Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligi O‘zbekistonda “GAB Airlines” aviashirkati tashkil etilganiga oid xabarni rad qilib chiqdi.
Agentlik qaydicha, ommaviy axborot vositalarida O‘zbekistonda yangi “GAB Airlines” aviakompaniyasi tashkil etilgani hamda Airbus-320 va Airbus-330 havo kemalarida parvozlarni amalga oshirishi haqidagi xabarlar “haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”.
Xabarnomada fuqaro aviatsiyasida havo kemalaridan foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday faoliyatni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksi va Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida qonun talablariga muvofiq har qanday yuridik shaxs “O‘zaviatsiya” agentligidan belgilangan tartibda havo kemasi ekspluatanti sertifikatini olishi shartligi eslatilgan.
Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, havo kemasi ekspluatanti sertifikat olgandan keyingina aviakompaniya maqomini olish mumkin va havo kemalarida havo tashuvlarini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi.
“O‘zini “GAB Airlines” aviakompaniyasi deb atayotgan tashkilot bugungi kunga qadar “O‘zaviatsiya” agentligiga havo kemasi ekspluatanti sertifikatini olish uchun ariza va havo kemasini sotib olgani yoki ijaraga (lizingga) olgani haqidagi hujjatlarni taqdim etmagan”, deyilgan Fuqaro aviatsiyasi agentligi xabarnomasida.
Avvalroq Instagram ijtimoiy tarmog‘ida “GAB Airlines” aviakompaniyasi nomidan ochilgan sahifada uchuvchi va styuardessalar ishga taklif qilinishiga oid e’lon berilgani kuzatilgan edi.