Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:49

O‘zbekistonda Green Card firibgarlari yana faollashgani kuzatilmoqda


Samarqand shahrida Green Card ishtirokchilariga xizmat taklif qilayotgan o‘nlab shirkatlar faoliyat olib boradi
Samarqand shahrida Green Card ishtirokchilariga xizmat taklif qilayotgan o‘nlab shirkatlar faoliyat olib boradi

AQSh Davlat departamenti 2022 - yil uchun Green Card lotereyasidan ro‘yxatdan o‘tish boshlanganini e’lon qilar ekan, O‘zbekistonda ariza to‘ldirishda vositachilik taklif etuvchilar ko‘paygan.

Green Card lotereyasi uchun arizalarni topshirish 7 - oktabr kuni boshlangan va 2020 - yil 10 - noyabrgacha davom etadi.

AQSh Davlat Departamenti ariza topshirish bepul ekani, pul mukofoti evaziga yutuq kafolatlayotgan shaxslarga aldanib qolishdan ogohlantirib keladi.

Ozodlik suhbatdoshlari poytaxt hamda viloyatlarda shu kunlarda ko‘cha-ko‘yda yurib, ma’lum haq evaziga Green Card lotereyasiga ariza to‘ldirishni taklif etuvchilar ko‘payganini aytishmoqda.

Ba’zilar ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirib, lotereya dasturida ishtirok etuvchilarni izlamoqda.

Samarqand shahrida o‘nlab shirkatlar sayyohlik agentligi niqobi ostida Green Card ishtirokchilariga xizmat taklif etmoqda.

O‘zbekistonda Green Card uchun ariza topshirishda vositachilik qilishni taklif etayotgan shirkatlar ko‘paygan.
O‘zbekistonda Green Card uchun ariza topshirishda vositachilik qilishni taklif etayotgan shirkatlar ko‘paygan.

Ozodlik shu shirkatlardan biriga qo‘ng‘iroq qildi:

"Pasport va bolalarni metrkasi bilan kelasiz. Oila uchun 80 ming so‘m. Yutuq chiqsa ,oshg‘ingiz olchi", - deydi shirkat xodimi.

Green Card lotereyasiga hujjatlarni topshirishda o‘z ko‘magini taklif qiluvchi ba’zi vositachilar anketani to‘ldirib berish uchun pul olmaydi.

Lekin yutuq chiqqan taqdirda yutuq kodi uchun bir necha ming dollar taklif qilishi mumkin.

Green Card bo‘yicha turli sxemalardan xabardor samarqandliklardan biri bu qanday ishlashini Ozodlikka tushuntirdi:

"O‘nlab odamni shaxsiy ma’lumotini to‘plab topshirvoradi, bittasidan yutuq chiqishi mumkin. Yutuq chiqsa 5-10 ming dollarga sotadi. Kod unda bo‘ladi. AQSh elchixonasiga borib, kodni o‘zim so‘rab olaman, deyishi mumkin, lekin foydasi yo‘q, chunki vositachilar o‘rtaga tushganini bilsa, elchixona lotereya yutug‘ini bekor qilib yuborishi mumkin".

Ozodlik Odnoklassniki tarmog‘ida Green Card lotereyasiga hujjat topshirishda bepul ko‘mak va’da qilingan e’lon bo‘yicha qo‘ng‘iroq qildi.

Telefon go‘shagini ko‘targan odam jurnalist savolini eshitishi bilan telefonni o‘chirib qo‘ydi.

Firibgarlardan extiyot bo‘ling!

AQSh Davlat Departamenti rasmiylari Green Card lotereyasida qatnashish uchun ariza topshirish tekin 'ekani, hatto ingliz tilini yaxshi bilmaydiganlar ham advokat yordamisiz bu ishni uddalay olishini aytishadi.

Departamentning Ozodlik suhbatlashgan Konsullik ishlari bo‘yicha byurosi rasmiysi Green Card lotereyasiga ariza to‘ldirishda vositachilik taklif etayotganlardan ehtiyot bo‘lishga, firibgarlar domiga tushib qolmaslik uchun arizani har kimning o‘zi to‘ldirishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlaydi.

"Shubhali elektron maktublardan ehtiyot bo‘lish kerak, biz bu haqda muntazam ogohlantiramiz. Bu dasturda qatnashish juda oddiy va shu bois¸ o‘ziga Green Card o‘ynash uchun xizmat¸ xususan¸ pullik xizmat taklif qiluvchilarning bu dasturga mutlaq aloqasi yo‘qligidan yaxshi ogoh bo‘lmoq lozim"¸ - dedi Ozodlik bilan mikrofonsiz suhbatda AQSh Davlat departamenti Konsullik ishlari bo‘yicha byurosi rasmiysi.

Green Card uchun arizani to‘ldirishda rasman hech qanday to‘lov undirilmaydi.

Faqatgina lotereyada g‘olib chiqqanlar AQSh elchixonasiga suhbatga borganda, konsullik kassasiga 330 dollar to‘lashadi. Grin kard lotereyasi ishtirokchisidan boshqalarning haq talab qilishi firibgarlik sanaladi.

G‘oliblar tasodifiy ravishda tanlab olinadi. Arizalarni topshirish 7 - oktabr kuni boshlangan va 2020 - yil 10 - noyabrgacha davom etadi.

AQSh Davlat Departamenti ogohlantiruviga qaramay, vositachilarga mo‘may pul to‘lab, aldanib qolayotganlar oz emas.

"Uch yillik o‘yin uchun 60 ming so‘m to‘ladim"

Samarqand viloyatining Urgut tumanidan bo‘lgan Sa’dulla aka o‘tgan yili "AShUR DANGAL" deb ataluvchi shirkatga 60 ming so‘m to‘lab, aldanganini eslaydi:

"Samarqand shahrida OOO"AShUR DANGAL" firmasi bor. Green Card lotereyasiga uch yillik o‘yin uchun 60 ming so‘m deyishgan. Bir yilligi 50 ming bo‘ladi, deyishganda o‘tgan yil uch yillikka shu 60 ming so‘mni to‘lagandim. Keyin bilsam moshennik ekan bular. Bir ikkita joyga murojaat qilsam ularning ustidan xech kim nazorat qilmas ekan. Bular tekin narsani pulga sotib xalqni aldashyapti. Bu yetmaganday uch yillik, deb aldagani nimasi bo‘ldi. Ularning maqsadi agar men Green Card yutsam shu yutuqni menga 10 ming dollarga pullash ekan", deydi Sa’dulla aka.

O‘zbekistonda firibgarlar yordamida Green Sard lotereyasini yutib olib, AQShga yo‘l olayotganlar ko‘p.

Ozodlik bu borada surishtiruv o‘tkazgan edi.

Diversity Visa dasturi immigratsiya darajasi past bo‘lgan mamlakatlar chet el fuqarolariga AQShda doimiy yashash va ishlash imkoniyatini beradi.

Arizalarni topshirish 7 - oktabr kuni boshlangan va 2020 - yil 10 - noyabrgacha davom etadi.

Green Card o‘ynovchilar ro‘yxatida O‘zbekiston yetakchilardan

Grin-karta o‘ynash huquqi mavjud 201 davlat ichida O‘zbekiston Sudan, Jazoir va Ukraina qatorida eng ko‘p hujjat topshirgan davlatlardandir.

Dunyo bo‘yicha har yili deyarli 10 million kishi bu dasturda ishtirok etadi.

AQSh Davlat Departamentiga ko‘ra, o‘tgan yili O‘zbekistondan 5319 kishi lotereyada o‘ynash uchun ariza topshirgan.

2018 - yili bu raqam qariyb to‘rt baravar ko‘p bo‘lgan, 2 million 114 ming O‘zbekiston fuqarosi Amerikada yashash huquqini beruvchi grin-karta lotereyasi o‘yinida qatnashgan.

1990 - yilda asos solingan Green Card dasturi doirasida har yil 50 mingga yaqin immigrant Amerika Qo‘shma Shtatlarida doimiy yashash huquqini qo‘lga kiritadi.

XS
SM
MD
LG