Линклар

Шошилинч хабар
21 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:18

Namanganda ota turmushga chiqishni rad qilgan qizini o‘ldirdi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani sudi o‘z qizini o‘ldirgan otani 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish haqida hukm chiqargan.

Kun.uz nashrining sud hujjatlariga tayangan holda yozishicha, mudhish jinoyat 2024-yilning 12-iyun kuni To‘raqo‘rg‘on tumani Isvaxon mahallasida sodir etilgan.

1974-yilda tug‘ilgan M. E. shu kuni soat 7:00 larda o‘z yashash xonadonida 2002-yilda tug‘ilgan qizi D. U.ni ro‘mol bilan bo‘g‘ib o‘ldirgan. Bunga qizi unashtirilgan yigitga turmushga chiqishni rad qilgani, boshqa yigit bilan gaplashishini aytgani sabab bo‘lgan.

Sud hujjatlari qayd etilishicha, bir necha daqiqa ro‘mol bilan qizini bo‘g‘ib turgan ota u o‘lmaganini ko‘rib, qo‘llari bilan bo‘g‘ishni davom ettirgan. Qizning joni uzilgach, xotini ishdan kelib qo‘rqib ketmasligi uchun farzandining murdasini uy yerto‘lasiga olib tushib qo‘ygan.

So‘ngra M. E. o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lgan. Ammo keyinroq bu niyatidan qaytib, huquq-tartibot idoralariga borib, sodir etgan qilmishini bo‘yniga olgan.

Sudda M. E. aybiga iqror bo‘lib, qizini o‘ldirib qo‘yganidan qattiq pushaymonligini bildirgan.

Marhumaning onasi T. E. sud muhokamasida qotillikka qo‘l urgan turmush o‘rtog‘ini kechirishi, lekin u qilmishiga yarasha jazo olishi kerakligini aytgan.

Sud M.E. O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topgan.

Oila boshlig‘ining farzandlari joniga qasd qilishi bilan bog‘liq jinoyatlar avval ham sodir etilgan.

Ozodlik, jumladan, 2020-yil iyun oyida Namanganning Yangi Zamin mahallasida yashovchi 44 yoshli er xotini va voyaga yetmagani farzandini bolta bilan chopib o‘ldirgani, 2017-yil dekabr oyida esa Andijonning Buloqboshi tumanida 27 yashar erkak 8 yoshli qizini bo‘g‘ib o‘ldirgani haqida xabar qilgan edi.

XS
SM
MD
LG