Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:31

Ochlik, qochoqlar, global inqiroz xavfi. Qurg‘oqchilik dunyoga qanday xavf solmoqda?


Anomal jazirama va qurg‘oqchilik butun dunyoda hosilga va alaloqibat oziq-ovqat mahsulotlari narxiga jiddiy ta’sir qilishi kutilmoqda.

Xususan, Markaziy Rossiyada, ob-havo bashoratiga ko‘ra, mavsumiy iqlim me’yorining nari borsa 20-30 foizi miqdorida yog‘ingarchilik bo‘ladi. Mintaqaning shimoli-g‘arbida esa umuman bir tomchi ham yog‘masligi mumkin. Binobarin, oldinda bizni o‘n yilda bir bo‘ladigan qurg‘oqchilik kutmoqda.

Tataristonda esa hukumat qurg‘oqchilik tufayli ayrim tumanlarda favqulodda vaziyat e’lon qilgan. O‘tgan haftada respublika prezidenti Rustam Minnixanov ob-havo sharoiti va yomg‘irsizlik “Tataristonda hosil yetishtirishni xavf ostiga qo‘yadi”, deb aytgan edi.

Qo‘shni Boshqirdistonda ham shu ahvol. Mintaqa rahbari Radiy Xabirov bu yil respublikada kutilgan 5 million tonna o‘rniga atigi 2 million tonnaga yaqin g‘alla yig‘ib olinishini ma’lum qildi. Hukumat 54 tumandan 33 tasida favqulodda vaziyat rejimini joriy etishga hozirlik ko‘rmoqda.

Ozodlik rus xizmati muxbiri Anna Xlamova bu yilgi hosil bilan bog‘liq mo‘ljal va taxminlarini so‘zlab berdi:

“Men meteorolog va agronom emasman. Ammo ufqda 2010 - yildagi kabi qurg‘oqchilik va kamhosillik bo‘y ko‘rsatayotgan ekan, buning iqtisodiy oqibatlarini chamalash qiyin emas. Shu yilning kuzidayoq hukumat g‘alla va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini uzil-kesil taqiqlashi mumkin. Rossiya jahon g‘alla bozorining eng asosiy ishtirokchilaridan biri ekanidan kelib chiqsak, bu butun dunyoda narx-navoga ta’sir qilishi aniq. Chunki yuzaga keladigan tanqislikni bartaraf eta oladigan mamlakat yo‘q hisobi.”

AQSh ma’muriyati soya va jo‘xori hosili bo‘yicha rasmiy mo‘ljalini e’lon qilganidan so‘ng o‘tgan payshanba kuni Chikago birjasida ushbu mahsulotlarning narxi birdan oshib ketdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu yil soya va jo‘xori hosili bozor kutganidan ancha kam bo‘lar ekan. Holbuki, AQSh jo‘xori yetishtirish bo‘yicha dunyoda birinchi, soya yetishtirishda esa ikkinchi o‘rinda turadi.

Ob-havo anomaliyasi faqat Yevroosiyo mintaqasida kuzatilayotgani yo‘q. Kanada va AQShning shimoli-g‘arbida ham qurg‘oqchilik hukm surmoqda, ayrim tumanlarda esa yana anomal iqlim natijasi bo‘lmish toshqinlar ekin maydonlariga katta talafot yetkazyapti.

BMTning Afrika va Osiyoda ochlik boshlanishi haqidagi o‘tgan yilgi bashorati kelasi bahordayoq ro‘yobga chiqishi hech gap emas. Bu ijtimoiy, hatto qurolli ziddiyatlarga olib keladi. Yevropaga, farovonroq o‘lkalarga yana minglab qochoqlar yopiriladi.

Va bu navbatdagi iqtisodiy bo‘hronlarga turtki bo‘lishi mumkin, iqtisodiy bo‘hronlar esa bu safar og‘ir ijtimoiy va siyosiy evrilishlarga ulanib ketishi ehtimoli bilan xatarlidir. Har bir gektar yerda hosil nobud bo‘lishi bilan ikkinchi, avvalgisidan ko‘ra vayronkorroq global iqtisodiy inqiroz yuz berishi ehtimoli ortib boraveradi.

Rossiyaga ochlik xavf solmaydi, lekin uning “nasibasi” boshqa. Mamlakatda barcha mavjud ziddiyatlar va nizolar so‘ng qadar keskinlashadi. Holbuki Rossiya qulog‘igacha ziddiyatlar botqog‘iga botgan. Bular bari qanday namoyon bo‘ladi, Kreml nazariyotchilarining “geostrategik manfaatlari” Rossiyani yana nimalarga giriftor etadi – buni faqat taxmin qilish mumkin. Biroq o‘tmishdagi tajribalar xayrli oqibatni kutishdan ma’no yo‘qligini ko‘rsatadi. Bu salbiy mazmunli stsenariy.

Ikkinchi, “yumshoqroq” ssenariyga ko‘ra, 2022 - yil bahori 2011 - yilgi “arab bahori”ning qonli takrori bo‘lmaydi. Oziq-ovqat mahsulotlari narxi oshadi, ammo chuqur ijtimoiy va siyosiy o‘zgarishlar mamlakatni chetlab o‘tadi.

Hosil kamayib ketishiga birinchi navbatda global isish sababchidir. Yevropa, AQSh va Xitoy unga qarshi qaqshatqich kurashga kiradi. Rossiyada esa hukumat, har doimgidek, quruq gapdan nariga o‘tmadi. Hech nima qilmasligimizga, ammo o‘zimizni uglerodli-betaraf mamlakat deb e’lon qilishimizga imkon beruvchi strategiya ishlab chiqish rejasigina bor faqat. Vladimir Putin o‘tgan hafta bu to‘g‘rida tegishli qonunni imzoladi.

Binobarin, Rossiyaning uglevodorodlari va boshqa turli xomashyosi endi majoziy emas, balki tom ma’noda rossiyaliklarning sho‘riga aylanadi. Navbatdagi to‘kinchilik davri, hali boshlanib ulgurmasdan tugayapti. Biroq bu safar, nulinchi yillardan farqli o‘laroq, xomashyo qimmatlashuvidan ko‘pchilik emas, oz sonli kishilargina bahramand bo‘lib ulgurdi.

XS
SM
MD
LG