Линклар

Шошилинч хабар
23 феврал 2025, Тошкент вақти: 04:18

O‘qi, lekin artma! Turkmanistonda davlat gazetalarini "bulg‘amaslik" buyurildi


Turkmanistonda Xalqaro xotin-qizlar kuni. Gullar Gurbanguli Berdimuhamedov surati tushirilgan gazetaga o‘ralgan.
Turkmanistonda Xalqaro xotin-qizlar kuni. Gullar Gurbanguli Berdimuhamedov surati tushirilgan gazetaga o‘ralgan.

Turkmanistonning qattiq senzuralanadigan gazetalarida yangiliklar deyarli yo‘q, odamlar ulardan boshqa maqsadlarda foydalanadi.

Asosan prezident Serdar Berdimuhamedov va uning otasi, sobiq prezident Gurbanguli Berdimuhamedovni maqtovchi maqolalar bilan to‘ldirilgan bu davlat nashrlarini ilgari hojatxona qog‘ozi sifatida, narsalarni o‘rash va tutatqi uchun ishlatishardi.

Endi esa, hujjatni imzolagan bir nechta davlat xizmatchilari aytishicha, hokimiyat davlat xizmatchilarini hukmron oilaning "surati tushirilgan gazeta va jurnal sahifalarini asrash"ga va’da beruvchi yozma tilxatni imzolashga majbur qilmoqda.

Erkin matbuot amalda taqiqlangan qashshoq va mustabid Markaziy Osiyo mamlakatida davlat xodimlari va talabalar ko‘pincha davlat gazetalariga majburan obuna qildiriladi.

Bolqon viloyatidagi davlat xizmatchisi "Ozodlik" radiosining Turkman xizmatiga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan aytishicha, uning shahridagi davlat xizmatchilariga Yangi yildan boshlab davlat gazetalarini "bulg‘amaslik" buyurilgan.

Rioya qilinishini nazorat qilish uchun hokimiyat gazetalarning har bir sahifasiga QR kodlarni chop etishi mumkinligini aytgan. Bolqondagi yana bir davlat xizmatchisi aytishicha, bu ularga gazetani kim iflos qilganigacha kuzatish imkonini beradi.

"Endi uyda bolalar gazetalarga qo‘l tekkizishiga ham qo‘rqamiz. Agar yosh bola prezident suratini yirtib yoki buzib, ko‘chada biror joyga tashlab qo‘ysa, ishimizdan ajralishimiz mumkin," deydi ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan davlat xizmatchisi.

Juda kam davlat xodimlari bu gazetalarni o‘qiydi va aksincha, ularni uyda yoki ishda boshqa maqsadlarda ishlatadi.

Yomg‘irli oylarda eski poyabzallarni to‘ldirish uchun gazetalardan foydalanish keng tarqalgan. Aholining xarid qobiliyati pastligini hisobga olgan holda, hojatxonada ham muntazam ravishda gazetalardan foydalaniladi.

"Yomon xabar" chiqmaydi

Turkmaniston "Chegarasiz muxbirlar" singari OAV kuzatuvchilari tomonidan doimiy ravishda matbuot erkinligi bo‘yicha dunyodagi eng abgor davlatlar qatoriga kiritiladi.

67 yoshli Gurbanguli Berdimuhamedov 2022-yilda prezidentlikni 43 yoshli o‘g‘li Serdarga topshirganidan beri vaziyat yaxshilanmadi. Katta Berdimuhamedov hamon mamlakatning asosiy qaror qabul qiluvchisi hisoblanadi.

"Chegarasiz muxbirlar"ning ma’lum qilishicha, mamlakatda mustaqil ommaviy axborot vositalari mavjud emas, bu yerda jurnalistika "faqat rejimni maqtashdan iborat".

Hukumat norozilarni shafqatsiz bostirishda davom etmoqda – tanqidchilar ta’qib qilinmoqda, kaltaklanmoqda, qiynoqqa solinmoqda, qamoqqa olinmoqda va hatto o‘ldirilmoqda. Ko‘pchilik chet elga qochishga majbur.

O‘tgan yili "Ozodlik" radiosining sobiq muxbiri 35 yoshli Hudoyberdi Allashov uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng vafot etdi. Uning tarafdorlari bu kasallik uning ishi tufayli hukumat bosimi oqibatida yuzaga kelganini ta’kidlashmoqda

XS
SM
MD
LG