Oliy Majlis Senati kengashi O‘zbekiston prezidentining taqdimnomasiga muvofiq 11-dekabr kuni Markaziy bank boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmuratovni egallab turgan lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda Senat matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Nurmurodovni MB raisi lavozimidan ozod qilishga oid taqdimnoma Senatga kiritilgani haqida avvalroq prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘z telegram-kanali orqali ma’lum qilgan edi.
Asadov MB raisining ishdan olinish sabablarini ochiqlagan emas.
Mahalliy pabliklar Markaziy bank raisi vazifasini bajarish vaqtincha raisning birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayevga yuklanayotgani haqida yozishmoqda.
Shuningdek, Nurmurodovdan bo‘shagan o‘ringa qo‘yilishi mumkin bo‘lganlar orasida Timur Ishmetov hamda Erkinjon Turdimov kabi mulozimlar nomlari ham sanalmoqda.
64 yoshli Mamarizo Nurmuratov O‘zbekiston Markaziy bankini 2017-yil iyunidan buyon boshqarib kelayotgan edi. U mazkur lavozimga MBga qariyb 26 yil (1991-yildan buyon) rahbarlik qilgan Fayzulla Mullajonov vafotidan keyin tayinlangan edi.