Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 06:30

O‘zbekcha norozilik: Gaz va svetsiz qolgan aholining yo‘l to‘sish aksiyalari tobora kengroq yoyilmoqda(VIDEO)


O‘tgan oy Buxoroning Qorako‘l tumani ahli gaz berilmayotganiga norozilik bildirib, magistral yo‘lni to‘sib qo‘ygan
O‘tgan oy Buxoroning Qorako‘l tumani ahli gaz berilmayotganiga norozilik bildirib, magistral yo‘lni to‘sib qo‘ygan

Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumani qishning sovuq kunlarida gazsiz qolganidan norozi aholi katta yo‘lni to‘sib qo‘ygan navbatdagi hudud bo‘ldi.

Ozodlikka yuborilgan videoda, 13 - yanvarga o‘tar kechasi asosan, ayollardan iborat bir necha o‘nlab inson katta yo‘lning bir qismini to‘sib turgani ko‘rinadi.

Odamlar xonadonlari gazsiz qolganidan shikoyat qilishadi.

"Gazni boshlig‘i kelsin, hammamiz jonimizdan to‘ydik", - deydi Oltiariq tumani markazidagi "Sherdil" magazini oldidagi yo‘lda to‘plangan ayollardan biri.

Farg‘onalik bloger Zafarbek Solijonovning yozishicha, Oltiariqda aholi yo‘l to‘sishdan oldin hokimlik va tuman gaz idorasiga borgan, lekin natija bo‘lmagan.

"Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida ham aholi gaz yo‘qligi va svet tinmay o‘chayotgani sabab ko‘chaga chiqdi. Tuman markazidagi Sherdil magazinining oldida to‘planishgan. Aytishlaricha, aholi hokimlik, raygaz va shu kabi bir nechta tashkilotlarga borgan, murojaat qilgan va samara bo‘lmagan", - deb yozdi Solijonov o‘zining Telegram sahifasida.

Газ йўқлигидан норозилар Фарғонада йўлни тўсди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:17 0:00

Aholi yo‘l to‘sishi ortidan Oltiariq tumani hokimi va tuman gaz idorasi rahbarlari zudlik bilan voqeaga joyiga yetib borganlar.

Ular aholi talabini bajarishga so‘z berganlaridan so‘ng norozilar tarqalgan.

Yo‘l to‘sish, bu-o‘zbeklarga mos protest usuli. Chunki hokimliklarning oldiga to‘plansa e’tibor bermaydi

Oltiqariq tuman hokimligining Ozodlik suhbatlashgan mulozimi tumandagi ko‘pqavatli uylarda gaz bosimi pasayib ketgani, 13 - yanvar kuni muammo hal etilganini aytdi.

"Ko‘pqavatli uylarda gaz bosimi pasayib ketgan ekan. Hokim bordi, uchrashdi. Vaziyatni borib o‘rgandi va bugun hammasi hal bo‘ldi. Hozir xonadonlarda gaz bosimi yana tiklandi", - dedi tuman hokimligi mulozimi.

Bir oydagi oltinchi yo‘l to‘sish aksiyasi

Bu O‘zbekistonda so‘nggi bir oy ichidagi Ozodlikka ma’lum oltinchi yo‘l to‘sish aksiyasidir.

Ikki kun ilgari Jizzaxda gaz va svet talab qilgan mahalliy aholi magistral yo‘lni to‘sib qo‘ygan.

Bu norozilik O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatiga safari bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan.

11 - yanvar kuni asosan, ayollardan iborat bir necha o‘nlab odam Paxtakor tumanining Navbahor MFY hududidan o‘tuvchi yo‘lni bir necha soat to‘sib turdi.

Bundan oldin Ozodlik Buxoro, Qorako‘l, Muzrabot, Paxtakor tumanlari hamda Andijon va Qo‘qon shaharlarida gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlardan norozi ayollar yo‘l to‘sib o‘z noroziligini bildirgani haqda xabar qilgan edi.

Yo‘l to‘sish aksiyalari ortidan mahalliy hokimliklar gaz ta’minoti bilan bog‘liq yuzaga kelgan muammo qisman bartaraf etilganini aytishgan.

Бухорода газ йўқлигидан норози аҳоли йўл тўсди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:00:14 0:00

O‘zbekistonda har yili qish mavsumida gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlardan norozi aholining chiqishlari kuzatiladi.

"O‘zbekcha protest usuli"

O‘zbekistonda so‘nggi paytlarda aholining o‘z noroziligini ifodalash uchun yo‘l to‘sishi ko‘p kuzatilmoqda. Aksar hollarda bunday noroziliklar rasmiylarning nazariga tez tushadi va uzoqqa cho‘zilmaydi.

Yo‘l to‘sish aksiyalarining ishtirokchilari esa, asosan ayollar.

Хоразмлик онахон: газ йўқ, свет йўқ, гуноҳимиз нима?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:50 0:00

Toshkentdagi "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov yo‘l to‘sish aksiyalari O‘zbekistonda o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillar oxiridan kuzatila boshlaganini eslaydi:

"Yo‘l to‘sish, bu-o‘zbeklarga mos protest usuli. Chunki hokimliklarning oldiga to‘plansa e’tibor bermaydi, katta trassalar to‘silsa, yarim soatda mashinalar to‘planib qoladi va tezda diqqatga tushadi.

Asosan ayollar chiqishining sababi, bizda ayollarga nisbatan yumshoq bo‘lingani uchun, erkaklar xotinini, opasini, singlisini jo‘natadi. Erkak borsa, qamab qo‘yishi mumkin. 1996 - yildan bor bunaqa yo‘l to‘sishlar. To‘qsoninsi yillar oxirida, esimda - Jizzaxda fermerlar plandan tashqari g‘allalarining olib qo‘yilishiga norozilik bildirib, Termiz-Toshkent traktini to‘sgan va bu tezda e’tiborga tushgandi.

Avvalgi hukumat ham, hozirgi hukumat ham bunaqa chiqishlarni og‘riqli qabul qiladi. Lekin Karimov davrida bunaqa chiqishlar shafqatsiz bostirilgan. Mirziyoyev davrida esa, norozilarning talablarini qabul qilish tendensiyasi bor. Lekin bunday stixiyali chiqishlar tez tarqatiladi. Odamlar, asosan maishiy talablar bilan chiqadi, siyosiy talab bilan chiqishlar O‘zbekistonda deyarli kuzatilmaydi. Stixiyali chiqishlarni mamlakat miqyosida katta norozilikka aylantirish institutlari yo‘q O‘zbekistonda", - deydi Tashanov.

O‘tgan yili gaz va elektr ta’minotidagi muntazam uzilishlar ortidan Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo va Qoraqalpog‘istonda aholi norozilik bildirib, yo‘llarni to‘sib qo‘ygan edi.

Hukumat mamlakat bo‘ylab davom etayotgan energetika inqirozini hal qilish yuzasidan aniq rejasini e’lon qilmagani kabi, uzoq muddatda aholining bu kabi noroziliklari borasida qanday yo‘l tutishi ham noma’lum.

Mahalliy hokimiyatlar aholi noroziligini vaqtincha choralar, jumladan, shoshilinch tarzda ko‘mir tarqatish yoki elektr ta’minotini bir muddat qayta tiklash bilan hal qilishga urinmoqda.

O‘zbekistonda aholining tinch namoyishlar o‘tkazishiga ruxsat etilmaydi, inson huquqlari guruhlari bu boradagi mavjud tartib amalda demokratik jamiyatlarning fundamental huquqi bo‘lgan tinch namoyishlar o‘tkazish huquqini cheklashini tanqid qilib keladilar.

XS
SM
MD
LG