Линклар

Шошилинч хабар
22 феврал 2025, Тошкент вақти: 14:19

O‘zbekistonda noqonuniy sarroflarni tutib ketish davom etmoqda


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

Andijon viloyatining Marhamat tumanida valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan A.Yu. 3 000 AQSH dollarini 39 million so‘mga sotgan vaqtida ushlanib, undan jami 5 410 AQSH dollari, 51 600 Rossiya rubli, 13 450 qirg‘iz somi va 16,4 million so‘m pullar ashyoviy dalil sifatida olingan. Bu haqda 20-fevral kuni Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarnomada departamentning Koson tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro P.M. 3 300 AQSH dollarini 42,7 million so‘mga sotib olgan vaqtida, departamentning Nishon tumani bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa fuqaro D.K. va boshqalar fuqaro B.T.ga 3 400 AQSH dollarini 44,2 million so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangani qayd etilgan

“Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda”, deyilgan xabarnomada.

Avvalroq Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Toshkent shahri, Navoiy, Qashqadaryo, Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlarida valyuta ayirboshlash bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlangani, ularga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani haqida ma’lumot tarqatgan edi.

Valyuta ayirboshlash faoliyati bilan rasman banklar shug‘ullanadigan O‘zbekistonda so‘nggi kunlarda noqonuniy sarroflarga qarshi kurash tadbirlari nima sababdan kuchaytirilgani hozircha noma’lum. Avvalgi prezident Islom Karimov davrida mamlakat banklarida valyutalar qiymati sun’iy ravishda past kurs bilan tutib turilgani tufayli “valyuta qora bozori”ga katta ehtiyoj sezilgan. Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan keyin valyutalar kursi erkin qo‘yib yuborilgani ortidan “qora bozor” biroz bo‘lsa-da, o‘z aktualligini yo‘qotgan edi. Shunga qaramay, valyuta kursida keskin o‘sish yoki pasayish kuzatilgan paytlarda O‘zbekistonda valyuta qora bozori qayta jonlanib qolganini kuzatish mumkin.

XS
SM
MD
LG