Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Buxoro viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarida siqilgan gaz narxi sun’iy ravishda oshirilgani aniqlandi. Qo‘mita matbuot xizmati qaydicha, viloyatdagi 44 ta avtomobilga gaz to‘ldirish shoxobchasi raqobatga qarshi til biriktirgan.
2024-yil 6-dekabriga qadar Buxoro viloyatida 1 m³ siqilgan gaz uchun chakana narx 3850-3950 so‘m oralig‘ida bo‘lgan. Biroq 7-9-dekabr kunlari narx 4150 so‘mgacha ko‘tarilgan.
Hududiy boshqarma raqobatlashayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar narxni sun’iy tarzda ko‘targan va bunda raqobatga qarshi kelishuvlar yoki muvofiqlashtirilgan harakatlar mavjud deb hisoblaydi.
Ular xarajatlarning oshishi uchun iqtisodiy asos mavjud bo‘lmagan holatda, umumiy tashqi omillar ta’sirisiz va rag‘batlantiruvchi zaruratsiz narxlarni bir vaqtda yoki ketma-ketlikda oshirgani va iste’molchilar hisobidan noqonuniy daromad orttirgani aytilmoqda.
Tekshiruv natijalari yuzasidan mazkur subyektlarga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash hamda qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.
Raqobat qo‘mitasi avvalroq mamlakatdagi 1300 ga yaqin dorixona narxni asossiz oshirgani haqida ma’lum qilgandi.
Ayni paytda tarmoq faollari Raqobat qo‘mitasini xuddi kelishib olgandek birin-ketin tariflarini qimmatlashtirgan mobil aloqa kompaniyalari, internet provayderlar, taksi agregatorlari hamda avtomaktablarga nisbatan ham chora ko‘rishga undagan.