Линклар

Шошилинч хабар
08 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:17

O‘zbekiston: Diniy mahkumlarni ozod qilish davom etdi. Soqol va hijob mojarosi ham - hisobot


Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 - yilda o‘zining 5 qarori bilan 616 mahkumni, shu jumladan, amalda bo‘lgan diniy tashkilotlar va vijdon erkinligi haqidagi qonun talablarini buzgani uchun qamalgan 243 nafar mahkumni ozodlikka chiqardi yoki ularga belgilangan jazo muddatlarini qisqartirdi. Bu haqda AQSh Davlat departamentining diniy erkinliklar bo‘yicha yillik hisobotida qayd etilgan.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda e’tiqod erkinligi bilan bog‘liq bir talay muammolar mavjud, biroq bu mamlakat AQSh Davlat departamenti fikricha, oldingidek "alohida e’tiborga molik" davlat emas.

2020 - yilning 7 - dekabrida AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo O‘zbekiston diniy erkinlik sohasida “alohida nazoratdagi” mamlakatlar ro‘yxatidan chiqarilganini e’lon qilgan edi.

Hisobotni sharhlagan o‘zbekistonlik huquq himoyachisi mamlakatda e’tiqod erkinligi masalasida keskinlik birmuncha pasayganini qayd etdi.

Davlat departamenti musulmonlarning Ramazon hayiti arafasida e’lon qilgan hisobotida dunyoning 200 ga yaqin davlatidagi diniy erkinlik bilan bog‘liq 2020 - yildagi vaziyat tahlil qilingan.

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken hisobot rasman e’lon qilingan 12 - mayda diniy erkinlik insonning tamal huquqlaridan biri ekanini urg‘uladi:

"Diniy erkinlik - inson huquqidir. Inson kim ekanini anglatuvchi haqdir. Vijdonga quloq solib, erkin e’tiqod qilish va buni uyda ham, ko‘chada ham ochiq namoyon eta olishdir".

Davlat kotibi AQSh uchun bu huquq mamlakatning bosh qomusidagi asosiy kafolatlardan biri ekani, u BMT Inson huquqlari deklaratsiyasida ham qayd etilganini eslatib o‘tdi.

Davlat kotibi O‘zbekistondagi vaziyatga to‘xtalib, "O‘zbekistonda diniy sabablar bilan qamoqqa tashlangan yuzlab kishi ozod etilgani"ni, - qayd etdi.

Davlat departamentining so‘nggi hisobotida munosabat bildirar ekan, Inson huquqlari "Ezgulik" jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov mamlakatda diniy erkinliklar sohasidagi "keskinlik biroz pasaygani"ni qayd etdi.

"AQSh Davlat departamentining dunyo mamlakatlarida diniy erkinliklariga oid hisoboti, shubhasiz, bu boradagi muhim tadqiqotdir. Xalqaro diniy erkinliklar bo‘yicha Xartiya mezonlari asosidagi monitoring e’tiqod erkinligi masalasida O‘zbekistonda keskinlik birmuncha pasayganini ko‘rsatmoqda.

Aynan e’tiqod erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni o‘rganuvchi faol sifatida O‘zbekistonga berilgan bahoni biroz nisbiy degan bo‘lardim. Boisi e’tiqod erkinligining birlamchi ko‘rinishlari sifatida diniy ibodatlarga kengroq imkoniyatlar yaratilmoqda", - deb aytdi huquq faoli.

O‘zbekistonda diniy mahkumlarni qamoqdan chiqarish davom etdi

O‘zbekistondagi vaziyatni Amerika yaqindan kuzatib keladi, Toshkentni islohotlarni davom ettirishga, oldingi rahbar davrida qabul qilingan "repressiv" qonun va qarorlarni o‘zgartirishga undab keladi. Shuningdek, diniy ozchiliklar, jumladan turli nasroniy oqimlarga tazyiq ko‘rsatmaslikka ham chaqiradi.

Davlat departamenti hisobotida diniy motivlar bilan qamalganlarning ozod qilinishiga oid qator ma’lumotlar keltirilgan.

Hisobot mualliflari O‘zbekiston Ichki va Tashqi ishlar vazirliklari ma’lumotlariga tayanib, Birinchi prezident Islom Karimovning vafotidan so‘ng (2016 - yil) 4500 mahkum, shu jumladan diniy motivlar bilan qamalgan 1584 mahkum amnistiyaga tushgani yoki afv etilgani haqda xabar qildi. Aytilishicha, diniy motivlar bilan qamalgan 1584 mahkumdan 1215 nafari ozodlikka chiqarilgan, 369 nafariga belgilangan jazo yumshatilgan. Bu 2020 yilning 1 - avgustigacha bo‘lgan holat.

Undan so‘ng – 27 - avgust va 7 - dekabrdagi aktlar tufayli ozod qilingan yoki jazosi yumshatilgan dindorlarning umumiy miqdori 1710 kishiga yetgan.

Davlat departamenti hisobotida konkret shaxslarning ism-familiyalari, ular bilan bog‘liq ishlarning ba’zi muhim tafsilotlari keltirilgan.

Abdurahmon Tashanovning aytishicha, fuqarolarni diniy e’tiqodiga ko‘ra ta’sib qilish hollari kamaygan.

"Dindorlarni e’tiqodiga ko‘ra ta’qib qilish amaliyoti biroz orqaga chekingan. Islomiy ibodat liboslari maslasida jamoatchilik va hukumat o‘rtasida ziddiyat mavjudki, bu tabiiy. Chunki qator diniy erkinliklar ta’minlangan Yevropa mamlakatlarida ham islomofobiyaning ana shu ko‘rinishi rivojlanmoqda. Tabiiyki, O‘zbekiston ham mazkur global tendensiyadan mustasno emas".

Ayni paytda O‘zbekiston hukumati “ekstremistik” deb hisoblaydigan islomchi tashkilotlarni taqiqlashda davom etdi. Bunday tashkilotlar soni 22 tadir. Hisobotda bu tashkilotlar nomlari sanab o‘tilgan bo‘lib, ro‘yxatda Akramiylar, Turkiston islom harakati, Islomiy jihod guruhi va boshqalar borligi qayd etilgan.

Hisobotdan, shuningdek, noqonuniy hujralarga qarshi kurash olib borilayotganidan darak beruvchi ma’lumotlar ham joy olgan.

O‘zbekiston hukumati o‘tgan yil davomida o‘z nazarida islomiy ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanuvchi saytlarga kirishni cheklashda davom etdi. Taqiqlangan resurslar ro‘yxatini hukumat 2019 - yili ham e’lon qilgan, unda 40 ta profil, kanal va sahifalar nomlari keltirilgan edi.

Hisobotda shuningdek, ayrim o‘quv yurtlari ro‘mol o‘ragan talabalarni sinf xonasiga qo‘ymagani, hukumat rasmiy imomlarning juma ma’ruzalari matni hamda muftiyat chop qilgan diniy adabiyotlar mundarijasini nazorat qilishda davom etgani qayd etilgan.

Davlat departamentining mahaliy faollarga tayanib bildirishicha, musulmonlarning soqol qo‘yishi va muslimalarning hijob o‘rashi borasidagi mavjud tartib va siyosat yuzasidan ziddiyatlar 2020 - yilda ham saqlanib qoldi.

AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, diniy ta’lim, huj va umra amallari ustidan hukumat nazorat saqlanib qolmoqda.

Hisobotda shuningdek, hukumat hanuz Karimov davridagi kabi islomiy adabiyotlar nashrini qat’iy nazorat qilishda davom etayotgani, ayni paytda Azon.uz singari islomiy media platformalari hukumatning aralashuvisiz faoliyat ko‘rsatishda davom etgani qayd etilgan.

AQSh Davlat departamentiga ko‘ra, Toshkentdagi Qo‘shma Shtatlar diplomatlari o‘zbek rasmiylari bilan yangi tahrirdagi diniy tashkilotlar va vijdon erkinligi to‘g‘risidagi qonun loyihasi bo‘yicha qator maslahatlashuvlar o‘tkazgan va yangi qonunda xalqaro andozalar va jamoatchilik fikrini inobatga olish borasida tavsiyalar berganlar.

Nomusulmon guruhlar bilan bog‘liq vaziyat

Davlat depatramenti hisobotiga ko‘ra, 2020 - yili O‘zbekistonda boshqa dinlar vakillari uchun ham shunga o‘xshash taqiqlar kuzatildi. Xususan, "Yahova guvohlari" hamda "Forum18" tashkiloti saytlariga kirish cheklandi.

Hisobotda Qoraqalpog‘iston respublikasidagi nomusulmon va nopravoslav diniy guruhlar hanuz huquqiy maqomi yo‘qligi sababli o‘zlarining diniy faoliyatini amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani to‘g‘risida aytgani qayd etilgan.

Avgustda yahudiylarning Toshkentdagi sinagogasi buzilish xavfi ostida qolgani, sinagoga turgan joyga ko‘z tikkan uy quruvchi tashkilot bilan bo‘lgan bahs jamoatchilik aralashuvidan so‘ng, ish sudda ko‘rilgani va masala dindorlar foydasiga hal bo‘lgani to‘g‘risida OAV xabar qilgan edi.

Nasroniylar yetakchilarining so‘zlariga qaraganda, ularning ko‘plab dindoshlari, shu jumladan "Iyegova guvohlari" ruxsat berilgan joydan 1000 chaqirim uzoqlikda qolgan va natijada xususiy xonadonlardagi “uy cherkovlari”da ibodat qilishga majbur bo‘lgan. Bunday faoliyat qonundan tashqari bo‘lgani uchun ular IIB xodimlarining ta’qibi va tazyiqining potensial nishoniga aylangan.

Hisobotda oldingi yillardan farqli o‘laroq, o‘tgan yili O‘zbekistonda diniy marosimlar ma’murlar tomonidan suratga yoki videoga olingani to‘g‘risida jamoalar yetakchilaridan xabar tushmagani qayd etilgan. Hujjatda shuningdek, oldingi yillardan farqli o‘laroq, o‘tgan yili katolik cherkovida o‘tkazilgan ibodatlar kuzatilmagani qayd etiladi.

Boshqa dinlar bilan bog‘liq "noxush holatlar"ning kamayganini Abdurahmon Tashanov ham e’tirof etadi.

"Islomdan boshqa konfessiyaga mansub dindorlarni ta’qib qilish tendensiyasi ham pasaygan. Ammo sohaga taalluqli huquqiy asoslarni yaratishda chekinishlar mavjud. Har holda masjid, cherkov va butxonalarning yopilishi bilan bog‘liq noxush holatlar kamaygan".

XS
SM
MD
LG