal qilishga chaqirdi.

Avstraliya, Hindiston va AQSh tomonidan ham shu kabi chaqiriqlar yangradi.

Myanmada 1962 yildan beri bir necha o‘n yil davomida harbiy diktatura hukm surgan. Mamlakatda demokratik o‘zgarishlar 2011 - yilda boshlangan. Mazkur o‘zgarishlar timsoli Nobel tinchlik mukofoti sohibasi, hayotining 15 yilini uy qamog‘ida o‘tkazgan Aun San Su Chji bo‘lib hisoblangan.

Biroq so‘nggi yillarda bu siyosatchi, xususan, mamlakatda rohinja musulmonlari haqlari toptalayotgani munosabati bilan ham ko‘p tanqidga uchragan.

So‘nggi ikki yil ichida ta’qiblar tufayli Myanmadan Bangladeshga 750 mingdan ziyod musulmon-rohinja qochib o‘tgan. BMT bu ta’qiblarni genotsid o‘laroq malakalagan.

XS
SM
MD
LG