18 yoshli Jasurbek Rustamxonov va 16 yoshli Salohiddin Azimov Yevropaning yetakchi xokkey klublarida shayba surayotgan o‘zbekistonlik xokkeychilardir. Ikkalasi ham Chexiya Ekstra-ligasi jamoalari tarkibida.
O‘zbekistonlik 18 yoshli Jasurbek Rustamxonov Chexiyaning yetakchi jamoalaridan birida shayba surmoqda.
U sentyabr oyida "HC Energie Karlovy Vary" jamoasiga qo‘shildi va shu tariqa Yevropa o‘smirlar ligasida o‘ynayotgan birinchi o‘zbek xokkeychisiga aylandi.
“O‘tgan yil aprel oyida Osiyo chempionati tugaganidan keyin agentim bilan klub qidirayotgan edik. Rivojlanishga, bu yerda xokkey sporti yuksak darajada. Bu yoqdan taklif tushdi. Iyul oxirida akam bilan bu yerga keldik. Ikki haftalik prosmotr bo‘ldi. Ikkita o‘rtoqlik o‘yini o‘ynadik. Pragada o‘ynaganmiz. O‘yinlardan keyin trener bilan gaplashganimda meni klubga olishganini aytdi”.
“Jasurbek Rustamxonov "HC Energie Karlovy Vary" jamoasiga qo‘shildi va DHL Extraliga yoki Yevropaning har qanday yoshlar ligasida o‘ynayotgan birinchi o‘zbek xokkeychisi sifatida tarixga kiradi”, deyiladi klub xabarida.
“Birinchi bo‘lsam kerak. Endi bizda, O‘zbekistonda endi-endi rivojlanyapti xokkey. Bizda “Humo” komandasi bor. Yaxshi rivojlanyapti, ko‘p bolalar kelyapti xokkeyga”, - deydi Jasurbek Rustamxonov.
Toshkentlik Jasur xokkey bilan 7 yoshidan shug‘ullanadi.
“Toshkentda 7 yoshimda boshlaganman. Next savdo markazi bor Toshkentda, o‘sha yerda kichkina muz bo‘lgan, hozir kattaroq qilib qayta qurishdi. Akam borardilar sinfdoshlari bilan. Dam olish kuni men ham borganman. Keyin trnenerlar bilan gaplashib shu yoqqa yozilganman xokkeyga. Shu bilan boshlangan”, dyeya eslaydi Jasur o‘zining ilk bor xokkey dunyosiga kirib kelgan onlarini.
O‘tgan davr ichida Jasur “Binokor”, keyin “Humo” jamoasida o‘ynadi.
“Binokor” tarkibida O‘zbekiston chempionati-2023 kumush medali sovrindori bo‘ldi.
"Binokor" klubidan boshlaganman. O‘tgan yil “Humo”ga qo‘shildim. O‘zbekistonda bitta katta klub bor, u “Humo”. “Humo”ni katta komandasiga o‘tganman, u yoqda o‘ynaganman".
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida 18 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalar o‘rtasida 2023-yilgi Osiyo va Okeaniya chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi sardori Jasurbek Rustamxonov besh o‘yinda 14ta gol urib turnirning eng yaxshi o‘yinchisi bo‘lgan edi.
"Jas"
Chexiyaning "Energie Krlovy Vary" xokkey klubida jamoadoshlari uni “Jas” deb chaqirishadi.
Klub murabbiyi Pavel Arnosht hujumchi Rustamxonovni eng yaxshi o‘zbek xokkeychilaridan biri deb ataydi.
“Jas o‘tgan yil yozida Chexiyaga kelgandi. Uni bizga agenti taklif qildi. Biz unda iste’dodni ko‘rdik va u bizga yoqdi. Keyin uni jamoamizga qabul qilish jarayoni boshlandi. Chexiyaga taklif qilish va hujjatlarni rasmiylashtirish ko‘p vaqtni oldi. Hozir uning uchun asosiy narsa - chex tilini yaxshilash. Jasni o‘zbekning eng yaxshi xokkeychilaridan biri deb bilaman. Hozir u yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Okeaniya chempionatiga yo‘l olyapti, u O‘zbekiston terma jamoasi sardori. Menimcha bu yerda orttirgan tajribasi Osiyo chempionati o‘yinlarida unga asqatadi”, - deydi Pavel Arnosht.
Jasur Rustamxonov chex jamoadoshlari bilan hozircha faqat ingliz tilida gaplashishiga to‘g‘ri kelyapti.
“Til muammo bo‘lyapti. Ingliz tilida gaplashishga harakat qilaman komandadagi bolalar bilan. Bolalar ham tushunishadi chex tilini bilmasligimni, ular ham harakat qilishadi ingliz tilida gaplashishga.. ”, - deydi Rustamxonov.
Start chizig‘ida turgan O‘zbek xokkeyi
Chexiya xokkey sporti rivojlangan dunyodagi sanoqli davlatlardan biri. Bu mamlakatda xokkey eng ommabop sport turi hisoblanadi.
“Bilsangiz, o‘tgan yili Chexiya jahon chempioni bo‘ldi. O‘smirlar komandasi uchinchi bo‘ldi. Bu yerda xokkey juda ham kuchli. Komandalar juda ko‘p, shunga yarasha konkurensiya ham katta. Xokkey o‘ynamoqchi bo‘lsa, bu yerda eng zo‘ri bo‘lish kerak. Ancha kuchli va o‘ylayman, O‘zbekistonda ham xokkey mana shunday rivojlanadi”, - deydi Rustamxonov.
Jasur Chexiya muz maydonlarida shayba surayotgan yagona professional xokkeychi emas.
O‘zbekistonlik boshqa bir xokkeychi Salohiddin Azimov o‘tgan oy HC "Motor České Budějovice" U-17 klubi bilan shartnoma imzoladi.
U aynan shu yosh toifasidagi mamlakat birinchiligida ishtirok etmoqda.
15 yoshli xokkeychi mazkur jamoa tarkibida hozirga qadar 10 ta o‘yinda muzga chiqib, 6 ta shayba kiritdi va 2 ta assist qayd etdi.
O‘zbekistonning 18 yoshgacha o‘smirlar terma jamosi bu yilgi Osiyo va Okeaniya chempionatiga hozirlik ko‘rmoqda. Salohiddin Azimov va Jasurbek Rustamxonov terma jamoaning umidli o‘yinchilaridan.
O‘zbekiston issiq iqlimi tufayli ochiq maydonlarda xokkeyni rivojlantirish imkoniyatiga ega emas.
Mamlakat rahbariyati yillardan beri xokkey sportini tiriltirishga urinib keladi.
2018-yilda O‘zbekiston Xokkey federatsiyasi tashkil etildi, Toshkentda to‘rtta jamoa - “Binokor”, “Semurg‘”, “Toshkent” va “Humo” ish boshladi.
“Xokkey sportida boshlang‘ich startda turgan O‘zbekiston uchun Jasurbek Rustamxonovning qobiliyati juda yuqori. Eng yosh o‘yinchi, kun sayin yaxshilashib boryapti. O‘zini ustida ko‘p ishlasa, bundan ham yaxshi bo‘ladi, rivojlanishi uchun imkoniyat ko‘p, hali yosh . Unga bu yerda bo‘lishning yordami katta bo‘lyapti, lekin o‘zidan uch-to‘rt yosh katta o‘yinchilar bilan birga o‘ynash oson emas”, - deydi chexiyalik trener Pavel Arnosht.
Bu yildan O‘zbekiston milliy xokkey jamoasi xalqaro xokkey chempionati eng quyi to‘rtinchi divizionida ishtirok etishni boshlashni rejalayapti.
“Qaror chiqqan milliy jamoa tuzish haqida. 10-fevral kuni borganimda gaplashamiz, trener nima desa, shu bo‘ladi. Katta o‘yinchilar o‘ynaydi u yerda, men ham o‘ynayman degan umid bor”, - deydi o‘zbek xokkeychisi Jasurbek Rustamxonov.
O‘zbekiston terma jamoasi hali o‘yin o‘tkazmagan.
So‘nggi olti yilda Toshkentda sun’iy muz bilan qoplangan to‘rtta maydon paydo bo‘ldi.
“Humo Arena” muz maydoni asosiy arena, 12 500 tomoshabinga mo‘ljallangan.
Shuningdek, Samarqand va Farg‘onada yopiq muz saroyi qurildi.
Bu 38 million aholisiga ega mamlakatda xokkey sportini rivojlantirish uchun yetarli emas.
Muz arenalari uchun uzluksiz elektr ta’minoti muhim. Uzunligi 61 eni 25 metr bo‘lgan xokkey maydonida 40 ming litr suvni muz xolida ushlab turish uchun soatiga 520 kWt energiya kerak bo‘ladi.
Xokkey eng qimmat sport turlaridan. Xokkey o‘yinchisining konki, kaska tayyoq va himoya anjomlari qimmat.
“Qimmat sport. Konkidan shlemgacha kiyintirish qimmat turadi. O‘shanga ko‘plar xokkeyga kelolmaydi”, - deydi Rustamxonov.
O‘zbekistonda xokkey sporti tarixi aslida o‘tgan asrning yetmishinchi yillariga borib taqaladi.
1972-yilda O‘zbekiston xokkey rivojlangan dunyoning eng janubiy mamlakatiga aylangan va Ginnesning rekordlar kitobiga ham kirgandi.
Aynnan yetmishinchi yillarning boshida Toshkentda "Yubileyniy" muz sport saroyi qurildi, bir yil o‘tib uning negizida "Spartak" jamoasi tashkil etildi.
1973-yilda jamoa “Glavtashkentstroy” balansiga o‘tdi va nomi "Binokor" ("Quruvchi") deb o‘zgartirildi.
O‘zbekistonda xokkeychilar bo‘lmagani uchun “Binokor” tarkibi asosan qo‘shni davlatlar, Rossiyadan bo‘lgan sportchilardan tashkil topdi.
Keyinchalik klubga mahalliy xokkeychilar ham qo‘shildi.
1976-yilda «Binokor» zona turnirida g‘olib chiqdi va birinchi ligaga yo‘l oldi. U yerda ketma-ket sakkiz mavsumni o‘tkazdi.
Eng yaxshi natijani toshkentliklar 1977/1978-yilgi mavsumda ko‘rsatib, to‘rtinchi o‘rinni egallashgan.
1978-yilda "Binokor" yagona marta xalqaro miqyosda o‘ynadi: Chexoslovakiya Taborida u "Oltin Kolossus" turnirida o‘ynadi va u yerda uchinchi o‘rinni egalladi.
Saksoninchi yillar o‘rtasiga kelib “Binokor” birinchi ligadan tushib ketdi va 1988-yilda tarqatib yuborildi.
Sovet Ittifoqi tarqagach O‘zbekistonda xokkey sporti ham o‘tmishga aylandi. “Yubileyniy” saroyi “Alpomish” konsert saroyiga aylandi.
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach xokkeyni qaytadan tiriltirish boshlandi.
Mirziyoyev oilasi xokkey sporti ishqibozlaridan. Oldinroq prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva o‘g‘li Shavkatning Humo-Arenada xokkey o‘ynayotgani suratini ijtimoiy tarmoq sahifasiga joylagandi.
O‘zbekiston Xalqaro Xokkey federatsiyasi a’zosi, bu yildan mamlakat milliy xokkey jamoasi xalqaro xokkey turnirida ishtirok etishni boshlash niyatida.
2019-yilda O‘zbekiston xokkey ligasi tashkil etilib, unga Toshkentning to‘rtta jamoasi kirdi: “Binokor”, “Semurg‘”, “Toshkent” va “Humo”.
O‘zbekiston Xokkey federatsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 369 nafar xokkeychi (113 nafar erkak, 4 nafar ayol, 252 nafar o‘smir) va 8 nafar hakam bor.
“O‘zbekistonda juda ko‘p bolalar bor. Saviyasi yaxshi bolalar. Endi hamma ham chet elga borib yashay olmaydi. Bizda o‘yinchilarning boshqa joyga borib o‘ynashi uncha rivojlanmagan. Men birinchilardanman, yosh xokkeychilar ko‘rib ketishga harakat qilishadi, chunki bu yoqda saviya boshqacha”, deydi o‘zbek xokkeychisi Jasurbek Rustamxonov.
Ukrainadagi urush va rus xokkeychilari
2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqinidan so‘ng O‘zbekiston xokkey sporti tarixi yangi bosqichga o‘tdi.
Xalqaro Xokkey federatsiyasi agressor davlatlar - Rossiya va Belarus terma jamoalarini xalqaro musobaqalardan chetlatdi.
Ularning o‘yinchilari va murabbiylari xalqaro turnirlarda ishtirok etolmayapti, ularning diskvalifikatsiyasi 2024/2025-yilgi mavsum uchun ham uzaytirildi.
Natijada, ko‘plab rus xokkeychilari dunyoning boshqa mamlakatlariga oqib ketishni boshladi. Ularning bir qismi O‘zbekistonga ham keldi.
Ba’zilari o‘zbek vatandoshligini oldi, 2025-yilda O‘zbekiston terma jamoasi federatsiyaning 4-divizionida debyut qiladi.
Chempionat Yerevanda 13-19-aprel kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston bu chempionatda Armaniston, Eron, Quvayt, Malayziya kabi davlat xokkey jamoalari bilan bellashadi.
Jahon xokkeyidagi eng mashhur o‘zbekistonlik AQSH vatandoshi, hujumchi Artur Kaliyevdir.
U Toshkentda tug‘ilgan, lekin bolaligida ota-onasi bilan AQSHga ko‘chib o‘tgan. Artur Ontario xokkey ligasida “Los-Anjeles Kings” tarkibiga kiruvchi “Hamilton Bulldogs” jamoasida o‘ynaydi.
U AQSH terma jamoasi safida o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etgan.
O‘zbek xokkeychisi Jasur Rustamxonovning ham orzusi NHL da o‘ynash.
“Menda ham hamma xokkeychilarday eng zo‘r ligada o‘ynash orzuyim bor, NHL da , o‘shanga harakat qilaman”, - deydi o‘zbek xokkeychisi.