Линклар

Шошилинч хабар
19 январ 2025, Тошкент вақти: 07:27

O‘zbekiston hozircha fazogir uchirmoqchi emas


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Hozirda O‘zbekistonda kosmonavt tayyorlash bo‘yicha ishlar olib borilmayapti va koinotga fazogir uchirish g‘oyasi aktual emas. Bu masalaga “O‘zbekkosmos” agentligi bo‘lim boshlig‘i Muhiddin Ibragimov 16-yanvar kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida to‘xtalgan.

Kosmonavt uchirish juda ham oson narsa. Hozirgi paytda aytaylik, shu xalqaro kosmik stansiyaga, NASAdagi amerikalik hamkasblarimizga 50-60 million dollar pulini to‘lab bersak, hozir ham uchirsak bo‘ladi. Nima uchun bu narsani hozir to‘xtatib turibmiz? Chunki uchgan kosmonavt borib, qo‘pol qilib aytganda, selfi tushib kelishi kerak emas”, deya iqtibos keltirgan “O‘zbekkosmos” vakilidan Kun.uz nashri.

Mulozim ta’kidicha, katta mablag‘ evaziga uchirilgan fazogir koinotda davlat manfaati yo‘lida tadqiqotlar olib borishi kerak. Mamlakat bunday tadqiqotlar amalga oshirishi uchun esa vaqt zarur.

Muhiddin Ibragimov jurnalistlarning O‘zbekiston nega hamon sun’iy yo‘ldosh uchirmayotgani borasidagi savoliga ham javob bergan.

“Biz sun’iy yo‘ldosh guruhini uchirish bo‘yicha ishlar olib boryapmiz. Prezident qarori bo‘yicha bizga topshiriq berilgan. Biz hozir shu bo‘yicha turli davlatlar bilan ishlayapmiz. Hisob-kitobni joyiga qo‘yganimizdan keyin oxirida taklif kiritamiz”, degan agentlik rasmiysi.

“O‘zbekkosmos” vakiliga ko‘ra, O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida, xususan, Turkiya bilan sun’iy yo‘ldoshni birgalikda uchirish imkoniyatlarini muhokama qilmoqda.

2019-yil avgust oyida tashkil etilgan “O‘zbekkosmos” agentligiga fazoviy tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosati, strategik yo‘nalishlarni ishlab chiqish vazifasi yuklangan.

“O‘zbekkosmos” avvalroq o‘tgan yil davomida mamlakatning qariyb 721 gektar yer maydonida 1928 ta noqonuniy chiqindixona borligini aniqlagani haqida ma’lum qilgandi.

XS
SM
MD
LG