Линклар

Шошилинч хабар
08 сентябр 2024, Тошкент вақти: 05:07

O‘zbekiston va mintaqani Ukraina urushidan so‘ng nima kutmoqda?


Markaziy Osiyo rahbarlari Turkmanistonning Avazasidagi sammitda. 6-avgust, 2021
Markaziy Osiyo rahbarlari Turkmanistonning Avazasidagi sammitda. 6-avgust, 2021

Ukrainadagi urush Rossiyaning Markaziy Osiyodagi roli va ta’siri borasidagi ishonchlarni o‘zgartirib yubordi, boshqa o‘yinchilar, ayniqsa, Xitoy uchun imkoniyatlar ochildi, deb yozadi The Diplomat nashri.

Avval-boshda Markaziy Osiyoda urushga botib qolgan Rossiya ishonchsiz hamkorga aylanadi, u bilan munosabatlar qiyinlashadi? degan ishonch paydo bo‘lgandi. Rossiyaning o‘zi ham urush boshlangach, bu mintaqadagi ta’siri sustlashishini bilgan, ammo bu davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor berdi va o‘zining ishonchli hamkor ekanligini ko‘rsatishga urindi.

Putin urush boshlangandan beri mintaqadagi besh davlatga safar qildi. Ammo bu safarlarni juda umidbahsh deb ham bo‘lmaydi. 2022-yil 2-mart kuni BMT Bosh Assambleyasi Rossiyadan bosqinni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyani mutlaq ko‘pchilik ovoz bilan qabul qildi. Mintaqadagi besh davlatdan Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston ovoz bermadi, O‘zbekiston va Turkmaniston jarayonda qatnashmadi. Ularning hech biri Rossiya tomonda turmadi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Markaziy Osiyo davlatlarida yuzaga kelgan xavotir shuki, agar Rossiya g‘alaba qozonsa, navbat ularning o‘zlariga kelishi mumkin. Bu xavotir, ayniqsa, etnik ruslar ko‘proq bo‘lgan Qozog‘istonda ko‘proq seziladi.

Марказий Осиё давлатлари президентларининг фарзандлари
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:15 0:00

The Diplomat nashriga ko‘ra, kelajakda Markaziy Osiyo davlatlari oldida muhim masala turibdi. Bir tomondan ular xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlik qilib, tashqi moliyaviy va siyosiy imkoniyatlarni ichki taraqqiyotga aylantirishlari kerak. Ikkinchi tomondan, ular Rossiya va boshqa global o‘yinchilar bilan munosabatda nozik muvozanat topishi, ham Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgandek ko‘rinmasliklari, ham Moskva tomonidan Rossiyaga qarshi harakatlarda ayblanishdan ehtiyot bo‘lishlari kerak. Ana shu muvozanat Markaziy Osiyoning kelajakdagi barqarorligi va farovonligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi, deb ta’kidlaydi maqola muallifi.

2022-yildan boshlab Qozog‘iston va O‘zbekistonning amaldagi rahbarlari vakolat muddatini bir amallab uzaytirib oldi; Turkmaniston sulolaviy vorislikka o‘tdi; Tojikiston o‘zining sulolaviy vorisligiga zamin hozirlay boshladi; Qirg‘iziston esa o‘z prezidenti vakolatlarini yanada kuchaytirib oldi.

Urushdan oldin Rossiya eng yirik savdo sherigi bo‘lgan Markaziy Osiyoning aksariyat mamlakatlari uchun hozir uning o‘rnini Xitoy egalladi.

O‘zbekiston Rossiya bilan yaxshi munosabatlarni saqlab kelmoqda, biroq ayni paytda, G‘arb bilan aloqalarni kengaytirishga intilmoqda. Toshkent hech qachon Rossiya-Ukraina urushini qoralovchi to‘g‘ridan to‘g‘ri bayonot bermagan, biroq qo‘llab-quvvatlashini ham e’lon qilmagan. O‘zbekistonning iqtisodi va xavfsizligiga Rossiyaning Ukraina bilan urushi jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. 2016-yil oxirida Shavkat Mirziyoyev prezident bo‘lganidan so‘ng O‘zbekiston-Rossiya munosabatlari yaxshilangan bo‘lsa-da, Kremlning Ukrainadagi tajovuzi bu taraqqiyotga ma’lum darajada xavf tug‘dirdi. Bir necha million o‘zbek mehnat muhojiri Rossiyada va ularning vatanlariga yuborayotgan pul jo‘natmalari O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega. 2023-yilga kelib Xitoy O‘zbekistonning yetakchi savdo sherigi sifatida Rossiyadan o‘zib ketdi. Qolaversa, O‘zbekiston hukumati Ozarbayjon va Turkiya bilan ham aloqalarni mustahkamlab, yangi savdo yo‘laklari va harbiy hamkorlikka intilmoqda.

Rossiya qo‘shinlari Ukraina shaharlarini bombalay boshlashidan bir necha hafta oldin Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatdagi keskin tartibsizliklarni bostirish uchun Moskva boshchiligidagi harbiy blok Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotidan (ODKB) yordam so‘ragandi. Urush arafasida esa Qozog‘iston Ukraina sharqidagi Rossiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan bo‘lginchilarni tan olmasligini bildirdi. Ko‘plab sharhlovchilar Toqayevni Putindan qarzdor bo‘lib qolgan deb hisoblashadi, shu sababli Qozog‘istonning neytral pozitsiyasini rossiyalik qonunchilar va Kreml targ‘ibotchilari qoralay boshladi. Shiddatli ritorikaga qaramay, Toqayev Moskva va Ostona munosabatlarini umuman barqaror saqlay oldi. O‘zbekiston bilan bo‘lgani kabi, 2023-yilga kelib Xitoy Qozog‘istonning eng yirik savdo sherigi sifatida Rossiyadan o‘zib ketdi.

Rossiya hech qachon Turkmanistonning asosiy savdo sherigi bo‘lmagan. 1995-yildan beri tashqi siyosatda betaraflik siyosatini davom ettirgan Ashxobod Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi ziddiyat avj olgan davrda ham betaraf va ehtiyotkor pozitsiyasini saqlab qoldi. Iqtisodiy jihatdan Xitoy uzoq vaqtdan beri Turkmanistonning eng muhim iqtisodiy hamkori bo‘lib kelgan.

Boshqa Markaziy Osiyo davlatlari bilan solishtirganda Tojikiston xavfsizlik va iqtisodiy masalalarda Rossiyaga ko‘proq qaram. Rossiya harbiy kuchlari Tojikistonda joylashgan va Afg‘oniston bilan chegaraning uzunligi va Tolibonning hokimiyatga qaytganini hisobga olsa, Tojikistonning xavfsizlik manfaatlari Rossiya bilan hamkorlikni kuchaytirishni talab qiladi. Rossiyaning Ukrainada urushi boshlanganidan beri Rossiya va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar jiddiy o‘zgarmadi.

Путин Тошкентда: нега ҳозир ва нега айнан Ўзбекистон?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:36:26 0:00

Qirg‘izistonga nisbatan G‘arb davlatlarining muhim iqtisodiy manfaatlari yo‘qligi va Bishkekning Moskvaga bog‘liqligi tufayli Qirg‘iziston Rossiyadan tashqarida minimal tashqi bosimga duch kelmoqda. Qirg‘izistonning Rossiya ishtirokidagi yirik loyihalardagi ishtiroki Moskvaga yordam beradi. Qirg‘iziston Rossiyaga G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tishda yordam berishda Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi bo‘lishi mumkin.

Markaziy Osiyo davlatlari Rossiyaga qaramligiga, ular Ukrainadagi urushda Rossiyaning g‘alaba qozonishi ehtimolidan ko‘proq xavotirda, deydi maqola muallifi. Agar shunday bo‘lsa, Ukraina taqdiri Markaziy Osiyoda takrorlanishi mumkinligidan xavotirlar bor. Bu mamlakatlarda xavf Ukrainaga qaraganda ancha yuqori. Odamlar avtoritar hukumatlaridan jiddiy noroziligi, terrorchi va ayirmachi guruhlar mavjudligi mintaqada Ukrainadagi kabi urush boshlansa, ahvol battarroq bo‘lishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Nashrga ko‘ra, Markaziy Osiyoda mavjud ko‘p tomonlama siyosat o‘z ahamiyatini yo‘qotmoqda. Mintaqa yo G‘arb, yoki G‘arb bo‘lmagan blok, jumladan, Xitoy, Rossiya, Eron va boshqa davlatlar bilan yaqinlashishi kerak. G‘arb va Rossiya o‘rtasida tanlov qilish Markaziy Osiyo uchun oson emas. Siyosiy jihatdan bu mamlakatlarda demokratiya, so‘z va matbuot erkinligi risoladagidek emas. Iqtisodiy jihatdan ular texnologiya va investitsiyalar bo‘yicha G‘arbga tobora ko‘proq qaram bo‘lib bormoqda, boshqa tomondan, Rossiya bilan chuqur bog‘langan. Iqtisodiy va harbiy tuzilmalari Rossiya modeliga asoslangan bu respublikalarning Moskva ta’siridan chiqib ketishi qiyin.

XS
SM
MD
LG