Линклар

Шошилинч хабар
24 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:22

Ona monologi. Tarmoqni titratgan trendlar


Bu uchlik tarmoqlarda hafta qahramonlariga aylandi.
Bu uchlik tarmoqlarda hafta qahramonlariga aylandi.

Kundalik xabarlarni gazeta sahifalari yoki TV ekranlaridan emas, balki ijtimoiy tarmoqlardan o‘qish O‘zbekistonda allaqachon trendga aylanib ulgurdi. Ozodlik o‘tgan haftada tarmoq muhokama qilgan asosiy xabar va mavzularga nazar tashladi.

O‘zbek segmentiga atalgan kontentlar trendini o‘rganish chog‘ida Ozodlikka SMM-menedjer Noila Qutliyeva hamrohlik qildi. Qutliyevaga ko‘ra, “28 - martdan keyin ijtimoiy tarmoqning o‘zbek segmenti kuch ishlatar tizimlarning ur to‘qmog‘iga” aylangan:

“Siyosiy faollashgan sobiq qo‘shiqchi Otajonovning onasini olib chiqib, gapirtirish stalincha repressiya usuli qaytganidan dalolat beradi. Boshqa tarafdan qarasak, Mirziyoyev rejimi Ramzon Qodirovni ideallashtiradi. Karimov davrida O‘zbekistondan masofali bo‘lgan bu bandit Mirziyoyev saroyining eng istalgan personaji. Ramzan Qodirov ham faol hamda tanqidchi blogerlarning ota-onasini kamera oldiga o‘tqazib qo‘yib tavqi la’nat qildiradi. Bugungi rejim chechenlarga taqlid qilmoqda. Bugun “erkin” deya aytilishiga qaramay, hukumat tarafidan parvarishlangan blogerlar eng tuban ish, ya’ni hurfikrlarni sazoyi qilishga safarbar qilindi. Bu mutlaq negativ jarayon. 28 - martdan keyin tarmoqning o‘zbek segmenti gomofobiya¸ antisemitizm va aksil g‘arb ritorikasining zaharli kontsentratiga aylandi. Bu ritorikaning so‘z va ifoda erkinligiga aloqasi yo‘q”.

Trollar haqida karikatura
Trollar haqida karikatura

Ona monologi

Sobiq qo‘shiqchi Jahongir Otajonov 5 - aprel kuni Feysbukda jonli chiqish qilib, “Erk” demokratik partiyasiga a’zo bo‘lib kirganini e’lon qildi va partiya lideri Muhammad Solih bilan tushgan suratini tarmoqqa joyladi. Shundan keyin O‘zbekiston kuch ishlatar tizimlariga yaqin deb ishoniladigan blogerlar “vatan xoini” degan jumladan boshlanuvchi qarg‘ishlar turkumini boshlab berishdi.

“Sichqonning o‘lgisi kelsa mushuk bilan o‘ynashadi😎 Tinchgina o‘lib qolganingda "Oq kabutarlar"ni hali ham sevgan bo‘lardim”, deya izoh qoldirdi davlat xabar agentligi - O‘zA jurnalisti Norgul Abduraimova.

6 - aprel kuni esa, tarmoqdagi olti platformada Jahongir Otajonovning onasi Sanamjon Gulmanovaning “o‘g‘liga murojaati” tarqatildi.

Uch daqiqadan oshiqroq videoda o‘z uyida o‘tirgan Sanamjon Gulmanova “vatan xoini” Muhammad Solih bilan uchrashib, “Erk” partiyasiga a’zo bo‘lgan o‘g‘lini “bu yo‘ldan” qaytishcha chorlaydi¸ Sanamjon opadan sal narida, kresloda chuqur o‘yga tolgan Saparboy og‘a Otajonov (Jahongir Otajonovning otasi) butun video davomida churq etmaydi. Sanamjon Gulmanova bo‘lsa, xuddi birov tutib turgan matnni o‘qigan misol gapiradi.

"Bu nima degani bo‘ldi. Sen vatan xoini deb hisoblangan bir iflosning oldiga boribsan. Muhammad Solih deganni. Sen undan nimani kutib bording? Sen uning oldiga nima maqsadda bording?” Bu gaplardan keyin kasbi adabiyot o‘qituvchisi bo‘lgan Sanamjon opa “o‘g‘lining “Erk“ partiyasiga kirganligini butun oila hazm qilolmay o‘tirganligi"ni aytib, ko‘ziga ësh oladi.

“Bizlar sendan shuni tilaymiz. Hali ham vaqt borida bu yo‘ldan qayt bolam. Butun oila a’zolarimiz bilan sendan yalinib, yolvorib so‘raymiz. Bu yo‘ldan qayt Jahongir. Qayt!"

Jaxongir Otajonov
Jaxongir Otajonov

Video tagidagi yuzlab haqoratli izohlar bir-birining aynan qaytarig‘i ekanligini ko‘ramiz. Bu izohlarni qoldirganlarning sahifasi bo‘sh yoki Yaqin Sharq yo-da indoneziyalik odam rasmi turganligini ko‘rdik. Real ismi bor izohlarda ham Jahongir Otajonovni qoralash kayfiyati ustun. Asliddin Bektoshev ismli yuzer O‘zbekiston hukumatining siyosat yo‘lini tanlagan Otajonovga qarshi navbatdagi tadbiri borasida maslahat beradi:

“Shunday obro‘li san’atkorlar sulolasini obro‘siga katta dog‘ bo‘lib tushdi Jahonni bu ishi. Hukumatga qarshi Vatanini dushmani bilan birlashish darajasidagi xoinga O‘zbekistonga kirishiga xam taqiq qo‘yish kerak. Fuqaroligini ham bekor qilish shart”.

Ammo o‘nlab izohlarda hukumatning stalincha repressiyasi qoralanadi. FB yuzeri Burxon Azizov:

“ShUNCHALIGAM omi bo‘lasilarmi o‘zbeklar? Ko‘rinib turibtiku uyiga borib gapirtirishgan kuch ishlatar tizim xodimlar. Ona- bola bilan gaplashgisi kelsa, shunaqa xammani oldida gaplashadimi? O‘ziga telefon qilmidimi? Xidirnazar Ollaqulovga qo‘l qo‘ygan odamlarniyam gapirtirishgan. Buni hammasi uyushtirilgan. Muhammad Solih haqiqiy o‘zbek. U shu xalq uchun kurashgan va haliyam kurashib kelmoqda. Bo‘lmasa allaqachon qo‘l siltab ketardi. Sal kallelarni ishlatilar, qachongacha qo‘y bo‘lib yashisilar? Raqobat bo‘lmagan joyda rivojlanish Bo‘lmaydi".

Farg‘onalik jurnalist Sharifa Madrahimova mana bunday izoh qoldirdi:

Tushunmadii. Muhammad Solih qanday yaramaslik qildi🤔🤔🤔. Milliardlab o‘mardimi, Sardobani buzdimi, ko‘priklarni qulatdimi? Bor-yo‘q aybi prezident bo‘laman, deganiku.

TikTok O‘zbekistonda eng tarqalgan platforma
TikTok O‘zbekistonda eng tarqalgan platforma

Videomontaj hujumlar

SMM-menedjer Noila Qutliyevaning aytishicha, tarmoqning olti platformasida Jaxongir Otajonovni obro‘sizlantirishga qaratilgan o‘nlab videolar bir kechada qo‘yilgan:

“Bitta videoda Otajonov jonli efirda aytgan “Karimov haykalini buzdiraman” degan parcha kesilib, undan keyin Shavkat Mirziyoyevning oddiy odamlar uyini buzgan Urganch hokimiga aytgan gapi¸ ya’ni “ Buzishdan oldin sen o‘zing kallangni buz” degan joyi kesib, yopishtirilgan. Buni ko‘rgan tomoshabin Mirziyoyev Jahongir Otajonovni tergabdi, deb o‘ylaydi. Shu bilan birga, Jahongirning ilgari konsert qo‘yganida yugurib, zal chetiga borib qolib, “Zal tugadi” degani yoki vokal o‘quv darsida ovoz sozlash uchun ishlatiladigan “fa-fa” jumlasi ham Otajonovni ataylab obro‘sizlantirish uchun ishlatilmoqda”.

Saylov oldidan
Saylov oldidan

Olomon vasvasasi

Noila Qutliyevaga ko‘ra¸ mart oxirida O‘zbekistonda “misli ko‘rilmagan toqatsizlik” namunasi kuzatilgan:

“Bu xuddi 1978 - yili Eronda darg‘azab olomon uyat kino ko‘rdi, deb ichi to‘la kinoteatrni ëqib yuborganlar vajohatini eslatdi. Tarmoqdagi “kuratorlar” LGBT dushman degan sloganni o‘zbeklar orasiga otdi. Bu hukumat nazarida istalmaganlarga qarshi universal tavqi la’nat tamg‘asiga aylandi. Bu olomon 2019 - yil mart oyida Nargiza Saidova Payg‘ambarni haqorat qildi, deya sazoyi qilib, o‘z kuchini testdan o‘tkazgan edi. O‘shanda ham ko‘pchilik olomon ra’yiga qarab, nafasini yutgan edi. Bu safar ham shunday bo‘ldi. O‘zini liberal deb ataganlar ham bosh chanog‘i yoilgan blogerni sazoyi qilishda ishtirok etdi”.

Kaltaklangan bloger Bozorov
Kaltaklangan bloger Bozorov

Qutliyevaga ko‘ra¸ LGBT yorlig‘ini siyosiy partiya tuzgan Xidirnazar Allaqulovga ham “parvarishlangan bogerlar tashkiliy ravishda” yopishtira boshladi:

“Tarmoqda aprel boshida "Xidirnazar Allaqulov partiyasiga geylar a’zo bo‘lgani" haqida o‘nlab videolar montaj qilinib tashlandi. Keyin esa, andijonlik qiziqchi G‘ayrat Ahmedov “Xidirnazarning partiyasi geylarniki, u Islomga to‘g‘ri kelmaydi”, deya haqoratli lavhani sahnalashtirdi. Pogonlilar saylov paytida Mirziyoyevning raqiblarnini yo‘q qilamiz, deb amaldagi prezidentning yagona ijobiy qirrasini yo‘qqa chiqarmoqda. Mirziyoyev mamlakat ichkarisida o‘ta past reytingga ega bo‘lsa ham, G‘arb uni “mamlakatni ochgan reformator” deb biladi. Mart oxiridagi voqealar esa, bu ijobiy nuqtani deyarli yo‘qqa chiqardi”.

Xidirnazar Allaqulov
Xidirnazar Allaqulov

Demokratiyani ataylab obro‘sizlantirish

Taniqli bloger va noshir Firuz Allayev so‘nggi oylarda vatandoshlar ongida demokratiya so‘zi diskreditatsiya qilinganidan tashvish bildirdi:

“Demokratiya so‘zini LGBTga bog‘lab, fuqarolar ongida demokratiyani yomonotliq qilish ko‘plab ichki kuchlar uchun foydali bo‘lishi mumkin. Xalqning ongida demokratiyani yomon narsa qilib ko‘rsatib, yakunda avtokratiya yoki diktatura qurish maqsad bo‘lsa, bu strategik zo‘r qadam bo‘ldi, deyish mumkin.

Afsuski, demokratiya va LGBT turli xil narsalar ekanligini, LGBT uchun demokratiyani ayblash, Ahad Qayum uchun o‘zbek xalqini ayblash bilan barobar ekanligini ko‘pchilik tushunmaydi. Bemalol xulosa qilsa bo‘ladiki, xalq hali demokratiyaga tayyor emas va bu holatimizda yaqin kelajakda tayyor bo‘lmaymiz ham. Bugun aksar aholimiz demokratiyani bizning ma’naviyatga, mentalitetga to‘g‘ri kelmaydigan xavfli g‘oya deb biladi. Endi bu g‘oya xalq ongida LGBT bilan ham bog‘landi.

Demokratiyadan olabo‘ji kabi qo‘rqadiganlarni xursand qiladigan xabar bor menda. Bizda yaqin kelajakda demokratiya bo‘lmaydi.

Mamlakatda demokratiya bo‘lishi uchun demokratik fikrlaydigan ziyoli qatlam, fuqarolik jamiyati va demokratik institutlar bo‘lishi kerak.

Uch-to‘rtta ajralib chiqqan ziyoli, bloger yoki faollar bilan kerakli idoralar yaxshi ishlab, trollar va boshqa vositalar orqali xalq oldida nomini bulg‘ab bo‘lishdi. Ularning o‘zlari ham qo‘rqib qolib, o‘zlarini senzura qilib, tillarini ancha tiyib olishdi. Biz demokrat deb bilgan qolgan ba’zi deputat, jurnalist, siyosatchi yoki ziyolilar shunchaki erkinlik kostyumini kiygan qadimchi konservatorlar ekanligi ko‘rinib qoldi. Mamlakatning birinchi raqamli axborot sayti fuqarolar ongini demokratiyaga qarshi yuvib turganda, boshqalar haqida nima deyish mumkin?!

Iroqlik sallali tabib

Hafta davomida O‘zbekistonga tashrif buyurgan iroqlik tabib ham tarmoqdagi muhokamalar markazida bo‘ldi. Bu muhokamalarda O‘zbekistonning rasmiy davlat idoralari va mulozimlari ham qatnashdi.

“Tarmoq ikkiga bo‘linib, yarmi Iroqdan kelib O‘zbekistonda odamlarni davolayotgan Kurdistoniy degan tabibni maqtadi, yarmi esa, bu tabibni qarg‘adi. Umuman, o‘zbek segmentida jiddiy mulohazali fikr kam. Yo maqtab, osmonga chiqarishadi yoki qarg‘ab, yerga tiqishadi.”

Rasmda Beruniy, yozuvda Ibn Sino
Rasmda Beruniy, yozuvda Ibn Sino

Tarmoq hafta davomida aktrisa Shahzoda Matchonovaning farzandi necha kilo tug‘ilgani va SanJay ismli xonandaning sudda Sherali Jo‘rayev ustidan g‘olib bo‘lganini ham qizg‘in muhokama qildi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi trendlarni Ozodlik bilan birga kuzating.

Tarmoqlarning faol foydalanuvchisi bo‘lsangiz, fikrlaringizni biz bilan baham ko‘ring.

Eksklyuziv surat va videolaringizni bizning tarmoqlardagi platformalarimiz orqali bo‘lishishingiz mumkin.

Biz bilan bog‘lanish uchun:

Messenjer va imeyl

+420 602 612 713 (WhatsApp, Telegram, Viber)

+420 724 971 539 (WhatsApp, Telegram, Viber)

ozodlikmail@gmail.com

XS
SM
MD
LG