Xabarga ko‘ra, endilikda milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarning boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Shu paytga qadar umumxalq muhokamasiga chiqarilmagan, biroq ayrim ijtimoiy tarmoq faollari tomonidan ilgari surilgan mazkur qonun loyihasida ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasi jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan fuqarolar uchun ham ma’muriy javobgarlikni qamrab oladi. Javobgarlikni istisno qiluvchi holat sifatida esa tibbiy ko‘rsatma yoki xizmat faoliyati asos qilib olinishi mumkin.
Qonun loyihasi tasdiq uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati muhokamasiga yuborilgan.
Tarmoqlar muhokamasi
Bir muddat avval ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida qo‘shxotinlik masalasi faollar muhokamasi nishoniga aylangan. Taraflarning katta qismi mamlakatda avj olayotgan ko‘p xotinlilik va uning targ‘ibotiga nisbatan keskin choralar qo‘llash chaqirig‘i bilan chiqishgan.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri maslahatchisi Shahnoza Soatova “biz dunyoviy davlat sifatida monogamiyani ijtimoiy norma deb qabul qilganmiz, ko‘p xotinlilikni jinoyat deb Jinoyat kodeksida belgilab qo‘yganmiz. Lekin hozir bo‘layotgan agressiv mediatarg‘ibotga negadir hech kim, ayniqsa, mas’ullar indamayapti. Televizorning qaysi kanaliga olsang, qo‘shxotinlik haqida serial. Instagram, YouTube ham to‘lgan shu mavzuga. Million auditoriyaga ega blogerlar omma oldida eriga ikkinchi xotin sovg‘a qilyapti” deb yozadi.
Soatovaga ko‘ra, bu hayotiy holat emas, "jinoyatga targ‘ibot, bunga chek qo‘yish kerak".
"Ko‘pxotinlilikning asosiy xavflaridan biri bu jamiyatning axloqiy negizlarini yemirishi hisoblanadi. Ushbu jinoyat oilaga qarshi jinoyat jumlasiga kiradi. Shu bois uni targ‘ib qilganlik uchun ham javobgarlik belgilanishi kerak.
Qonunga qarshi targ‘ibot qilayotganlarga chora ko‘rishmaydimi? Konstitutsiyamizda dunyoviy davlat deb yozib qo‘yilgan-ku. Nimaga konstitutsiyada belgilangan tuzum va yo‘nalishga qarshi boruvchi targ‘ibotga chora ko‘rilmaydi?", deya savol berdi Soatova.
Ozodlik bilan ismi sir qolishini so‘rab gaplashgan diniy blogerlardan biriga ko‘ra, parlament tomonidan qabul qilinayotgan qonun loyihasi mamlakatda ijtimoiy taranglik va qonunsizlikni kuchaytiradi. Qabul qilinayotgan yangi qonun loyihasiga ko‘ra, shar’iy nikohda yashayotgan er va xotin “bizning shar’iy nikohimiz yo‘q, shunchaki birga yashayapmiz” deyishsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.
“Demak, bu qonunlar shar’an ko‘p xotinlilikka ruxsat berilgan islom diniga e’tiqod qiluvchilarni nishonga olishga qaratilgan harakatdir. Modomiki, hukumat ko‘pxotinlilikning oldini olishga harakat qilarkan, uning qonunlari nikohsiz yashayotgan juftliklarni ham ta’qib qilishi kerak”, - deydi bloger.
Qonunlarda ziddiyat bor
O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati raisi Abdurahmon Tashanovga ko‘ra, ko‘pxotinlilikka oid qonuniy ta’qiblarning kuchaytirilishi qonunlarning o‘zaro ziddiyatini ham keltirib chiqarishi mumkin.
Tashanovning fikricha, O‘zbekiston Respublikasining Oila Kodeksiga ko‘ra, mamlakatda shar’iy nikoh tan olinmaydi.
"Demak, modda mazmunidan kelib chiqadiki, shar’iy nikohning huquqiy oqibatlari ham mavjud emas. Bunday shar’iy nikohlarni o‘qib kelgan shaxslar shu paytga qadar qonuniy asoslarsiz jazolab kelindi", - xulosa qiladi Abdurahmon Tashanov.
“Menga bir necha yil avval Adliya vazirligining xodimlari chiqishib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi nikoh o‘qigan shaxslarning g‘ayriqonuniy ravishda jazoga tortilayotgani haqida qonun ekspertizasi yuborishmoqchi ekanini aytishgandi. Haqiqatan ham yuzlab odamlar noqonuniy jazolanishgan, chunki shar’iy nikohni ta’qib qilishga oid hujjat yo‘q edi. Lekin bugungi qonun loyihasi ularni jazolashga asos beradi”, - deydi Abdurahmon Tashanov.
Biroq huquq himoyachisi fikricha, endilikda Kodekslarni o‘zaro muvofiqlashtirish kerak bo‘ladi. Oila Kodeksida shar’iy nikoh tan olinmasa-yu, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksda u ta’qib qilinsa, bu adolatdan bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 126-moddasida ko‘p xotinlilik uchun jinoiy javobgarlik mavjud bo‘lib, bunday huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Bu o‘rinda jinoiy javobgarlikni ketirib chiqaradigan shart xotinlarning umumiy ro‘zg‘or asosida yashashiga asoslangan.
Yangi qonuniy ta’qiblarga ko‘ra, shaxsning javobgarlikka tortilishi uchun shar’iy nikohda er-xotin bo‘lib yashashning o‘zi yetarlidir. Ammo ular shar’iy nikohda emas, fuqarolik xohishlariga qarab birgalikda yashayotgan bo‘lishsa, qonun ularni javobgarlikka tortishga yo‘l bermaydi.
Ana shu yondashuvdan kelib chiqilsa, huquq himoyachilari fikricha, ta’qiblar e’tiqod erkinligiga qarshi qaratilgan harakat sifatida ham baholanishi mumkin.