Линклар

Шошилинч хабар
07 ноябр 2024, Тошкент вақти: 01:42

“Ochlik tinkamizni quritdi”. Afg‘onistonda gumanitar inqiroz etilmoqda


Toliblarning shiddatli hujumlari so‘nggi oylarda butun Afg‘oniston bo‘ylab minglab odamlarning o‘z uylarini tashlab, boshqa joylarga ko‘chib ketishiga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi muassasalar mamlakat gumanitar halokat yoqasiga kelib qolganidan ogohlantirmoqda.

Mozori Sharif — Afg‘onistonning kattaligi bo‘yicha to‘rtinchi shahri. Safiya mamlakat shimolida joylashgan Qunduz shahridagi uy-joyini tashlab, uch farzandi bilan shu yerga qochib kelishga majbur bo‘lgan. Qochishlaridan oldin shahar minomyotlardan o‘qqa tutilganida uning eri, oilasining yagona boquvchisi halok bo‘lgan ekan.

Hozirda Safiya uch yosh bolasi bilan birga ochiq dalada suvsiz, ovqatsiz kun kechirmoqda. Loaqal yozning jazirama issig‘idan to‘sadigan soyabonlari ham yo‘q.

“Na oziq-ovqatimiz bor, na boshpanamiz. Bolalarimni oftob urib, kasal bo‘lib yotishibdi. Hukumat yordam bermayapti”, deydi yuzlab qochqinlarga qo‘shilib bu yerlarga kelib qolgan Safiya.

Mozori Sharif tashqarisidagi ochiq maydonda bugungi kunda qariyb 400 mingga yaqin odam qo‘nim topgan.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan oyda toliblarning hujumlari zo‘rayganidan so‘ng, Qunduzda istiqomat qilib turgan 35 mingdan ortiq aholi o‘z uylarini tashlab qochgan.

1- may kuni xorijiy davlatlar qo‘shinlarini to‘liq olib chiqib ketishi boshlangach, jangarilar qisqa vaqt ichida Afg‘onistondagi o‘nlab tumanlarni o‘z nazoratiga oldi.

Tolibon Qunduz viloyatining to‘qqiz tumanidan oltitasini bosib olib, mamlakatning beshinchi yirik shahri bo‘lmish Qunduzni qamal qildi. Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari bir necha haftadan buyon shahar chekkalarida Tolibon kuchlari bilan jang olib bormoqda.

Tinch aholidan o‘nlab odamlar o‘ldirilgan yoki yarador qilingan, toliblarning zo‘ravonligidan qochishga majbur bo‘layotganlar soni tobora ortayotir. Jangarilar ular tashlab ketgan uylardan hukumat kuchlarini o‘qqa tutishda foydalanadi.

“Aqalli chodirimiz ham yo‘q. Quyoshning tig‘ida o‘tiramiz. Bolalarim och, tashna”, deydi uch bolaning onasi Nasima. Uning eri yaqinda Qunduz uchun bo‘lgan janglarda halok bo‘lgan.

U ham Mozori Sharif tashqarisidagi dalaga qochib kelishga majbur bo‘lgan.

“Mojaroning zo‘rayishi odamlarning azoblari ortishiga va tinch aholi ko‘chishiga olib keladi”

13 - iyul kuni BMTning Qochqinlar ishlari bo‘yicha oliy komissari mahkamasi (BMT QIBOKM) “Afg‘onistonda gumanitar inqiroz yaqinlashmoqda, zero mojaroning zo‘rayishi odamlarning azoblari yanada ortishiga va tinch aholining ko‘chishiga olib keladi”, deya ogohlantirdi.

BMT QIBOKM ma’lumotiga ko‘ra, 2021 - yil yanvaridan beri mamlakatda vaziyat keskinlashishi ortidan taxminan 270 ming nafar afg‘oniy boshqa hududlarga ko‘chib ketgan, natijada mamlakat ichida ko‘chib yurganlarning umumiy soni dahshatli darajaga – 3.5 million kishiga yetgan.

BMT QIBOKM rasmiy vakili Babar Baloxning aytishicha, toki zo‘ravonliklar to‘xtatilmas ekan “odamlarning mamlakat ichida ko‘chishi davom etadi, shuningdek, ular qo‘shni davlatlarga va ulardan nari o‘lkalarga bosh olib ketadilar”.

BMT qaydicha, qariyb 18.4 million nafar kishi, ya’ni mamlakat aholisining salkam yarmi insonparvarlik yordamiga muhtoj. BMT 2021 yilda 1.3 milliard dollar ajratishni iltimos qilgan edi, lekin so‘ralgan mablag‘ning atigi 37 foizi berildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti o‘tgan haftada binolar o‘qqa tutilayotgani va xodimlarning bir qismi qochishga majbur bo‘lgani tufayli Afg‘onistonning ayrim hududlariga dori-darmon yetkazib berish qiyinlashganini bildirgan edi. Tashkilotning urg‘ulashicha, uch million nafardan ziyod afg‘on bolalari ochlik xavfi ostida qolgan.

Afg‘onistonni shusiz ham qurg‘oqchilik va koronavirus pandemiyasi xarob qilgan

Harbiy harakatlarning qaqshatqich tus olishi shusiz ham qurg‘oqchilik va butun mamlakatni qamrab olgan koronavirus pandemiyasi tufayli holdan toygan Afg‘onistonda beqaror gumanitar vaziyatni badtar chuqurlashtirdi.

Tolibon avvalgi kuch bilan hujum qilishda davom etgani sayin hayoti xavf ostida qolgan, ko‘makka muhtoj afg‘onlar soni tobora ortmoqda.

43 yashar Sardor Boyning sakkiz jondan iborat oilasi shimoli-g‘arbdagi Faryob viloyatining Maymana shahri chekkasidagi chang-to‘zonli vodiyga tikilgan omonat chodirda istiqomat qiladi.

“Tolibon qishlog‘imizga hujum qildi. Bizni minomyot va raketalardan tinimsiz o‘qqa tutdi”, deydi olti yosh bolali Sardor.

Ikki hafta muqaddam toliblar ular tug‘ilib o‘sgan Qaysar tumanini bosib olishgach, oila uy-joyini tashlagancha shu yoqqa qochgan. Jangarilar ayni paytda Faryobning 14 tumanidan 12 tasini qo‘lga kiritib, 150 mingdan ziyod aholi yashaydigan Maymana shahrini qurshovga olganlar.

“Bor bisotimizni tashlab keldik, o‘zimiz bilan hech nima ololmadik. Ochlik sillamizni quritgan. Bir chaqa pulimiz yo‘q. Go‘dak bolalarim uchun boshpana topishim kerak”, deydi Boy.

Mahalliy ma’murlarga ko‘ra, Turkmaniston bilan chegarada joylashgan Faryobda so‘nggi haftalarda 12 mingdan ortiq oila toliblar hujumlaridan qochib, o‘z yerlarini tark etgan.

Ular orasida 12 kishilik oila rahbari bo‘lmish Abdulla ham bor. Ular Qo‘rg‘on tumanidagi uy-joylarini tashlab, hozirda qo‘shni Juzjon viloyati markazi – Shibirg‘onda yashab turishibdi. Ammo bu viloyatda ham to‘qqiz tumandan yettitasi allaqachon toliblar qo‘l ostiga o‘tgan.

Jangarilar Shibirg‘onni qamal qilishgan, 16 - iyul kuni ularning bir qismi shaharga kirib olishga muvaffaq bo‘lib aholini qattiq qo‘rquvga soldi.

“Ahvol nihoyatda og‘ir. Uyga qayta olmaymiz. Biz bilan birga ko‘pchilik qochib kelgan. 12 kishilik kattakon oila katalakdek xonada yashayapmiz”, deydi u.

“Uyimizga snaryad tushganida xufton namoziga tahorat olayotgandim”

Maymana – jangarilar qamal qilgan o‘nlab shaharlardan biri, xolos.

Afg‘oniston hukumati kuchlari va Tolibon jangarilari janubda, mamlakatning ikkinchi yirik shahri bo‘lmish Qandahor va unga tutash qishloqlarda qaqshatqich janglar olib borishdi.

So‘nggi bir oy davomida toliblar bir necha yondosh tumanni ishg‘ol etib, politsiya postlariga muttasil hujum qila boshladi, 9 - iyulda esa 600 mingdan ortiq aholi yashaydigan Qandahor shahriga bostirib kirdi.

“Uyimizga minomyot snaryadi tushganida men xufton namoziga tahorat olayotgandim. Hushimdan ketibman. Ko‘zimni ochganimda xotinim, bolalarim ustimga engashgan ko‘yi yig‘lashayotgan edi”, deydi shu yerlik Musa Jan.

Janni kasalxonaga yotqizib, oilasi shaharning boshqa tomoniga ko‘chib o‘tadi.

Qandahor tumanlari va unga tutash muzofotlarni jami besh ming oila tashlab ketgan, hukumat bu yerlarda komendantlik soati joriy qilgan.

Afg‘oniston xavfsizlik kuchlariga ko‘ra, jangarilar shahar mavzelarida uylarni egallab olib, tinch aholini ko‘chishga majbur etishi tufayli toliblarni shahardan siqib chiqarish qiyinlashgan.

“Bir necha haftadan beri tinimsiz jang qilyapmiz. Minomyotdan o‘t ochish sira to‘xtagani yo‘q. Ko‘chib ketishga imkoniyati bo‘lgan barcha allaqachon ketgan”, deydi qandahorlik Abdul Mannon.

Maqolani tayyorlashda Ozodlikning afg‘on xizmati muxbirlari ishtirok etgan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan ularning ismlari oshkor qilinmadi.

XS
SM
MD
LG