Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 03:33

O‘zbekiston va Rossiya o‘zbek-afg‘on chegarasi yaqinida qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazadi


Termiz poligonidagi o‘zbek harbiylari.
Termiz poligonidagi o‘zbek harbiylari.

O‘zbekiston va Rossiya o‘zbek-afg‘on chegarasi yaqinida qo‘shma harbiy mashg‘ulot o‘tkazadi.

30 - iyulda boshlanadigan harbiy o‘quv mashqlari rejasi Afg‘oniston shimolida Tolibonning afg‘on hukumat kuchlariga qarshi hujumlari kuchaygan va Markaziy Osiyoda xavfsizlik xavotirlari ortib borayotgan pallada e’lon qilinmoqda.

Rossiya Markaziy harbiy okrugi matbuot xizmatining 20 - iyul kuni bildirishicha, O‘zbekiston va Rossiya harbiylarining qo‘shma hariy mashg‘ulotlari Termiz poligonida 30 - iyuldan 10 - avgustgacha o‘tkaziladi.

Rasmiy xabarda mashg‘ulotlarda 1500 askar va 200ga yaqin harbiy texnika, jumladan, aviatsiya ham ishtirok etishi aytilgan.

19 - iyul kuni Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni Aleksandr Lapin Rossiya, O‘zbekiston va Tojikiston bilan hamkorlikda tojik-afg‘on chegarasi yaqinida 5-10 - avgust kunlari harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishini ham bildirgan edi.

Dushanbedagi “Aziya Plyus” agentligining hukumatdagi manbasi harbiy mashg‘ulotlar 1 - avgustdan 10 - avgustgacha Afg‘oniston bilan chegaradagi “Harbmaydon” poligonida bo‘lib o‘tishini aytgan. Mashg‘ulotlarda harbiy havo kuchlari, havodan mudofaa tizimlari, zirxli texnika va maxsus otryadlar ishtirok etadi.

Mashg‘ulotlarda Afg‘onistondan Tojikistonga terrorchilar kirib kelgani taqdirda chegaradagi uch davlat harbiylari harakatlarini muvofiqlashtirish ssenariysi ishlab chiqiladi.

Manbaning aytishicha, “bu Tojikiston, O‘zbekiston va Rossiya harbiylarining ilk to‘laqonli mashg‘uloti” bo‘ladi.

So‘nggi haftalarda Afg‘oniston hukumat kuchlarining yuzlab askarlari Tolibon bilan qaqshatqich janglar ortidan Tojikiston va O‘zbekistonga qochib o‘tgan. O‘zbekiston tomoni ular Afg‘onistonga qaytarib jo‘natilganini bildirgan edi.

Tolibon 1 - mayda AQSh va xalqaro kuchlar Afg‘onistondan chiqarila boshlaganidan to shu kungacha 423 ta tumanni bosib oldi.

AQSh prezidenti Jo Bayden Afg‘onistondan Amerika harbiylari 11 - sentabrgacha olib chiqib ketilishini e’lon qilganidan so‘ng jangovar harakatlarni kuchaytirgan edi. Keyinroq Bayden AQSh harbiylari Afg‘onistonni 31 - agustgacha tark etishini aytgan.

Tahlilchilar AQSh harbiylarining mamlakatdan chiqarilishi ortidan Tolibon erishayotgan muvaffaqiyatlar G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan amaldagi afg‘on hukumatining hokimiyatdan qulashiga sabab bo‘lishi to‘g‘risidagi taxminlarni bildirmoqda.

Rossiya yetakchiligidagi harbiy blok Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti a’zosi bo‘lmagan O‘zbekiston Moskva bilan ikki tomonlama harbiy hamkorlik bitimlariga ega. O‘tgan yil dekabrida ikki mamlakat harbiylari "Termiz" poligonida qo‘shma harbiy o‘quv mashqlarini o‘tkazgan edi.

30 - iyulda boshlanishi kutilayotgan harbiy mashqlar rejasi Amerika Qo‘shma Shtatlari mintaqa davlatlari, jumladan O‘zbekiston bilan Afg‘onistondagi barqarorlikni nazorat qilish bo‘yicha qator takliflarni muhokama qilayotgani haqidagi xabarlar ortidan paydo bo‘lmoqda. Amerika matbuoti bu takliflar orasida Markaziy Osiyo davlatlari hududida AQSh harbiylarining cheklangan kontingentini joylashtirish masalasi ham borligi haqida yozgan.

Bu xabarlarga javoban O‘zbekiston Mudofa vazirligi mamlakat harbiy konsepsiyasi xorij davlatlari harbiy bazalarining mamlakat hududida joylashtirishni istisno qilishi haqidagi bayonot bilan chiqdi.

O‘zbek tomoni shuningdek, Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonda o‘z kuchlari bilan hamkorlik qilgan 9 ming nafar afg‘onga vaqtincha boshpana berishni so‘ragani haqidagi xabarlarni ham rad etdi.

16 - iyul kuni Toshkentdagi Markaziy va Janubiy Osiyodagi hamkorlik mavzusiga bag‘ishlangan anjumanda qatnashgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov mintaqadagi hamkor davlatlar, jumladan, o‘zbek tomoni AQShning bu kabi so‘rovini tasdiqlamagani va Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar bunday qadamning o‘zlari uchun qanchalik xavf tug‘dirishini yaxshi anglashlarini aytdi.

Markaziy Osiyoni o‘z ta’sir doirasidagi mintaqa deb hisoblovchi Rossiya shu oy boshida AQSh mintaqada doimiy harbiy baza ochishiga “yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi” ni aytgan edi.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays o‘tgan hafta Markaziy Osiyo davlatlari Qo‘shma Shtatlar bilan hamkorlik darajasi to‘g‘risida suveren qaror qabul qilishlarini” aytdi.

“Bu nafaqat bizning manfaatlarimizga, aslida Afg‘oniston qo‘shnilarining bevosita manfaatlariga juda mos keladi”, dedi kotib.

Bayden ma’muriyati mintaqadan aynan qanday hamkorlikni xohlayotgani, aynan qaysi mamlakatlar bilan muzokara olib borayotgani haqida to‘liq ma’lumot bergani yo‘q.

Tahlilchilar AQSh qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi manzarasida Moskva mintaqadagi diplomatik va harbiy tashabbusni qo‘lga olayotganiga e’tibor qaratishmoqda.

8 - iyul kuni Rossiya terrorchi tashkilot deb hisoblaydigan Tolibonning siyosiy idorasi vakillaridan iborat hay’at Moskvada Afg‘oniston hukumati va Rossiya rasmiylari bilan muzokaralar olib borgan. Muzokaralar ortidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiylari Tolibon Afg‘onistonda to‘liq hokimiyatni qo‘lga kiritishga intilmayotganini aytishgan, toliblarning vakillari esa Markaziy Osiy davlatlari chegaralariga daxl qilmasliklarini ta’kidlaganlar.

Мирзиёев ҳукумати ва Толибон мулоқоти. Ўзбекистон эртаси таҳликадами?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:18 0:00

9 - iyul kuni Moskvada o‘tgan matbuot anjumanida Tolibon hay’ati rahbari Shahobuddin Delavar Tolibon Afg‘onistondagi IShID (Rossiya va boshqa qator davlatlarda terrorchi guruh deb tan olingan Iroq va Shom Islomiy davlati guruhi) ga qarshi kurashishini aytgan.

Putin hukumatining Rossiya rasman terrorchi tashkilot deb bilgan Tolibon bilan muzokaralari rus matbuotida tanqidlarga sabab bo‘ldi, ammo Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Qobulov muloqotdan maqsad toliblarga Moskvaning pozitsiyasini yetkazish ekanini ta’kidladi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Tolibon bilan muzokaralardan Putin xabardor ekanini aytdi.

«Putin xabardor. Muloqot Afg‘onistondagi vaziyat qanday tarang rivojlanayotgani, Afg‘oniston va Tojikiston chegarasidagi vaziyat manzarasida muhim", deya Peskovning so‘zlaridan iqtibos keltirgan RIA «Novosti» agentligi 9 - iyul kungi xabarida.

25 - iyun kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Tolibonni "terrorchi tashkilot deb hisoblamasligi"ni aytgan edi.

"Ochig‘i¸ o‘sha paytda bizni Tolibonni real muxolifat sifatida rasman tan olishlikda ayblashgan edi. Bu o‘rindagi asosiy savol Afg‘onistondagi siyosiy tuzum qanday bo‘ladi? Albatta¸ biz 90-yillardagi Afg‘oniston islomiy amirligini qabul qila olmaymiz. Ayni paytda biz muammoning Afg‘oniston joriy hukumati¸ Tolibon va boshqa qurolli muxolifat o‘rtasida o‘zaro murosa yo‘li bilan yechim topishini istaymiz", deb aytgan Komilov ThisisAmerica TV muxbiri Dennis Wholey bilan suhbatda.

Vazirning bayonoti so‘nggi yillarda Tolibon vakillari bilan yaqindan muloqot o‘rnatgan rasmiy Toshkent o‘z chegaralarining xavfsizligi borasida muayyan kafolatlarni olgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi farazlarga ham yo‘l ochdi.

Ammo Rossiya harbiylari bilan o‘zbek-afg‘on chegarasi yaqinida o‘tkazilishi e’lon qilingan qo‘shma mashqlar rejasi bir vaqtning o‘zida xavfsizlik xavotirlari kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.

XS
SM
MD
LG