Линклар

Шошилинч хабар
23 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:17

O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarilmoqda, narx-navo ham  


Samarqandning qadimiy "Siyob" bozori.
Samarqandning qadimiy "Siyob" bozori.

15-mart kuni O‘zbekiston tijorat banklarida AQSh dollarining o‘zbek so‘miga nisbatan kursi yangi rekord ko‘rsatkichni qayd etdi.

Shu oy boshida 1 AQSh dollari 10 500 so‘m atrofida bo‘lgan bo‘lsa, ikki hafta o‘tib 11 200 so‘mdan oshib ketdi.

Dollarning "qora bozor"dagi kursi banklardagidan deyarli farq qilmaydi.

“100 dollarni 1 million 95 mingdan olishyapti, 1 million 120 mingga sotishyapti. O‘tgan hafta 1 mln 90 mingga olib, 1 mln 95 mingga sotishayotgandi. Hozir ko‘pchilik dollar yana oshadi, degan o‘yda ko‘proq olyapti. Sotadiganlar juda oz. Banklarda ham ko‘p sotmayapti. Olish ko‘paysa, bu yog‘iga yana dollar ko‘tariladi. Vahima bor. Rublni dollarga almashtirayotganlar ham ko‘p. Bankda rublni 80 so‘mdan olib, 120 so‘mdan sotyapti. Hozir, Rossiyadan ko‘pchilik rublni o‘zini jo‘natyapti, dollar jo‘natmayapti”, - deydi Toshkentning Chorsu bozoridagi sarroflardan biri.

So‘mning dollarga nisbatan ayirboshlash kursining pasayishi Ukrainaga tajovuz sabab sanksiyalarga uchragan Rossiya rublining keskin qadrsizlanishi manzarasida yuz bermoqda.

Narx-navo ham o‘smoqda

O‘zbekistonda dollar kursi ko‘tarilishi ortidan narx-navo ham oshgani kuzatilmoqda.

Andijonning “Eski shahar” bozorida tadbirkorlik qiluvchi Hayotulloning Ozodlikka aytishicha, un, yog‘, go‘sht kabi oziq-ovqat mahsulotlarining narxi 10-15 foizga ko‘tarilgan.

“5 litrlik pista yog‘i 80 ming so‘m edi, 98 ming so‘mga chiqdi. Unni kilosi 6 ming so‘m edi. Hozir 6 yarim ming so‘m. Shakar kilosi 8 ming so‘m edi, hozir 10 ming so‘m. Go‘sht ham qimmatladi. Dollar oshsa, oddiy kolbasadan tortib sir, konfetlar ham avtomatik oshadi. Ayniqsa, qo‘shni davlatlardan keltirilganlari”, - deydi Hayotullo.

14-mart kuni Rossiya hukumati 2022-yil 31-avgustga qadar uchinchi mamlakatlarga shakar eksportini to‘xtatayotganini ma’lum qildi.

Bundan oldin Ukraina ham shakar eksportiga vaqtincha cheklov kiritgandi. O‘zbekistonning shakar importida bu ikki davlatning ulushi katta ekani aytiladi.

Farg‘onalik bloger Dima Qayum narxlarning ko‘tarilishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ukrainadagi urush bilan bog‘laydi.

“Ukrainada urush boshlanganidan beri un, shakar, yog‘ narxi ancha qimirlab qoldi. Bizda kambag‘alni ovqati shularsiz bo‘lmaydi. Oshish o‘n foizcha bo‘lyapti. Hali bu boshlanishi. Kompot sezonga borib shakar 12 mingga ko‘tarilib qolsa kerak. Chunki Rossiya, Ukrainadan kelish to‘xtagan. Un ham yana oshib ketadi. Undan yasaladigan mahsulotlar narxi ham ko‘tariladi”, - deydi Dima Qayum.

Toshkentlik tadbirkor Tohir Sobirov dollar kursi ko‘tarilgani qurilish mollari narxlarida ham aks eta boshlaganini aytadi.

“Sement tonnasi 530 ming so‘m edi o‘tgan hafta. Bugun 640 ming so‘m. Shifer, yog‘och ham mana bugun o‘n foizga qimmatladi. Dollar oshgan sayin narx-navo ham oshib boraveradi. Mashina bozorida esa mashina kam, ko‘pchilik sotmayapti. Chunki dollar yana oshadi, deb mashinasini bozorga chiqarmayapti”, - deydi tadbirkor.

Dollarning oshishi asosiy muammo emas

O‘zbekistonda valyutaning erkin konvertatsiyasi joriy etilganiga qaramay, mustaqil iqtisodchilar Markaziy bank belgilayotgan kurs AQSh dollarining real qiymatini aks ettirmasligini aytishadi.

“Kurs sun’iy ushlab turilayotganday. Agar qo‘yvorsa dollar 15 ming so‘mdan oshib ketishi turgan gap. Hozir dollar olaman deb borsangiz, rasmiy kursda hamma banklarda ham yo‘q”, - deydi tadbirkor Tohir Sobirov.

Iqtisodchi Otabek Bakirov fikricha, valyuta chetga chiqib ketishining oldini olish uchun so‘mning erkinroq bo‘lishiga yo‘l berish kerak.

“Qaytanga konflikt uzoq davom etishi tobora ayon bo‘lib borayotgan hozirgi sharoitda bu shoklarning oqibatlarini biroz yumshatadi ham. Hammasi bir haftada tugaydi va status-kvo tiklanadi, deyilgan ssenariy endi reallikdan uzoq.

Biz birinchi haftadayoq migrantlarning rubldagi daromadlari yo‘qotishi muammosiga duch keldik. Biz ikkinchi haftadan eksporterlarimizning muammolarini his eta boshlayapmiz. Albatta endi eng maqbul chora so‘mning rublga nisbatan haddan ziyod mustahkamlanishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘ladi. So‘mning erkinroq bo‘lishiga yo‘l berish vaqti etdi.

Yana esdan chiqarmaslik lozimki, dollardagi inflyatsiya o‘tgan yili 7,5%ni tashkil etgan. Yangi reallik hisobga olinsa, qattiqlashtirish siyosatiga hech kim uncha shoshayotgani yo‘q, bu yil ham dollar inflyatsiyasi kamida o‘tgan yildagidek, balki balandroq bo‘ladi.

Shu ma’noda, keng aholi qatlamlari, xususan mehnat migrantlarimizning manfaatlari ko‘zlanilsa, eng asosiy muammo o‘laroq dollarning oshishini emas, inflyatsiyani qarashda davom etish kerak”, - deb yozdi Otabek Bakirov Telegram-kanalida.

O‘tgan hafta O‘zbekiston Markaziy banki tijorat banklariga rubl ayirboshlashni to‘xtatib qo‘ymaslik, sotib olish va sotish kursi o‘rtasidagi farqni “maqbul darajada” saqlab turishni tavsiya etgan edi.

Iqtisodchilar bu qarorni “rubldagi barcha risklarni so‘mga yuklash” deb ta’riflab, O‘zbekistonga “vagonlarda rubl kirib, vagonlab dollar chiqib ketishi”dan ogohlantirishgan.

Taniqli moliyachi Abdulla Abduqodirovning yozishicha, Rossiya va Ukraina O‘zbekistonning muhim tashqi savdo hamkorlari sanaladi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotiga Rossiya investitsiyalari hajmi 10 milliard dollardan oshib ketgan. ayni paytda 2021-yil yakunlariga ko‘ra, Ukraina bilan savdo hajmi (231,6 mln dollar) 87 foizlik o‘sish ko‘rsatgan.

Abduqodirovning fikricha, rublning beqarorligi yaqin kelajakda Rossiya bilan savdoda asosiy muammo bo‘lib qoladi. Ayni paytda o‘zbek so‘mining keskin qadrsizlanishini kutish qiyin, chunki o‘zbek so‘mining kursi tashqi savdo balansiga qattiq bog‘lanmagan.

"Biroq, barcha prognozlarning to‘g‘riligi harbiy harakatlarning qachongacha davom etishi va sanksiyalarning o‘zbekistonliklarning eng ko‘p band bo‘lgan iqtisodiyot tarmoqlariga ta’siri darajasiga bog‘liq", - deb yozadi Abdulla Abduqodirov Anhor.uz nashridagi maqolasida.

Pul o‘tkazmalari kamaydimi?

Oxirgi uch hafta ichida rus rubli AQSh dollari va yevroga nisbatan qariyb ikki baravar qadrsizlandi.

O‘zbekistonlik iqtisodchi Otabek Bakirov fikricha, so‘nggi haftalarda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari ham shuncha miqdorda kamaygan.

“Fevral oyining dastlabki 9 kuni bilan solishtirganda martning 9 kunida O‘zbekistonga yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hajmi o‘rtacha 2 barobargacha qisqargan.

Xususan, Rossiyadan kelayotgan o‘tkazmalar hajmi 4-5 barobargacha, Qozog‘istondan kelayotgan o‘tkazmalar 40-50%gacha kamaygan. Ukrainadan pul o‘tkazmalari kelishi amalda to‘xtab qolgan”, - deb yozdi iqtisodchi.

O‘zbekiston Markaziy banki geopolitik risklar mamlakat milliy valyutasiga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani, Rossiyada rublning qulashi, banklarda dollar hamda yevro sotishga cheklovlarning O‘zbekistonga pul jo‘natmalari oqimiga ta’siri borasida biron tadqiqot yoki statistikani e’lon qilganicha yo‘q.

O‘zbekistondagi valyuta tushumining salmoqli qismini chetda, asosan Rossiyada mehnat muhojirligida band bo‘lgan fuqarolar yuborayotgan mablag‘lar tashkil qiladi.

Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil o‘zbekistonlik mehnat muxojirlari Rossiyadan 7 yarim milliard dollardan ortiq pul jo‘natgan. Bu 2020-yilgi ko‘rsatkichdan 26 foizga ko‘pdir.

Rus rublining keskin qadrsizlanishi ortidan Rossiyadagi mehnat muhojirlari daromadlari xorijiy valyuta hisobida deyarli ikki barobarga kamaygan.

Jahon banki xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmi bu yil, umumiy hisobda, 21 foizga kamayishini bashorat qilmoqda.

Bank bu holatni Ukraina inqirozi sabab Rossiya iqtisodiyotining cho‘kishi va rublning keskin qadrsizlanishi bilan izohlagan.

JB ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yilning 1-3 choragida O‘zbekistonga xorijdan yuborilgan pul o‘tkazmalarining 55 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

XS
SM
MD
LG