Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:31

"O‘zbek pasportini olmoqchimiz, ammo berishmayapti". Termizda restoran ochgan afg‘onistonlik Fayoz hikoyasi


Термиздаги афғон ресторанлари эгаси Фаёз Ўзбекистондаги ҳаёти ва бизнеси ҳақида
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:09 0:00

Termizdagi afg‘on restoranlari egasi Fayoz O‘zbekistondagi hayoti va biznesi haqida

Afg‘onistonlik tadbirkor Fayoz O‘zbekistonning Termiz shahrida bir nechta restoran ochgan. U O‘zbekistonga to‘rt yil muqaddam, toliblar hokimiyatga kelishidan oldinroq ko‘chib kelgan.

“Termizda ikki-uchta yaxshi restoran bor, barchasi afg‘onlarga tegishli, – deydi u. – Afg‘onistonni xavfli bo‘lib qolgani uchun tark etgandik. O‘z pulingga biznes ochasan, lekin xotirjam ishlab bo‘lmaydi. Qandaydir kallakesarlar, mafiyachilar seni talashni boshlaydi. Molingga qo‘shib joningni ham olishlari hech gap emas. Shu sababga ko‘ra O‘zbekistonga kelganmiz”.

“Bu yerning xalqi yaxshi. Shart-sharoiti ham tuzuk. O‘zbek xalqiga rahmat, ayniqsa tinchligimiz uchun”, ta’kidlaydi tadbirkor.

Fayoz o‘z yurtida mobil telefonlar oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan. Kobulda hanuz to‘rtta do‘koni ishlab turibdi, lekin, aytishicha, ulardan deyarli daromad qilmaydi. Buning sababi – “Tolibon” radikal islomiy harakati hokimiyatni bosib olishi ortidan mamlakatda yuzaga kelgan og‘ir iqtisodiy vaziyat.

“Ish yo‘q. Pul yo‘q. Biznes qilish qiyin. Savdo-sotiq o‘lgan. Jahon hamjamiyati Afg‘onistonni tan olmayapti. U yerga na kirib bo‘ladi, na chiqib. Hozir u yopiq mamlakat”, deydi Fayoz.

Tadbirkorning asosiy daromadi – Termizdagi restoranlari. Bosh oshpazlarni Afg‘onistondan olib kelgan. Fayoz AQSH harbiylari chiqib ketguniga qadar kobullik oshpazlar turli xalqlarning milliy taomlarini pishirishni o‘rganib olishganini aytadi.

“Odatda bizga afg‘on, amerika, xitoy taomlarini buyurtma qilishadi. Qariyb barcha amerikalik sayyohlar bizning restoranlarga keladi. Hind taomlarini xush ko‘ruvchilar ham ko‘p. Hindistonlik sayyohlar-ku faqat bizning qo‘limizdan ovqat yeydi. Ular mol go‘shti tanovul qilishmaydi, bilasiz, shuni hisobga olib menyumizga hind oshxonasi taomlarini qo‘shganmiz”, deydi tadbirkor.

Termiz jo‘g‘rofiy jihatdan Markaziy Osiyo bilan Afg‘oniston o‘rtasida darvoza vazifasini o‘taydi. Qolaversa, Afg‘onistonning O‘zbekistonga tutash shimoliy viloyatlarida azaldan etnik o‘zbeklar ko‘p.

Termizdan Afg‘onistonning shimoliy poytaxti bo‘lmish Mozori Sharifgacha mashinada ikki soatdan ortiq yuriladi. Biroq hozirda O‘zbekiston va Afg‘oniston chegarasidagi o‘tkazish punkti yopib qo‘yilgani uchun bu yo‘ldan deyarli hech kim foydalanmaydi. Shu bois Fayoz va boshqa afg‘onistonliklar vatanlariga aylanma yo‘llar bilan borib kelishadi.

“Avval Toshkentga boramiz, u yerdan qimmat-qironga – kamida 500 dollarga – Kobulgacha chipta sotib olamiz, Kobuldan esa qariyb bir kun yo‘l yurib Mozori Sharifga etib olamiz”, tushuntiradi u.

Fayoz oilasini O‘zbekistonga ko‘chirib kelishga ulgurmagan. O‘zi ham bu yerda vaqtinchalik viza bilan yuribdi – har olti oyda yangilashi kerak. Holbuki, u O‘zbekiston iqtisodiyotiga kattagina sarmoya yotqizgan.

“O‘zbekiston fuqaroligiga o‘tmoqchimiz, lekin qabul qilishmayapti. So‘rayapmiz, bir necha bor ariza yozdik. Bu yerda bir million dollar sarmoya tikdik, lekin baribir fuqarolik berishmayapti”, zorlanadi tadbirkor.

Rasmiy Kobulning qo‘shni davlatlar, jumladan O‘zbekiston bilan aloqalari hamisha xiyla murakkab bo‘lgan, toliblar iqtidorga kelganidan so‘ng esa munosabatlar yanada og‘irlashdi. Fevral oyi boshlarida afg‘on OAVlari Toshkentdagi Afg‘oniston elchixonasi alal-oqibat Afg‘oniston Islom Amirligiga, ya’ni toliblar ixtiyoriga berilganini xabar qildi. O‘zbekiston hukumati bu borada rasmiy izoh bergan emas.

XS
SM
MD
LG