Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:54

O‘zbekiston valyuta "qora bozori"da rubl dollar o‘rnini egallamoqda


Illyustrativ surat: Iqtisodchilar fikricha, O‘zbekistonning rubl zonasiga kirishi Ukrainaga tajovuz bois G‘arb sanksiyalariga yuz tutgan “Rossiyaning ofatiga sherik bo‘lish”ni ham anglatadi. 
Illyustrativ surat: Iqtisodchilar fikricha, O‘zbekistonning rubl zonasiga kirishi Ukrainaga tajovuz bois G‘arb sanksiyalariga yuz tutgan “Rossiyaning ofatiga sherik bo‘lish”ni ham anglatadi. 

O‘zbekiston valyuta qora bozorida Rossiya rublini sotuvchi va oluvchilar ko‘paymoqda.

Toshkentning Chorsu bozoridagi sarroflardan birining Ozodlikka aytishicha, asosiy foyda hozir rubl oldi-berdisi hisobidan bo‘lyapti.

“Rublchilar ko‘paygan. Faqat rubl olib-sotish bilan shug‘ullanuvchilar bor. Oldin dollar bilan shug‘ullanganlar ham hozir rublga o‘tyapti. Chunki rublda foyda ko‘proq”, - deydi sarrof.

Dollarning ham, rublning ham "qora bozor"dagi kursi banklardagidan deyarli farq qilmaydi.

“Dollarni (100 AQSh dollari-tahr.) 1 million 115 ming olib 1 million 125 ming sotyapmiz.. Rubl bizda olish 147 so‘m, sotish 150 so‘m. Bank 150 olyapti rublni, lekin katta summani bizga olib kelishadi. Rossiyadan kelishyapti. Ro‘yxatga tushib qolmay, deb bizga olib kelishadi“, - deydi sarrof.

Toshkentlik tadbirkor Tohir Sobirov O‘zbekiston valyuta bozorida rubl ko‘payishini Rossiyadan keluvchilar ko‘paygani, Rossiya bilan savdo-sotiq rublda bo‘layotgani va migrantlar mablag‘larni rublda yuborayotgani bilan bog‘laydi.

‘’Rossiyadan keluvchilar ko‘paydi, ular katta pul bilan kelmoqda. U yoqda ishlayotganlar ham oldin dollarda pul jo‘natgan bo‘lsa, endi rublda yuboryapti. Rossiya bilan oldi-sotdi shartnomalari ham rublda. Mening o‘zim hozir Rossiya bilan ish qilyapman, uy-ro‘zg‘or jihozlarini O‘zbekistonga keltiraman, kontraktlar faqat rublda bo‘lyapti. Istaysizmi, istamaysizmi, ko‘pchilik rublga o‘tishga majbur bo‘lyapti”, - deydi Tohir Sobirov.

“O‘zbekiston rubl hududiga kirib bo‘lgan”

O‘zbekistonlik iqtisodchi Abdulla Abduqodirovning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha,, O‘zbekiston rubl hududiga allaqachon kirib bo‘lgan.

“Birinchidan, hozir Rossiyadagi yuridik va jismoniy shaxslar rubl aylanadigan bozorni qidiryapti. Ko‘pchiligi Rossiyadan sanksiyalar va cheklovlar sabab ko‘chib ketyapti. Rasmiy statistika bo‘yicha 4 millionga yaqin odam Rossiyadan chiqib ketgan. Bir qismi O‘zbekistonda. Yashashga va biznesga sharoit qidiryapti ular.

Maqsad - o‘z moliyaviy resurslaridan bemamol foydalanish. Rossiyadan olib kelgan kartalari ishlamayapti. O‘zbekistonga kelib, kartalar ochyapti. Ularda faqat rubl bor.

Rublni qanday qilib bo‘lsa ham konvertatsiya qilish kerak. O‘zbekistonga olib kelib konvertatsiya qilyapti”, - deydi Abduqodirov.

Shu yilning 3-mart kuni O‘zbekiston Markaziy banki barcha tijorat banklariga “Rossiya rublidagi pul o‘tkazmalari bo‘yicha ayirboshlash operatsiyalarini uzluksiz amalga oshirish hamda valyuta kursini belgilashda sotib olish va sotish kurslari o‘rtasidagi farqni maqbul darajada saqlab turish va banklarning valyuta xavf-xatarlarini minimallashtirish maqsadida Rossiya rublini sotish va sotib olish kurslarini joriy xalqaro kotirovkalarga asosan kun davomida o‘zgartirib borish yuzasidan tavsiyalar” bergan edi.

“Rossiya ofatiga sherik bo‘lish”

Mustaqil iqtisodchi Abdulla Abduqodirovning fikricha, O‘zbekistonning rubl zonasiga kirishi Ukrainaga tajovuz bois G‘arb sanksiyalariga yuz tutgan “Rossiyaning ofatiga sherik bo‘lish”ni ham anglatadi.

“O‘zbekiston 3-mart kuni rubl hududiga kirib bo‘ldi. Hozir rubl aylanishiga to‘siq yo‘q. Banklarga rublni sotib olish va sotish bo‘yicha majburiyat yuklangandan keyin rubl hududiga aylanib bo‘lganmiz. Rossiya rublini kiritdikmi, o‘zimiz ham rubl hududga kirdikmi, Rossiya yuz tutgan ofatga biz ham sherik bo‘lamiz”.

Iqtisodchining so‘zlariga ko‘ra, yana bir omil O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida savdo-sotiq faqat rublda bo‘layotganidir.

“Kimdir Rossiyaga mol sotadi, kimdir mol olib keladi. Mol sotib olganda rublda to‘lash shart qilib qo‘yilgan. Ko‘pchilik shu rublda mol oladi, shuning uchun ular ko‘proq rubl sotib olyapti. Buning hajmi borgan sari o‘sib boryapti. O‘zbekistonga kelayotgan Rossiya fuqarolari o‘zlari bilan rublь olib kelib, shu rublni so‘mga almashtiryapti, shu yerda yashash uchun. Shuning uchun rubl bozori kengayib boryapti”.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ham O‘zbekistonda rubl ekspansiyasi ortayotgani haqida o‘zining Telegram-kanalida yozdi.

Otabek Bakirov fikricha, Rossiya rubli urush va agressiyaning simvollaridan biriga aylanib bo‘lgan.

"Bosqinchilar okkupatsiya qilingan Xerson, Zaporojye va Xarkovning ayrim hududlarida to‘lov vositasi o‘laroq rublni muomalaga kiritishga urinishmoqda. Rossiya tarafidan avvalroq bosib olingan Qrim, DNR va LNR (Ukraina), Dnestrbo‘yi (Moldova), Abxaziya va Janubiy Osetiya (Gruziya) kabi hududlarda ham rubl to‘lov vositasi sifatida ishlatiladi.

Urush boshlangandan buyon Rossiyaning satellitlari rubl kursini turli vositalar va usullar bilan yuqori darajada ushlash va foydalanish ko‘lamini kengaytirish siyosatini olib borishmoqda", - deb yozdi Bakirov Telegram-kanalida.

Tahlilchilar fikricha, asosiy iste’mol mollari Rossiyadan kelaëtgani sabab O‘zbekiston qora bozorida rubl dollarning o‘rnini egallashi turgan gap. Iqtisodchi Abduqodirov ham shu fikrda.

“Rossiyadan import yuqori bo‘lsa, rubl ekspansiyasi ham ortib boraveradi. Chunki Rossiyadan import qilinadigan mollar pulini to‘lash uchun rubl kerak. Rubl massasi ko‘paysa, narx-navo ortib boraveradi. Mana hozirdan ko‘ryapmiz oziq-ovqatga narx oshib boryapti. Uy- joy oshib ketdi. Bu-talabning keskin ko‘tarilganidan. Ayni tovar massasiga katta rubl massasi kelib qo‘shildi. Taklif ortgani yo‘q, talab rubl massasi hisobiga ortyapti, shuning uchun narxlar oshyapti”, - deydi Abduqodirov.

“Rubl dollarning o‘rnini bosolmaydi”

O‘zbekiston valyuta bozoridagi vaziyat bilan tanish bloger Dima Qayum esa, Rossiya rubli dollar o‘rnini egallayapti, degan fikrdan yiroq.

“Bizning Farg‘onada tovarlar Xitoydan keladi, shuning uchun hamma dollar oladi. Yiqqan mablag‘larini ham dollarda saqlaydi. Rublga ishonch yo‘q. Erta-indin sanksiyalar kuchini ko‘rsatadi, rubl qadri yana tushadi. Hozir vaqtincha ushlab turishibdi”, - deydi Dima Qayum.

Iqtisodchi Abduqodirovning fikricha, rubl qurbi tushishi yaqin kelajakda Rossiya bilan savdoda asosiy muammo bo‘lishi tayin.

“Sanksiyalarni 6-8 oydan keyin katta ta’sirini ko‘ramiz. Agar Rossiya yalpi ichki mahsuloti yil yakuniga ko‘ra 12 foizga kamaysa, bu “katastrofa” bo‘ladi. Rossiya uchun va butun MDH uchun. Rossiya bilan kim katta savdo aloqalariga ega bo‘lsa, jumladan, O‘zbekiston uchun ham bu katta “katastrofa” bo‘ladi. Kecha bir rubl turgan narsani 5 rublga olishga, 5 rublga turgan narsani 3 rublga sotishga majbur bo‘lamiz. Ularda o‘zini molni qimmatga sotisha harakat kuchayib boraveradi. Rossiyaga bog‘lanib qolgan sovdo sotiq aloqalarini esa Xitoyga yoki Yevropaga moslashtirish O‘zbekiston uchun oson bo‘lmaydi”, - deydi iqtisodchi.

O‘zbekistondagi valyuta tushumining salmoqli qismini chetda, asosan Rossiyada mehnat muhojirligida band bo‘lgan fuqarolar yuborayotgan mablag‘lar tashkil qiladi.

Jahon Banki ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilning 1-3 choragida O‘zbekistonga xorijdan yuborilgan pul o‘tkazmalarining 55 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

XS
SM
MD
LG