Линклар

Шошилинч хабар
22 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:56

O‘sh viloyatida Afg‘onistondan ko‘chirib kelinadigan qirg‘izlar uchun shaharcha qurish boshlandi


Prezident Sadir Japarov pomirlik qirg‘izlar uchun qurilayotgan shaharchaning tamal toshini qo‘ydi.
Prezident Sadir Japarov pomirlik qirg‘izlar uchun qurilayotgan shaharchaning tamal toshini qo‘ydi.

O‘sh viloyatining Cho‘ngolay tumanida Afg‘onistonning Kichik va Katta Pomir mintaqasidan ko‘chirib kelinadigan etnik qirg‘izlar uchun shaharcha qurish ishlari boshlandi.

26 - sentabr kuni prezident Sadir Japarov Cho‘ngolay tumaniga borib, bo‘lajak shaharcha qurilishining tamal toshini qo‘ydi.

Prezident matbuot xizmatining bildirishicha, shaharcha uchun Qashqasuv qishlog‘idagi Burgansuv uchastkasidan 30 gektar yer ajratildi. Shaharchada uylardan tashqari 275 o‘rinli maktab, kasalxona va boshqa ijtimoiy obyektlar ham barpo etiladi.

Shaharcha asosan byudjet mablag‘iga quriladi, lekin ayrim ijtimoiy obyektlar qurilishiga “Assanabil” jamoat fondi moliyaviy hissa qo‘shadi.

Tamal toshi qo‘yish tantanasida nutq so‘zlagan prezident, shaharchada 300-400 ta hovli joy barpo etilishini bildirdi. Prezident, shuningdek, Pomir qirg‘izlarining barchasini Qirg‘izistonga ko‘chirib kelish rejasida sobit ekanini ta’kidladi.

Sadir Japarov Afg‘onistondagi millatdoshlarning barchasini Qirg‘izistonga ko‘chirib kelish rejasini 2021 - yilning aprel oyida e’lon qildi. Prezidentga ko‘ra, Pomir qirg‘izlari deb ataluvchi Afg‘onistonda yashovchi qirg‘izlar “yo‘q bo‘lib ketish” arafasida. Qirg‘iziston hukumati bunga “yo‘l qo‘ya olmaydi”.

O‘shanda prezident joriy yilning qish mavsumigacha pomirlik qirg‘izlarni to‘laligicha Qirg‘izistonga ko‘chirib kelishga va’da bergan edi. Bu va’da joriy yilda to‘liq amalga oshadimi yoki qisman bajaraliadimi, hozircha aniq emas.

U, shuningdek, Afg‘onistondan kelgan millatdoshlariga Qirg‘iziston fuqaroligini berish masalasini tezlatishni va’da qildi.

Pomirdagi qirg‘izlar tarixiy vataniga 2017 - yilda ko‘chib kela boshlagan. Qirg‘iz hukumati o‘tgan yili O‘sh viloyatining Oloy tumanidagi Taldisuv qishlog‘ida 11 uy qurib, u yerga 17 oilani joylashtirgan.

Pomir qirg‘izlari — 1575-1930 yillar oraligida Afg‘onistonga doimiy yashash uchun ketgan qirg‘izlarning avlodlari. Ular sharoiti og‘ir, bilim olish va tibbiy xizmat imkoniyati deyarli bo‘lmagan Katta va Kichik Pomir tog‘larida yashaydi.

2019 - yil oxirida 50 odamdan iborat 11 pomirlik oila Oloy tumanining Sarimo‘g‘o‘l qishlog‘iga ko‘chirib kelingan. 2017 - yili Noringa 50 pomirlik qirg‘iz olib kelinib, yotoqxonaga joylashtirilgan. Keyinroq ularning bir guruhi Afg‘onistonga qaytib ketgan.

Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, Pomir qirg‘izlarining umumiy soni 67 ming atrofida. Ulardan 65 minggi Tojikiston hududida, 2 minggi Afg‘oniston hududida yashaydi.

XS
SM
MD
LG