Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:40

O‘zbekiston Senati ayollar va bolalarni zo‘rlaganga jazoni kuchaytiruvchi qonunni ma’qulladi


6-aprel kuni O‘zbekiston Senati qabul qilgan qonun loyihasi qabul qilinsa, oilasidagi zo‘ravonlarga ma’muriy yoki jinoiy javobgarlik berilishi mumkin.

Ayol-qizlar va bolalarga jinsiy zo‘ravonlik qilganlar muddatidan avval ozod qilinmaydi, jazosi yengillashtirilmaydi. Bundan tashqari, jinsiy zo‘ravonlarning ro‘yxati tuziladi.

Senatdagi bu loyiha O‘zbekistonda shu hafta voyaga yetmagan qizlarga kattalar va ayniqsa, turli tuzilma rahbarlari tajovuz qilgani oshkor bo‘lgan bir pallada qabul qilindi.


6-aprel kuni Senat yalpi majlisida “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Senat matbuot xizmatining xabar qilishicha, yangi qonun bilan:

  • “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik”, ya’ni xotiniga yoki eriga, sobiq xotiniga yoxud sobiq eriga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandi bo‘lgan shaxsga nisbatan zo‘ravonlik uchun ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik choralari belgilanadi;
  • jinsiy zo‘ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tadbiq etilmaydi, aksincha bunday jinoyatlar uchun jazo yanada og‘irlashtiriladi;
  • xotin-qizlarga nisbatan shahvoniy harakatlar qilganlik, ta’qib qilganlik hamda ota-ona o‘z voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanadi;
  • aybdorning jabrlanuvchi yoshini bilmasligi uni Jinoyat kodeksi moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod qilmaydi;
  • voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, shuningdek bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi;
  • bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro‘yxati yuritiladi.

Senatdagi muhokamalarda ishtirok etgan yurist, inson huquqlari bo‘yicha mutaxassis Dilfuza Qurolova bu qonun loyihasining ishlab chiqilishida qatnashgani va qator takliflarni ilgari surganini aytadi:

“Biz ilgari surgan takliflarning 3 dan ikki qismi qabul qilindi. Bu juda katta natija. Agar bu qonun qabul qilinsa, biror shaxs tomonidan zo‘ravonlik va tazyiqqa uchragan ayol yoki erkakka beriladigan himoya orderi muddati 1 yilgacha uzaytirilishi mumkin. Kaltaklaydigan eridan qochib yurgan ayollar hozir 2 oygacha himoya qilinishi mumkin. Bundan tashqari, jinsiy zo‘ravonlikka jazo berilishidagi yosh kategoriyasi olib tashlanyapti. Hali biz qonun loyihasi matnini to‘liq ko‘rmadik. Umid qilamizki, boshqa takliflarimiz ham inobatga olingan”.

Senat bu qonun loyihasini 10 kun muddat ichida prezidentga taqdim qilishi lozim. Prezident esa 30 ish kunida qonunni ko‘rib chiqib, imzolashi yoki qayta ishlash uchun yana ortga qaytarishi mumkin.

O‘zbekistonlik faollar bu loyiha qabul qilinishi uchun uzoq kurashganini aytmoqda.

Jumladan, O‘zbekistondagi ayollar va voyaga yetmagan qizlarga so‘z va huquqiy yordam berib kelayotgan NeMolchi.uz axborot loyihasi rahbari Irina Matviyenko voyaga yetmagan bolalarni jinsiy zo‘rlagan yoki jinsiy aloqaga tovlagan shaxslarga berilgan jazoning og‘irlashtirilishidan mamnunligini aytadi.

Matviyenko ham ushbu qonun loyihasi ustida ishlagan Senat komissiyasining a’zosidir.

Aynan uning guruhi e’lon qilgan so‘nggi xabar - Xorazmdagi oilaviy mehribonlik uyidagi 3 voyaga yetmagan qizning viloyatdagi rahbarlar tomonidan 10 oy davomida zo‘rlanishi juda jiddiy norozilik bilan qarshi olindi.

NeMolchi.uz axborot loyihasiga ko‘ra, Xorazmda 15, 16, 17 yoshdagi qizlar bilan jinsiy aloqada ayblangan 2 mulozim 6 oy avval sudlangan.

Sud qarori bilan Xorazm viloyati adliya boshqarmasi sobiq boshlig‘i Oybek Masharipov va Yangiariq tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi sobiq boshlig‘i Anvar Kuryazovga 1 yarim yilgacha ozodlikni cheklash jazosi qo‘llangan.

Ya’ni, 3 voyaga yetmagan qizni jinsiy aloqaga zo‘rlagan amaldorlarga berilgan jazo - 1 yarim yilgacha soat 22:00 dan 06:00 gacha uydan chiqmaslik va yashash joyini tark etmaslikdan iborat.

Ammo, NeMolchi.uz loyihasi kutilmaganda bu haqda xabar bergach, vaziyat birdan o‘zgardi. Bu xabarni virtual jamoatchilik favqulodda katta norozilik bilan qarshi oldi. Ko‘zga ko‘ringan blogerlaru tarmoqlar faollari 3 yetim qizni zo‘rlagan mulozimga yengil jazo bergan sudlov hamda bunga ko‘z yumgan ijro tizimini qoralay boshladi.

Tarmoqlarni titratgan bahsga Saida Mirziyoyeva-Komil Allamjonov siyosiy tandemi qo‘shilgach, vaziyat yanada jiddiylashdi.

“Pedofillarga nisbatan kimyoviy kastratsiya jazosini qo‘llash yuzasidan qonunchilikka o‘zgartirish kiritish vaqti keldi! P.S. Agar bu masala dunyo tajribasisiz bo‘lmaydi, qayda bor bu jazo, desangiz Qozog‘iston, Ukraina, Germaniya, Norvegiya, Shvetsiya, Daniya, Isroil, Janubiy Koreya, Fransiya, AQSh va hokazo davlatlarni ko‘ring. Ularda bor ekan bu jazo. Xitoy, Lotin Amerikasi davlatlari, Saudiya Arabistoni va Eronda birato‘la o‘ldirib yuborilar ekan”, deb yozdi Komil Allamjonov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.


1-aprel kuni Prezident qizining chiqishidan bir necha soat o‘tib, Bosh prokuratura zo‘ravon amaldorlarga berilgan jazo ustidan Oliy sudga protest kiritganini ma’lum qildi.

Bayonotda protest kiritilgan sana 29-mart - ya’ni, xabar tarmoqqa tushishidan ikki kun oldin ekani aytildi, ammo bunga biror hujjat ilova qilinmadi.

3-aprelga kelib Oliy sud matbuot xizmati, Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga Xorazm viloyat prokuraturasidan kassatsiya tartibidagi protest kelib tushganini bildirdi.

“Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati kassatsiya instansiyasining 2023-yil 6- apreldagi ajrimi bilan Xorazm viloyat prokuraturasining kassatsiya tartibidagi protesti qanoatlantirilib, ushbu jinoyat ishini yangitdan apellyatsiya instansiya sudida ko‘rish uchun yuborilishi belgilandi”, deb xabar qildi Oliy sud matbuot xizmati 6-aprel kuni.


Tarmoqlarda Xorazmning Urganch shahridagi oilaviy mehribonlik uyi mojarosi tinmay turib, ayni viloyatning Yangiariq tumanida 2006-yilda tug‘ilgan qizning 11 kishi tomonidan zo‘rlangani haqidagi yana bir xabar tarmoqqa tushdi.

Bosh prokuratura, bu shaxslardan 3 nafar shaxs ayblanuvchi tariqasida qo‘lga olingani, yana 8 nafari gumonlanuvchi sifatida tergovga jalb qilinganini bildirdi.

Zo‘rlangan qizning yaqinlari esa, 8 gumonlanuvchi shaxsning hanuz ochiqda yurganidan norozi bo‘lmoqda.


Bundan sal avval, Qashqadaryo viloyatida 13 yashar qizning katta yoshli erkak tomonidan zo‘rlangani ma’lum bo‘lgandi.

Har gal bunday mojaro tarmoqlar tiliga tushganda faollar ko‘proq qator ijtimoiy muammolarni sanaydi:

  • Voyaga yetmaganlarni zo‘rlagan mulozimlarga berilgan jazoning yengilligi,
  • Qizlarning oilaviy mehribonlik uyida pullangani,
  • Bu ikki mulozim ishlagan - Adliya va Favqulodda vaziyatlar vazirligining shu kungacha yengil jazoga ko‘z yumgani,
  • Bunday zo‘ravonlik holatlarining har gal prezident qizi ishtirokidagi kampaniyabozlik mavzusiga aylanishi,
  • Bu jinsiy zo‘ravonlikmi yoki pedofiliya - hanuz qonunchilikda bu savolga javob yo‘qligi.

Bular yillardan buyon hal qilinmayotgan jiddiy huquqiy muammolardir.

Jumladan, O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligi Xorazmdagi oilaviy mehribonlik uyining 3 voyaga yetmagan qizlari bilan mulozimlar jinsiy munosabatini jinsiy tajovuz sifatida ko‘rmaydi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lgan qator holatlarda, 18 yoshga to‘lmagan qizlarni jinsiy aloqaga tovlagan yoki zo‘rlagan shaxslarga nisbatan, odatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 128-moddasi qo‘llangan.

Ya’ni sudyalar, go‘yoki bu qizlar “o‘z xohishi bilan jinsiy aloqaga rozi bo‘lgan” degan vaj bilan ayblanuvchilarga ushbu moddadagi eng yengil - jarima va shartli jazoni beradi.

Faollar esa voyaga yetmagan bolalar bilan jinsiy aloqa - jinsiy zo‘ravonlik sifatida 118-modda bilan malakalanishi kerakligini yillardan buyon hukumatdan talab qilib kelmoqda.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 118-moddasida bunday jinoyat uchun 10 yildan 20 yilgacha qamoq belgilangan.

Jamoatchilik va huquq faollari 6-aprel kuni Senat qabul qilgan loyihaga katta umid bog‘lamoqda. Bu qonun jazoni og‘irlashtirsa jinsiy zo‘ravonlar tiyilishi mumkin, degan ishonch bildirilmoqda.

Senat 10 kun ichida qonun loyihasini prezidentga taqdim qilishi, prezident esa 30 kun ichida loyihani yo tasdiqlashi yoki qayta ishlash uchun jo‘natishi lozim.

Hozircha qonun loyihasining to‘liq matni oshkor qilinmadi. Shu bois, faollar nafaqat zo‘ravonlarga jazoni og‘irlashtirish, balki bunday jinoyatlarning yopdi-yopdi qilish, ayniqsa zo‘ravon amaldorlarni bir shaklda jazodan qochishi oldini olish bilan bog‘liq taklif hamda talablari ham inobatga olinganiga umid qilmoqda.

XS
SM
MD
LG