Markaziy Osiyo mamlakatlarida bir necha yillardan beri ismlarni derusifikatsiya qilishga, masalan, familiyalardagi slavyancha -ov (a) va -yev (a) qo‘shimchalariga barham berishga urinishlar davom etmoqda. Lekin aksincha yo‘nalishda sezilarli harakat ham kuzatiladi.
"Ozodlik Osiyo" muxbiri bu jarayonlar qanday kechayotganini o‘rgandi.
O‘ZBЕKISTON
"Biz o‘zligimizni anglamagunimizcha, milliy g‘ururimizni his etmagunimizcha hech qachon rivojlanmaymiz," degan edi 2020 -yilda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori Sherzod Tajiddinovich Qudratxo‘jayev. U o‘z ismini Sherzodxon Tojiddinxon o‘g‘li Qudratxo‘jaga aylantirdi.
Sobiq Ittifoqning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi, O‘zbekistonda ham ismlarning an’anaviy yozilishiga qaytish tendensiyasi 1991-yilda mustaqillik e’lon qilinganidan keyin boshlangan.
1995-yilda qabul qilingan "Davlat tili haqida"gi qonunga ko‘ra, "O‘zbekiston Respublikasida yashovchi shaxslar, millatidan qat’i nazar, o‘z ismi, otasining ismi va familiyasini milliy-tarixiy an’analarga muvofiq yozish huquqiga ega."
Tartib-taomil Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, ism va familiyani o‘zgartirish uchun sud qarori, familiya va ism "eshitishda yoqimsiz" yoki "millati bo‘yicha mos kelmaydigan" holatlar asos bo‘lishi mumkin.
Ushbu qarorga ko‘ra, anketa ma’lumotlarini o‘zgartirishni istagan fuqaro FHDYga belgilangan hujjatlar bilan murojaat qilishi va 340 000 so‘mdan 680 000 so‘mgacha davlat bojini to‘lashi kerak. Ariza taxminan bir oy ko‘rib chiqiladi.
Jarayon nisbatan oddiy bo‘lishiga qaramay, hech bo‘lmaganda qog‘ozda, kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda undan foydalanishga ommaviy xohish yo‘q. Ko‘pincha bu tendensiya yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning otalik ismlari yozilishida o‘z aksini topadi: o‘zbek millati vakillari uchun "-vich" va "-ovna" qo‘shimchalari o‘rniga, odatda, ota ismi yonida "o‘g‘li" va "qizi" ko‘rsatiladi.
Nomlarni derusifikatsiya qilishga hukmron tabaqa vakillari ham qiziqayotgani yo‘q (bunday tendensiya Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham kuzatiladi, Tojikiston bundan mustasno). Hokimiyatga yaqin shaxs hisoblangan O‘zbekiston oliy o‘quv yurti rektori Sherzodxon Qudratxo‘ja (u marhum prezident Karimov va Mirziyoyevning matbuot xizmatlarida ishlagan) o‘z ismining ruslashtirilgan versiyasidan voz kechishga qaror qilgan kam sonli kishilardan biri.
Toshkentlik bloger Sardor Salimning fikricha, O‘zbekistondagi jarayon hali ham haddan tashqari qog‘ozbozlik bilan bog‘liq. Shuning uchun u o‘z familiyasining ruslashtirilmagan versiyasini bolalarga bergan, lekin o‘zi pasport bo‘yicha Salimov bo‘lib qolgan.
Bloger ismlarni derusifikatsiya qilish jarayoni "fuqaroviy millatchilik" bilan chambarchas bog‘liq degan fikrni bildiradi. O‘zbekistonda bu g‘oyalar ko‘proq "dunyoviy ziyolilar"ga yaqin, ular esa ozchilikni tashkil etadi, deb hisoblaydi u.
"Mamlakatda fuqaroviy millatchik zarur kuch to‘play olmadi va 1990-yillardayoq amalda barham topdi. Asosan xalq dindor," deydi Salim va diniy o‘ziga xoslik milliy ildizlarga qaytishni anglatmasligini qo‘shimcha qiladi.
Londonda joylashgan Central Asia Due Diligence tadqiqot markazi direktori Alisher Ilhomovning fikricha, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham so‘nggi yillarda asl nomlarga qaytish jarayoniga Rossiyaning Ukrainada boshlagan urushi ham turtki bo‘ldi, bu postsovet hududida dekolonizatsiya jarayonlarini kuchaytirdi. Biroq, ekspertning fikricha, bu siljish doim ko‘proq "qabilaviy o‘ziga xoslik"ni saqlab qolgan mamlakatlarda sezilarli bo‘lgan.
"O‘zbekiston hududida mavjud shahar sivilizatsiyasi etnik tafovutlarni sezilarli kamaytirmoqda," deydi Ilhomov.
QOZOG‘ISTON
Mustaqillik boshida Qozog‘istonda bu hodisa ancha ommaviy xarakterga ega bo‘lganligini 1996-yilda chiqarilgan "Qozoq millatiga mansub shaxslarning familiya va ota ismini yozish bilan bog‘liq masalalarni hal etish tartibi to‘g‘risida"gi prezident farmoni qisman tasdiqlaydi.
Unda aytilishicha, bunga "fuqarolarning ko‘p sonli murojaatlari" sabab bo‘lgan va "qozoq familiyalari hamda otalik ismlarini yozish amaliyotini qozoq xalqining tarixan shakllangan an’analariga muvofiqlashtirish" maqsad qilib qo‘yilgan.
Farmonda, shuningdek, "qozoq millatiga mansub shaxslar o‘z xohishiga ko‘ra familiya va ota ismi yozilishini qozoq tiliga xos bo‘lmagan affikslarni chiqarib tashlagan holda o‘zgartirishga, lekin familiya va ota ismlarining tub asoslarini saqlab qolishga haqli," deb ta’kidlangan.
Almatida yashovchi qozog‘istonlik aktyor Bauirjan Muhameduli, Sovet Ittifoqi parchalanganidan so‘ng, fuqarolarga qozoqcha hujjatlarni olish imkoniyati paydo bo‘lgach, darhol otasining ismini familiya sifatida qabul qildi. Uning aytishicha, SSSRda majburan o‘rnatilgan qoidalardan iloji boricha tezroq voz kechishni istagan.
"Ruslarda ham bunday bo‘lmagan. Ularning familiyalari kasbi yoki oila boshlig‘ining ismidan kelib chiqqan. Masalan, Fyodorovlar, ya’ni oila boshlig‘i – Fyodor. Bunday bema’nilik faqat SSSRda bo‘lgan," deydi Muhameduli.
Qozog‘istonlik jurnalist, PR-mutaxassis, Qozog‘iston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi G‘aziza O‘zoq ham bu fikrga qo‘shiladi va sovet davrida o‘rnatilgan me’yorlardan "millatlar va tillarni yagona mafkura doirasida birlashtirish" ko‘zlanganini qo‘shimcha qiladi.
"Aslida bu assimilyatsiyaning bir qismi edi. Bilamizki, o‘sha davrlarda hujjatlarni rasmiylashtirishda familiyalarni so‘zma-so‘z "ko‘chirib yozishardi". Qozoq familiyalari har doim ajdod yoki urug‘ ismini aks ettirgan, bu esa [avlodlar] o‘rtasidagi chuqur aloqani ta’kidlagan. Biroq, barcha familiyalarga avtomatik tarzda ruscha qo‘shimchalar qo‘shib, ularni asl ma’nosidan mahrum qilishgan," deydi G‘aziza O‘zoq.
Uning uchun qozoq yozuvchisi va Ikkinchi jahon urushi qahramoni Bauirjan Momishulining pozitsiyasi ilhomlantiradigan misollardan biri bo‘lgan. O‘zoqning aytishicha, uning familiyasini sovet davrida bir necha bor "Momishev" deb o‘zgartirishga urinishgan, lekin u bunga ko‘nmagan. O‘zoqning o‘zi familiyadagi "-ova" qo‘shimchasini 2012-yilda oldirib tashlagan.
"Men an’anaviy oilada o‘sganman, u yerda bizni qozoq xalqi tarixini e’zozlash, urf-odatlarni hurmat qilish, an’analarni saqlashga o‘rgatishgan. Bu qaror uzoq vaqtdan beri shakllanib kelayotgan edi. Bolaligimdan ismimni noto‘g‘ri talaffuz qilishganini eshitardim – rus tilida "G‘" harfi yo‘q. Har doim ismimni noto‘g‘ri urg‘u bilan aytishsa, menga yoqmasdi. Otamning ismini ham qanday bo‘lsa shunday buzib aytishardi. Buni qabul qilish og‘ir edi," deydi G‘aziza.
Jurnalistning aytishicha, unga ko‘p kuch sarflashga to‘g‘ri kelmagan.
"Men AHMga (Aholiga xizmat ko‘rsatish markazi) murojaat qildim, ariza yozdim va menga tez orada hammasini o‘zgartirib berishdi. Eski ma’lumotlar ko‘rsatilgan boshqa hujjatlarni o‘zgartirishga hojat yo‘q edi," deydi O‘zoq.
Jurnalistning fikricha, zamonaviy Qozog‘iston jamiyatida qozoq ism va familiyalariga qaytish tendensiyasi tobora yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda.
"Bu milliy o‘zlikni anglash harakati g‘urur uyg‘otadi. Yoshlar o‘zlarining asl familiyalariga qaytmoqda va biz uchun bu shunchaki hujjatlarda nimanidir o‘zgartirish istagi emas. Bu o‘z ildizlarimizni, tariximizni va tilimizni unutmaganimizni ko‘rsatish usulidir.
Bu uzoq yillar davomida tazyiqqa uchragan milliy o‘zligimizni tiklashga bo‘lgan chuqur intilish ramzidir," deydi G‘aziza.
QIRG‘IZISTON
Qirg‘izistonda yaqinda parlament raisi familiyasini o‘zgartirganda, ildizlarga qaytish mavzusi muhokamalar markaziga aylandi. Nurlanbek Shakiyev bundan buyon Nurlanbek Turg‘unbek uulu ekanini ma’lum qildi.
Siyosatchi Facebook'dagi "Men – Turg‘unbekning o‘g‘liman, men – qirg‘iz o‘g‘liman!" sarlavhali maqolasida familiyasini o‘zgartirish uning azaliy orzusi bo‘lganini yozdi. U o‘z qarorini ham xalq an’analariga rioya qilish va milliy o‘zlikni saqlashga intilish bilan izohladi.
Chexiyadagi qirg‘izistonlik talaba Salima Kaparning aytishicha, unda ham shunga o‘xshash sabab bo‘lgan: 2021-yilgacha u Jetibayeva familiyasi bilan yurgan, keyin esa uni otasining ismidan olingan familiyaga o‘zgartirgan.
"Bolalikda, bizda odat bo‘lganidek, tez-tez: "Kimning qizisan? Otangning ismi nima?" deb so‘rashardi. Men ham, odatdagidek, "Men Kaparning qiziman," deb javob berardim. O‘shanda hech kim familiyamni so‘ramasdi. Odamlar meni va oilamni otamning ismi bilan tanishardi. Biroq barcha hujjatlarda men "Jetibayeva" familiyasi bilan qayd etilgandim. Familiyamni ham ko‘pincha noto‘g‘ri talaffuz qilishar yoki yozishda xatoga yo‘l qo‘yishardi, bu esa mening g‘azabimni qo‘zg‘atardi. [Ismlardagi] [milliy] shakllarga qaytish o‘zligimizni saqlab qolish yo‘lidagi muhim qadamdir," deydi Salima.
"Ozodlik Osiyo" suhbatdoshlariga ko‘ra, Qirg‘izistonda familiyani o‘zgartirish jarayoni juda oddiy. Hujjatlarni o‘zgartirish uchun bir-ikki marta Aholiga xizmat ko‘rsatish markaziga borish kifoya – avval ariza topshiriladi, keyin esa yangi pasportlar va familiyani o‘zgartirish to‘g‘risidagi guvohnoma olinadi.
Bundan tashqari, kelajakda qirg‘izistonliklarning familiya va ota ismini milliy uslubda tanlash imkoniyatlari yanada kengayishi mumkin. Mamlakat parlamentida tegishli qonun loyihasi birinchi o‘qishdan o‘tdi.
Shunga qaramay, familiyasini o‘zgartirgan parlament raisi Nurlan Turg‘unbek uulu va talaba Salima Kapar kabilan Qirg‘izistonda aftidan ozchilikni tashkil etadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda ismlarning "qayta ruslashtirish" jarayoni kuzatilmoqda.
Hozirda familiyalarni o‘zgartirish masalalari bo‘yicha mas’ul bo‘lgan "Qizmat" davlat muassasasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda 198 nafar erkak va 125 nafar ayol -ov, -yev qo‘shimchalaridan voz kechgan. Mamlakatda ularni qo‘shganlar soni bir necha barobar ko‘p: 3 mingdan ortiq fuqaro. Bunday hodisa tendensiya hisoblanadi. 2022 va 2023-yillarda 870 kishi o‘z ma’lumotlarini milliy uslubga o‘zgartirgan bo‘lsa, deyarli 12 ming qirg‘izistonlik -ov(a), -yev(a) qo‘shimchali familiyalarni olgan.
Kuzatuvchilar buning sabablaridan biri sifatida 2000-yillar boshidan beri davom etayotgan qirg‘izistonliklarning Rossiyaga ommaviy mehnat migratsiyasini ko‘rsatmoqda. Bu mamlakatda, ko‘plab muhojirlarning aytishicha, davlat muassasalari xodimlari "uulu" yoki "qizi" qo‘shimchali familiyalarga ega fuqarolarning ota ismini aniqlay olmas ekanlar.
Qayrat "chet eldagi muammolardan qochish" uchun familiyasini o‘zgartirgan qirg‘izistonliklardan biri. U Zamirbek uulu edi, 2008-yilda Zamirbekovga aylangan.
"Men 9-sinfni tugatayotganimda, familiyani o‘zgartirish imkoniyati bor edi. O‘shanda sinfimizda allaqanday urf bor edi - barcha "uulu"lar "-ov"ga, "qizi"lar esa "-ova"ga aylandi. Barcha qarindoshlarim va ota-onam agar chet elga chiqsam, pasport bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishini aytishardi. Maktabda o‘qiyotganingda bunday narsalarni unchalik tushunmaysan. Men hatto tuman tashqarisiga ham chiqmaganman, shaharda ham bo‘lmaganman. Hamma chet el pasporti bilan muammo bo‘lishini, familiya va ismni ajrata olmasliklarini aytardi. Shunday qilib o‘zgartirdim," deydi Qayrat.
TOJIKISTON
Xuddi shunday holat Markaziy Osiyoning boshqa mamlakati – Tojikistonda ham kuzatilgan, uning fuqarolari ham ommaviy ravishda mehnat muhojirligiga ketmoqda.
Tojikistonda familiya va ota ismlaridagi ruscha qo‘shimchalardan voz kechish 2007-yilda mamlakat prezidenti bu qadamni qo‘yganidan so‘ng ommalasha boshladi: u ismini Rahmonov Emomali Sharipovichdan Emomali Rahmonga o‘zgartirdi.
Unga ko‘plab amaldorlar, keyin esa oddiy fuqarolar ham ergashdi.
Ular orasida hozirgi sobiq bosh prokuror Yusuf Rahmon (avvalgi Rahmonov), tashqi ishlar vaziri Hamroxon Zarifi (avvalgi Hamroxon Zaripov), adliya vaziri Rustam Shohmurod (avvalgi Mengliyev), Davlat moliyaviy nazorati va korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Abdufattohi G‘oib (avvalgi Saidov Fattoh G‘oibovich) bor. Bunday misollarni mamlakat hukumatida ko‘plab uchratish mumkin.
Biroq Qirg‘izistonda bo‘lgani kabi, vaqt o‘tishi bilan jarayon teskari yo‘nalishda ham kechdi. Rossiyada ro‘yxatdan o‘tish va ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelgan ko‘plab tojik mehnat muhojirlari ism va familiyalarida ruslashtirgan qo‘shimchalarni qayta tiklay boshladi.
2014-yilda Tojikiston bosh prokurori mamlakatda ko‘plab yoshlar yana o‘z familiyalari va ota ismlariga ruscha qo‘shimchalarni qo‘shishni boshlayotganidan tashvish bildirdi. U buni ta’lim tizimining yetarli darajada ishlamasligi bilan bog‘ladi va bunday tanlovni yoshlar o‘rtasida "o‘zlikni anglash va vatanparvarlik tuyg‘usi pastligi" namoyon bo‘lishi deb baholadi.
Hukumat bu hodisaga qarshi davlat darajasida kurashishga qaror qildi.
2020-yilda Tojikistonda familiya va ota ismlarida ruslashtirgan "-ov/-ova" va "-vich/-ovna" qo‘shimchalaridan foydalanish taqiqlandi. Ma’lum qilinishicha, ushbu qaror parlament tomonidan "milliy o‘zlikni anglash va madaniy o‘ziga xoslikni himoyaqilish" maqsadida qabul qilingan. O‘shandan beri Tojikistonda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning ota ismi va familiyalariga joy yoki guruhga tegishlilikni bildiruvchi tojikcha qo‘shimchalar ham majburiy tartibda qo‘shiladi: "zod", "zoda", "on", "yon", "purduht" va "far".